Isroilga uchayotgan Flydubai uchog‘idagi pichoqlash hodisasi haqida nima ma’lum?

Video tagso‘zi, Video ingliz tilida taqdim etilgan.
    • Author, Henri Mur
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Dubaydan Tel-Avivga yo‘l olgan reys chorshanba kuni yo‘nalishini o‘zgartirib, Saudiya Arabistoniga qo‘ndi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, uchuvchilardan biri boshqasini pichoqlab, "ko‘rinishidan samolyotni qulatishga uringan".

Netanyaxu qo‘shimcha qilishicha, gumonlanuvchi uchuvchi hibsga olingan va Saudiya Arabistoni hokimiyati tomonidan so‘roq qilinmoqda.

Pichoqlangan uchuvchi, Hindiston fuqarosi kapitan Smit Machchhar ekani aytilmoqda. Reys qo‘nganidan so‘ng u shifoxonaga olib ketilgan. Keyinroq Isroil bosh vaziri uni "qahramon" deb atagan.

Isroil mudofaa vaziri Isroil Katts bu hodisani "jihodchi terror xurujiga urinish" deb baholadi. Bi-bi-si hozircha hodisaning ehtimoliy sabablari yuzasidan politsiya, tezkor xizmatlar yoki tergovchilardan rasmiy bayonot olgani yo‘q.

Hozircha ma’lum bo‘lgan tafsilotlar shulardan iborat.

Parvozda nima yuz berdi?

Flydubai FZ1073 reysi Birlashgan Arab Amirliklaridagi Dubay xalqaro aeroportidan Isroildagi Ben-Gurion aeroportiga yo‘l olgan holda Grinvich vaqti bilan soat 03:05 da (mahalliy vaqt bilan 07:05 da) havoga ko‘tarilgan.

Reysda kamida 150 kishi bo‘lgan. Netanyahuning aytishicha, yo‘lovchilarning "deyarli barchasi" isroillik bo‘lgan.

Flightradar24 parvozlarni kuzatish sayti ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot havoga ko‘tarilganidan taxminan ikki yarim soat o‘tgach, Saudiya Arabistoni ustidan tez pasaygan. U soat taxminan 05:21 da ikki daqiqadan kam vaqt ichida 5 ming metrdan ortiq pastlagan.

Oradan bir necha daqiqa o‘tib, samolyot favqulodda holat kodini, ya’ni squawk 7700 kodini bergan. Keyin esa uni samolyot olib qochilganini bildiruvchi squawk 7500 kodiga o‘zgartirgan.

Flydubai FZ1073 reysining Dubaydan Tel-Avivgacha bo‘lgan yo‘nalishini ko‘rsatuvchi xarita. Samolyot Grinvich vaqti bo‘yicha soat 03:05 da Dubaydan uchib chiqib, Saudiya Arabistoni orqali shimoli-g‘arb tomonga, Isroil sari yo‘l olgan. Isroil va Iordaniya chegarasi yaqinida samolyot soat 05:31 da umumiy favqulodda holatni e’lon qilgan, soat 05:38 da esa samolyot olib qochilgani haqida ogohlantiruv bergan. Shundan so‘ng u Tel-Aviv tomondan burilib ketgan. Reys janubga yo‘naltirilib, soat 06:58 da Saudiya Arabistonining shimoli-g‘arbidagi Tabuk aeroportiga qo‘ngan.
Surat tagso‘zi, Flydubai FZ1073 reysining Dubaydan Tel-Avivgacha bo‘lgan yo‘nalishini ko‘rsatuvchi xarita.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Soat 05:40 da uchoq, qisqa vaqt davomida Iordaniya havo hududiga kirganidan so‘ng, Saudiya Arabistoniga qayta burilgan. Keyinroq u qo‘nish uchun qo‘lda boshqariladigan pasayishni boshlagan.

Bir soatdan kam vaqt o‘tgach, samolyot yana squawk 7700 kodiga qaytgan.

