«Ko‘ramiz, Putin nima derkin». Uitkoff Zelenskiy bilan Oslodagi uchrashuv ortidan Rossiyaga nima olib keldi?

Har doimgidek, Stiv Uitkoffni aeroportda Kirill Dmitriev kutib oldi.
Surat tagso‘zi, Har doimgidek, Stiv Uitkoffni aeroportda Putinning maxsus vakili Kirill Dmitriev kutib oldi.
Published
O'qilish vaqti: 5 daq

Chorshanba kuni AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha Rossiyada muzokaralar o‘tkazishi kerak. Uning tashrifi Vladimir Zelenskiy bilan Osloda bo‘lib o‘tgan uchrashuvning ertasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Ukraina prezidenti bu uchrashuvga yangi takliflar bilan kelgan va Uitkoff ularni Rossiya rasmiylariga yetkazishi rejalangan.

Chorshanba kuni ertalab Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriev Uitkoffni Sankt-Peterburgdagi Pulkovo aeroportida kutib oldi. TASS agentligi xabariga ko‘ra, u yerdan avtomobillar karvoni Konstantinovskiy saroyiga yo‘l olgan.

Rossiya prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qilishicha, Vladimir Putin va Uitkoff o‘rtasidagi uchrashuv kunning birinchi yarmida mazkur saroyda bo‘lib o‘tadi.

Seshanba kuni AQSh prezidentining maxsus vakili Osloda Ukraina prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore va Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb ham ishtirok etdi. Trampning yana bir maxsus vakili va kuyovi Jared Kushner sammitga videaloqa orqali qo‘shildi.

«Tinchlikka qanday erishish bo‘yicha aniq takliflarimiz bor. Biz bu borada yevropalik hamkorlarimiz bilan hamjihatmiz, — dedi Zelenskiy Oslodagi muzokaralardan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida. — Amerikaliklar bu takliflarni rossiyaliklarga yetkazishini istardik».

Stiven Uitkoff, Aleksandr Stubb va Vladimir Zelenskiy Oslodagi uchrashuv chog‘ida.
Surat tagso‘zi, Stiven Uitkoff, Aleksandr Stubb va Vladimir Zelenskiy Oslodagi uchrashuv chog‘ida.

Zelenskiy Osloda Kiev hamon Ukraina, AQSh va Rossiya prezidentlari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishga intilayotganini ham aytdi. Uning fikricha, bunday uchrashuvda eng murakkab masalalarni, jumladan, hududlar bilan bog‘liq muammolarni muhokama qilish mumkin. Kreml Putin Zelenskiy bilan faqat Moskvada uchrashishi mumkinligini bir necha bor bildirgan. Biroq Ukraina bu taklifni rad etmoqda.

«Muhim takliflardan biri — faqat davlat rahbarlarigina hal qila oladigan masalalarni yechish uchun uch tomonlama sammit o‘tkazishga o‘tish. Stiv ertaga Rossiyaga boradi. Ko‘ramiz, Putin nima derkin», — dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy Osloda aynan qanday yangi tinchlik tashabbuslari muhokama qilinganiga aniqlik kiritmadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Norvegiya bosh vaziri Osloda «Yevropa va AQSh vakillari ish olib borayotgan va davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuvga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan takliflar» muhokama qilinganini tasdiqladi.

Seshanba kuni Tramp ham bunday uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish ehtimoliga munosabat bildirdi. Jurnalistlar undan Zelenskiy va Putin tinchlik kelishuvini shaxsan imzolashi kerakmi, deb so‘rashdi.

«Bilmadim, menimcha, ularning hatto bir xonada bo‘lishi ham shart emas. Buni boshqacha yo‘l bilan ham amalga oshirish mumkin. Ularning bir xonada bo‘lishi qiyin. Men uchun bu qanday amalga oshirilishining ahamiyati yo‘q», — dedi Tramp.

Gap aynan qanday takliflar haqida ketmoqda?

Oslodagi matbuot anjumanida Styore yangi tinchlik takliflarining mazmunini ochiqlamadi, biroq ular qaysi masalalarga taalluqli ekanini aytib o‘tdi:

«Bugun biz Ukraina xavfsizligi, urushdan keyingi iqtisodiy taraqqiyot rejasi, hududlar va sanksiyalar, shuningdek, Yevropa xavfsizligining kengroq tizimi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildik».

Sentyabr boshida Kushner va Uitkoff Moskvaga tashrifidan so‘ng ilk bor Kievga borishgan edi.
Surat tagso‘zi, Sentyabr boshida Kushner va Uitkoff Moskvaga tashrifidan so‘ng ilk bor Kievga borishgan edi.
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Uitkoff matbuot anjumanida ishtirok etmadi. Anjuman qatnashchilari buni jurnalistlar oldiga faqat davlat rahbarlari chiqqanlari bilan izohlashdi.

AQSh ma’muriyatidagi Bi-bi-si manbasining bildirishicha, Vashington Zelenskiyning Uitkoff va Kushner bilan muzokaralarini «samarali va konstruktiv» deb baholagan.

«Ukraina yangi g‘oya va takliflarni ilgari surdi, ular atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar Rossiya bilan muzokaralarda o‘zaro muvofiqlashtirilgan yondashuv bo‘yicha pozitsiyalarni kelishib olish va diplomatik jarayonni olg‘a siljitish borasida sezilarli yutuqqa erishdi», — dedi amerikalik rasmiy Bi-bi-siga.

So‘nggi ikki yil davomida Uitkoff va Kushner Rossiyaga bir necha bor tashrif buyurdi. Ularning oxirgi tashrifi sentyabr boshida bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng AQSh prezidentining har ikki maxsus vakili ilk bor Kievga bordi. Keyinroq Tramp va Putin telefon orqali muloqot qilib, urushni tugatishning ehtimoliy yo‘llarini muhokama qildi.

