Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lida birinchi tunnel qazib bo‘lindi

Surat manbasi, CMG
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini olib borayotgan shirkat xabar tarqatishicha, 27 tunneldan birinchisi qazib o‘tilgan.
2024 yili dekabrida boshlangan qurilish loyihasiga ko‘ra, bu yo‘lda 27 ta tunnel, 43 ta ko‘prik, 88 yer polotnosi uchastkasi, 20 ta temir yo‘l stantsiyasi barpo etilishi kerak.
Uch davlat hukumati vakolat bergan korxonalar tomonidan tashkil etilgan Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li kompaniyasi xabar berishicha, uzunligi 209 metr bo‘lgan Qosh Dobo Shimoliy tunneli Qirg‘iziston hududida to‘liq qazib o‘tilgan birinchi tunnel hisoblanadi.
Shirkat bu tunnelni qazishga 2025 yil iyunida kirishilganini ma’lum qiladi.
Temir yo‘lning umumiy uzunligi 532 kilometrdan oshadi.
Shundan 304 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tadi.
Bu temir yo‘l Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi, "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan muhim loyihadir.
Loyiha yakunlangach, u Xitoy bilan Markaziy Osiyoni bog‘lovchi yangi temir yo‘l yo‘lagini ta’minlaydi.
Yangi yo‘nalish Xitoyning shimoli-g‘arbidagi Shinjon Uyg‘uristonidagi Qashg‘ar shahridan boshlanadi.
Qirg‘izistonning Jalolobod shahri orqali O‘zbekistonning Andijon shahrigacha yetib boradi.

Surat manbasi, Erkin Saliev (taqdim)
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishini rasman boshlash tantanali marosmi 2024 yil 27 dekabr kuni Qirg‘izistonning Jalolobod (hozirgi Manas) shahrida bo‘lib o‘tgan.
2025 yil 30 iyunda birinchi tunnel singari butun Qirg‘iziston hududida temir yo‘l yo‘nalishi bo‘ylab qurilish ishlari boshlangan.
Loyihani 2030 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Temir yo‘l Qashg‘ar–To‘rug‘art–Makmal–Manas–Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.
U Markaziy Osiyoni Xitoy bilan bog‘laydigan eng qisqa quruqlik yo‘li bo‘lishi kutilmoqda.
Bu temir yo‘l orqali yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish mo‘ljallanmoqda.
Ham yuk, ham yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan yo‘lning 312 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tadi, O‘zbekistondagi qismi esa taxminan 70 kilometrni tashkil etishi aytiladi.
Ushbu loyiha umumiy qiymati 4,7 milliard dollarni tashkil etishi xabar qilingan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy taxminan 2,3 milliard dollar mablag‘ni uch davlat tomonidan tashkil etilgan Qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida ajratadi.
"Ushbu kreditni Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlatlari tomonidan tashkil etilgan Qo‘shma loyiha kompaniyasi to‘laydi. Qolgan 2,3 milliard dollarni esa uch davlat birgalikda qoplaydi. Mablag‘ning 51 foizini Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa har biri 24,5 foizdan ajratadi" - deyiladi Qirg‘iziston hukumatining 2025 yil 16 dekabrdagi bayonotida.

"Tolibon Trans-Afg‘on temir yo‘li qurilishini boshlashga tayyor"
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini "muhim infratuzilma loyihasi" deb atagan va bu yo‘l mintaqadagi iqtisodiy hamda transport rishtalarini kuchaytirishini ta’kidlagan.
U kelajakda ushbu loyiha Trans-Afg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishini aytgan.
Kuni-kecha Afg‘onistondagi Tolibon hukumati Jamoat ishlari vazirligi Trans-Afg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Vazirlik matbuot kotibi Muhammad Ashraf Haqshinosga ko‘ra, mazkur loyiha Afg‘onistondagi Tolibon ma’muriyatining iqtisodiy rivojlanish rejasining bir qismi bo‘lib, Jamoat ishlari vazirligi uchun ustuvor ahamiyatga ega.
"Bu loyiha Afg‘oniston Islom Amirligi (Tolibon ma’muriyati)ning iqtisodiy rivojlanish rejasiga kiritilgan va Jamoat ishlari vazirligi uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Xudoga shukr, loyihani Afg‘onistonda amalga oshirish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda", degan Haqshinos.
"Afg‘oniston loyihani amaliy jihatdan boshlashga to‘liq tayyor. Afg‘oniston Islom Amirligining Jamoat ishlari vazirligi loyihada ishtirok etayotgan davlatlarning uni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi."
Bu bayonot Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifning Shanxay Hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv chog‘ida temir yo‘l loyihasi ijrosini jadallashtirishga chaqirganidan keyin yangradi.
Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifga ko‘ra, mazkur loyiha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytiradi hamda O‘zbekistonga Pokistonning dengiz portlariga chiqish imkonini beradi.
Sharif Trans-Afg‘on temir yo‘l loyihasini Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tranzit aloqalarini mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega deb atagan.
Afg‘oniston, O‘zbekiston va Pokiston o‘tgan yil taklif etilayotgan temir yo‘l loyihasi bo‘yicha qo‘shma o‘rganish ishlarini o‘tkazishga kelishib olganlar, biroq qurilish ishlari hali boshlanmagan.
So‘nggi oylarda Afg‘oniston bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashgan.
Temir yo‘l loyihasining taxminiy qiymati dastlabki 4,8 milliard dollardan 7 milliard dollargacha oshgan.































