Qozog‘iston Rossiya armiyasiga qo‘shilgan yoshlarning o‘zini ayblamoqda - Video

Surat manbasi, YOUTUBE/AZATTYQ ASIA
- Author, BBC yangiliklar bo‘limi
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya armiyasiga qo‘shilgan fuqarolar o‘zlari imzolagan hujjatlar uchun javobgar ekanini bildirdi. Bu fuqarolar Rossiyaga ishlash uchun borgan, ammo keyin Ukrainadagi urushga tushib qolgan. Vazirlik ayrimlari aldash yo‘li bilan harbiy xizmatga jalb qilingan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmadi.
Bundan avval ularning yaqinlari Tashqi ishlar vazirligi binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazgan. Ular fuqarolarni vataniga qaytarishni talab qilgan. Advokat kamida 21 nafar qozog‘istonlik shunday vaziyatga tushganini bildirgan. Vazirlik esa bu haqda prezidentga axborot berishga va’da qilgan.
Qozog‘istonlik tahlilchilar har bir holatni alohida tekshirishga chaqirmoqda. Xususan, fuqarolar aldanganmi yoki majburlanganmi — shuni aniqlash zarurligini aytmoqda. Urushdan qaytganlarning huquqiy javobgarligi masalasi ham bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Ukraina hukumati qo‘llab-quvvatlaydigan "Yashashni istayman" loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 2400 nafar Qozog‘iston fuqarosi Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda qatnashgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring
"Fuqarolarning o‘z mas’uliyati ham bor"
Qozog‘iston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Yerjan Ashiqboev Rossiyaga ishlash uchun borib, keyin Ukrainadagi urushda qatnashib qolgan fuqarolar masalasida vazirlikning harakatlarini oqladi. Uning aytishicha, fuqarolar o‘zlari imzolagan hujjatlar uchun javobgar.
Bu haqda 15 oktyabrda Qozog‘istonning millatchilikka moyil Altyn-Orda tahliliy nashri xabar berdi.
Jurnalistlar Ashiqboevdan nima uchun Qozog‘iston Ukrainadagi jang hududlariga tushib qolgan barcha fuqarolarini hali ham vataniga qaytara olmayotganini so‘ragan.
"Chunki bu boshqa davlat qonunlariga bog‘liq masala. Imzolangan shartnomalar bor. Vaziyatni tushunishingizni so‘raymiz. Biz qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz", - degan Ashiqboev.
Biroq u fuqarolar qachon qaytarilishini aytmagan.
Jurnalistlar Qozog‘istonning Rossiyadagi konsulliklari bunday holatlarning oldini olishi mumkinmidi, deb ham so‘ragan.
Ashiqboev konsulliklar o‘z vazifasini bajarmagani haqidagi fikrni rad etgan.
"Fuqarolarning o‘z mas’uliyati ham bor. Ular imzolayotgan hujjatlarini o‘qib chiqishi kerak. Bu huquqiy savodxonlik masalasi", - degan u.
Shu bilan birga, Ashiqboev ayrim fuqarolar aldanib, harbiy xizmatga jalb qilingan bo‘lishi mumkinligini ham istisno etmagan.
Uning aytishicha, hozir har bir holat alohida o‘rganilmoqda. Fuqarolar qanday hujjatlarni, qaysi sharoitda imzolagani va qanday qilib harbiy xizmatga tushib qolgani tekshirilmoqda.
Norozilik namoyishi
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
7 oktyabrda Qozog‘iston poytaxti Ostonada bir guruh fuqarolarning yaqinlari Tashqi ishlar vazirligi binosi oldiga yig‘ildi. Ular Rossiyaga ishlash uchun borib, Ukrainadagi urushga tushib qolgan qarindoshlarini vataniga qaytarishni talab qildi. Bu haqda Ulysmedia.kz nashri xabar berdi.
Namoyishga Rossiyadagi qozog‘istonlik yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatlari sabab bo‘lgan. Ular uch kun ichida Ukrainadagi urushga jo‘natilishi mumkinligini aytgan.
Yoshlarning so‘zlariga ko‘ra, ular Rossiyaga mavsumiy ishlash uchun borgan. Ammo aldanib shartnoma imzolaganidan so‘ng, ularni birin-ketin jang hududlariga jo‘natish boshlangan. Qozog‘iston elchixonasidan yordam so‘rashgan, biroq ularga kutish aytilgan.
