O‘shda yo‘l uchun uylar buzilmoqda: Odamlarga tovon puli va boshpana beriladimi? Video

Madina Jo‘raeva.
Surat tagso‘zi, Madina Jo‘raevaning uyi qisman buzib tashlangan
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida yo‘llarni kengaytirish va shaharni qayta qurish ishlari davom etmoqda. Bu jarayon doirasida yo‘l bo‘yida joylashgan ayrim uylar va savdo ob’ektlari buzilmoqda.

Mahalliy hokimiyat bu ishlar shaharning bosh rejasi asosida amalga oshirilayotgani va mulki olingan fuqarolarga tovon to‘lanishini aytmoqda. Biroq ayrim aholi vakillari uylari buzilgan bo‘lsa-da, haligacha tovon puli yoki boshqa turar joy olmaganini bildirmoqda.

Shunday oilalardan biri O‘sh shahrining Jiydalik ko‘chasida yashovchi Madina Jo‘raevadir. Uning aytishicha, yo‘lni kengaytirish uchun uyining bir qismi buzib tashlangan.

Madina Jo‘raevaning O‘sh shahri, Jiydalik ko‘chasidagi yarmi buzilgan uyi.
Surat tagso‘zi, Madina Jo‘raevaning O‘sh shahri, Jiydalik ko‘chasidagi yarmi buzilgan uyi.

Madina va turmush o‘rtog‘i bu uyni Rossiyada ishlab topgan mablag‘lari hisobidan qurishgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, buzish ishlari boshlangan paytda uyda 13 yoshli qizi yolg‘iz bo‘lgan.

"Qizim ulardan otam kelsin, onam kelsin, deb so‘ragan. Lekin quloq solmay buzib ketishgan. Oshxonam ham buzildi, idishlarim ham sindi. Qizim uydagi buyumlarni zo‘rg‘a olib chiqishga ulgurgan", - deydi u.

Jo‘raevaning ta’kidlashicha, uy uchun barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan bo‘lgan va yer uchastkasiga davlat tomonidan berilgan huquqni tasdiqlovchi hujjat ham mavjud.

Hozir oila besh nafar farzandi bilan uyning qolgan ikki xonasida yashamoqda.

"Bu qismi ochiq qolib ketdi. Sovuq tushyapti. Orqada bitta xonamiz bor, lekin u ham isimaydi. Agar yangi uy berilmasa, bu yerda qishlashning iloji yo‘q", deydi Madina Jo‘raeva.

Uning aytishicha, hokimiyat vakillari avvalroq ularga boshqa uy berilishini aytgan, ammo bu hali amalga oshmagan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Odam ko‘chada qolmasligi kerak"

Mulki buzilgan fuqarolar manfaatlarini himoya qilib kelayotgan advokat To‘lo‘gon Keldibaevning fikricha, davlat ehtiyojlari uchun yer yoki uy olinayotganda, avvalo mulk baholanishi va egasi bilan kelishuvga erishilishi lozim.

U xalqaro tajribada mulkdorga bozor qiymatiga mos tovon to‘lanishi yoki boshqa turar joy taklif qilinishi amaliyoti qo‘llanilishini aytadi.

"Shahar rivojlanishi, yo‘llar kengayishi kerak. Lekin odam ko‘chada qolmasligi kerak. Avval kompensatsiya masalasi hal qilinib, keyin buzish ishlari boshlanishi lozim", deydi advokat.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Advokat To‘lo‘gon Keldibaevning aytishicha, muammo faqat mulkning buzilishi bilan cheklanmaydi. Ba’zi oilalar turar joyidan, ayrim tadbirkorlar esa daromad manbaidan ayrilgan.

O‘sh ko‘chasi
Surat tagso‘zi, O‘sh ko‘chasida yo‘l kengaytirilmoqda

U rahbarlik qilayotgan jamoat birlashmasi yaqinda Qirg‘iziston Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vazirligiga murojaat yo‘llab, mulki buzilgan fuqarolarning ijtimoiy ahvolini o‘rganishni so‘ragan.

Murojaatda uyidan ayrilgan oilalar, ko‘p bolali oilalar, yolg‘iz onalar, nogironligi bor shaxslar va keksalar orasida qiyin ahvolga tushganlar borligi ta’kidlangan. Shuningdek, ayrim tadbirkorlar biznes ob’ektlari buzilgani ortidan ishsiz qolgani va qarz yuki ostida qolayotgani qayd etilgan.

Keldibaevning so‘zlariga ko‘ra, jamoat birlashmasida shahardagi buzish ishlari mingga yaqin uy va biznes ob’ektiga ta’sir qilgani haqida ma’lumot bor.

"Ba’zi odamlar uysiz qoldi. Ularga davlat uy berib, hujjatlashtirib berishi kerak. Biz vazirlikdan mulki buzilgan fuqarolarning ijtimoiy ahvolini o‘rganish, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish va vaqtinchalik turar joy masalasini hal qilishni so‘radik", - deydi advokat.

Madina olisai bilan qishni qanday o'tkazishini bilmayapti.
Batafsil: bbc.com/uzbek
Bizning meriyadan talabimiz, uy. Uy bersin. Kompensatsiya uchun pul berilsa ham, qish yaqin, biz qayerdan yer olib, qayerdan uy quramiz.
Madina Jo‘rayeva
O‘sh shahri yashovchisi

Hokimiyat nima deydi?

O‘sh shahar vitse-meri Shumkarbek Payzievning aytishicha, yo‘llarni kengaytirish ishlari shaharning uzoq muddatli rivojlanish rejasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Uning ta’kidlashicha, buzilgan uylar va savdo ob’ektlari uchun qonunchilikka muvofiq kompensatsiya to‘lab berilmoqda.

"Aholi ko‘payib borar ekan, shahar ham kengayishi kerak. Yo‘l bo‘yidagi ayrim uylar va do‘konlar buziladi. Davlat ularga kompensatsiya to‘lab, yo‘llarni kengaytiradi", - degan u.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

O‘shdagi "Interbilim" tashkiloti o‘tkazgan tadqiqotda uylarni buzish va yer uchastkalarini olib qo‘yish jarayonlari qariyb 1200 xonadonga ta’sir ko‘rsatgani qayd etilgan.

Tashkilot vakillari ayrim holatlarda fuqarolar huquqlari buzilgan bo‘lishi mumkinligini bildirib, mulkni olib qo‘yish va uylarni buzish tartibini aniq belgilaydigan maxsus qoidalar qabul qilinishi zarurligini ta’kidlashgan.

Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham uyidan ajralgan fuqarolar kompensatsiya bilan ta’minlanishini aytgan edi. O‘sh shahri meri Janar Akaev esa bu masala bo‘yicha ishlar davom etayotganini bildirgan.