Putinga qarshi Rossiya ichkarisidagi qo‘poruvchilik harakatlarining sirli olami

- Author, Monica Garnsey
- Role, BBC Eye
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Ukraina razvedka xizmatlari uchun yashirincha ishlayotgan ikki rossiyalik erkak Rossiya hududidagi harbiy ob’ektlar va harbiy xizmatchilarga qarshi o‘tkazilgan operatsiyalarda ishtirok etgani haqida kamdan-kam uchraydigan guvohliklarni taqdim etdi.
Biz shartli ravishda Ivan deb atayotgan ulardan biri Rossiya hududida turib, Ukrainaning strategik bombardimonchi uchoqlar va o‘q-dori ishlab chiqaruvchi zavodlarga dronlar orqali uyushtirgan hujumlarida ishtirok etganini da’vo qilmoqda.
U Bi-bi-si Jahon xizmatining Rossiya ichida yashirin faoliyat yuritayotgan qo‘poruvchilar haqidagi hujjatli filmida ishtirok etgan.
Polshalik mustaqil jurnalist Marchin Mamon suratga olgan ushbu hujjatli filmda biz shartli ravishda Foma deb atayotgan, Polshada muhojirlikda yashayotgan yana bir rossiyalik ham ishtirok etadi.
Fomaning aytishicha, u Rossiya hududida yashirin faoliyat yurituvchi ko‘ngillilar tarmog‘ini boshqaradi. Bu tarmoq Ukraina harbiy razvedka xizmati — GUR hujum qilishni ko‘rib chiqayotgan yuqori martabali harbiy zobitlarni kuzatadi. Foma uning tarmog‘idagi odamlar hujumlarning o‘zida hech qachon bevosita ishtirok etmasligini ta’kidlaydi.
U kimlarni kuzatayotgani haqida ma’lumot berishdan ham bosh tortgan. Biroq o‘tgan yilning dekabrida Moskvada general-leytenant Fanil Sarvarov o‘ldirilgach, Foma u haqdagi razvedka ma’lumotlarini ukrainaliklarga yetkazib berganini tan olgan.

Surat manbasi, Getty Images
Avval ham ommaviy axborot vositalarida rossiyalik qo‘poruvchi guruhlar haqida xabarlar tarqalgan. Ammo Ivan kabi Rossiya ichida bevosita faoliyat yuritayotgan odam bilan suhbatlashish va uning o‘zi ishtirok etganini da’vo qilayotgan operatsiyalar haqida eshitish kamdan-kam uchraydi.
Ukraina harbiy razvedka xizmati — GUR Ivan va Fomaning har ikkisi ham ushbu idora uchun ishlayotganini tasdiqladi. Biroq razvedka xizmati ham ularning faoliyati haqida to‘liq ma’lumotga ega emasligini tan oldi. Ivan uchun mas’ul bo‘lgan razvedka xodimidan unga ishonish mumkinmi, deb qayta-qayta so‘ralganda, u: «Men o‘zimdan boshqa hech kimga ishonchim komil emas», deb javob berdi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
GUR ham, bu ikki erkak ham o‘z faoliyati haqida qancha ma’lumot oshkor qilish masalasida ehtiyotkor. Shu sababli ular amalga oshirganini da’vo qilayotgan operatsiyalarni mustaqil ravishda tekshirib, tasdiqlashning imkoni yo‘q.
Biroq Ukraina rasmiylari Ivan va Foma tasvirlagan umumiy taktikalar qo‘llanishini tasdiqlagan. Kiev Rossiya hududidagi qonuniy harbiy nishonlar deb hisoblagan ob’ektlarga muvofiqlashtirilgan dron hujumlarini uyushtirish strategiyasi haqida ochiq gapirgan. Ukraina bu maqsadda maxfiy agentlardan foydalanishini ham tan olgan.
