Rossiyaning yangi "Filin" raketasi Ukraina uchun qanchalik xavfli?

- Author, Ilya Abishev
- Role, BBC harbiy sharhlovchisi
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Rossiya 2026 yil yozi oxiridan buyon Ukrainaga hujumlarda "Filin" qanotli raketasidan foydalanmoqda. U nisbatan kichik va ehtimol, arzon ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan raketa bo‘lib, ayni paytda e’lon qilingan texnik xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Hozircha raketa haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. Internetda ehtimol, urib tushirilgan raketaga tegishli shikastlangan qismning surati paydo bo‘ldi. Shuningdek, Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi 22 oktyabr kuni uning tuzilishi, elektron komponentlari va dvigateli haqida umumiy ma’lumotlarni e’lon qildi.
Harbiy ekspertlar fikricha, Rossiya "Filin" raketalarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olsa, bu Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimiga tushadigan yukni sezilarli darajada oshirishi mumkin.
Rossiya harbiy sanoati yaratgan yangi qurol haqida nimalar ma’lum va u Ukraina uchun qanday xavf tug‘diradi?
Umumiy xususiyatlari
Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, "Filin" Moskvadagi "Molniya" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida yaratilgan. Bu korxona "Taktik raketaviy qurollanish" korporatsiyasi tarkibiga kiradi.
"Filin" — turboreaktiv dvigatelli kichik qanotli raketa. U yerdagi qurilmadan uchiriladi va dastlabki tezlanishni ta’minlaydigan qo‘shimcha raketa dvigatelidan foydalanadi.
Uning eng yuqori tezligi soatiga 800 kilometrgacha, taxminiy uchish masofasi esa 1200 kilometrni tashkil etadi. Raketa 200 metrdan past o‘ta kichik balandliklardan tortib, olti kilometrgacha balandlikda ucha oladi.
Bular — e’lon qilingan eng yuqori ko‘rsatkichlar. Raketaning turli parvoz rejimlaridagi imkoniyatlari mustaqil sinovlar orqali tasdiqlangani yo‘q.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, "Filin" uchun ikki xil jangovar kallak mavjud: biri 50 kilogramm, ikkinchisi 100 kilogramm og‘irlikda.
"Geran" turkumidagi uchuvchisiz qurilmalardan farqli ravishda, "Filin" boshidanoq qanotli raketa sifatida yaratilgan. "Geran"lar dastlab porshenli dvigatelli, sekin uchadigan dronlar bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik turboreaktiv dvigatelli tezkor zarba qurilmalariga aylantirildi.
Ukraina prezidenti maslahatchisi, "Flesh" taxallusi bilan tanilgan Sergey Beskrestnov o‘z sahifasida shunday yozdi:
"Men anchadan beri dushmanimiz kelajakda reaktiv 'Shahed'larga emas, balki arzon qanotli raketalarga ustuvor ahamiyat berishini bashorat qilib kelardim. Ular tezroq, manyovr qilish imkoniyati yuqoriroq, past balandlikda ucha oladi va 'Shahed'larga qaraganda og‘irroq jangovar kallakni olib yura oladi.
Ular uchun dronlar uchiriladigan maxsus maydonlar kerak emas. Ko‘pchiligini vertolyotlar va uchuvchisiz qurilmalardan uchirish mumkin. Eng muhimi, ularni Rossiyada ishlab chiqarilgan qismlardan yig‘ish mumkin".
"Filin" raketasining kamida asosiy qismlari Rossiyada ishlab chiqariladi. U Rossiyaning "Reynolds" kompaniyasi tayyorlaydigan kichik gaz turbina dvigateli — R-500 bilan jihozlangan.
Xuddi shu dvigatel "Su-71K Kovyor" havo-er sinfidagi raketaga va "Su-71M Monoxrom" aviatsiyada qo‘llanadigan zarbali uchuvchisiz qurilmaga ham o‘rnatilgan. Ularni "Suxoy" konstruktorlik byurosi yaratgan va yaqinda Rossiya armiyasi qurollanishiga qabul qilingan.
Rossiyaning avvalgi ayrim ishlanmalari, jumladan, reaktiv "Geran" va "Banderol" qurilmalari esa fuqarolik mahsulotlari sifatida tasniflanib, sotiladigan Xitoy dvigatellaridan foydalanadi.
"Filin" nimasi bilan xavfli?
Ukraina uchun bu raketa, eng avvalo, uzoq masofaga uchadigan va kelajakda ommaviy ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan qanotli raketa sifatida xavf tug‘diradi.
- U o‘ta past balandlikda ucha oladi. Yer relefini kuzatib uchadigan qanotli raketa yerdagi radarlar ko‘rish maydoniga kutilmaganda kirib kelishi mumkin. Bu nishonni aniqlash, uning koordinatalarini havo mudofaasi bo‘linmalariga yetkazish va urib tushirish uchun qoladigan vaqtni qisqartiradi.
- U "Geran"lardan tezroq. E’lon qilingan soatiga 800 kilometrlik tezlik "Filin"ni sekinroq uchadigan dron-tutqichlar uchun juda qiyin nishonga aylantiradi.
- Jangovar kallagi og‘ir. Raketaning jangovar kallagi 100 kilogrammgacha yetishi mumkin. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha "Filin" yirik qanotli raketalardan ortda qolsa-da, uning jangovar qismi "Geran"larnikidan taxminan ikki baravar og‘ir. Bu infratuzilma ob’ektlari, omborlar, ishlab chiqarish maydonlari va boshqa nishonlarga zarba berishda muhim ahamiyatga ega.
