BBC va Tramp sudlashuvida yangi burilish: da’vo bekor bo‘lishi mumkin

Surat manbasi, Kent NISHIMURA / AFP via Getty Images
AQSh sudyasi Donald Trampni BBC'ga qarshi tuhmat haqidagi da’vosi doirasida 11 dekabrga qadar qasamyod ostida savollarga javob berishga majbur qildi.
AQSh prezidenti BBC'ni 2021 yildagi Kapitoliy binosidagi tartibsizliklar oldidan qilgan nutqining ikki xil qismini montaj qilib birlashtirgani uchun sudga bergan.
Tramp avvalroq 16 oktyabrga belgilangan depozitsiyani, ya’ni qasamyod ostidagi so‘rov jarayonini, "milliy ahamiyatga ega masalalar"ni ro‘kach qilib bekor qilgan edi.
Biroq, BBC manfaatlarini himoya qilayotgan advokat sudda Tramp o‘sha kuni Jorjiyada saylovoldi tashviqoti bilan shug‘ullanganini va "aynan shuni ustun qo‘yganini" aytdi.
Da’vo qay bosqichda?
Trampning BBC'ga qarshi da’vosi hozir "diskaveri" deb ataladigan bosqichda. Bu jarayonda har ikki tomon ish bo‘yicha dalil sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan ichki hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim etadi.
BBC advokati Charlz Tobin payshanba kuni Mayamida bo‘lib o‘tgan sud majlisida diskaveri muddati tugashiga ikki oy qolganiga qaramay, Tramp hali ham depozitsiyadan o‘tmaganini ma’lum qildi.
AQSh magistrat sudyasi Enjolike Lett Tramp 11 dekabrga qadar depozitsiyada qatnashishi shartligini bildirdi. Agar u bundan bosh tortsa va diskaveri muddati uzaytirilmasa, unga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishi mumkin. Eng og‘ir chora sifatida da’voning o‘zi bekor qilinishi ehtimoli ham bor.
End of Aloqador mavzular:
Depozitsiya nima?
AQSh qonunchiligiga ko‘ra, depozitsiya suddan tashqarida, qasamyod ostida berilgan rasmiy ko‘rsatma hisoblanadi.
Bu jarayonda berilgan javoblar maxsus stenograf tomonidan so‘zma-so‘z qayd etiladi va keyinchalik sudda dalil sifatida ishlatilishi mumkin.
Odatda depozitsiyalar sudya ishtirokisiz, advokatlar ofisida o‘tkaziladi. Tuhmat bo‘yicha ishlarida ikki tomonning advokatlari ham qatnashadi.
BBC advokatlarining e’tirozi
O‘tgan hafta BBC advokatlari suddan Trampni depozitsiyada qatnashishga majburlashni so‘ragan edi. Chunki avval belgilangan uchrashuv amalga oshmay qolgan.
O‘sha kuni Tramp Jorjiya shtatidagi Dalton shahrida o‘rta muddatli saylovlarga bag‘ishlangan mitingda qatnashgan hamda Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida mablag‘ yig‘ish tadbiri o‘tkazgan.
Shu bilan birga, chorshanba kuni sudga kiritilgan alohida hujjatda Trampning advokatlari prezident kelasi yilning 11 va 22 yanvar kunlari oralig‘ida intervyu berishga tayyorligini bildirgan.
Ular BBC'ning "Prezident Tramp bu jarayondan qochmoqda" degan iddaosini ham rad etdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
BBC bilan mojaro nimadan chiqqan?
Floridada taqdim etilgan da’voda Tramp BBC'ni 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliy binosi oldida so‘zlagan nutqini "ataylab, yovuz niyat bilan va aldamchi tarzda tahrir qilganlik"da ayblaydi.
BBC esa mazkur xatolik uchun uzr so‘ragan va efir "Tramp zo‘ravonlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqiriq qilgan degan noto‘g‘ri taassurot uyg‘otganini" tan olgan.
Shundan keyin BBC suddan da’voni rad etishni so‘radi. Kompaniya fikricha, dastur tuhmat uchun zarur bo‘lgan huquqiy mezonlarga javob bermaydi hamda AQSh hududida namoyish etilmagan.
BBC'ning yana bir muhim dalili
Iyul oyida Trampning advokatlari hujjatlarda avval bildirilgan da’volarni tasdiqlovchi dalillarga ega emasliklarini tan olgan.
Xususan, ular hujjatli film BBC'ning BritBox obuna xizmati orqali, BBC Select platformasida, BBC veb-saytida yoki AQSh telekompaniyalari orqali namoyish etilganini isbotlay olmagan.
Natijada Tramp BBC Studios'ga qarshi da’vosidan voz kechishga rozi bo‘ldi.
BBC Studios esa hujjatli filmni yaratish yoki ishlab chiqarishda "hech qanday roli bo‘lmagani"ni bildirib kelgan.





























