Isroillik kinoijodkorlar G‘azoda nishonlarni SI yordamida tanlash va tinch aholi orasidagi o‘limlar haqida gapirishga Isroil harbiylarini qanday ko‘ndirishdi? Video

Surat manbasi, Getty Images
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
«Men bombardimon qilishim kerak bo‘lgan bino mana shu. Bu zarba uchun belgilangan "Naza" ko‘rsatkichi to‘rt edi», — deydi yuzi ko‘rinmaydigan, faqat qora sharpasi aks etgan erkak.
«Naza nima?» — deb so‘raydi ikkinchi erkak.
«Yondosh talafot. Ya’ni zarba oqibatida halok bo‘ladigan tinch aholi soni».
Bu — isroillik kinoijodkorlar Reychel Szor va Yuval Abraham suratga olgan, tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘lgan «Naza» hujjatli filmidagi sahnalardan biri.
«Naza» — Isroil armiyasida qo‘llanadigan qisqartma bo‘lib, film namoyish etilganidan beri ko‘pchilikka tanish atamaga aylangan.
Hujjatli filmda Isroilning G‘azodagi davom etayotgan harbiy amaliyotlari oqibatida tinch aholi orasidagi qurbonlar masalasi o‘rganiladi.
Film mualliflari shaxsi sir saqlangan 24 nafar isroillik harbiy va razvedka xodimi bilan suhbatlashgan. Ular ehtimoliy nishonlarni aniqlashda sun’iy intellektdan qanday foydalanilishini tushuntirib berishadi.
Film davomida Yuval Abraham noma’lum manbalar bilan tungi Tel-Avivda, binolar tomida suhbatlashadi. Ularning ortida shaharning chiroqlar bilan yoritilgan manzarasi ko‘rinib turadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Surat manbasi, The Guardian
Venetsiya xalqaro kinofestivalida ilk bor namoyish etilgan hujjatli film hakamlar hay’atining maxsus mukofotiga sazovor bo‘ldi. Tomoshabinlar film ijodkorlarini tik turgan holda rekord darajada uzoq — 25 daqiqa davomida olqishlashdi.
Biroq film Isroilda keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu filmni butun dunyoda yahudiylarga qarshi adovat qo‘zg‘atish to‘lqinining bir qismi deb atadi va razvedka xizmatlariga unda ishtirok etganlarning shaxsini aniqlashni buyurdi.
Isroil armiyasi Bosh shtab boshlig‘i, general-leytenant Eyal Zamir filmni Isroilga qarshi hujum deb baholadi. Madaniyat vaziri Miki Zoar esa rejissyorlarni «davlatga xiyonat qilish»da ayblab, ularni Isroil fuqaroligidan mahrum etishga chaqirdi.
Biroq film ijodkorlari o‘z ishlarini himoya qilishda davom etmoqda.
«500 kishini o‘ldirishga ruxsat»
Film ijodkorlarining aytishicha, 80 daqiqalik hujjatli filmda 2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi guruhlarning Isroilga hujumlaridan keyin boshlangan urush davomida «Isroilning G‘azoda falastinlik tinch aholini rejali ravishda ommaviy o‘ldirishi ortida turgan tizimlar» batafsil ochib berilgan.
Suhbatdoshlardan biri bir kishini nishonga olish uchun 500 odamning o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan hujumga ruxsat berilgan holatdan xabardor ekanini aytadi. Isroil armiyasi esa bu da’voni «mutlaqo yolg‘on» deb rad etgan.
Film rejissyorlarining qariyb uch yil davomida olib borgan jurnalistik surishtiruvlari natijasidir. Surishtiruv Britaniyaning hujjatli filmga prodyuserlik qilayotgan The Guardian gazetasi hamda Isroil-Falastin axborot nashri +972 Magazine bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.

Surat manbasi, The Guardian
Filmda 24 nafar isroillik harbiy va razvedka xodimi ishtirok etgan bo‘lsa-da, rejissyorlarning aytishicha, surishtiruv davomida ular 100 dan ortiq manba bilan suhbatlashgan.
«Bu harbiylar bilan suhbatlar orqali biz G‘azodagi ommaviy qatllar ortida turgan nishonlarni tanlash tizimlari, sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalar va harbiy tartib-qoidalar qanday ishlashini ichkaridan o‘rganish imkoniga ega bo‘ldik», — dedi Yuval Abraham BBC Jahon xizmatining Newshour dasturiga.