Dastlabki mahalliy ommaviy axborot vositalarida chiqqan xabarlarda isroillik rasmiylarga tayanib, ikki uchuvchi o‘rtasida janjal chiqqanligi aytilgan edi.

Biroq chorshanba kuni hodisadan keyin so‘zlagan Netanyahu keyinroq tarqalgan xabarlarni tasdiqlab, bir uchuvchi boshqasini pichoqlagani va shundan so‘ng "ko‘rinishidan samolyotni qulatishga uringani"ni aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, isroillik yo‘lovchilardan biri unga "samolyot aylana boshladi va pasayishga kirishdi", deb aytgan. Shundan so‘ng yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri uchuvchilar kabinasiga borib, "pichoqlashni amalga oshirgan uchuvchi"ni jilovlagan.

Joylashuv ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot Saudiya Arabistonining shimoli-g‘arbidagi Tabuk aeroportiga yo‘naltirilgan va soat 06:58 da qo‘ngan.

Saudiya Arabistonidagi Hindiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda ahvoli barqaror bo‘lgan pichoqlangan uchuvchi keyinroq Hindiston fuqarosi kapitan Smit Machchhar ekani aniqlangan.

Machchharga yuksak baho bergan Netanyahu uni "haqiqiy qahramon" deb atadi va "u Isroil fuqarolari hamda boshqa mamlakatlar fuqarolarini o‘z ichiga olgan 174 kishining hayotini saqlab qoldi", dedi.

Yo‘lovchilar nima deydi?

Bosh vazir idorasi tomonidan e’lon qilingan videoda keyinchalik Netanyahu tomonidan kutib olingan va qahramon sifatida ta’riflangan yo‘lovchi Yaniv Hayun o‘zining va boshqalarning uchuvchilar kabinasi eshigini ochishga uringanini aytgan. Ammo pichoqlangan uchuvchi eshikka juda yaqin turgan edi.

Hayunning aytishicha, uchuvchi hushidan ketishidan oldin jarohatlangan erkak eshikni ochishga ulgurgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ichkarida hujumchi "uchoqni ishdan chiqarish uchun asbob-uskunalarni buzishga uringan".

Shundan so‘ng Hayun hujumchini bo‘ynidan mahkam ushlab, uni uchuvchilar kabinasidan tashqariga tortib chiqqanini aytgan. Keyin boshqa yo‘lovchilar uni yerga bosib turishga yordam bergan.

U qo‘shimcha qilishicha, uchoqning "boshqaruv moslamalarini tortib boshqargan". Hayun Netanьyahuga buni Kanadaning Air Crash Investigation hujjatli serialini tomosha qilishi bilan izohlagan.

"Uchoq biroz bo‘lsa-da barqarorlasha boshladi, keyin esa [boshqa] bir uchuvchi nazoratni o‘z qo‘liga olishini aytdi", degan u.

Yana bir yo‘lovchi Zvika Meness Isroilning Kan News jamoat teleradiokanaliga u va boshqa yo‘lovchilar hujumchini "o‘zining plastik bog‘lagichlari va quloqchinlar bilan" bog‘lab qo‘yishganini aytdi.

"Bu yerda juda og‘ir va kuchli ruhiy zarbaga duch kelgan bolalar va oilalar bor", deb qo‘shimcha qildi u.

BBC
Hozirgi ustuvor vazifamiz ushbu hodisaga jalb qilingan barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining xavfsizligi, sog‘ligi va farovonligini ta’minlash va tergovni qo‘llab-quvvatlash.
Flydubai aviakompaniyasi
(BBC.COM/UZBEK da batafsil o‘qing)

Yasmin Abukasis Reuters agentligiga parvozda bo‘lgan qizining aytishicha, qo‘lida pichoq bo‘lgan erkak uchuvchilardan birini polga yiqitganini va atrof qonga belanganini aytdi.

"Uchoq boshqaruvdan chiqa boshladi. Shuning uchun hamma qichqirdi, ular halok bo‘lyapmiz deb o‘yladi", dedi Abukasis AP axborot agentligiga.

