Ozarbayjonda hijob mojarosi: Aliev hukumatiga tahdid bormi?

Ilhom Aliev va rafiqasi Mehribon Alieva
Surat tagso‘zi, Ilhom Aliev va rafiqasi Mehribon Alieva
    • Author, Ko‘nul Xalilova
    • Role, BBC Ozarbayjon xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Prezident Ilhom Aliev hokimiyati hijob bilan bog‘liq noroziliklar qarshisida murakkab tanlovga duch keldi: ortga chekinish hokimiyatning bosim ostida yon berishi sifatida ko‘rinishi mumkin, qat’iy pozitsiyada qolish esa diniy erkinliklar borasidagi norozilikni yanada kuchaytirishi ehtimol bor.

Hozircha bu noroziliklar hokimiyat uchun bevosita siyosiy tahdidga aylanganini aytishga erta. Biroq hukumatning ularga qanday javob berishi noroziliklar keyinchalik qaysi yo‘nalishda rivojlanishiga, shuningdek, mojaro hijob masalasi doirasidan chiqib ketish-ketmasligiga ta’sir qilishi mumkin.

Noroziliklarga nima sabab bo‘ldi?

Ozarbayjondagi hozirgi noroziliklarga maktablardagi yangi kiyinish qoidalari sabab bo‘ldi. Bu qoidalar hijob o‘raydigan qizlar va o‘qituvchilarning maktabga kiritilmasligiga olib kelmoqda.

Sentyabr va oktyabr oylarida Vazirlar Mahkamasi o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun "dunyoviy kiyinish qoidalari"ni joriy etuvchi o‘zgartishlarni qabul qildi. Qoidalarda hijob ochiqchasiga tilga olinmagan bo‘lsa-da, hijobli qizlarning maktabga kiritilmayotganini ko‘rsatuvchi ko‘plab xabarlar va videolar internetda tarqaldi. Boku va Sumgaitdagi o‘qituvchilar maktab rahbariyati ulardan hijobni yechishni yoki ishdan ketishni talab qilganini bildirishdi.

Ozarbayjonda to‘planish erkinligi cheklanayotgani haqidagi tanqidlarni hisobga olsak, ushbu qarorga nisbatan reaktsiya odatdagidan ancha keng bo‘lganini aytish mumkin. Boku va mamlakatning boshqa hududlaridagi ayrim maktablarda o‘quvchilar hijob o‘raydigan sinfdoshlarini qo‘llab-quvvatlab, darslarga borishdan bosh tortdi.

12 oktyabr kuni Bokuda maktab o‘quvchilari norozilikni davom ettirib, bir nechta maktab yaqinida ko‘chada dars o‘tkazdi.

Ichki ishlar vazirligi 37 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Faollar esa qo‘lga olinganlar soni 200 nafardan oshganini da’vo qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Bokuda noma’lum shaxslar maktab direktorining avtomobiliga o‘t qo‘ygan, Absheron tumanida esa yana to‘rtta avtomobil yondirilgan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Instagram va TikTok'ga kirishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini ham bildirgan. Bu hokimiyat internetdan foydalanishni cheklayotgani haqidagi iddaolarga sabab bo‘ldi.

12 oktyabr kuni poytaxtning Qoratog‘ tumanida maktab direktoriga tegishli Kia rusumli avtomobil yoqib yuborilgani yuzasidan tergov boshlandi.

APA axborot agentligiga Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, politsiya choralari natijasida avtomobilga o‘t qo‘ygan, muqaddam sudlangan bir kishi ushlangan.

Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov olib borilmoqda.

Davlatning dunyoviylik siyosati va diniy erkinlik talablari o‘rtasidagi ziddiyat

Ozarbayjon aholisining aksariyati musulmon. Biroq mamlakatda o‘nlab yillar davom etgan sovet hokimiyati ta’sirida dunyoviylikning kuchli an’anasi shakllangan.

Hukumat dunyoviy ta’limni asosiy tamoyil deb biladi. Hijobni diniy majburiyat deb hisoblaydiganlar esa maktabda ham uni o‘rash huquqiga ega ekanini ta’kidlamoqda.