Urush boshlanganidan beri Rossiyada bir necha siyosiy suiqasdlar ham sodir etilgan. Ukraina o‘z siyosatiga ko‘ra, muayyan shaxslarni nishonga olgan hujumlar uchun javobgarlikni hech qachon rasman o‘z zimmasiga olmaydi. Biroq Ukraina razvedkasi xodimlaridan biri avvalroq Bi-bi-siga 2024 yil dekabrida yuqori martabali harbiy amaldor, general-leytenant Igor Kirillovning o‘ldirilishi ortida Ukraina turganini tan olgan edi.
Ukraina uchun bunday faoliyat bilan shug‘ullanayotgan rossiyaliklar sonini aniqlash qiyin. Fomaning aytishicha, ularning soni taxminan 300–500 nafarni tashkil etadi. Biroq bu raqamni mustaqil ravishda tasdiqlashning imkoni yo‘q.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Ivan va Fomaning aytishicha, ular nafaqat Rossiyaning Ukrainadagi urushiga, balki prezident Vladimir Putin rejimiga ham qarshi. Ularning fikricha, Putinning siyosiy kelajagi urush qanday yakunlanishiga bog‘liq.
«Hozirgi vaziyatda... menimcha, agar ular urushda mag‘lub bo‘lsa, Putin rejimi qulashi mumkin. Biz o‘z harakatlarimiz bilan bu jarayonni tezlashtirishga urinyapmiz», — deydi Ivan.
Uning Mamonga aytishicha, vazifasi harbiy ob’ektlarni kuzatish va Rossiyadagi nishonlarga ehtimoliy hujumlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida dron qismlarini yashirish mumkin bo‘lgan joylarni aniqlashdan iborat bo‘lgan.
«Bu dron qismlari birlashtirilganda... bir zarbaning o‘zi bilan qiymati millionlab, hatto o‘n millionlab dollar turadigan ob’ektni yo‘q qila oladigan qudratli qurol hosil bo‘ladi», — deydi Ivan.
U Mamonga Rossiya harbiy aerodromi yaqinida portlovchi moddalarni yashirayotgani aks etgan videoni yuborgan.
Agar u qo‘lga tushganida, terrorizmda ayblanib, o‘nlab yillarga qamalishi mumkin edi.
Fomaning faoliyati esa boshqacha. U masofadan turib ishlaydi va Rossiyadagi ko‘ngillilariga internet orqali ta’lim beradi. Mamon shunday mashg‘ulotlardan birini kuzatgan. Unda Foma kuzatuvga olinishi belgilangan yuqori martabali harbiy amaldorni qanday qilib bildirmasdan ta’qib qilishni o‘rgatgan.

«Sizga men yoki hamkasbimdan nishonga olinishi taklif etilayotgan shaxs haqida ma’lumotlar jamlangan fayl keladi. Unda o‘sha odamning surati, shaxsiy ma’lumotlari, tug‘ilgan sanasi, yoshi va tashqi ko‘rinishi tavsifi bo‘ladi. Agar avtomobili bo‘lsa, u haqda ham ma’lumot beriladi. Nishonga olingan shaxsni kuzatishga borganingizda, o‘zingiz bilan telefon olmang», — degan u ko‘ngillilariga.
Foma bir paytlar Rossiya elitasi vakillaridan biri bo‘lgan. Shu bois u yuqori doiralarda o‘ziga xos aloqalarga egaligini va ichkaridan muntazam ravishda maxfiy ma’lumotlar olib turishini da’vo qiladi.
U Mamonga noutbukida harbiy nishonlarni xaritaga qanday tushirishini ko‘rsatgan.
«Bu yerda ma’lumotlar bazasi bor... Omborxonalar va harbiy qismlar qaerda joylashgani ko‘rsatilgan. Generallar qaerda yashashi... Ukrainani o‘qqa tutayotgan strategik bombardimonchi uchoqlar uchuvchilarining yashash manzillari ham bor.
Tizimni izdan chiqarish uchun uning qanday ishlashini tushunish kerak. Shunda uning zaif nuqtalarini nishonga olish mumkin».
