Putin: Rossiya Kaliningradni himoya qilish uchun qo‘lidagi barcha qurollarni ishga solishga tayyor

Valday tashqi siyosat forumida auditoriya oldida so‘zlayotgan Vladimir Putinning yaqindan olingan surati. Uning sochlari kalta va oqargan, egnida qora kostyum, oq ko‘ylak va qizil galstuk.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Vladimir Putin Kaliningradga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilinsa, Rossiya uni himoya qilish uchun o‘z ixtiyoridagi barcha qurollarni ishga solishga tayyorligini aytdi.

Putin Moskva hech kimga tahdid qilmayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bayonot G‘arbda Rossiya 2029 yoki 2030 yilda urush boshlashi mumkinligi haqida yangrayotgan ogohlantirishlarga javobdir.

Shu hafta davomida Rossiya NATOni Litva va Polsha bilan chegaradosh Kaliningrad hududini qamal qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda aybladi. Moskva, agar G‘arb Kaliningradni Rossiyaning qolgan hududidan uzib qo‘yishga urinsa, hatto yadro qurolini qo‘llashga ham tayyor bo‘lishini bildirdi.

NATO esa vaziyatni yumshatishga harakat qilib, alyans mudofaa maqsadida tuzilganini ta’kidladi va Moskvani "yadroviy tahdidlar"ni to‘xtatishga chaqirdi.

So‘nggi oylarda G‘arb ittifoqchilari, ayniqsa Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlarida Rossiyaga bog‘lanayotgan "gibrid urush" hodisalari keskin ko‘payganini bildirmoqda.

O‘tgan haftaning o‘zida Polsha Rossiya vertolyoti Kaliningrad bilan chegaradosh hududda mamlakat havo hududiga kirib kelganini ma’lum qildi. Litva esa qisman mamlakat havo hududiga dronlar kirib kelayotgani sabab aholisi Rossiya tomonidan o‘zini "doimiy tahdid ostida" his qilayotganini aytdi.

Germaniya kantsleri Fridrix Merts payshanba kuni mamlakati bundan keyingi, jumladan "jiddiy" gibrid hujumlarga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi. Avgust oyida Leyptsig aeroporti uchish-qo‘nish yo‘lagida, Ukraina yuk samolyotlari yaqinida portlovchi modda bilan qurollangan dron topilgandi.

Reuters
Agar Rossiyaga, jumladan Kaliningradga hujum qilinsa, mamlakatimiz ixtiyoridagi barcha qurollarni qo‘llash masalasi darhol kun tartibiga chiqadi.
Vlodimir Putin
BBC.COM/UZBEKda batafsil

Putin Valday tashqi siyosat forumidagi keng qamrovli nutqida xalqaro mojarolar davom etishi ehtimoli yuqoriligini, ammo "G‘arb gegemonligi" zaiflashgani sari vaziyat yaxshilanishini aytdi.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Rossiya rahbari 2022 yil fevralida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushni boshlagan bo‘lsa-da, u yana G‘arbni bosqinga turtki berganlikda aybladi. Putinning aytishicha, Moskva o‘zini himoya qilish va qurol ko‘tarishga majbur bo‘lgan.

U Rossiyaning Ukrainadagi iqtisodiy ob’ektlarga hujumlari Ukraina tomonidan Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlari va Qora dengizdagi kemalarga uyushtirilgan zarbalarga bevosita javob ekanini ham ta’kidladi.

"Hozir esa har tomondan "keling, to‘xtaylik" degan chaqiriqlarni eshityapmiz. Ammo buni ular boshladi", dedi Putin.

Putin Ukrainaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlari "ma’lum natija bergani"ni tan oldi va Rossiya yalpi ichki mahsulotining qariyb bir foizini yo‘qotganini aytdi.

Ukraina esa Rossiyaning neft infratuzilmasiga zarbalarini Kreml bu sohadan tushadigan daromadni urushni moliyalashtirishga sarflayotgani bilan izohlaydi.

