Ilk Afg‘on kartoshkalari O‘zbekistonga olib kelindi - Video

Afg‘onistondan O‘zbekistonga olib kelinayotgan kartoshka ortilgan yuk avtomobillari
Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Afg‘onistonning Bomiyon viloyatida yetishtirilgan ilk kartoshka hosili O‘zbekistonga keltirildi.

200 tonna kartoshka ortilgan ilk sakkiz avtomobil Amudaryo ustidagi Hayraton ko‘prigidan O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatiga o‘tdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar qilishicha, Afg‘onistonda kartoshka yetishtirish, keyin uni O‘zbekistonga olib kirish loyihasi 2026 yil may oyida O‘zbekiston tashabbusi bilan boshlangan.

44 tonna kartoshka urug‘i Bomiyon viloyatining Shahidan va Faladi tumanlarida yashaydigan 40 dan ortiq dehqonning dalalariga ekilgan.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasidan bildirishlaricha, Bomiyonda ekish uchun navining yuqori hosildorligi, yetishtirish, qayta ishlashga qulay bo‘lganii uchun "Fontane" deb nomlangan kartoshka navi tanlangan.

May oyidan buyon o‘zbekistonlik mutaxassislar kartoshka tuganaklarini ekish, ekinlarni parvarishlash va hosilni yig‘ib olish ishlarini tashkil etishda Afg‘on dehqonlariga ko‘maklashganlar.

Ekin maydonlarining holati O‘zbekistondan borgan mutaxassislar tomonidan muntazam nazorat qilib borildi.

Savdo-sanoat palatasiga ko‘ra, har gektardan 40–45 tonna hosil olingan.

Hosil yig‘ib olingach, kartoshka saralangan va qadoqlangan.

Shundan keyin 200 tonna kartoshka O‘zbekistonga jo‘natilgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Afg‘onistonning Balx viloyati Tijorat palatasi raisi Qalandar Rahimiy aytishicha, O‘zbekiston Afg‘oniston zaminida 100 ming tonna kartoshka hosili olish imkonini beradigan dastur yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbek qishloq xo‘jalik mutaxassislariga ko‘ra, Bomiyon viloyatining tabiiy-iqlim sharoitlari kartoshka yetishtirish uchun qulay ekan, hosil sifati yuqori chiqqan.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga ko‘ra, palata raisi Davron Vahobov shu yil may oyida Bomiyon viloyati gubernatori Qori Gul Haydar Shafaq bilan loyihani muhokama qilganlar.

O‘zbekiston afg‘onistonlik fermerlarga kartoshka urug‘larini yetkazib berish evaziga hosilning bir qismini kafolatlangan tarzda xarid qilishni taklif etgan.

O‘shanda kartoshka yetishtirishning yillik hajmi kamida 50 ming tonnani tashkil etishi kutilgan edi.

Eng yuqori ko‘rsatkich esa 300 ming tonnaga yetishi mumkinligi qayd etilgan.

Kartoshka yetishtirish loyihasidan tashqari, tomonlar birgalikda meva yetishtirish, o‘g‘itlarni saqlash majmuasini qurish va afg‘onistonlik fermerlarning malakasini oshirish masalalarini ham muhokama qilganlar.

Iqtibos

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘iziston bilan birgalikda kartoshka yetishtirish, urug‘lik sifatini yaxshilash va zamonaviy dehqonchilik texnologiyalarini joriy etish masalalarini ham muhokama qilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda kartoshka iste’moli yiliga taxminan 4-4,5 million tonnani tashkil etadi.

Mamlakatning o‘zida kartoshka yetishtirish o‘sib borayotgani xabar qiilinadi.

2024 yilda kartoshka yetishtirish hajmi 4,15 mln tonna atrofida bo‘lgan.

Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy mahsulot mamlakat ehtiyojining 80 foizdan ortig‘ini qoplab kelmoqda.

Shu bois, O‘zbekiston har yili bir necha yuz ming tonna kartoshka import qilishga majbur bo‘ladi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston Qozog‘iston, Pokiston, Qirg‘iziston va Afg‘onistondan kartoshka import qilayapti.

Hukumat 2027 yilgacha kartoshka bo‘yicha to‘liq o‘zini o‘zi ta’minlash maqsadini qo‘ygan va buning uchun yuqori hosilli navlar hamda urug‘chilik dasturlarini kengaytirmoqda.