Fomaning aytishicha, uning tarmog‘ida taxminan 30 nafar odam bor. Ular Rossiya, Ukraina va Yevropaning boshqa mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Rossiyadan tashqaridagilar logistik yordam ko‘rsatadi, jumladan, nishonga olingan shaxslarning internetda qoldirgan raqamli izlarini kuzatadi.
Fomaning ta’kidlashicha, kuzatilishi kerak bo‘lgan shaxslarni GUR taklif qiladi. Biroq u va uning jamoasi bu odamlarni haqiqatan ham harbiy jinoyatchi deb hisoblash uchun asos bor-yo‘qligini mustaqil tekshiradi.
«Odatda biz ham o‘sha shaxs haqidagi ma’lumotlarni tekshiramiz. Faqat shundan keyingina bu ishga kirishamizmi yoki yo‘qmi, degan qarorga kelamiz».
Shu bilan birga, Foma o‘z jamoasining harakatlarini oqlashga urinadi.
«Men Putin va Rossiya nomidan Ukrainada dahshatli ishlar qilayotgan odamlar buning uchun javob berishlarini tushunishlarini istayman. Ularning qo‘rqishini xohlayman».
Foma ukrainaliklarga faqat razvedka ma’lumotlarini yetkazib berishini, uning tarmog‘i esa hech qanday suiqasdlarni bevosita amalga oshirmasligini ta’kidlaydi.
2025 yil dekabrida general Sarvarov o‘ldirilganidan keyin Foma Mamonga xabar yuborib, shunday degan:
«Uni kuzatish ancha mashaqqatli bo‘ldi. U goh ma’shuqasinikida, goh hamkasbinikida yashardi. Izini yashirar, kun tartibini doim o‘zgartirib turardi».
Biroq Foma o‘z rejalari haqida Mamon va Bi-bi-siga oldindan hech qanday ma’lumot bermagan.
Ivan esa o‘zi ishtirok etgan operatsiyalar haqida, hatto ular amalga oshirilganidan keyin ham, gapirishni istamagan.
Foma Ivan haqida ham mustaqil surishtiruv o‘tkazgan.
Ukraina va Rossiya harbiy razvedkasidagi aloqalari orqali ma’lumotlarni tekshirgach, u Ivan o‘tgan yilning iyunida Rossiyaning Yelabuga shahridagi eng yirik harbiy dronlar zavodiga zarba berish rejasida ishtirok etgan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Xabarlarga ko‘ra, o‘sha hodisada bir kishi halok bo‘lgan.
Ivan esa operatsiyalarda har doim tinch aholiga zarar yetkazmaslikka harakat qilinishini ta’kidlaydi.
Bunday operatsiyalar Ivanning o‘zi uchun ham katta xavf tug‘dirgani aniq.
«Eng jiddiy holat avtomobilni tekshirish uchun to‘xtatishganida yuz bergan. O‘shanda yonimda qo‘lbola portlovchi moddalar bor edi. Xavf juda yuqori edi. Ammo ko‘rib turganingizdek, ular meni fosh qila olishmadi», — deydi u.
Ivanning aytishicha, fosh bo‘lish xavfini kamaytirish uchun ularning faoliyatida aniq tashkiliy tuzilma yo‘q. U birga ishlayotgan boshqa odamlar bilan hech qachon uchrashmaganini va ularning kimligini bilmasligini ham qo‘shimcha qiladi.
Foma ham o‘z odamlari uchun xuddi shunday qoida o‘rnatgan.
«Odamlarni guruhlarga to‘plashingiz, umumiy chatlar ochishingiz, internetda iz qoldirishingiz bilanoq butun guruhning tez orada qo‘lga olinishi yoki yo‘q qilinishi ehtimoli juda yuqori bo‘ladi», — deydi u.
Ivanning ta’kidlashicha, Rossiyada bunday ishlarga yaroqli odamlar juda kam qolgan.
«G‘oya uchun kurashadigan odamlarning aksariyati yo mamlakatni tark etgan, yoki allaqachon panjara ortida», — deydi u.