Norozilik namoyishidagi plakatlardan birida bu talab qisqa ifodalangan: "Hijob ta’lim olishga to‘siq emas".

Bunday holat avval ham kuzatilgan. 2010 yil dekabrida Bokuda yuzlab kishi maktab o‘quvchi qizlarining diniy huquqlarini talab qilib, Ta’lim vazirligi tomon yurgan edi. Politsiya namoyishning 16 ishtirokchisini ushlagan.

Ozarbayjonda qo‘qqisdan boshlanadigan norozilik namoyishlari kam uchraydi. Jamoatchilik noroziligi qattiq nazorat qilinadigan mamlakatda bir nechta shaharda o‘quvchilarning darslarni boykot qilishi shu bois e’tiborga molik.

Hijobi uchun maktabga qo‘yilmagan o‘quvchilar
Surat tagso‘zi, Hijobi uchun maktabga qo‘yilmagan o‘quvchilar

Ozarbayjonda hijob ommalashishi ortida nima bor?

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ozarbayjonda hijobning kengroq tarqalishi sabablaridan biri sifatida 1991 yildan keyin diniy targ‘ibotning qayta jonlanishi ko‘rsatiladi.

Sovet Ittifoqi 70 yil davomida dinni siqib kelgan.

Mustaqillikdan keyin din jamoat hayotida ko‘proq ko‘rina boshladi, sovet davrida cheklangan diniy amaliyotlar esa yana ochiqroq namoyon bo‘ldi.

Mintaqaviy va demografik farqlar ham bor. Hijobga ko‘proq konservativ qarashlar ustun bo‘lgan janubiy hududlarda, masalan, Masalli va Lankaranda, Eron chegarasi yaqinidagi joylarda, shuningdek, Bokuning Baloxani va Nardaran kabi chekka aholi manzillarida duch kelish mumkin.

Diniy hayotning qanday kechishiga shia va sunniy an’analari ham ta’sir ko‘rsatadi. Mustaqillikdan keyingi davrda Eron va Turkiya bilan bog‘liq diniy tashkilotlar ham Ozarbayjonda faoliyat yuritgan. Ozarbayjon hukumati diniy masalalarda tashqi ta’sir xavfi haqida bir necha bor gapirgan.

Biroq ko‘plab ayollar uchun hijob shunchaki jiddiy qabul qiladigan diniy majburiyatdir. Norozilik bildirgan ayollarning ayrimlari ta’lim yoki ish bilan diniy e’tiqod o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘layotganini aytmoqda.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"117-maktabda ishlayman. Bu yerga ertalab soat sakkizga qolmay keldik. Bizni darslarga kiritishmayapti. Mana, hamkasblarim shu yerda. Hammamiz hijoblimiz. Hech kim hijobini yechishni istamaydi. Bizni bir xonaga kiritib qo‘yishdi, kutib turinglar, deyishyapti", — dedi hijobi sababli maktabga kiritilmagan o‘qituvchilardan biri.

Ozarbayjonda hijob o‘raydiganlar soni qancha ekani noma’lum. Noroziliklar ko‘lami katta ko‘rinayotganining sabablaridan biri ham yangi siyosat hijob keng tarqalgan jamoalarga ta’sir qilayotgani bo‘lishi mumkin.

Hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy axborot vositalari voqealarni tashqi kuchlarning qutqusi bilan bog‘lamoqda.

AzPost.az nashri xabar berishicha, Yasamal tumanidagi maktablardan birida yong‘in chiqarishga urinish bo‘lgan.

Qafqazinfo nashrining ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rilgan choralar natijasida buning oldi olingan va hech kim jabrlanmagan.

"Bu hodisa Ozarbayjonning dunyoviy davlat modeliga hujum qilayotgan tashqi kuchlar qutqusiga uchgan fitnachilarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi", — deb yozdi nashr.

Noroziliklardan biri
Surat tagso‘zi, Noroziliklardan biri

Noroziliklar kengroq harakatga aylanishi mumkinmi?

