Xitoy va AQSh Markaziy Osiyo uchun raqobatdami? O‘zbekiston nima yutadi?

Surat manbasi, Rasmiy
Xitoy va AQSh Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini kuchaytirishga intilmoqda. Xitoy bosh vaziri Li Syanning O‘zbekiston va Tojikistonga tashriflari orasida AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ham Samarqandda muzokaralar o‘tkazdi. Pekin savdo va infratuzilmaga tayanayotgan bir paytda, Vashington yangi investitsiyalar va strategik minerallarga e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston bu raqobatdan nima yutadi?
Xitoy va AQShning yuqori martabali vakillari bir necha kun ichida Markaziy Osiyoda muzokaralar o‘tkazdi. 17–18 oktyabrь kunlari Xitoy bosh vaziri Li Syan O‘zbekistonda bo‘ldi. 18–19 oktyabrь kunlari esa AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Samarqandda mintaqa davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi.
Reuters agentligi Rubio tashrifini Vashingtonning Xitoy va Rossiyaga yaqin joylashgan, tabiiy resurslarga boy mintaqa bilan uzoq muddatli iqtisodiy va diplomatik aloqalarni mustahkamlash harakati sifatida baholadi.
AQSh delegatsiyasi tarkibida 200 dan ortiq biznes vakili bor edi. Ular uchun muzokaralardagi muhim yo‘nalishlardan biri kamyob va strategik minerallardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘ldi.
Eurasianet nashri esa bu voqealarni Markaziy Osiyoda iqtisodiy ta’sir uchun kurashning bir qismi sifatida yoritdi.
Xitoyning savdosi, AQShning yangi kelishuvlari
Xitoyning mintaqadagi iqtisodiy mavqei katta savdo hajmiga tayanadi.
Xitoy Tijorat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Xitoy bilan Markaziy Osiyoning besh davlati o‘rtasidagi tovar aylanmasi 106,3 milliard dollarga yetgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 12 foiz ko‘pdir.
Shundan 71,2 milliard dollar Xitoy eksporti, 35,1 milliard dollar esa mintaqadan Xitoyga import hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bu raqamlar Pekinning mintaqadagi iqtisodiy aloqalari keng ko‘lamga ega ekanini ko‘rsatadi. Xitoy Markaziy Osiyo davlatlariga mashina va elektr uskunalari, sanoat mahsulotlari hamda yuqori texnologiyali tovarlar yetkazib beradi. Mintaqadan esa turli xomashyo va boshqa mahsulotlarni xarid qiladi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
AQShning hozirgi yondashuvi esa yangi investitsiyalar, sanoat hamkorligi va Amerika kompaniyalari uchun bozor imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
19 oktyabrь kuni Samarqanddagi biznes dasturi doirasida O‘zbekiston va AQSh hamkorlari o‘rtasida umumiy qiymati 12 milliard dollar deb ko‘rsatilgan 54 ta kelishuv imzolangani ma’lum qilindi. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakiliga tayangan Frank.uz nashriga ko‘ra, kelishuvlar transport, energetika, minerallarni qazib olish va qayta ishlash, raqamli texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi, moliya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini qamrab oladi.
Biroq 12 milliard dollarlik kelishuvlarning barchasini amalda kiritilgan investitsiya deb bo‘lmaydi. Ularning qanchasi O‘zbekistonga tegishli ekani, qaysi loyihalar bo‘yicha mablag‘ ajratilgani va ish qachon boshlanishi alohida aniqlashtirilishi kerak.
Shuningdek, bu raqamni Xitoyning butun mintaqa bilan bir yillik tovar aylanmasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslab bo‘lmaydi: biri e’lon qilingan kelishuvlar qiymati, ikkinchisi esa amalga oshgan savdo hajmidir.
Pekinning raqamli ipak yo‘li
Xitoyning mintaqadagi ta’siri faqat tovarlar savdosi yoki yirik qurilish loyihalari bilan cheklanmaydi. Raqamli infratuzilma ham muhim yo‘nalishga aylanmoqda.
