Harbiylar Rossiyada: Moskva qanday signal yubormoqda? Video

Surat manbasi, Telegram/ОДКБ via EVN
Rossiyada Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB)ning so‘nggi yillardagi eng yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tmoqda.
28 sentyabrdan 3 oktyabrgacha davom etadigan mashg‘ulotlarda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston harbiylari ishtirok etishyapti.
Mashg‘ulotlar Rossiyaning Chebarkul harbiy poligonida o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston ODKB a’zosi emas.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Qanday mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda?

Surat manbasi, Telegram/ОДКБ via EVN
KXShT (ODKB) ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda qo‘shinlarni boshqarish, razvedka operatsiyalari, logistika, chegaradagi qurolli mojarolarni bartaraf etish hamda zamonaviy harbiy texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq vazifalar bajariladi.
Mashg‘ulotlar bir nechta yo‘nalishlarga bo‘lingan.
"Hamkorlik-2026" mashg‘uloti KXShT (ODKB) kuchlarining chegaradagi qurolli mojarolarni cheklash bo‘yicha qo‘shma amaliyotlarini tayyorlash va o‘tkazishga qaratilgan.
"Qidiruv-2026" doirasida razvedka operatsiyalarini tashkil etish va amalga oshirish, "Eshelon-2026" mashg‘ulotida esa qo‘shinlarni logistik ta’minlash bo‘yicha harakatlar sinovdan o‘tkazilmoqda.
ODKB Birlashgan shtabi boshlig‘i Andrey Serdyukovning aytishicha, mashg‘ulotlar davomida zamonaviy qurolli mojarolar tajribasi asosida qo‘shma jangovar tayyorgarlik tekshirilmoqda.
"ODKB jamoaviy kuchlarining jangovar imkoniyatlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularni zamonaviy qurol-yarog‘ va maxsus texnika bilan ta’minlash rejalashtirilgan", - ta’kidlagan Andrey Serdyukov - "Jumladan, dronlar, razvedka vositalari va radioelektron kurash tizimlari shular jumlasidan".
"Havo mudofaasi tizimini takomillashtirish ham asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Rossiya raisligi davrida bu yo‘nalishlar ODKBning ustuvor vazifalari sifatida belgilangan", - degan u.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Dronlar va radioelektron kurashga urg‘u

Surat manbasi, Telegram/ОДКБ via EVN
KXShT (ODKB) rasmiylari ta’kidlashicha, bu yilgi mashg‘ulotlarda dronlar, razvedka vositalari va radioelektron kurash texnologiyalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
KXShT (ODKB) Birlashgan shtabi boshlig‘i Andrey Serdyukov ham tashkilot jamoaviy kuchlarini dronlar, razvedka vositalari va radioelektron kurash imkoniyatlari bilan jihozlashni ustuvor vazifalardan biri sifatida tilga olgan.

Surat manbasi, Telegram/ОДКБ via EVN
Buyuk Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi asoschisi va rahbari Alisher Ilhomov fikricha, mashg‘ulotlarning amaliy ahamiyati birinchi navbatda ODKBga a’zo boshqa davlatlar uchun muhim bo‘lishi mumkin.
"Ular zamonaviy jang olib borish usullari, ayniqsa turli masofada harakat qiluvchi dronlar va radioelektron kurash vositalaridan foydalanish bo‘yicha Ukraina va hatto Rossiyadan ancha ortda qolib ketgan. Bu masalada Rossiya o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashmoqda", - deydi u.
Havo mudofaasi tizimini takomillashtirish ham asosiy vazifalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Kuzatuvchilar nima demoqda?

