Nega olimlar yarim sichqon, yarim inson miyasini yaratishdi?

Laboratoriyada oq rangli sichqoncha qo‘liga ko‘k himoya qo‘lqopi kiygan inson qo‘lida o‘tiribdi.
Surat tagso‘zi, Tadqiqot laboratoriya hayvonlarining fikrlashi va his qilish tarzini o‘zgartirish nimani anglatishi haqidagi savollarni o‘rtaga tashladi.
    • Author, Viktoriya Gill
    • Role, Ilm-fan bo‘yicha muxbiri
    • Author, Keyt Stivens
    • Role, Ilm-fan bo‘yicha katta jurnalist
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

AQShdagi neyrobiologlar sichqonlar miyasi ichida insonning faol hujayralari ishlashiga muvaffaq bo‘lishdi.

Tadqiqotchilar endi faqat insonlarda uchraydigan ruhiy va neyrorivojlanish kasalliklariga qarshi ehtimoliy davolash usullarini laboratoriya sichqonlarida sinab ko‘rish mumkin, deb umid qilmoqda.

Miyasining bir qismi insonniki bo‘lgan sichqonlar Kafka asarlaridagi tajribani eslatishi mumkin. Ammo olimlarning ta’kidlashicha, bular "insonlardek o‘ylaydigan sichqonlar" emas.

Hayvonlar genetik jihatdan o‘zgartirilgan va jarrohlik amaliyoti orqali ularning miya to‘qimalarining bir qismi insonniki bo‘lishi ta’minlangan.

Olimlar "Nature" jurnalida chop etilgan tadqiqot mustaqil axloqiy ekspertizadan o‘tkazilganini bildirishdi.

Rasmda inson miya hujayralari implantatsiya qilingan sichqon miyasining skaner tasviri ko‘rsatilgan. Turli rangdagi chiziqlarning tartibsiz xaritasiga o‘xshagan tasvir asab tolalarining yo‘llarini ko‘rsatadi.
Surat tagso‘zi, Implantatsiya qilingan sichqonlarning miyasi skaner qilinganda, tadqiqotchilar inson miya hujayralari va sichqon miyasining qolgan qismi o‘rtasidagi bog‘lanishlarni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu axloqiy jihatdan murakkab tadqiqotning maqsadi hozircha samarali davolash usullari mavjud bo‘lmagan miya kasalliklari biologiyasini yaxshiroq tushunishdan iborat edi.

Ayrim kasalliklarni sichqonlarda o‘rganib bo‘lmaydi, chunki kemiruvchilarda odamlarda uchraydigan ba’zi miya kasalliklari rivojlanmaydi.

Tadqiqot rahbari, Stenford universiteti professori Sergiu Pashka matbuot anjumanida psixiatriya sohasida "klinik sinovlarning muvaffaqiyat darajasi eng past sohalardan biri" ekanini aytdi.

"Hatto klinik sinovlarga yetib borgan, hayvonlardagi tajribalarda juda yaxshi ishlayotgandek ko‘ringan dorilar ham klinik sinovlarda keskin muvaffaqiyatsizlikka uchraydi", dedi u. "Bu inson biologiyasi haqida juda ko‘p ma’lumotlarni yetishmayotganini ko‘rsatadi. Bu ma’lumotlarni olish juda muhim".

Stenford tadqiqotchilari aytishicha, ayrim murakkab kasalliklar, jumladan, epilepsiya, autizm va serebral falajni o‘rganishda bu usul "tubdan o‘zgartiruvchi" ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

"Bizda inson miyasi faoliyatining ilgari imkon bo‘lmagan ayrim jihatlarini o‘rganish imkonini beradigan yangi model paydo bo‘ldi", dedi Pashka.

Qisqa yengli ko‘k kiyimdagi hamshira kompyuterda miya skanerini ko‘rib turibdi. Orqa fonda shisha oyna ortida MRT skanerining silueti ko‘rinadi.
Surat tagso‘zi, Bu usul insonlarda uchraydigan ayrim miya kasalliklarining biologiyasini o‘rganishning yangi imkonini berishiga umid qilishmoqda.

"Kulrang modda"siz sichqonlar

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Inson miyasi milliardlab hujayralardan tashkil topgan bo‘lib, ular millionlab neyron zanjirlari orqali o‘zaro bog‘langan. Shu sababli miyaning qanday rivojlanishini va biror narsa noto‘g‘ri ketganda hujayralar darajasida aslida nima sodir bo‘layotganini tushunish qiyin.

Inson neyronlarini laboratoriya kemiruvchilariga implantatsiya qilish birinchi marta amalga oshirilayotgani yo‘q. Ammo bu olimlar ushbu usulni yangi bosqichga olib chiqishdi.