Taranglik kuchayishining asosiy sabablaridan biri norozilikning aniq va shaxsiy masala bilan bog‘liqligidir. Bu namoyishlarni avvalgi siyosiy aktsiyalardan ajratib turadigan jihatlardan biri ham shundaki, muammo odamlarning kundalik hayotiga bevosita ta’sir qilmoqda: qizlarning maktabga kiritilmasligi va ayrim o‘qituvchilarning ishidan ayrilish xavfi.

O‘qituvchilar ham darsga kiritilmagani sababli o‘quvchilar ularni quchoqlab yig‘layotgani aks etgan videolar tarqaldi. Bunday lavhalar mojaroni faqat diniy faollar masalasi bo‘lib qolishidan chiqarib, maktab o‘quvchilari va ularning oilalari orasida ham kun tartibiga olib chiqdi.

Fan va ta’lim vazirligi so‘nggi kunlarda hijob bilan bog‘liq noroziliklar yuzasidan alohida bayonot bermadi. Boku shahar ta’lim boshqarmasi esa maktablarda kiyinish qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazilishini bildirdi.

Boku, Sumgait, Absheron va Masallidagi boykotlar, ko‘chada o‘tkazilgan darslar, shuningdek, maktab rahbarlarining avtomobillari yoqib yuborilgani haqidagi xabarlar g‘azab va norozilik faqat bitta mahalla bilan cheklanmaganini ko‘rsatadi.

Noroziliklar diniy o‘zlikka taalluqli masalalar kengroq guruhlarni safarbar qilishi mumkinligini ham namoyon etmoqda.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotlarida Ozarbayjonda dunyoviy muxolifat partiyalari vakillari yillar davomida jiddiy bosimga duch kelayotgani qayd etiladi.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti 2025 yil dekabrida Ozarbayjonda "muxolifatga qarshi uzoq vaqtdan beri davom etayotgan bosim kampaniyasi" haqida hisobot e’lon qilgan.

Ozarbayjonda diniy masala atrofida paydo bo‘lgan norozilik bunday partiyalar an’anaviy ravishda yetib bora olmagan jamoalarni ham harakatga keltirishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar esa turli guruhlarning bir-biri bilan aloqa o‘rnatishini osonlashtiradi.

Noroziliklar Aliev hokimiyati uchun qanchalik jiddiy tahdid?

Ilhom Aliev
Surat tagso‘zi, Ilhom Aliev

Boku bunday muammoga avval ham duch kelgan. 2010–2011 yillarda hukumat diniy muxolifatning bir nechta yetakchisini hibsga olgan. Bu ularning tarafdorlari yangi norozilik namoyishlarini o‘tkazishiga sabab bo‘lgan, namoyishchilarning ayrimlari ham qamalgan. Islom partiyasining ro‘yxatdan o‘tkazilishi bekor qilingan, uning rahbari hibsga olingan va noroziliklar asta-sekin susaygan.

Ozarbayjon hukumati avvalgi hukumatga qarshi namoyishlarga ham politsiyaning kuch ishlatishi va ko‘plab hibslar bilan javob bergan. 2003, 2011, 2019 va 2020 yillardagi hukumatga qarshi aktsiyalar ommaviy hibslar orqali nazoratga olingan.

Xalqaro inson huquqlari va so‘z erkinligi tashkilotlariga ko‘ra, Ozarbayjonda mustaqil ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatiga bosim kuchli. Yetakchi faollar va jurnalistlarning bir qismi qamoqda.

Biroq Alievning hozirgi vaziyatini avvalgi noroziliklar davridan ajratib turadigan omillar ham bor. Qorabog‘dagi harbiy g‘alaba, energetikadan tushadigan daromadlar va Turkiya bilan yaqin ittifoq hukumatning siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarini oshirgan.

Shunga qaramay, xorijda yashayotgan jurnalist Rauf Mirgadirov noroziliklarni jamiyat har qanday qarorni jimgina qabul qilishga tayyor emasligining belgisi sifatida baholaydi.

"Bu voqea jamiyat hamma narsaga chidashga tayyor emasligini ko‘rsatdi", — dedi u Bi-bi-si Ozarbayjon xizmatiga bergan intervyusida.