Bi-bi-siga ma’lum bo‘lishicha, Rossiya hududida qo‘poruvchilik faoliyatiga jalb etilgan ko‘plab rossiyaliklar yo o‘zlari bilmagan holda bu ishlarga aralashib qolgan (masalan, yukiga yashirincha xavfli narsalar joylashtirilganidan bexabar yuk mashinasi haydovchilari) yoki pul evaziga ishlayotgan odamlardir.
Ivan esa bu ishni g‘oyaviy qarashlari tufayli qilayotganini aytadi. U ilgari siyosiy muxolifat a’zosi bo‘lgan. Shu sababli Rossiya hukumati uning harakatlarini qattiq nazorat qilishi kutilgan edi.
Shunday ekan, uning Rossiyadan tez-tez chiqib ketib, yana qaytib kela olgani hayratlanarli holat edi.

Mamon Ivanni mashinada Gruziyadagi cho‘l hududiga olib borishga ko‘ndirdi. U yerda ular bemalol suhbatlasha olishardi. Mamon undan ukrainaliklar qanday qilib unga ishonishi mumkinligini so‘radi.
«Uchinchi bir mamlakatga borasiz... U yerda siz bilan Ukraina agentlari uchrashadi va yolg‘on detektori orqali tekshiruvdan o‘tkazadi», — dedi Ivan.
Mamon Ivandan uni Ukrainadagi GUR xodimlaridan biri bilan bog‘lashni so‘radi. U xodim darhol Ivanga qo‘ng‘iroq qildi va suhbat ovozi balandlatilgan telefon orqali olib borildi. Bu Ivan haqiqatan ham uning qo‘l ostida ishlashini ko‘rsatayotgandek edi. Ular «maktabdagi ta’mirlash ishlari» haqida gapirib, shartli iboralardan foydalanishdi.
Biroq keyinroq o‘sha razvedka xodimi Ivan rossiyaliklar uchun ham ishlayotgan bo‘lishi mumkinligini istisno eta olmasligini tan oldi. U buni o‘z xohishi bilan yoki majburlash natijasida qilayotgan bo‘lishi mumkin edi.
Foma esa Ivanning xorijga erkin chiqib-kelishi o‘z-o‘zidan shubha uyg‘otadigan holat emas, deb hisoblaydi.
«Mamlakat boshqaruv tizimida turli bo‘shliqlar bor. Agar ularni bilsangiz yoki shunchaki omadingiz kelsa, shu bo‘shliqlardan o‘tib ketib, tizim ichida yashay olasiz. Xuddi pishloq ichidagi sichqondek», — dedi u Mamonga.
Biroq Ivanning Rossiya Federal xavfsizlik xizmati — FSB uchun ham josuslik qilgan bo‘lishi ehtimoliga qarshi yanada ishonchliroq dalil bor. Agar u FSB uchun ham ishlaganida, Ukrainaning hujum rejalari haqida bilganlarini Rossiya maxsus xizmatiga yetkazishi ehtimoldan xoli emasdi.
Ukrainaning 100 dan ortiq droni ishtirokidagi vayronkor hujumidan bir yildan ko‘proq vaqt avval Ivan Marchinga Rossiya bo‘ylab harbiy aerodromlarda joylashgan strategik bombardimonchi uchoqlarga yirik hujum uyushtirilishi haqida aytib kelgan. Biroq u hujum qachon va qaerda bo‘lishini hech qachon aytmagan.
Marchin Ivandan bunday faoliyatning ruhiy bosimiga qanday chidayotganini so‘radi.
«Qo‘rquv doim bor, — dedi u. — U qayerga borsam ham men bilan birga. Hatto hech narsa qilmasangiz ham qo‘rqasiz. Bu — Rossiya».
Shunga qaramay, Ivan bir kun kelib hayoti o‘zgarishiga umid bilan qaraydi.
«Putin abadiy yashamaydi», — dedi u.





