Ben-Gurion aeroportidan turib so‘zlagan Abukasisning aytishicha, qizi unga qo‘ng‘iroq qilib, bir uchuvchi yordam chaqirganida qichqiriqlarni eshitganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, boshqa ikki uchuvchi uchoq boshqaruvini qo‘lga olgan, boshqa yo‘lovchilar esa qo‘lida pichoq bo‘lgan erkak tomon yugurgan.

Parvozda bo‘lgan Almog Itali ommaviy axborot vositalariga uchoqni qo‘ndirgan uchuvchilardan biri britaniyalik bo‘lganini aytdi. Italining so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi uchuvchi yevropalik bo‘lgan, ammo u aniq qaysi mamlakat fuqarosi ekanini aytmagan.

Ayol yo‘lovchilardan biri odamlar uchoq pasaya boshlaganini anglagan paytni "nihoyatda stressli vaziyat" deb ta’rifladi.

"Biz uchuvchilar boshqaruvni yo‘qotganini tushundik", dedi u Isroil Hayom ro‘znomasiga.

"Bu yerda kiyimlari qonga belangan odamlar bor", dedi u va shunday qo‘shimcha qildi, "Hozir biz yaxshi ahvoldamiz va uyga qaytishni istaymiz".

Hodisaga munosabat qanday bo‘ldi?

Hodisadan ko‘p o‘tmay, Isroil va Saudiya Arabistoni harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlarni yo‘lladi. Ayni paytda Netanьyahu shoshilinch maslahatlashuvlar o‘tkazdi.

Chorshanba kuni keyinroq so‘zlagan Netanyahu vaziyatni "o‘ta jiddiy xavfsizlik hodisasi" deb atadi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Isroil xavfsizlik kuchlari "yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun tegishli idoralar bilan yaqin aloqani saqlab turibdi".

"G‘ayrioddiy topqirlik va jasorat ko‘rsatgan bu qahramonlarga tahsin aytaman", dedi u. "Ular ko‘plab insonlar hayotini saqlab qoldi va yirik fojianing oldini oldi".

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ijtimoiy tarmoqlarda Machchharning harakatlarini maqtab, uni qahramon deb atadi.

"Uning jasorati yuzlab insonlar hayotini saqlab qolish va katta fojianing oldini olishga yordam berdi. Hindiston kapitan Machchhar bilan faxrlanadi", deb yozdi Modi X tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotida.

Flydubai esa o‘z bayonotida "uchuvchilar kabinasida mojaro yuz berganini" va parvoz "reysda bo‘lgan Flydubaining navbatdagi ekipaji tomonidan muvaffaqiyatli tarzda nazoratga olingani, shundan so‘ng uchoq Tabuk aeroportiga xavfsiz yo‘naltirilib, qo‘ndirilgani"ni bildirdi.

Aviakompaniyaning ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar va ekipajni olib ketish uchun Tabukka ikkita qo‘shimcha uchoqlar yuborilgan va hodisa boshqa rejalashtirilgan parvozlarga ta’sir ko‘rsatmagan.

Yo‘lovchilarni qaytarish uchun tashkil etilgan reys mahalliy vaqt bilan soat 17:40 da (Grinvich vaqti bo‘yicha 14:40 da) Tabukdan uchib ketgan va mahalliy vaqt bilan taxminan soat 18:40 da (Grinvich vaqti bo‘yicha 15:40 da) Tel-Avivga yetib kelgan.

Kompaniya vakili qo‘shimcha qilib shunday dedi: "Hozirgi ustuvor vazifamiz ushbu hodisaga jalb qilingan barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining xavfsizligi, sog‘ligi va farovonligini ta’minlash hamda rasmiy tergovni qo‘llab-quvvatlashdan iborat".

AQSh prezidenti Donald Tramp hodisadan so‘ng Netanyahu bilan gaplashganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumchi "balki terrorist bo‘lgan" yoki ko‘rinishidan hujum ortida boshqa sabablar bo‘lgan.