Biroq shuncha diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, tinchlikka erishish yo‘lida hozircha biror sezilarli natijaga erishilmadi.

Rossiya Ukraina qo‘shinlarini Donbassdan, hatto o‘zi bosib ola olmagan hududlardan ham olib chiqishni talab qilishda davom etmoqda. Ukraina buni mutlaqo nomaqbul deb hisoblaydi va so‘nggi oylarda Rossiya bosib olgan ayrim hududlarni ozod qilishga muvaffaq bo‘lganini bildirmoqda.

Bi-bi-sining Moskvadagi muxbiri Stiv Rozenberg ta’kidlashicha, Putinning so‘nggi chiqishlari va bayonotlaridan Rossiya rahbari murosaga tayyor emasligi va urushni davom ettirishni istayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi.

Rossiya rasmiylari bosqindan ko‘zlangan barcha maqsadlarga erishish niyatida ekanini bir necha bor bildirgan. Moskva bu maqsadlar qatoriga nafaqat hududiy masalalarni, balki Ukraina tomonidan siyosiy yon berishlarni ham kiritgan. Jumladan, rus tilining maqomini o‘zgartirish, NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechish va Moskva patriarxatiga aloqador Ukraina pravoslav cherkovining maqomi bilan bog‘liq talablar ham shular jumlasidandir.

Dizel yoqilg‘isi sabab AQSh va Ukraina munosabatlarining keskin sovuqlashishi

Oslodagi uchrashuv Zelenskiy va Tramp o‘rtasidagi munosabatlar keskin sovuqlashgan bir paytda bo‘lib o‘tdi. Bunga Vashingtonning Rossiya dizel yoqilg‘isini jahon bozoriga yetkazib berish bo‘yicha bitim tuzish qarori, shuningdek, Trampning marhum senator Lindsi Grem nomi bilan atalgan qonunda nazarda tutilgan Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etishdan bosh tortgani sabab bo‘ldi.

Ukraina Rossiyaning neftь infratuzilmasiga zarbalar berishda davom etmoqda. Suratda — Sankt-Peterburgga yaqinda uyushtirilgan hujum oqibatlari. Hujumda neftь bazasi va neftь terminaliga zarba berilgan.
Surat tagso‘zi, Ukraina Rossiyaning neftь infratuzilmasiga zarbalar berishda davom etmoqda. Suratda — Sankt-Peterburgga yaqinda uyushtirilgan hujum oqibatlari. Hujumda neftь bazasi va neftь terminaliga zarba berilgan.

O‘z navbatida, Ukraina AQShning bunday hujumlarni to‘xtatish haqidagi takroriy chaqiriqlariga qaramay, Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar berishda davom etdi.

Vashington bunday hujumlarni vaqtincha to‘xtatish jahon bozorida dizel yoqilg‘isi narxining pasayishiga yordam berishini ta’kidlamoqda. Biroq ekspertlar va Ukraina rasmiylari neft va neft mahsulotlari AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi sabab qimmatlashganini aytmoqda.

Kiev Rossiyaning neft infratuzilmasiga hujumlarni bir necha kunga to‘xtatgan edi. Biroq Moskva Ukraina energetika inshootlarini ataylab nishonga olishda davom etgach, bu hujumlar qayta boshlandi.

So‘nggi ikki hafta ichida Ukraina AQShning harbiy yordami bilan bog‘liq qator muammolar haqida xabar berdi. Jumladan, Rossiyaning raketa zarbalari haqida AQSh tomonidan oldindan ogohlantirish tizimida uzilishlar, Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti faoliyatiga cheklovlar va Patriot havo mudofaasi tizimlari uchun raketalar yetkazib berishda kechikishlar kuzatilgan.

Donald Tramp ham Zelenskiyga nisbatan bir necha bor keskin bayonotlar berdi. Jumladan, u Ukraina prezidentini urushni tugatishni istamayotganlikda aybladi va Ukrainaga muzokara olib bora oladigan boshqa odamni topishni taklif qildi.

Tomonlar Zelenskiyning Osloda Uitkoff va Kushner bilan o‘tkazgan muzokaralarini juda ijobiy baholadi. Biroq Amerikaning Axios nashri manbalarining xabar berishicha, muzokaralar davomida Kushner Ukrainadan Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni to‘xtatishni talab qilishda davom etgan.

Axios maqolasida aytilishicha, Kushner Kiev bunday hujumlarni to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerakligini yana bir bor qat’iy ta’kidlagan. «Jared juda ochiq gapirdi», — deb yozadi nashr. Axios ma’lumotiga ko‘ra, Vashington AQSh bilan dizel yoqilg‘isi bo‘yicha bitim tuzilganidan so‘ng Putin murosaga ko‘proq moyil bo‘lishiga umid qilmoqda.

Oslodagi matbuot anjumanida Zelenskiy Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalar berish masalasiga shunday munosabat bildirdi:

«Biz turli variantlarni taklif qildik. Agar Rossiya bizning energetika sektorimizga zarba berishni to‘xtatsa, biz ham Rossiya energetika sektorining muhim va nozik ob’ektlariga zarba bermaslikka tayyormiz. Putin „yo‘q“ dedi, ammo biz yechim izlashda davom etyapmiz».

Dushanba kuni Ukraina prezidenti, agar AQSh Kievni shu muddat davomida Patriot havo mudofaasi tizimlari uchun yetarli miqdordagi raketalar bilan ta’minlasa, Ukraina Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni 30 kunga to‘xtatishi mumkinligini aytgan edi.