19 oktyabrь kuni Tojikistonning Avesta axborot agentligi ikki davlat o‘rtasida yangi xalqaro optik tolali aloqa yo‘li ishga tushirilganini xabar qildi. U Tojikistonni Xitoyning telekommunikatsiya tarmog‘iga baland tog‘li Qulma–Qorasu dovoni orqali bevosita bog‘laydi.
Loyiha 17 oktyabrь kuni rasman ishga tushirilgan. Dushanbe–Xorug‘–Qulma–Qorasu–Pekin yo‘nalishi bo‘ylab o‘tgan tarmoqning Tojikiston hududidagi uzunligi 1010 kilometrni tashkil etadi. Uning 435 kilometri Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidan o‘tadi.
Tojikistonning «Tojiktelekom» kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, dastlabki bosqichda ma’lumot uzatish quvvati sekundiga 1 terabitgacha yetadi. Keyinchalik u 10 terabitgacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Avesta xabarida ta’kidlanishicha, yangi yo‘nalish Tojikistonning xalqaro internet aloqalarini kengaytirish, ma’lumot uzatish ishonchliligini oshirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.
Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati — u Rossiya orqali o‘tmaydigan qo‘shimcha xalqaro raqamli yo‘nalishni yaratadi. Bu Tojikistonning tashqi aloqa imkoniyatlarini kengaytiradi, ammo mamlakat Rossiya bilan mavjud tarmoqlaridan voz kechganini anglatmaydi.
Xitoyning China Mobile kompaniyasi vakillari loyihani «Raqamli ipak yo‘li» g‘oyasining amaliy ifodasi sifatida ta’riflagan.
Tojikiston rahbariyati esa uni mamlakatning Markaziy Osiyodagi raqamli markazga aylanish imkoniyatlarini oshiruvchi loyiha deb ko‘rmoqda.
Bu misol Xitoyning mintaqadagi strategiyasi faqat xomashyo xarid qilish yoki tovar sotishdan iborat emasligini ko‘rsatadi. Telekommunikatsiya tarmoqlari, ma’lumot uzatish va raqamli xizmatlar ham uzoq muddatli iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashi mumkin.
Tojikiston bilan hamkorlik: savdo, sanoat va texnologiya
Xitoy bosh vaziri Li Syan 19 oktyabrь kuni Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan ham uchrashdi.
Tojikistonning "Xovar" davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, muzokaralarda savdo, investitsiya, energetika, transport, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik muhokama qilingan.
Tojikiston rasmiy statistikasiga tayanib berilgan ma’lumotda, 2026 yilning yanvar–avgust oylarida ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2,5 milliard dollardan oshgani aytilgan.
Tomonlar shuningdek, sun’iy intellektdan foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Li Syan Xitoy Tojikistonning rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga va qo‘shma ustuvor loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirgan.
Muzokaralardan avval Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda ham Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashgan. Uning aytishicha, Imomali Rahmonning 2026 yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi davomida 30 ta hujjat imzolangan. Dushanbe ushbu hujjatlar ikki davlat munosabatlarining siyosiy va huquqiy asoslarini mustahkamlashini kutmoqda.
Bu jarayon Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi bir nechta yo‘nalishda bir vaqtning o‘zida rivojlanayotganini ko‘rsatadi: savdo, ishlab chiqarish, raqamli infratuzilma va siyosiy aloqalar.
AQShning muhim yo‘nalishlaridan biri — strategik minerallar
Vashingtonning Markaziy Osiyoga qiziqishiga sabablardan biri mintaqaning tabiiy resurslaridir.
Qozog‘iston uran, xrom va boshqa minerallarning yirik ishlab chiqaruvchilaridan biri. O‘zbekistonda mis, uran, volfram va boshqa strategik resurslar mavjud. Tojikiston esa surma zaxiralari bilan ahamiyatli.