2022 yilda Ukrainadagi urush boshlanganidan beri Rossiya har qishda mamlakat energetika infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirib kelmoqda. Boshqa fuqarolik infratuzilmasi ham muntazam ravishda zarbalarga uchraydi. Payshanba kuni Kievdagi muhim ko‘priklardan biriga dronlar bilan hujum qilindi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Putin, shuningdek, G‘arbni boshqa mojarolarni qo‘zg‘atishda aybladi.

"Agar Rossiyaga, jumladan Kaliningrad yoki boshqa hududlarga bevosita hujum qilinsa, biz mamlakat ixtiyoridagi barcha qurollarni ishga solish masalasini darhol ko‘rib chiqamiz", dedi Putin.

Putin NATOning Boltiq dengizida o‘tkazayotgan harbiy-dengiz mashqlarini Kaliningrad uchun jiddiy tahdid deb atadi.

Uning aytishicha, agar G‘arb Kaliningradni qamal qilishga urinsa, Rossiya barcha imkoniyatlarini, jumladan yadro qurolini ham ishga solishga tayyor.

"Biz hech kimga tahdid qilmayapmiz. 2029 yilda ham, 2030 yilda ham, 2050 yilda ham hech kimga hujum qilish niyatimiz yo‘q. Ammo bizga tajovuz qilinsa, javob qaytarishga majbur bo‘lamiz. Yevropa mamlakatlari fuqarolari buni yaxshi tushunib olishlari kerak", dedi Putin.

U Buyuk Britaniya va Frantsiyaning yadroviy imkoniyatlaridan xabardor ekanini ham aytdi. Biroq Putinning da’vo qilishicha, Rossiya ixtiyoridagi ayrim qurollarning dunyoda tengi yo‘q.

G‘arb rasmiylarini esa boshqa ehtimol ko‘proq xavotirga solib keladi. Ular Rossiya Kaliningradga hujum qilishidan emas, balki Kaliningrad bilan Rossiyaning ittifoqchisi Belarus o‘rtasida joylashgan Suvalki yo‘lagi orqali Litva hududini egallashga urinishidan xavotirda.

Suvalki yo‘lagi Polsha va Litva chegarasi bo‘ylab joylashgan tor hudud bo‘lib, Kaliningradni Belarusьdan ajratib turadi.

Litva bosh vaziri o‘tgan hafta BBCga Rossiya hujum qilishi ehtimoli hisobga olinib, mamlakatda aholini evakuatsiya qilish rejalari ishlab chiqilganini aytdi. Litvada NATOning minglab harbiylari ham joylashtirilgan.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa chorshanba kuni alyansning mashg‘ulotlari yoki boshqa faoliyati Rossiyaga hech qanday tahdid solmasligini ta’kidladi. U Kremlning bu boradagi bayonotlarini "mutlaqo o‘rinsiz va foydasiz" deb atadi.

Putin nutqida yadro qurolidan foydalanish xavfi haqida ham gapirdi.

Uning aytishicha, dunyoning yetakchi davlatlari butun insoniyatni yo‘q qilib yuborish yoki Yer yuzini halokatli oqibatlarga olib kelish qudratiga ega qurollarga ega. Putin bunday qurollar hech qachon ishlatilmaydi, deb kafolat berishning iloji yo‘qligini aytdi.

U bu xavfni teatr sahnasida osig‘liq turgan miltiqqa qiyosladi: agar spektakl boshida sahnada miltiq turgan bo‘lsa, oxiriga borib u otilishi mumkin.

Putin, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar urushning tabiatini o‘zgartirayotgani haqida gapirib, sun’iy intellekt bilan bog‘liq xavflardan ogohlantirdi.

"Urushning avtomatlashtirilishi va raqamlashtirilishi uni o‘yinga aylantirib qo‘ymoqda. Bu esa insoniyatning tanazzulga yuz tutishi va vahshiylikka qaytishiga olib keladi", dedi Putin.