Rozenberg: AQShning diplomatik harakatlari Ukrainada tez orada tinchlik o‘rnatilishiga umid bermayapti

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Stiv Rozenberg
- Role, Rossiya bo‘yicha muharrir
- Reporting from, Moskva
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Norvegiya poytaxti va Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida ikki kunlik diplomatik muzokaralar o‘tdi. Xo‘sh, bu uchrashuvlardan so‘ng Ukrainadagi urushni tugatishga umid bormi?
Norvegiya bosh vaziri seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, AQSh prezidenti Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Yevropa vakillari o‘rtasidagi muzokaralarni "yaxshi va konstruktiv" deb baholadi.
Osloda uch davlat rahbarining uchrashuvini o‘tkazish taklifi o‘rtaga tashlandi. Uitkoffning Rossiyaga safari Vladimir Putin, Zelenskiy va Trampning uchrashib, janglarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishishiga yo‘l ochadi, degan umid bildirildi.
Ammo Putin uchrashuv Moskvada o‘tmasa, Zelenskiy bilan muzokara stoliga o‘tirishga unchalik xohish bildirmagan.
Kremlga ko‘ra, Rossiya kelasi oy Abu-Dabida uch tomonlama muzokaralarni qayta boshlashga rozilik berishi mumkin. Biroq faqat mutaxassislar darajasida.
Uitkoffning o‘zi ham X tarmog‘idagi postida "hali qilinishi kerak bo‘lgan muhim ishlar bor"ligini tan oldi. Ayni paytda u "prezident Tramp bu urushni tugatish niyatidan qaytgani yo‘q..." deb ta’kidladi.
Menimcha, bugungi vaziyatni eng yaqqol ko‘rsatgan bayonot Vladimir Putinning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakovdan chiqdi. U Sankt-Peterburgdagi muzokaralarda qatnashgandi.
Ushakovning aytishicha, Stiv Uitkoff prezident Putinga Oslodagi muhokamalar va yevropaliklar hamda Kiev taklif qilgan yondashuvlar haqida so‘zlab bergan. Bu yondashuvlarni Uitkoff "yangi" deb hisoblagan.
Eshitganlari Kreml maslahatchisida yaxshi taassurot qoldirmagani ayon edi.
"Ukraina inqirozini hal qilish nuqtai nazaridan, bu takliflarda foydali jihatlar ko‘p emasdi", dedi Ushakov.
Keyinroq Rossiya davlat televideniesi undan tinchlikka erishish istiqbollari haqida so‘radi.
"Tinchlikka qanchalik yaqinlashayotganimizni bilmayman, lekin ishlar shu yo‘nalishda ketyapti", dedi Yuriy Ushakov.
Bularning bari ancha mavhum gaplar.
Aftidan, prezident Putin hozir urushni tugatishga undaydigan bosimni his qilmayapti.
U Ukrainaning havo hujumidan mudofaa tizimi qattiq zo‘riqayotganini biladi.
Qish yaqinlashayotganini ham biladi. Sovuq havoni esa Ukrainaga kuchli zarbalar berib, uni taslim bo‘lishga majburlash uchun qulay imkoniyat deb ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, u Oq uyda Moskva bilan aloqalarni kengaytirish, yaxshilash va ulardan ko‘proq manfaat ko‘rishni ochiq-oydin istayotgan AQSh prezidenti borligini ham biladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Surat manbasi, Getty Images
So‘nggi kunlarda Donald Tramp Moskvaga nisbatan ayrim sanksiyalarni vaqtincha bekor qildi, Rossiyadan dizel yoqilg‘isi sotib olishga rozi bo‘ldi va prezident Zelenskiyni keskin tanqid qildi.
Bu Rossiyaga juda qo‘l keladi. Kreml rahbariga bosimni kamaytiradi.
"Hozir G‘arbda tinchlik uchun biror ish qilayotgan yagona rahbar - Tramp", deydi rossiyalik deputat va teleboshlovchi Yevgeniy Popov.
"Tinchlik uchun ish qilyapti, ammo sizlarning shartlaringiz asosidagi tinchlik uchunmi? Sizlar shuni istaysizlarmi?" deb so‘rayman.
"Albatta!"
Hozir G‘arbda tinchlik uchun biror ish qilayotgan yagona rahbar - Tramp
Putin, Zelenskiy va Trampning uch tomonlama uchrashuvi yaqin orada bo‘lmasligi mumkin.
Ammo kelasi oy Xitoyda APYeK - Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik forumi sammiti doirasida Vladimir Putin, Donald Tramp va Si Jinpin alohida uchrashishi mumkin.
Bu yerdagi ayrim sharhlovchilar uni allaqachon "Yangi Yalta" deb atashmoqda. Bu - 1945 yilgi Yalta konferentsiyasiga ishora. O‘shanda Stalin, Cherchill va Ruzvelt urushdan keyingi Yevropaning siyosiy tuzilishi va hududiy taqsimotini qayta belgilashni rejalashtirish uchun uchrashgandi.
"Hozir dunyoda faqat Rossiya, Xitoy va AQSh superdavlat hisoblanadi", deydi Yevgeniy Popov. "Albatta, rahbarlarimiz Xitoyda uchrashsa, bu butun dunyo uchun yaxshi bo‘ladi".
Qariyb besh yillik urushdan so‘ng bunday uchrashuv Vladimir Putinni aynan o‘zi istagan joyga - jahon siyosatini belgilaydigan eng nufuzli rahbarlar davrasiga olib chiqardi.

