Hamas boshqaruvidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda 73 mingdan ortiq falastinlik, jumladan, 20 mingdan ziyod bola halok bo‘lgan.
Abrahamning aytishicha, filmni suratga olishga ularni Isroil fuqarolari sifatidagi mas’uliyat hissi undagan.
«Bu bizning isroillik ekanimizdan kelib chiqadi. Biz Netanyaxu hukumati G‘azo sektorini vayron qilganini, o‘n minglab tinch aholini o‘ldirganini ko‘rib turdik. Shuning uchun bu vaziyatni o‘zgartirish uchun nimadir qilishimiz kerak, degan mas’uliyatni his qildik».
Isroil hukumati esa Hamas jangarilariga qarshi kurashda tinch aholi orasidagi qurbonlarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rganini ta’kidlaydi.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, Hamas jangarilari shifoxonalar, maktablar va boshpanalar kabi fuqarolik ob’ektlarida yashirinib, ulardan harbiy maqsadlarda foydalanadi.
Hamas esa G‘azodagi tinch aholidan jonli qalqon sifatida foydalanishini rad etadi.
«Dadam qani?»
Filmda Isroil hukumati va armiyasining pozitsiyasi ham keltirilgan. Ular harbiy amaliyotlar faqat jangarilarga qarshi qaratilgani va tinch aholiga yetkaziladigan zararni kamaytirish uchun choralar ko‘rilayotganini ta’kidlaydi. Biroq filmda suhbatlashilgan harbiylarning guvohliklari boshqacha manzarani ochib beradi.
«Ular tinch aholi uchun xavfni kamaytirish maqsadida o‘tkazilgan aniq nishonli harbiy amaliyot haqida gapirayotgani yo‘q», — dedi Abraham BBCga.
Filmda asosiy e’tibor sun’iy intellekt yordamida ishlaydigan nishonlarni aniqlash tizimlariga qaratilgan. Film ijodkorlariga ko‘ra, bu tizimlar ehtimoliy nishonlarni belgilash va tinch aholi orasida qancha qurbon bo‘lishi mumkinligini hisoblash uchun ishlatiladi.
Hujjatli filmda tilga olingan tizimlardan biri «Dadam qani?» deb ataladi. Film ijodkorlarining aytishicha, bu tizim nishonga olingan shaxs uyiga qaytganida razvedka xodimlariga xabar beradi. Ta’kidlanishicha, tizim oila a’zolarini, ba’zan hatto bolalarning mobil telefonlari orqali ham kuzatadi.
Reychel Szorning aytishicha, kuzatuv tizimi suhbatlardagi «Dadam qani?» yoki «U qachon keladi?» kabi iboralarni aniqlaydi. Bu gaplar nishonga olingan shaxs uyiga qaytganidan darak berishi mumkin.
«Filmda siz "Naza" raqamlari haqida eshitasiz. 20 nafargacha tinch aholining o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan bombardimonlarga keng ko‘lamda ruxsat berilganini eshitasiz. Bu har bir uyga bomba tashlanganda qancha odam halok bo‘lishini hisoblaydigan algoritm», — dedi Abraham BBCga.
«Aslida 7 oktyabrdan keyin yuz bergan voqea shu bo‘ldiki, "Naza" mexanizmlari tinch aholi orasidagi qurbonlarni kamaytirish o‘rniga, ularning o‘ldirilishini odatiy holga aylantirdi va bunga yo‘l ochdi».
«Keskin tafovut»

Surat manbasi, The Guardian
«Naza» — G‘azodagi urush haqidagi film, biroq unda G‘azo sektorining o‘zida olingan kadrlar juda kam. Filmning asosiy qismi tungi Tel-Avivda, binolar tomida suratga olingan. Zamonaviy ko‘p qavatli uylar, yorqin chiroqlar bilan yoritilgan derazalar orqali shahardagi kundalik hayot manzaralari namoyon bo‘ladi.
Bu manzaralar filmning so‘nggi daqiqalarida ko‘rsatilgan, Tel-Avivdan atigi 70 kilometr janubda joylashgan G‘azodagi vayronagarchilik bilan keskin qarama-qarshilik hosil qiladi.
