Ukraina urushi muzokaralarida Markaziy Osiyo nega tilga olindi? Video

Surat manbasi, Getty Images/sb2010
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Rossiyaning Ukraina urushi bo‘yicha muzokaralardagi bir talabi Markaziy Osiyoda bahslarga sabab bo‘ldi. Moskva NATOning mintaqadagi harbiy faoliyatini cheklashni taklif qilgani xabar qilinmoqda.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
10-11 noyabr kunlari Abu-Dabida Ukraina, Rossiya va AQSh vakillari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tgan. Uchrashuv Vashington vositachiligida tashkil etilgan.
The New York Times va boshqa xalqaro nashrlar yozishicha, jurnalistlar tanishgan hujjatda Moskva NATOning Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Sharqiy Yevropadagi harbiy faoliyatini cheklash masalasini ko‘targan.
Nashrlarga ko‘ra, Rossiya NATOning 1997 yildan keyingi harbiy joylashuvini qayta ko‘rib chiqish, alyansning kengayishini to‘xtatish hamda Ukrainaga G‘arb davlatlari tomonidan qurol yetkazib berishni cheklashni ham taklif qilgan.
Biroq Ukraina, NATO va AQSh tomonidan mazkur masala yuzasidan alohida rasmiy munosabat bildirilgani haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q. Muzokaralardan keyin tomonlar asosan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari va Yevropa xavfsizlik tizimi masalalari muhokama qilinganini bildirgan.
Markaziy Osiyoning besh davlati - O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston NATOga a’zo emas. Ammo ular alyans bilan harbiy ta’lim, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi turli dasturlar orqali hamkorlik qilib keladi.
Fergana Agency rahbari Daniil Kislov esa Rossiyaning ehtimoliy talabi mintaqa davlatlarining mustaqil qaror qabul qilish huquqi haqida savollarni o‘rtaga qo‘yayotganini aytadi:
"Ya’ni, Rossiya Ukraina bilan urushyapti, ammo bu urushni to‘xtatish O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham evaziga o‘z mustaqilligini cheklashga majbur bo‘lishi kerakmi? Qizig‘i, bu davlatlarning o‘zidan bu haqda so‘rashdimi? Yoki mustaqil davlatlarning harbiy hamkorlarini o‘zlari tanlash huquqi faqat Moskvaga ma’qul kelgandagina tan olinadimi?"
BBC Uzbek bilan suhbatda siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnov esa Rossiya tomonidan ilgari surilgani aytilgan bunday shartlar Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatiga katta ta’sir ko‘rsatishiga ishonmasligini bildirdi.
"Bu Markaziy Osiyoga jiddiy ta’sir qilmaydi. Mintaqa davlatlari o‘zlarining ko‘p vektorli siyosatini, xususan, G‘arb davlatlari bilan harbiy hamkorligini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi, deb o‘ylamayman".
Uning fikricha, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston G‘arb bilan hamkorlikni saqlab qolishga, shuningdek Xitoy va Turkiya bilan mudofaa sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga intiladi.
Qiziği, mintaqa davlatlaridan bu haqda söraşdimi? Yoki mustaqil mamlakatlarning harbiy hamkorlarini özlari tanlaş huquqi faqat Moskvaga ma’qul kelgandagina tan olinadimi?
"Imperiyacha da’volar"
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Feliks Kulov esa masalaning muhokama qilinayotganining o‘zi muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, bu Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosiy qarorlar qabul qilishdagi mustaqilligi qay darajada ekani haqidagi bahslarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqqan.
"Xalqaro harbiy hamkorlik geosiyosiy blok qarama-qarshiliklarida ishtirok etishni anglatmaydi", - deya ta’kidlaydi siyosatchi.
Tahlilchi Arkadiy Dubnovning aytishicha, Rossiyaga nisbatan nisbatan xayrixoh siyosatchilardan biri hisoblangan Feliks Kulovning ham mazkur masalada ehtiyotkor va tanqidiyroq munosabat bildirishi e’tiborga molik.
Tahlilchiga ko‘ra, Moskvaning bu talablari muzokaralarda savdolashish uchun ilgari surilgan yuqori darajadagi talablardan biri bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoda bunday tashabbuslar ba’zan Rossiyaning mintaqadagi ta’sirini saqlab qolishga intilishi sifatida ham qabul qilinishi ehtimoldan xoli emas.
"Bu, menimcha, Markaziy Osiyo davlatlarida qandaydir imperiyacha da’volar, sobiq Sovet Ittifoqining boy berilgan hududiga nisbatan Moskvaning sog‘inchi sifatida qabul qilinadi. Moskva hech bo‘lmaganda postsovet hududi ustidan nazoratni tiklashni yoki o‘rnatishni istaydi. Bunda mintaqa davlatlari bilan Moskva o‘rtasidagi munosabatlarda ma’lum bir asabiy taranglik mavjud", — deya xulosa qiladi ekspert.
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bu xabarlarga munosabatlar turlicha bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar Moskvaning ehtimoliy talablarini tanqid qilgan bo‘lsa, boshqalar NATO siyosatini tanqid ostiga olishyapti.

Surat manbasi, Getty Images/Michele Ursi
Muzokaralar avval ham bo‘lgan
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlangan 2022 yil fevraldan buyon urushni tugatish maqsadida turli darajadagi muzokaralar bir necha bor o‘tkazilgan. Turkiya vositachiligidagi uchrashuvlar, g‘alla bo‘yicha kelishuvlar va boshqa diplomatik tashabbuslarga qaramay, tomonlar urushni to‘xtatish bo‘yicha barqaror kelishuvga erisha olmagan.
So‘nggi oylarda ham ehtimoliy tinchlik muzokaralari haqida xabarlar ko‘paydi. Shu bilan birga, Kremlning eng yaqin ittifoqchilaridan biri sanalgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ham yaqinda urushni tugatish imkoni paydo bo‘layotgani haqida gapirgan. Xalqaro agentliklar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, u Rossiya va G‘arb o‘rtasida ma’lum muloqot kanallari saqlanib qolayotganini ta’kidlagan. Biroq hozircha urushni yakunlash bo‘yicha aniq kelishuv mavjud emas.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Rossiya Ukrainaga qarshi urushiga nisbatan "maxsus harbiy operatsiya" atamasini qo‘llaydi. Moskva bu qarorni Ukraina xavfsizlik siyosati, shuningdek, NATOning sharqqa kengayishi bilan izohlab keladi.
Ukraina, G‘arb davlatlari va xalqaro tashkilotlar esa bu da’volarni rad etadi hamda Rossiyaning harakatlarini suveren davlatga qarshi harbiy tajovuz sifatida baholaydi.
Muzokaralar davom etayotgan bir paytda urush harakatlari to‘xtagani yo‘q. Rossiya Ukrainaga hujumlarni, Ukraina esa javob zarbalarini davom ettirmoqda.