Hozircha kiyinish qoidalarini o‘zgartirishni talab qilayotgan o‘quvchilar va ota-onalar yagona yetakchilari, hokimiyatga nisbatan umumiy siyosiy talablari va tashkiliy tuzilmasi bo‘lgan siyosiy harakatni shakllantirgani yo‘q.

Bundan tashqari, Ozarbayjon jamiyatida dunyoviy davlat modelini himoya qiladiganlar ham bor.

Jamiyatning bir qismi diniy ta’sir, ayniqsa, Eron bilan bog‘liq diniy-siyosiy ta’sir kuchayishidan xavotirda.

Bu esa hukumatga noroziliklarni kengroq siyosiy tahdid sifatida ko‘rsatish uchun muayyan imkoniyat beradi.

Noroziliklar Aliev hokimiyatiga amalda qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Getty Images
Hozircha bu noroziliklar Ilhom Aliyev hokimiyatiga bevosita tahdid tug‘diryapti, deb aytish qiyin. Biroq...
Ko'nul Xalilova
BBC Ozarbayjon (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Asosiy masala noroziliklar darhol hokimiyat almashinuviga olib keladimi-yo‘qmi, degan savol emas. Ularning yaqin istiqboldagi ta’siri hukumatning mamlakatda barqarorlik va nazoratni ta’minlayotgani haqidagi tasavvurga bosim o‘tkazishida ko‘rinadi. Bir nechta shaharda namoyishlar o‘tkazilishi va noroziliklarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishi hokimiyat uchun boshqarish qiyin bo‘lgan yangi vaziyatni yuzaga keltirdi.

Diniy norozilikning uzoq muddatli oqibatlari ham bo‘lishi mumkin. E’tiqodi sababli maktabdan chetlatilgan, deb hisoblayotgan qizlar va ularning oilalari davlatga nisbatan munosabatini o‘zgartirishi, ayniqsa diniy jamoalarda begonasirash hissini kuchaytirishi ehtimoldan xoli emas.

Hokimiyat qanday yo‘l tutishi hozircha noaniq. Ehtimoliy variantlar orasida qoidalarni qo‘llash tartibini o‘zgartirish ham, namoyishchilarga nisbatan yanada qat’iy choralar ko‘rish ham bor. Har ikki holatda ham mojaroning diniy jamoalarda keltirib chiqargan noroziligi qancha davom etishi ochiq qolmoqda.

Noroziliklarni tashkil etishda ishtirok etgan deb hisoblanayotgan shaxslarga bosimni kuchaytirish ko‘cha namoyishlarining susayishiga olib kelishi mumkin. Biroq bu hijob masalasi atrofida paydo bo‘lgan norozilikning o‘zi bartaraf etildi, degani emas.

Hokimiyat uchun jiddiyroq siyosiy muammo diniy norozilik iqtisodiy yoki boshqa ijtimoiy noroziliklar bilan qo‘shilib ketgan taqdirda yuzaga kelishi mumkin. Hozircha esa ularning kengroq siyosiy harakatga birlashganini ko‘rsatuvchi aniq belgilar yo‘q.

Xorijda yashayotgan ozarbayjonlik jurnalist Rauf Mirgadirov hokimiyat jamiyat bilan "muloqot rejimiga o‘tishi kerak", deb hisoblaydi. Uning fikricha, inqirozlarni boshqarish uchun jamiyat va hokimiyat o‘rtasida ishlaydigan siyosiy hamda ijtimoiy mexanizmlar bo‘lishi zarur.

Turkiyadan kelayotgan bosim Aliev uchun qanchalik jiddiy?

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an
Surat tagso‘zi, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an

Noroziliklarning Turkiyada ham aks-sado berishi Boku uchun qo‘shimcha muammo tug‘dirdi. Biroq hozirgacha asosiy bosim Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on hukumatidan emas, balki Turkiya jamiyatining ayrim qatlamlari, islomchi tashkilotlar, hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy axborot vositalari va Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKP) saylovchilari tomonidan kelmoqda.

