Johnson & Johnson bolalar upasi bo‘yicha sud da’volariga nuqta qo‘yish uchun $5,5 milliard taklif qildi

2015 yilda Nyu-Yorkdagi do‘kon tokchasida joylashtirilgan Johnson's Baby Powder idishlari. Idishlarda “silky soft skin” (“ipakdek yumshoq teri”) va “mildness” (“yumshoq ta’sir”) degan yozuvlar ko‘ringan.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, 2015 yilda Nyu-Yorkdagi do‘kon tokchasida sotuvga qo‘yilgan Johnson's Baby Powder mahsuloti.
    • Author, Osmond Chia
    • Role, Biznes masalalari bo‘yicha muxbir
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Johnson & Johnson (J&J) AQShda bolalar upasi (prisipka) va tarkibida talk bo‘lgan boshqa mahsulotlari tuxumdon saratoniga sabab bo‘lgani haqidagi o‘n minglab sud da’volarini hal qilish uchun 5,5 milliard dollargacha to‘lashni taklif qildi.

Taklif etilayotgan ushbu yirik kelishuv Nyu-Jersida joylashgan sog‘liqni saqlash sohasidagi yirik kompaniya uchun yillar davomida davom etib kelayotgan sud mojarolariga yakun yasashni maqsad qilgan.

J&J esa talk asosidagi mahsulotlari saratonga sabab bo‘lganini rad etadi va keng qo‘llanilgan bolalar upasi tarkibini o‘zgartirgan.

Kompaniyaning sud ishlari bo‘yicha vitse-prezidenti Erik Xaas dushanba kuni ayblovlarni "asossiz" deb atadi hamda J&J bu masalaga nihoyat yakun yasash maqsadida kelishuvga tayyor ekanini bildirdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

J&J ma’lum qilishicha, kelishuv taxminan 76 mingta ishni qamrab oladi va talk bilan bog‘liq da’volarning aksariyatini hal qiladi. Kompaniya bildirishicha, kelasi yili 3 milliard dollargacha mablag‘ to‘laydi, 2028 yilgacha esa qo‘shimcha to‘lovlar talab etilmaydi.

J&J ma’lumotiga ko‘ra, taklif kuchga kirishi uchun shtat va federal sudlardagi tuxumdon saratoniga oid da’volarning 95 foizini himoya qilayotgan yuridik firmalar tomonidan qabul qilinishi kerak.

Xaasning aytishicha, kompaniya sudda ko‘rilgan ishlarning aksariyatida bo‘lgani kabi, qo‘shimcha sud jarayonlari davom etgan taqdirda ham «oxir-oqibat g‘alaba qozonishiga» ishongan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, taklif etilayotgan kelishuv "kompaniyaga bu masalani ortda qoldirish" va kompaniyaga "insonlar hayotini saqlab qoluvchi dori vositalari hamda tibbiy qurilmalarni ishlab chiqish vazifasiga e’tibor qaratish" imkonini beradi.

J&J kompaniyasining iste’mol mahsulotlari bilan shug‘ullangan sobiq bo‘linmasi - Kenvue, Shimoliy Amerikadan tashqari hududlarda Johnson's Baby Powder uchun huquqiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan.

Band-Aid, Listerine va Calpol kabi mashhur brendlarga egalik qiluvchi Kenvue 2022 yilda J&J tarkibidan ajratib chiqarilgan edi.

Reuters
Da’vogarlarga ko‘ra, J&J kompaniyasining tarkibida talk bo‘lgan mahsulotlariga asbest aralashib ketgan bo‘lib, bu saratonga sabab bo‘lgan.
Batafsil: BBC.COM/UZBEK da o‘qing
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Johnson & Johnson kompaniyasi ishlab chiqargan talk asosidagi bolalar upasi bo‘yicha da’volar ilk bor 2009 yildayoq qo‘zg‘atilgan edi.

Iyul oyi boshida federal sud kompaniya foydasiga qaror chiqarib, da’vogarlarning talk aynan ulardagi tuxumdon saratoniga bevosita sabab bo‘lganini isbotlash imkoniyatiga shubha bildirdi.

Talk magniy, kremniy, kislorod va vodoroddan tashkil topgan tabiiy mineral bo‘lib, silliq va yumshoq tuzilishi bilan tanilgan hamda ko‘pincha bolalar upasida qo‘llanadi.

Kompaniya iste’molchilar hamda vafot etgan iste’molchilarning yaqinlari tomonidan berilgan ko‘plab sud da’volariga yuz tutgan. Da’vogarlarga ko‘ra, J&J kompaniyasining tarkibida talk bo‘lgan mahsulotlariga asbest aralashib ketgan bo‘lib, bu saratonga sabab bo‘lgan.

Talk yer ostidan qazib olinadi va u ko‘pincha saraton keltirib chiqarishi ma’lum bo‘lgan asbest qatlamlariga yaqin joylarda uchraydi.

J&J bu ayblovlarni bir necha bor rad etgan va so‘nggi bayonotida: "Tadqiqotlar talk xavfsiz ekanini, uning tarkibida asbest yo‘qligini va u saraton keltirib chiqarmasligini ko‘rsatmoqda", degan.

2022 yilda J&J butun dunyo bo‘ylab talk asosidagi bolalar upasini ishlab chiqarish va sotishni to‘xtatishini ma’lum qilgan edi.

Bu bayonot kompaniya mahsulotni AQShda sotishni to‘xtatganidan ikki yildan ortiq vaqt o‘tgach e’lon qilingan.

O‘sha vaqtda J&J: "Mahsulotlar turkumini jahon miqyosida baholash doirasida biz bolalar upasining to‘liq makkajo‘xori kraxmali asosidagi turiga o‘tish bo‘yicha tijoriy qaror qabul qildik", degan edi.