Samarqand Fors tamaddunining bir qismimi? Eron diplomatlarining Rubioga e’tirozlari O‘zbekistonda keskin qarshi olindi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
AQSh Davlat Kotibi Marko Rubioning Samarqandda qilgan bayonotiga Eron tomonidan bildirilgan munosabat ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi. O‘zbekistonlik ko‘plab sharhlovchilar uni Eron tomonidan O‘zbekiston madaniy merosiga qilingan tajovuz deya talqin qildilar.
Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi ishlar vazirlari bilan S5+1 formatida uchrashish uchun kelgan Rubio Samarqandning tarixiy Registon maydonida video bayonot yozib, uni X platformasidagi sahifasiga quyidagi matn bilan joyladi:
«Dunyoda Samarqand kabi xalqaro savdo-sotiqda tarixan muhim o‘rin tutgan joylar sanoqli. Bugun bu yerda bo‘lish men uchun sharaf – nafaqat tarixni yodga olish, balki kelajakdagi imkoniyatlar haqida ham fikr yuritish uchun."
Uning bu so‘zlari Eronning xorijdagi elchixonalari, xususan, Armaniston va Bolgariyadagi elchixonalarining e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Surat manbasi, Х
Eronning Bolgariyadagi elchixonasi o‘zining X sahifasida shunday dedi:
«Marko Rubio Eron tamaddunini tanqid qiladi, ammo Samarqandda fors madaniy merosi namunalari qarshisida suratga tushadi. Marko, fors tamaddunini tanqid qilishing mumkin, lekin mana, o‘zing endi uning qarshisida turibsan.»
Eronning Armanistondagi elchixonasining munosabati esa quyidagicha edi:

Surat manbasi, Х
«Tarixni o‘rganayotganing juda yaxshi! Sen turgan joy fors tamadduni va me’morchiligining bir qismi. O‘tgan hafta Akropolda safsata sotganing ham aynan shu tamaddun haqida edi!»
Haqiqatdan ham, Rubio 7 oktyabrda Gretsiyaga qilgan safari chog‘ida, Afinadagi Akropol yodgorligida nutq so‘zlab, qadimgi Fors davlatini yunon tamaddunining dushmani sifatida tasvirladi va Eronning bugungi diniy rahbariyatini tanqid qildi. «Forslar ibodatxonalarni talon-toroj qildi, muqaddas ziyoratgohlarga o‘t qo‘ydi va Akropolni yer bilan yakson qildi,» - deb aytgandi u. Ammo, u fors tamadduni degan iborani ishlatmagan.
Ammo, Eronda bu nutq Fors davlatini G‘arbning tarixiy dushmani deya ta’riflashdek talqin qilindi va ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Samarqand fors tamaddunining bir qismimi?
Samarqandning qadimgi aholisi eronzabon edi, chunki Samarqand Sug‘diyonaning markazi bo‘lgan. Sug‘dlar eron tillari oilasiga mansub sug‘d tilida gaplashgan.
Sug‘d tili esa qadimgi eron tillaridan biri edi. Sug‘dlar Buyuk ipak yo‘lida savdo-sotiqning muhim ishtirokchilari bo‘lgan. Ular Xitoydan Vizantiyagacha bo‘lgan savdo aloqalarida katta rol o‘ynagan.
Biroq sug‘dlar forslar bilan aynan bir xalq bo‘lmagan. Ular eronzabon xalqlar oilasiga mansub alohida xalq edi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Samarqand asrlar davomida fors-tojik tili va adabiyotining muhim markazlaridan biri bo‘lgan.
Bugun ham Samarqandda tojik tilida so‘zlashadigan katta aholi bor. Tojik tili esa fors tilining Markaziy Osiyoda shakllangan turi hisoblanadi.
Shu sabab Samarqandning forsiy madaniy merosi faqat tarixiy yodgorliklarda emas, balki shahar aholisining tili, og‘zaki ijodi va urf-odatlarida ham saqlanib qolgan.
Samarqanddagi Temuriylar me’morchiligi ko‘p jihatdan undan avval Eron va Xurosonda shakllangan me’morchilik an’analaridan namuna olgan. Masalan, Erondagi to‘rt ayvonli hovli an’anasi Samarqandning Temuriylar davridagi madrasalaridan ancha avval shakllangan. Saljuqiylar davrida, XI–XII asrlarda, Isfahonda bu uslub keng rivojlangan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Shu ma’noda, Samarqanddagi madrasalar avvalgi Eron va Xuroson me’morchilik an’analarini davom ettirgan.
Ammo, Samarqand me’morchiligining ayrim asosiy shakllari Temuriylardan avvalgi Eron va Xuroson an’analariga tayansa-da, Samarqand ularni shunchaki takrorlamagan — o‘ziga xos me’morchilik maktabini yaratgan va keyinchalik Eronning o‘ziga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Shaharning bugungi mashhur qiyofasi, ayniqsa Registon va Go‘ri Amir, eng avvalo Temuriylar davrida shakllangan turkiy, forsiy va islomiy an’analar aralashmasidir.
Samarqand faqat Erondan madaniy ta’sir olmagan. Aksincha, Temuriylar davrida Samarqandda shakllangan me’morchilik keyinchalik Erondagi Safaviylar va Hindistondagi Boburiylar me’morchiligiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Amir Temur turkiy-mo‘g‘ul siyosiy an’analariga mansub hukmdor bo‘lgan. Lekin uning saroyi forsiy madaniyat ta’sirida ham rivojlangan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Temur zabt etilgan shaharlardan, jumladan, Sheroz va boshqa madaniy markazlardan hunarmandlar, me’morlar, olimlar va shoirlarni Samarqandga olib kelgan.
Shu tariqa Samarqandda turkiy siyosiy hokimiyat, forsiy adabiy-madaniy an’analar va islom me’morchiligi o‘zaro uyg‘unlashgan.
Mahalliy munosabat
O‘zbekistonlik ba’zi odamlar Eron elchixonalarining bayonotlariga keskin fikr bildirishdi.
Jumladan, Feysbukda Shahobiddin Luqmon: "O‘zbekiston TIV (Tashqi ishlar vazirligi) Eron elchisini chaqirib nota berishi kerak. Nima ahvol bu, ko‘rpasiga o‘t qo‘ymoqchi, shekilli", - deb yozdi.
Shuhrat Shokirjonov esa quyidagicha munosabat bildirdi: "Eronga sig‘inishda, uni qo‘llashda bardavom bo‘linglar. Ular bizning yerlarni o‘z yerlari deb biladi".