Videolar ijtimoiy tarmoqlarda norozilik uyg‘otgan. Foydalanuvchilar Rossiya tomonida jang qilishga majburlanayotgan vatandoshlarini himoya qila olmayotgani uchun Qozog‘iston rasmiylarini tanqid qilgan.
Namoyishda qatnashgan advokat Meyrman Shekeev ayrim yoshlar bilan aloqada ekanini aytgan. Uning ma’lumoticha, ularning aksariyati Luganskda.
"Men kamida 21 nafar Qozog‘iston fuqarosi haqida bilaman. Lekin ro‘yxat bundan uzunroq bo‘lishi mumkin", degan advokat.
Shekeevga ko‘ra, ayrim yigitlarga qo‘riqchilik ishi va’da qilingan. Boshqalari esa rus tilini yaxshi bilmagani uchun imzolayotgan hujjatlarini tushunmagan.
Qozog‘iston rasmiylari avvalroq fuqarolarni Rossiyadan qaytarish ustida ish olib borilayotganini bildirgan edi.
8 oktyabrda tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Arman Isetov namoyishchilar va advokat Shekeev bilan yopiq uchrashuv o‘tkazgan. Bu haqda Informburo.kz xabar berdi.
Shekeevning aytishicha, vazirlik vaziyat haqida prezident Qosim-Jomart Toqaevga axborot berishga va’da qilgan.
Advokat yoshlarning taqdiri bilan shug‘ullanadigan idoralararo komissiya tuzishni ham taklif qilgan. Uning tarkibiga Tashqi ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi va Prezident administratsiyasi vakillarini kiritishni so‘ragan.
Huquqiy javobgarlik masalasi
Siyosatshunos Janat Mominqulovning fikricha, har bir holat alohida o‘rganilishi kerak.
"Huquqiy baho berish uchun odamga qanday ma’lumot berilgani, u shartnoma mazmunini tushunganmi, rad etish imkoni bo‘lganmi - shularni aniqlash zarur. Vaziyatni o‘rganmasdan turib, kimnidir "yollanma jangchi" yoki "jabrlanuvchi" deb atash noto‘g‘ri", - degan u.
Mominqulov Qozog‘iston uchun eng muhim vazifa fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va ularni vataniga qaytarish yo‘llarini izlash ekanini aytgan. Shuningdek, u katta pul evaziga fuqarolarni ozod qilishni va’da qilayotgan noma’lum vositachilardan ogohlantirgan.
Odam savdosi qurbonlariga yordam beruvchi "Rodnik" jamg‘armasi rahbari Nina Balabaeva xorijliklarni yollanma jangchilikka noqonuniy jalb qilish jinoyat ekanini ta’kidlagan.
Uning aytishicha, yollovchilar odamlarning ishonchiga kirib, moliyaviy muammolarini hal qilishni va’da qiladi. Urushni jozibali qilib ko‘rsatib, jarohat va o‘lim xavfini ataylab tilga olmaydi.
Balabaeva qurolli mojarolarda qatnashish bilan bog‘liq shubhali ish takliflaridan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan. Aks holda, fuqarolar vataniga qaytgach, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Siyosiy tahlilchi Arsen Sarsekov esa davlat jang hududiga tushib qolgan va yordam so‘ragan fuqarolarini qaytarishga harakat qilishi shartligini aytgan. Biroq uning fikricha, fuqarolik jinoiy javobgarlikdan ozod qilmaydi.
"Qozog‘iston fuqarosining chet davlat bayrog‘i ostida jang hududida bo‘lgani huquqiy tekshiruv va ayblov qo‘yish uchun asos bo‘lishi mumkin. Javobgarlikdan qochmoqchi bo‘lgan odam esa urushga o‘z xohishiga qarshi tushib qolganini - aldangani yoki majburlanganini o‘zi isbotlashi kerak", - degan Sarsekov.
Ukraina hukumati qo‘llab-quvvatlaydigan "Yashashni istayman" loyihasi ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 2400 nafar Qozog‘iston fuqarosi Rossiya tomonida Ukrainadagi urushda qatnashgan.
2025 yil avgustda Qozog‘iston rasmiylari Rossiya Mudofaa vazirligi yollovchilari qozog‘istonliklarni harbiy xizmatga jalb qilayotganini tan olgan.


