3 oktyabr kuni islomchi Özgür-Der tashkiloti tashabbusi bilan Ozarbayjonning Istanbuldagi konsulxonasi oldida norozilik namoyishi o‘tkazildi. Tashkilot yangi qoidalarni bekor qilishni va Turkiyaning Ozarbayjonga diplomatik bosim o‘tkazishini talab qildi. Turkiyadagi ayrim diniy arboblar va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi ommaviy axborot vositalari ham Bokuning pozitsiyasini tanqid qildi.

Prezident Erdo‘g‘onning bosh maslahatchisi Oktay Saral hijobli o‘quvchilarning maktabga kiritilmasligini "qabul qilib bo‘lmaydigan holat" deb atadi va Ozarbayjon "bu xatoni tez orada tuzatishini" kutayotganini bildirdi.

Ozarbayjon–Turkiya parlamentlararo aloqalari bo‘yicha ishchi guruh esa Turkiyaning ayrim ommaviy axborot vositalari va siyosiy doiralarida Ozarbayjon haqida bildirilgan tanqidlardan "jiddiy xavotir va afsus" izhor qildi. Guruh Oktay Saral va AKPning ayrim deputatlari bayonotlarini "asossiz ayblovlar" deb atab, Turkiyadan Ozarbayjonning ichki ishlariga aralashmaslikni va uning dunyoviy davlat tuzumiga hurmat ko‘rsatishni so‘radi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Erdo‘g‘onning shaxsiy pozitsiyasi esa bilvosita ifodalandi. Sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida u maktablarda hijobga qo‘yilgan cheklovlarni "ayollarning eng asosiy huquqlariga hujum" deb atadi va buni "islomofobiya" bilan bog‘ladi. U Ozarbayjon nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, nutq kiyinish qoidalari o‘zgartirilganidan bir kun o‘tib yangragani ayrim sharhlovchilarning uni Bokuga ishora sifatida baholashiga sabab bo‘ldi.

Shunga qaramay, Anqara mojaroni kuchaytirishdan tiyildi. Alievning matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Erdo‘g‘on 27 sentyabr kuni Aliev bilan telefon orqali gaplashgan. Biroq Ozarbayjon prezidenti saytidagi rasmiy xabarda maktablardagi kiyinish qoidalari masalasi tilga olinmagan. AKP vakili O‘mar Chelik ham Turkiyada Ozarbayjonga qarshi namoyish o‘tkazayotgan guruhlar partiyaga ham, hukumatga ham aloqador emasligini aytdi.

Aliev esa Turkiyani nomma-nom tilga olmasdan, "bizning turmush tarzimizga aralashmang", degan mazmundagi bayonot berdi. Turkiyani kamdan kam ochiq tanqid qiladigan Ozarbayjon rahbarining bunday pozitsiyasi bu masala Boku uchun nozik ekanini ko‘rsatadi.

Turkiya omili Aliev uchun bevosita siyosiy tahdiddan ko‘ra qo‘shimcha bosim manbai hisoblanadi. Turkiyadan ham tanqidlar yangrashi Bokuning diniy norozilikni asosan tashqi, xususan, Eron ta’siri bilan bog‘lashga qaratilgan an’anaviy dalillarini murakkablashtiradi. Shu bilan birga, Turkiyadagi muhokamalar ozarbayjonlik namoyishchilarga hokimiyat nazoratidan tashqaridagi turkiy tilli axborot va ijtimoiy tarmoqlar makonidan foydalanish imkonini beradi.

Ko‘p yillar davomida an’anaviy siyosiy muxolifat namoyishlarini nazorat qilishga o‘rgangan hokimiyat endi din, maktab va oilalarning kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq norozilikka duch kelmoqda. Buning ustiga, tanqidlar Ozarbayjonning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Turkiyadagi ayrim doiralardan ham kelmoqda.

Hozircha bu noroziliklar Ilhom Aliev hokimiyatiga bevosita tahdid tug‘diryapti, deb aytish qiyin. Biroq hukumatning keyingi qadamlari hijob masalasi bilan boshlangan norozilik aynan shu doirada qolish-qolmasligini belgilab berishi mumkin.