Reychel Szorning aytishicha, ular Tel-Avivni tanlagan, chunki suhbatlashilgan harbiylar va razvedka xodimlarining ko‘pchiligi shu shahardan bo‘lgan. Isroil armiyasining bosh qarorgohi ham shu yerda joylashgan.
«Ular Isroil jamiyatining nufuzli qatlamidan chiqqan odamlar. Ba’zan o‘zlarini so‘l qarashli deb ham hisoblashadi», — dedi u.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Biroq film ijodkorlari qanday qilib shuncha harbiy va zobitni Isroil armiyasi va o‘zlari G‘azoda qilgan ishlar haqida bunchalik ochiq gapirishga ko‘ndira oldi?
Abrahamning aytishicha, ular duch kelgan eng katta qiyinchiliklardan biri suhbatdoshlarning ishonchini qozonish bo‘lgan.
«Ularning ko‘pchiligi noto‘g‘ri ishda ishtirok etayotganini, jinoyatlarga yoki asossiz odam o‘ldirish holatlariga aloqador bo‘lganini his qilgan», — dedi u.
Abrahamga ko‘ra, Isroil ommaviy axborot vositalarining katta qismida armiya faoliyati yetarlicha tanqidiy tahlil qilinmagan. Bu esa harbiylarni suhbatga ko‘ndirishga yordam bergan.
«Biz suhbatlashgan ayrim odamlar ilgari hech kim ularga bunday savollar bermaganini aytishdi. Biz bu savollarni berganimizdan keyin ular gapirishga rozi bo‘lishdi», — dedi Abraham.
Filmda ishtirok etgan barcha manbalar shaxsi oshkor qilinmasligi sharti bilan suhbat berishgan.
«Ular gapirish orqali katta xavfga qo‘l urmoqda. Shuning uchun ham ularning shaxsi sir saqlanadi», — dedi Abraham.
Jamoatchilik muhokamasiga turtki

Surat manbasi, Getty Images
Film Venetsiya kinofestivalida katta shov-shuv bilan ilk bor namoyish etilganidan beri, rejissyorlarning aytishicha, ularga ko‘plab o‘lim tahdidlari qilingan. Isroildagi tanqidchilar esa ularni xoinlar deb atagan.
Sobiq bosh vazir Naftali Bennet filmni «o‘g‘il-qizlarimizga qarshi dahshatli tuhmat» deb atagan bo‘lsa, sobiq mudofaa vaziri Avigdor Liberman rejissyorlarni «Isroildan nafratlanuvchilar» deb ta’rifladi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Isroil armiyasi ham filmga batafsil munosabat bildirib, uni «Isroil mudofaa kuchlarining nishonlarni tanlash va zarba berish jarayonlari haqida buzib ko‘rsatilgan, chalg‘ituvchi va haqiqatga zid tasavvur uyg‘otish»da aybladi.
Armiya bayonotida filmdagi voqealar talqini «voqelikni noto‘g‘ri va manipulyativ tarzda tasvirlash oqibatida kelib chiqqan jiddiy faktik xatolarga» asoslangani aytildi.
Abrahamning aytishicha, film ijodkorlari qariyb uch yil davomida undagi barcha asosiy da’volar yuzasidan Isroil armiyasiga 10 martadan ortiq murojaat qilgan. U filmdagi jurnalistik surishtiruvda noto‘g‘ri ma’lumotlar keltirilgani haqidagi ayblovlarni rad etdi.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Uning fikricha, filmga nisbatan g‘azabli munosabat Isroil jamiyatining armiya G‘azoda qilgan ishlariga yuzlanishni istamayotganini ko‘rsatadi. Abrahamning aytishicha, hujjatli film urush boshlanganidan beri kuzatilmagan darajada keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan.
«Isroil ommaviy axborot vositalarining katta qismida biz bu jinoyatlarni yo butunlay e’tiborsiz qoldirish, yoki ularni oqlash holatlarini ko‘rdik», — dedi u.
«Tinch aholining ommaviy o‘ldirilishi odatiy hol sifatida qabul qilina boshlasa, bu oxir-oqibat voqelikni butunlay inkor etishga olib keladi. Umid qilamizki, bu film Isroil jamiyatidagi ana shu inkor devorlarini yorib o‘tishga hissa qo‘shadi».


