Surat manbasi, Eldor Asanov
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Tarixchi Eldor Asanov o‘z Telegram kanalida yozishicha, AQShga qarshi axboriy hujum qilishga urinaman deb eron diplomatlari O‘zbekistonga tegib qo‘yganini tushunmagan bo‘lishlari mumkin.
Uning yozishicha, barcha "milliy" tarixchiliklar singari, Eron rasmiy tarixchiligi ham sharqshunoslikda o‘rnashgan fors yoki eroniy madaniyat tushunchasini o‘z davlati nomi va hududi bilan bog‘laydi, o‘zini markaz deb hisoblaydi. «Ya’ni o‘tmishdagi vaziyat bugungi siyosiy chegaralar bilan bog‘lanadi: bizning madaniyatimiz, bizning yerlarimiz, bizning merosimiz...»
«…bugungi Eron — bu (eroniy) madaniyatning bir bo‘lagi xolos; boshqa hududlarga madaniyatni eksport qilgan tarixiy madaniy markaz emas. Bu ikki mintaqani birlashtirgan siyosiy markazlar esa doim Markaziy Osiyoda bo‘lgan. Ë Tehrondan, Tabrizdan turib Samarqandni boshqargan birorta sulolani eslay olasizlarmi? Oxirgi 1,5 ming yil davomida doim buning teskarisi bo‘lgan. Shunday ekan, bugungi Eron rasmiy tashkilotlari "bu bizning madaniy merosimiz", "bizga tegishli me’morchilik" deyishi ham tarixiy faktlarni buzib ko‘rsatish, ham siyosiy ko‘rlikdir», - deb yozadi Asanov.
O‘zbekiston hukumatining AQSh-Eron ziddiyatiga munosabati
2026 yil 28 fevralda AQSh va Isroilning Eronga hujumlari boshlanganidan beri O‘zbekiston asosan ehtiyotkor, diplomatik pozitsiyani egallab kelmoqda.
Toshkent harbiy harakatlarni to‘xtatishga, xalqaro huquqqa rioya qilishga va muzokaralarga chaqirgan. Ammo AQSh va Isroilni ochiqdan-ochiq qoralashdan tiyilgan.

Surat manbasi, Ministry of Foreign Affairs of IRI
Eronga hujum boshlangani kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqda vaziyat keskinlashganidan jiddiy xavotir bildirdi, hamda barcha tomonlarni vazminlikka va vaziyatni yanada keskinlashtirmaslikka chaqirdi.
24 iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyev Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon muloqotida Yaqin Sharqdagi keskinlikdan jiddiy xavotir bildirdi, hamda vazminlikni saqlash va muloqotni tiklash zarurligini ta’kidladi. Suhbatda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga kelishildi.
29 sentyabrda ikki prezident yana telefon orqali suhbat qilib, savdo, investitsiya, madaniy hamkorlik va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishdi.
Bu ikki suhbat oralig‘ida, 17 avgustda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Bahromjon A’loev Tehronda Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uchrashdi. Aroqchi O‘zbekistonning Eronga nisbatan tutgan mavqeini «printsipial» deb baholab, mamlakatning Eron inqilobi rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy xotirasiga bag‘ishlangan marosimga yuqori darajali delegatsiya yuborganini ham alohida qayd etgandi.
O‘zbekiston, shuningdek, AQSh va Isroil hujumlari oqibatida Eronda yuz bergan talafotlar bo‘yicha o‘z hamdardligini bildirgan va Tehronga insonparvarlik yordamlarini yo‘llagan.
