- Radioelektron to‘siqlarga chidamli. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, raketa 16 kanalli to‘siqlardan himoyalangan "Kometa" sputnik navigatsiya modulidan, shuningdek, inertsial navigatsiya tizimidan foydalanadi. Bu uni radioelektron kurash vositalari orqali chalg‘itishni qiyinlashtiradi.
- Arzon va ommaviy ishlab chiqarish imkoniyati bor. Kompozit materiallardan foydalanish, ayrim qismlarni 3D-bosma usulida tayyorlash va elektronikani birxillashtirish raketa tannarxini ancha pasaytirishi mumkin.
Biroq bu hozircha "Filin" haqiqatan ham arzon ekanini yoki uni minglab donada ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganini isbotlamaydi. Ammo bu xususiyatlar uni ommaviy zarbalar berish vositasi sifatida jozibador qiladi.
"Filin"ga qarshi qanday kurashish mumkin?
"Filin"ni dron-tutqichlar bilan quvib yetish qiyin. Biroq u zamonaviy havo hujumidan mudofaa vositalarining aksariyatidan tezroq emas. Zenit-raketa majmualari va qiruvchi samolyotlar har qanday qanotli raketani nishonga olishi mumkin.
Biroq raketaga ishonchli qarshi turish uchun ko‘p bosqichli va eshelonlashtirilgan havo mudofaasi zarur.
Samolyotlar qanotli raketalarni himoya qilinayotgan ob’ektlarga yaqinlashmasidan oldin urib tushirishi mumkin. Lekin har bir nisbatan arzon nishonga AIM-9 Sidewinder kabi tanqis raketalarni sarflash qimmatga tushadi.
O‘ta past balandlikda uchadigan qanotli raketalarga qarshi aviatsiya to‘plaridan foydalanish ham qiyin va xavfli.
Yechimlardan biri — Amerikada ishlab chiqarilgan APKWS lazerli yo‘naltirish tizimlaridan foydalanish. Ular oddiy boshqarilmaydigan raketalarni yuqori aniqlikda nishonga oluvchi qurolga aylantiradi.
Ukraina Qurolli kuchlarining yerdagi zenit-raketa majmualari ham "Filin"ni urib tushirishga qodir. Biroq bu holatda ham o‘q-dorilarning narxi va yetkazib berish hajmining cheklangani muhim omil bo‘lib qoladi.
Zamonaviy havo mudofaasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri — arzon va ko‘p miqdorda ishlab chiqarish mumkin bo‘lgan qisqa masofali vositalarni yaratishdir.
Bular qatoriga yengil qarshi raketalar va nishon yaqinida boshqariladigan tarzda portlaydigan o‘q-dorilar bilan jihozlangan, tez o‘q uzuvchi zenit qurilmalari kiradi. Masalan, Germaniyaning Rheinmetall mudofaa kontserni ishlab chiqaradigan Skynex va Skyranger tizimlari.
Ular, jumladan, havo mudofaasining so‘nggi chizig‘ida ham samarali va tejamkor hisoblanadi. Ammo bu tizimlar nishonni o‘z vaqtida aniqlashni va o‘q uzish uchun mos sharoit bo‘lishini talab qiladi.
Past balandlikda uchadigan raketalar hujumini qaytarishda radarlarning o‘zaro muvofiq ishlashi, havodagi xavf haqida oldindan ogohlantirish va bo‘linmalar o‘rtasida ma’lumotni tez yetkazish muhim. Nishon qanchalik erta aniqlansa, uni urib tushirish imkoniyati shunchalik ko‘p bo‘ladi.
Yangi tahdid qanchalik jiddiy?

Surat manbasi, Сергій FLASH
"Filin"ning tajriba namunalari mavjudligi va uning e’lon qilingan xususiyatlari Rossiya bunday raketalarni muntazam ravishda katta miqdorda uchira olishini anglatmaydi.
Ukraina razvedkasi "Filin"ning elektron qurilmalari orasidan xorijda ishlab chiqarilgan detallarni aniqlagan. Ular orasida AQShda ishlab chiqarilgan 35 ta va Xitoyda ishlab chiqarilgan 22 ta komponent bor.
Bu Rossiya mudofaa sanoati hanuz xorijiy elektron komponentlarga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. Biroq bu detallarni yetkazib berishni to‘xtatish oson degani emas.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Asosiy noaniqliklar — "Filin"ning haqiqiy narxi, ishlab chiqarish hajmi va undan qanchalik tez-tez foydalanilayotganidir.
Ukraina uchun bu raketa, eng avvalo, uzoq masofaga uchadigan va kelajakda ommaviy ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan qanotli raketa sifatida xavf tug‘diradi.
Agar uni yetarlicha arzon narxda ishlab chiqarish va katta partiyalarda yetkazib berish imkoni bo‘lsa, Rossiya armiyasi "Filin"ni odatiy qanotli va ballistik raketalar, shuningdek, uchuvchisiz qurilmalar bilan birgalikda qo‘llashi mumkin.
Bu Ukraina havo mudofaasi tizimini cheklangan resurslarini ko‘p sonli va turli xil havo tahdidlari o‘rtasida taqsimlashga majbur qiladi.
Agar ishlab chiqarish hajmi cheklanganicha qolsa, "Filin" qo‘shimcha xavf tug‘diradi, ammo u havo jangidagi umumiy vaziyatni butkul o‘zgartirib yuboradi, deb bo‘lmaydi.
































