Xitoydagi sammit Putin uchun o‘zini namoyon qilish maydoni - BBC (video)

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Xitoy rahbari Shi Jinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 18–19 noyabr kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (ATES) yetakchilari sammiti arafasida Shenjen shahrida uchrashdi. Payshanba kuni ikki rahbar AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yadro qurollarini tarqatmaslik masalalariga bag‘ishlangan ilk bor o‘tkaziladigan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etadi.
«Interfaks» axborot agentligi xabar berishicha, Shi Jinpin bilan kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarda Putin geosiyosiy vaziyatda Moskva va Pekin «yanada adolatli, ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish borasida konstruktiv yondashuvlarga» amal qilayotganini aytdi.
«Rossiya va Xitoyning tashqi siyosatdagi hamkorligi barqaror va ijobiy yo‘nalishda davom etmoqda», — dedi Putin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ikki davlatning umumiy maqsadi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida tinchlik va farovonlikni ta’minlashdir.
«O‘zingiz aytishni yaxshi ko‘rganingizdek, Rossiya va Xitoy Xalq Respublikasi xalqlari manfaati yo‘lida yelkama-elka turib ishlaymiz», — dedi Rossiya rahbari.
Tunda Shenjenga yetib kelgan Putin tushlikdan keyin Shi Jinpin bilan birga Shenjen universitetiga ham tashrif buyurdi. Kutilganidek, ular kechroq tantanali kechki ziyofatda ishtirok etadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Shi Jinpin bilan uchrashuv oldidan Rossiya rahbari ATES ishbilarmonlar sammitida nutq so‘zlab, Rossiyada inflyatsiya nazorat ostida ekani, davlat qarzi esa «17 foiz atrofida» ekanini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan G‘arb tomonidan joriy etilgan sanksiyalar mamlakat uchun «katta rag‘bat» bo‘lgan. Natijada «so‘nggi uch yil ichida Rossiya yalpi ichki mahsuloti 10 foizdan ko‘proqqa o‘sgan va o‘sishda davom etmoqda».
Putin, shuningdek, payshanba kuni Shi Jinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tadigan uch tomonlama uchrashuvdan «katta foyda» kutayotganini bildirdi.
Kutilishicha, forumda ATESga a’zo 21 iqtisodiyot yetakchilari savdo, sun’iy intellekt va ta’minot zanjirlarining barqarorligi masalalarini muhokama qiladi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Bi-bi-sining biznes muxbiri Osmond Chia: Xitoydagi sammit Putin uchun o‘zini namoyon qilish maydoni
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Donald Tramp va Shi Jinpin bilan uchrashuv Vladimir Putin uchun Kremlning diplomatik nufuzini oshirish yo‘lida katta imkoniyat bo‘ladi, deb yozadi Bi-bi-sining biznes muxbiri Osmond Chia.
Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilgani va 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagani ortidan G‘arb joriy etgan qattiq sanksiyalarga duch kelmoqda.
Britaniyaning Chatham House Qirollik xalqaro munosabatlar instituti Rossiya va Yevroosiyo dasturi eksperti Timoti Eshning so‘zlariga ko‘ra, Putin muzokaralarning asosiy mavzusini Ukraina masalasiga qaratishga harakat qilishi mumkin.
Shuningdek, u Shi Jinpin va Tramp bilan uch tomonlama uchrashuvi 1945 yilgi Yalta konferentsiyasining takrori sifatida ko‘rinishini istaydi. O‘sha konferentsiyada Ruzvelt, Cherchill va Stalin Ikkinchi jahon urushida Germaniya mag‘lubiyatga uchraganidan keyin uning taqdiri va urushdan keyingi dunyo tartibini muhokama qilgan edi.
Eshning aytishicha, Putin «Shi Jinpin va Tramp Ukraina va Yevropani bu jarayondan chetda qoldirib, Ukraina taqdirini hal qilishda unga qo‘shilishidan» umid qilmoqda.
Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari Shi Jinpinning uchrashuvlarini qanday yoritmoqda?

Surat manbasi, PEDRO PARDO - CHINA POOL/GETTY IMAGES
Bi-bi-si Monitoring xizmati xabar berishicha, Vladimir Putinning chorshanba kuni ertalab ATES sammitida ishtirok etish uchun Xitoyga kelgani haqidagi xabar Xitoy Kommunistik partiyasining rasmiy nashri — «Jenmin jibao» gazetasining birinchi sahifasidan joy oldi. Bu Xitoy rahbariyati Rossiya prezidentining tashrifiga katta ahamiyat berayotganini ko‘rsatadi.
Gazetada, shuningdek, Shi Jinpinning ATES sammitida ishtirok etayotgan yana olti davlat rahbari bilan uchrashuvlaridan olingan ko‘plab suratlar chop etilgan.
Suratlarning barchasida Shi Jinpin Vetnam, Meksika, Peru, Chili, Kanada va Papua — Yangi Gvineya rahbarlari bilan milliy bayroqlar fonida qo‘l berib ko‘rishayotgani aks etgan. Suratlarda uning turishi va qo‘l berib ko‘rishish holati deyarli bir xil.
Bu uchrashuvlar seshanba kuni bo‘lib o‘tgan.