Avvalo, olimlar sichqonlarning o‘z bosh miya po‘stlog‘i deyarli rivojlanmaydigan qilib genetik jihatdan o‘zgartirishdi. Bosh miya po‘stlog‘i – miyaning tashqi qatlami bo‘lib, ba’zan "kulrang modda" deb ataladi. U yuqori darajadagi tafakkur, xotira va sezgi jarayonlarini boshqaradi.

Shundan so‘ng tadqiqotchilar insonlardan olingan teri hujayralarini qayta dasturlashdi. Natijada ular miya to‘qimasiga o‘xshash tuzilmalarga aylandi.

Bu tuzilmalar organoidlar deb ataladi. Ular laboratoriya idishlarida o‘stirilgan butun miya emas, balki o‘zaro bog‘langan tirik hujayralar to‘plamidir.

Organoidlar sichqon miyasiga implantatsiya qilinganida, ulardagi hujayralar bo‘linib, sichqonning mavjud miya neyron zanjirlariga moslashdi. Ular sichqon miyasining qolgan qismi va orqa miyasi bilan bog‘landi.

Implantatsiya qilingan sichqonlarning miya po‘stlog‘i mukammal emas edi – odatda miya po‘stlog‘i tartibli va tuzilgan qatlamlardan iborat bo‘ladi. Neyrobiolog doktor Ilari Allodi ta’kidlaganidek, inson va sichqon hujayralari birlashgan miyalarning skan tasvirlari "biroz tartibsiz" ko‘rinadi.

Biroq bir necha oydan so‘ng inson hujayralari sichqon miyasining tashqi qatlamiga o‘xshash tarzda shakllana boshladi va shu kabi ishlay boshladi.

Jarrohlik amaliyotidan taxminan olti oy o‘tib, olimlar sichqonlarni oddiy xulq-atvor sinovlaridan o‘tkazishdi – ularni kichik stol ustidagi maydonda harakatlanishini kuzatishdi.

Pashkaning aytishicha, ular "asosan oddiy sichqonlar kabi harakat qilishgan".

"Ularda hech qanday qo‘shimcha qobiliyat paydo bo‘lmagan", deya qo‘shimcha qildi u.

Tadqiqotda ishtirok etmagan Edinburg universiteti bioetika bo‘yicha mutaxassisi doktor Sara Chan BBC News'ga bu tajriba natijasida "insonlar kabi o‘ylay oladigan sichqonlar yoki sichqon tanasidagi inson miyasi yaratilganiga hech qanday ishora yo‘q"ligini aytdi.

Biroq, uning ta’kidlashicha, tadqiqot "hayvonlarning kognitiv qobiliyatlarini o‘zgartira boshlaganimizda bu nimani anglatishi mumkinligi haqida o‘ylashga undaydi".

"Bunday sichqonlardan biri bo‘lish qanday ekanini qayerdan bila olamiz? Va laboratoriya hayvonlariga qanday munosabatda bo‘lishimizda buni qanday hisobga olamiz?" deya qo‘shimcha qildi u.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

"Sichqon muhitidagi inson dasturi"

Tadqiqotda ishtirok etmagan Sent-Endryus universiteti neyrobiologi doktor Ilari Allodi olimlar amalga oshirgan ishni "juda ta’sirli" deb atadi.

Allodi, ayniqsa, faqat insonlar va boshqa primatlar miyasida uchraydigan, ammo sichqon miyasida mavjud bo‘lmagan hujayra turlari implantatsiya qilingan sichqonlarda o‘z-o‘zidan shakllanganiga e’tibor qaratdi.

"Siz insonga xos dasturni sichqon muhitida saqlab qolyapsiz – go‘yo sichqon inkubatordek", dedi u BBC News'ga.

Tadqiqotchilarning aytishicha, qat’iy axloqiy va hayvonlar farovonligi talablari asosida genetik o‘zgartirilib, parvarishlanayotgan bu sichqonlar, ehtimol, bir nechta laboratoriyada ayrim, juda aniq miya kasalliklarini o‘rganish uchun qo‘llanadi.

Sent-Endryus universitetida ishlaydigan neyrobiolog professor Jeyms Eynj ta’kidlashicha, bu ish texnik jihatdan juda ta’sirli bo‘lsa-da, bunday sichqonlarning "qo‘llanish imkoniyatlari cheklangan" bo‘lishi mumkin.

Uning aytishicha, buning sabablaridan biri "tirik inson miya to‘qimasini sichqonda o‘stirish va bu hayvonning boshidan kechiradigan holati uchun nimani anglatishi bilan bog‘liq axloqiy masalalar"dir.

Inson miyasini o‘rganuvchi neyrobiologlar bir xil cheklovlarga duch kelayotganini Allodi ta’kidladi.

"Biz insonlardagi kasalliklarni tushunishga harakat qilamiz. Ammo qo‘limizda sichqonlar, laboratoriya idishida yashaydigan hujayralar va kompyuterdagi neyron tarmoqlar bor.

Shuning uchun bu – yangi yo‘nalish".