AQSh uchun bunday resurslar energetika, elektronika, mudofaa sanoati va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirlarini diversifikatsiya qilishda muhim.
Xalqaro strategik tadqiqotlar markazi — CSISning 2025 yil noyabridagi tahlilida AQShning Markaziy Osiyo bilan muhim minerallar sohasidagi hamkorligi hali to‘liq amaliy natijalarga aylanmagani qayd etilgan. Mualliflar Xitoy va Rossiya kapitali mintaqaning konchilik, qayta ishlash va logistika tarmoqlarida katta o‘rin tutishini ta’kidlaydi.
Tahlilga ko‘ra, G‘arb sarmoyalari uchun asosiy to‘siqlardan biri — minerallarni Yevropa va boshqa bozorlarga olib chiqish uchun transport infratuzilmasining yetarli darajada rivojlanmaganidir. Energiya ta’minotidagi muammolar ham yangi konchilik va qayta ishlash loyihalarini kengaytirishni qiyinlashtirishi mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
CSIS tahlilida AQShning maqsadi faqat resurslarni sotib olish emas, balki ularni qazib olish, qayta ishlash va yetkazib berish zanjirlarida hamkorlikni kengaytirish ekani ko‘rsatiladi.
Bu nuqtai nazardan, Vashingtonning mintaqaga qiziqishi iqtisodiy foyda bilan birga strategik maqsadlarga ham ega: Xitoyga bog‘liq ta’minot zanjirlarini kamaytirish va Amerika kompaniyalariga yangi manbalar ochish.
O‘rta yo‘lak: Xitoy va G‘arb manfaatlari tutashgan joy
Markaziy Osiyoning geografik o‘rni ham raqobatning muhim qismi hisoblanadi.
Xitoy mintaqani Yevropa va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkoniyati sifatida ko‘radi. AQSh va Yevropa esa Kaspiy dengizi, Kavkaz va Turkiya orqali o‘tadigan O‘rta yo‘lakni savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish vositasi deb biladi.
Bu yo‘nalish Qozog‘istondan Kaspiy dengiziga, keyin Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropa bozorlariga olib boradi. U Rossiya hududidan o‘tuvchi an’anaviy yo‘nalishlarga muqobil bo‘lishi mumkin.
Biroq yangi yo‘laklarni rivojlantirish portlar, temiryo‘llar, bojxona tizimlari va logistikaga katta mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun diplomatik kelishuvlar o‘z-o‘zidan arzon va samarali transport tizimi yaratilishini kafolatlamaydi.
Xitoy ham mintaqadagi transport infratuzilmasiga sarmoya kiritmoqda. Demak, bu yerda ham hamkorlik va raqobat bir vaqtning o‘zida mavjud: mintaqadagi davlatlar yangi yo‘nalishlardan foyda ko‘rishi mumkin, ammo ularning qaysi davlatlar tomonidan moliyalashtirilishi va boshqarilishi ham muhim.
O‘zbekiston ikki yirik davlat o‘rtasida qanday yo‘l tutadi?
O‘zbekiston uchun Xitoy va AQSh bilan hamkorlik bir-birini istisno qiluvchi tanlov bo‘lishi shart emas.
Xitoy va AQShning mintaqadagi maqsadlari bir xil emas. Pekin katta savdo hajmi, infratuzilma va sanoat aloqalariga tayanadi. Vashington esa muhim minerallar, yangi sarmoyalar va ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish orqali o‘z ishtirokini kengaytirishga urinmoqda.
Xitoy bilan savdo aylanmasining kattaligi, mavjud infratuzilma va ishlab chiqarish aloqalari Pekinni Toshkent uchun muhim iqtisodiy sherikka aylantiradi. AQSh esa yangi investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, minerallarni qayta ishlash va jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini taklif qilishi mumkin.






























