Ukraina Rossiyani qutqaruv operatsiyasini nishonga olishda ayblamoqda: "Qo‘sh zarba" hujumi oqibatida 72 kishi halok bo‘ldi.

Surat manbasi, Dmytro Smolienko/ Ukrinform/Future Publishing via Getty Images
- Author, Merlin Tomas
- Role, BBC Verify muxbiri
- Author, Pol Braun
- Role, BBC Verify
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Ukraina rasmiylari front chizig‘iga yaqin qishloqda sodir etilgan va kamida 72 kishining hayotiga zomin bo‘lgan qonli "qo‘sh zarba" hujumidan ikki hafta o‘tib, Rossiyani qutqaruv va tiklash ishlarini nishonga olishda aybladi.
Ukraina ma’lum qilishicha, Rossiya 2 noyabr kuni Komishuvaxa qishlog‘idagi gumanitar yordam markaziga ketma-ket ikki marta hujum qilgan. Ulardan biri aholi xavfsizlik uchun boshpana topgan joyga tashlangan, og‘irligi 3 000 kg bo‘lgan aviatsiya bombasi bo‘lgani aytilmoqda.
Hujumdan keyingi kunlarda e’lon qilingan va tasdiqlangan suratlarda hodisa joyidagi favqulodda xizmatlar transport vositalari hamda qazish texnikasi shikastlanganini ko‘rish mumkin.
Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati (DSNS) BBC Verify'ga qutqaruv ishlari davomida Rossiya tomonidan bir necha bor zarbalar berilganini ma’lum qildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
DSNS ma’lum qilishicha, uch nafar politsiya xodimi, to‘rt nafar ishchi va ikki qutqaruv iti jarohatlangan, shuningdek beshta transport vositasi shikastlangan.
Duşman u yerda amalga oşirilayotgan işlar, aslida, halok bölganlarni qidirişga qaratilgan gumanitar operatsiya ekanini juda yaxşi biladi.
"Takroriy o‘qqa tutish xavfi tufayli favqulodda vaziyatlar xodimlari muntazam ravishda ishni to‘xtatishga va xavfsiz joyga chekinishga majbur bo‘lmoqda", deya qo‘shimcha qildi idora.
DSNS ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar soni kamida 72 kishiga yetgan bo‘lib, bu Rossiya 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli bosqinni boshlaganidan beri sodir bo‘lgan eng qonli yakka hodisalardan biri hisoblanadi.

Surat manbasi, DSNS
Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) tomonidan hodisani tergov qilayotgan razvedka xodimi Oleksiy, faqat ismi oshkor etilishini so‘rab, qutqaruv transport vositalari "aniq belgilangan" bo‘lganini aytdi va Rossiyani "gumanitar texnikani ataylab yo‘q qilishda" aybladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qishloq infratuzilmasi va Komishuvaxada hali ham yashab kelayotgan odamlar ham dronlar va bombalar orqali muntazam nishonga olinmoqda. Oleksiy Rossiya kuchlarini "tinch aholiga, tinch yashovchilarga qarshi ochiq terror" uyushtirishda ayblab, buning maqsadi jabha yaqinidagi hayotni imkonsiz qilish ekanini aytdi.
BBC Verify Ukraina politsiyasi tomonidan tarqatilgan videolarni tasdiqladi. Ularda 2 noyabrdagi hujumdan keyingi kuni hodisa joyida bo‘lgan qutqaruvchilarning "dron, dron" deya baqirib, boshpana izlab qochayotganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, bir guruh odamning jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatayotgani ham tasvirlangan.

Surat manbasi, DSNS
Oleksiyning aytishicha, vayronalar orasidan jasadlarni olib chiqish ishlari hali ham davom etmoqda. "Dushman u yerda amalga oshirilayotgan ishlar, aslida, halok bo‘lganlarni qidirishga qaratilgan gumanitar operatsiya ekanini juda yaxshi biladi".
BBC Verify Rossiya Mudofaa vazirligidan xususan Komishuvaxadagi hujumlar yuzasidan izoh so‘radi, ammo javob olmadi.