Surat manbasi, Telegram/ОДКБ via EVN
ODKB rahbariyati mashg‘ulotlar uchinchi davlatlarga qarshi qaratilmaganini ta’kidlamoqda.
Biroq Alisher Ilhomov fikricha, mashg‘ulotlar birinchi navbatda siyosiy ahamiyat kasb etadi.
"Bu mashg‘ulotlarning amaliy ahamiyatini bo‘rttirib ko‘rsatmagan bo‘lardim. Ular, asosan, Moskva uchun tashviqot ahamiyatiga ega bo‘lib, butun dunyoga Rossiya harbiy-siyosiy ma’noda yakka emasligi va bir qator ittifoqchilari borligini ko‘rsatadi", - deydi Alisher Ilhomov.
Uning fikricha, Moskva bunday hamkorlik evaziga ODKB davlatlaridan muayyan xizmatlarni ham kutishi mumkin.
"Moskva ODKB a’zolaridan javob tariqasida muayyan xizmatlarni, xususan ular hududida dron ishlab chiqarish va harbiy-sanoat majmuasi ob’ektlarini joylashtirish imkoniyatini ham kutishi mumkin", - deydi tahlilchi.
"ODKB eng yaxshi davrlarini boshidan kechirayotgani yo‘q"

Surat manbasi, Telegram/ОДКБ via EVN
BBC Rus xizmatining muxbiri Ilya Abishevning fikricha, Chebarkul poligonidagi mashg‘ulotlar tashkilotning harbiy salohiyatidan ko‘ra, ODKB hali ham faol harbiy ittifoq ekanini namoyish etish jihatidan ahamiyatiga ega.
"ODKB eng yaxshi davrlarini boshidan kechirayotgani yo‘q. Sobiq Sovet davlatlarining eng kuchli o‘yinchisi bo‘lgan Rossiya boshchiligida harbiy-siyosiy birlashma sifatida tashkil etilgan bu tuzilmaning a’zolari soni 1990-yillar oxiridan beri doimiy ravishda qisqarib kelmoqda. Armaniston ODKBdan chiqish jarayonini boshlaganini e’lon qilgan, tashkilotda hozir beshta ishtirokchi davlat qolgan", - deydi u.

"Ayniqsa, Turkiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlar diqqatga sazovordir", - deydi Abishev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kelishuvi juda keng doiradagi hamkorlikni nazarda tutadi.
Xususan, mashg‘ulotlar va tinchlikparvarlik operatsiyalari, harbiy tranzit, qo‘shma mudofaa korxonalari, razvedka ma’lumotlarini almashish, ilmiy-texnik tadqiqotlar, aloqa, elektronika, axborot tizimlari va kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik shular jumlasidan.
"Bunday sharoitda Chebarkul poligonidagi rejali mashg‘ulotlar tashkilotda qolgan davlatlarning Rossiya bilan hamjihatligini namoyish etishdan ko‘ra, ODKB hali ham harbiy ittifoq sifatida ishlash qobiliyatini saqlab qolayotgani va bir a’zo davlat hududida qo‘shma kontingentlarni to‘play olishini ko‘rsatishga urinish sifatida ko‘rinmoqda", - deydi u.

Surat manbasi, Telegram/ОДКБ via EVN
Ilya Abishev yana bu tashkilotning 2026 yilgi mashg‘ulotlarida zamonaviy qurolli mojarolar, birinchi navbatda Rossiya-Ukraina urushi tajribasiga katta e’tibor qaratilayotganini qayd etadi.
Uning fikricha, dronlar, razvedka vositalari va radioelektron kurashdan foydalanish, havo mudofaasini tashkil etish hamda ko‘p millatli kuchlarni boshqarish masalalariga urg‘u berilayotgani muhim ahamiyatga ega.
"Gap shunchaki dala sharoitida otish mashqlari haqida emas, balki Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston qo‘shinlari yagona guruh sifatida harakat qila olish-qilmasligini tekshirish haqida ketmoqda", - deydi u.
Uning aytishicha, jangovar tajriba va mudofaa texnologiyalari rivojlanishidagi tendentsiyalarni hisobga olgan holda shunday mashg‘ulotlar o‘tkazish barcha zamonaviy armiyalar va harbiy ittifoqlar uchun odatiy hol hisoblanadi.
Abishevning fikricha, KXShT (ODKB) ham bu borada istisno bo‘lib ko‘rinishni istamayapti va tashkilot tashqi kuzatuvchilarga yubormoqchi bo‘lgan asosiy signal ham shu bo‘lishi mumkin.
"Bundan ortiq narsaga da’vo qilish qiyin, chunki Chebarkul poligonidagi mashg‘ulotlarda ishtirok etayotganlar soni ikki ming nafar bo‘lib, bu har bir davlatdan taxminan bittadan batalonga teng keladi", - deydi u.





