Rossiya Mudofaa vazirligi 2 noyabr kuni e’lon qilgan umumiy bayonotda butun mamlakat bo‘ylab Ukraina harbiylari foydalanayotgan energetika va transport infratuzilmasi nishonga olinganini bildirgan.
Komishuvaxada harbiy yoki sanoat ob’ektlari mavjud bo‘lmasa-da, u Ukraina qo‘shinlarining harakati, ta’minot va evakuatsiyasi uchun foydalaniladigan muhim yo‘nalishga yaqin joylashgan. Qishloq 28 oktyabr kuni ham Rossiya tomonidan hujumga uchragani haqida avval xabar qilingan edi.
Politsiya radiosi orqali takroriy hujum haqida ogohlantirishlar eshitildi
Mahalliy aholi 2 noyabr kuni mahalliy Telegram guruhida yordam mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 12:00 gacha (Toshkent vaqti bilan 13:00-15:00) tarqatilishi haqida xabar berilgach, boshpana hududiga yo‘l olgan. Ukraina rasmiylarining aytishicha, mahalliy vaqt bilan soat 09:45 da sodir bo‘lgan dastlabki zarba yer ustidagi binolarga tekkan va bir ayol halok bo‘lgan.
Ukraina politsiyasi tomonidan tahrirlangan qismlar ko‘rinishida e’lon qilingan va BBC Verify tahlil qilgan bodi-kamera tasvirlarida odamlarning vayronalar orasidan jabrlanuvchini qutqarishga urinayotgani, so‘ngra esa uning vafot etganini ma’lum qilayotgani aks etgan.
Tasvirlar davomida politsiya radiolari orqali yaqinlashayotgan ikkinchi hujum haqidagi ogohlantirishlar tobora shoshilinch tus olib borayotgani eshitiladi va oxir-oqibat odamlarga yerosti boshpanasiga yugurish bo‘yicha ko‘rsatma beriladi.

Xuddi shu tasvirlar, birinchi hujumdan taxminan bir soat o‘tgach olingan bo‘lib, boshpanadagi odamlarni ham ko‘rsatadi. Ular sukutda kutib o‘tirgan bir paytda qattiq portlash ovozi eshitiladi va video qorong‘ulashadi.
Keyinroq suratga olingan videoda boshpana tepasidagi katta o‘radan jasadlar olib chiqilayotgani ko‘rsatilgan. Yer yuzasi ostidagi inshootdan qolgan egilgan temir bo‘laklari va vayronalar ham ko‘rinib turibdi.
Hujum qurbonlari uchun deyarli har kuni dafn marosimlari o‘tkazilmoqda. Ular orasida yordam tarqatish ishlarini tashkil etishda qatnashgan mahalliy aholi, yordam olish uchun kelgan odamlar hamda rasmiylarning aytishicha, qutqaruv ishlariga ko‘maklashish uchun yetib kelgan askarlar ham bor.

Surat manbasi, Ukrinform/NurPhoto via Getty Images
Armament Research Services razvedka kompaniyasining portlatilmagan o‘q-dorilar bo‘yicha mutaxassisi Trevor Bollning aytishicha, tasvirlarda ko‘ringan o‘ra yerosti inshootlarini vayron qilishga qodir bo‘lgan 3 000 kilogrammli Rossiyaning FAB-3000 bombasi qoldiradigan shikast va chuqurlikka mos keladi.
Uning fikrlarini Buyuk Britaniya Milliy jinoyatchilik agentligining sobiq tergovchisi Kris Props ham qo‘llab-quvvatladi. U ham hodisa joyidagi vayrongarchilik ko‘lami FAB-3000 bombasining hajmi va qudratiga mos kelishini aytgan.

Surat manbasi, SBU
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Boll va Props - har ikkisi ham BBC Verify Ukraina rasmiylaridan olgan va tekshirgan o‘q-dori bo‘laklari aks etgan fotosuratlarda FAB-3000 bilan mos keluvchi yo‘naltirish to‘plamining bir qismi ko‘ringanini tasdiqladi. Bu tizim qurolning aniqligini oshiradi va uni nishonga nisbatan uzoqroq masofadan qo‘llash imkonini beradi.
Xalqaro huquq bo‘yicha mutaxassislar BBC Verify'ga, agar Rossiya qutqaruvchilarni ataylab nishonga olgan bo‘lsa, bu harbiy jinoyat sanalishini aytdi.
Sidney universitetining xalqaro huquq professori Ben Soulning aytishicha, bu "fuqarolar yoki fuqaroviy ob’ektlarga qarshi qasddan qilingan hujum, ya’ni harbiy jinoyat, yoki tartibsiz hujum bo‘lib, u ham harbiy jinoyat hisoblanadi".
Yel universiteti professori Samuel Moyn esa "qutqaruvchilar yoki ularning jihozlarini bevosita nishonga olish xalqaro gumanitar huquqning qo‘pol buzilishi" ekanini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, zarbalarning boshqa shaxslarga emas, aynan jangchilarga qarshi qaratilganini ta’minlash uchun ehtiyot choralari ko‘rilishi shart.
Qo‘shimcha materialni BBC Monitoring muxbiri Margarita Malyukova tayyorladi.

































