Pardozoreksiya nima yoki yosh qizaloqlar tushib qolayotgan tuzoq

- Author, Rus Klegg
- Role, Salomatlik bo'yicha yetakchi reportyor
- Published
- O'qilish vaqti: 9 daq
"Eng yaqin, eng qadrdon dugonamnikiga borishga men bilan birga tayyorlaning", deydi Elli-Mey kameraga qarab ishtiyoq bilan.
O‘sha vaqt 10 yoshda bo‘lgan bu qizcha jilmayib, TikTok'da o‘zining ko‘p bosqichli teri parvarishi tartibini tushuntiradi.
"Bu tonerni judayam, judayam, judayam, judayam, judayam yaxshi ko‘raman, – deydi u shaffof suyuqlikni terisiga surtar ekan. Keyingisi – terini yaltiratishga mo‘ljallangan zardob. "Voy xudoyim, buncha yaltiroq", deya hayajonlanadi u.
U o‘zining oppoq, sarg‘ish kremidan "smuzi" tayyorlaydi: qo‘lining orqa qismiga bir necha tomchi surtib, uni rang beruvchi namlantiruvchi vosita bilan aralashtiradi.
Gapira turib, ko‘zlari ostiga ehtiyotkorlik bilan konsiler surtadi, yonoqlariga esa pushti rangli rumyana va xaylayter qo‘shadi. So‘ng kipriklarini qayirib, tush va lab bo‘yog‘i surtadi.
Sochlarini fenlab, tekislab olganidan so‘ng "Tayyorman", deydi u.
Elli-Mey hozir 13 yoshda. U sakkiz yoshidan beri teri parvarishi vositalaridan foydalanadi va ularni reklama qiladi. Karantin paytida shunchaki ermak sifatida boshlangan narsa uning oilasi uchun asosiy daromad manbaiga aylandi. Ularning Facebook, TikTok, YouTube va Snapchat ijtimoiy tarmoqlarida akkauntlari bor. Elli-Meyning shaxsiy TikTok akkauntining o‘zida 330 mingdan ortiq kuzatuvchi bor.
Yana besh nafar farzandi bor onasi Sofining aytishicha, ular turli platformalarda kontent joylashtirish orqali yiliga 50 000 funt sterlingdan ortiq daromad topishadi.
"Kontent yaratuvchisi bo‘lish hayotimizni butunlay o‘zgartirib yubordi", deydi Sofi Angliyaning janubi-sharqidagi uyi oldidan men bilan videoqo‘ng‘iroq orqali suhbatlashar ekan. "Juda ko‘p boshqa bolalar Ellining teri parvarishi tartibiga qiziqib qoldilar va, bilasizmi, bu birdaniga ommalashib ketdi".

Surat manbasi, Sophie
Turli ijtimoiy tarmoqlarning qidiruviga "bolalar va teri parvarishi" so‘zlarini yozsangiz, yuzlab boshqa yosh qizlarning – ba’zilari atigi uch yoki to‘rt yoshda – teri parvarishi vositalari va pardoz mahsulotlarini zavq bilan muhokama qilayotgan, "men bilan birga tayyorlang" yoki "maktabdan keyin" kabi teri parvarishi videolarini joylayotganiga guvoh bo‘lasiz. Bu videolarda ular kosmetikadan foydalanish asnosida kunlik rejalari haqida gapirib berishadi.
Qizlarga teri parvarishlash mahsulotlarini sotish yangilik emas. O‘tgan o‘n yilliklardagi skrablar va tozalovchi vositalar yuzdagi dog‘ni yo‘qotishni va’da qilgan bo‘lsa, bugun qizlar terisini benuqson qilish umidida turli-tuman murakkab mahsulotlardan foydalanmoqdalar – ularning ko‘pchiligi tarkibida qarishga qarshi moddalar bor.
Teri parvarishi bo‘yicha ayrim qiz inflyuenserlar o‘zlarini "brend elchilari" deb atab, Bubble, Drunk Elephant va P. Louise kabi kompaniyalar mahsulotlarini namoyish etadilar. "Yorqin teri" uchun "porlashni kuchaytirish"ga mo‘ljallangan "K-Pop Demon Hunters" mavzusidagi teri parvarishi to‘plamlari ham bor.
Aynan bolalarga mo‘ljallangan mahsulotlar bor bo‘lsa-da, yoshlar orasida ommalashgan, biroq bozorning bu qismiga aloqador bo‘lishni istamaydigan brendlar ham mavjud. Masalan, Drunk Elephant brendiga yaqin manbaning aytishicha, bu "yoshlar uchun" brend emas va ular o‘z mijozlariga mahsulotlardan mas’uliyat bilan foydalanishni o‘rgatishga harakat qilmoqdalar.
Bubble va P. Louise izoh so‘rovimizga javob bermadi.
Elli-Mey kabi yosh inflyuenserlardan tashqari, kundalik hayotida ko‘p bosqichli teri parvarishi tartibiga amal qiladigan qizlar ham ko‘p. Pai teri parvarishi brendi 9 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan 1500 nafar bola o‘rtasida o‘tkazgan kichik so‘rov shuni ko‘rsatdiki, ularning deyarli yarmi haftasiga bir nechta teri parvarishi vositasidan foydalanadilar, ularning ham yarmi bu vositalarni o‘zlari nuqsonli deb bilgan terini tuzatish uchun ishlatishini aytgan.
Bu soha ko‘p milliard dollarlik sanoatga aylanib ulgurgan. Bozor jadal o‘sib bormoqda va uning sur’ati pasayadiganga o‘xshamaydi. Ammo ayrimlar, jumladan, nazorat qiluvchi organlar ham ehtiyotkorlikka chaqirmoqdalar.
"Teri parvarishi kompaniyalari uzoq vaqtdan beri 30-40 yoshlardagi ayollarni nishonga olib, qarishni muammo sifatida ko‘rsatib, bizga yechim sotib kelishgan", deydi Kornell universiteti dotsenti va ijtimoiy media tadqiqotchisi Bruk Erin Daffi.
"Lekin bu jiddiy o‘zgarishdir. Endi yosh qizlarga ham xuddi shunday bosim o‘tkazilmoqda".
Ijtimoiy tarmoqlardagi kontent tufayli bu soha jadal rivojlanar ekan, bu shunchaki beozor ermakmi yoki qizlar o‘z tashqi ko‘rinishida nimadir noto‘g‘ri ekaniga qasddan ishontirilmoqdami? Bu holat bugungi qizlarning o‘zlari haqida qanday fikrda ekanliklaridan dalolat beradi?
Yuzaki go‘zallik
Dermatologlar va olimlar yangi atama kiritdilar: pardozoreksiya. Ular buni yoshlikdan "benuqson" teriga erishishga bo‘lgan nosog‘lom intilish deb ta’riflashadi. Bu nosog‘lom mayl kosmetik mahsulotlardan me’yoridan ortiq foydalanishga olib keladi. Milan universiteti (Italiya) professori, italiyalik dermatolog Jovanni Damiani ba’zi yosh bemorlarining bu holatga haddan tashqari berilib ketganidan shu qadar xavotirga tushdiki, nima bo‘layotganini tekshira boshladi.
U 8 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 55 nafar bemori bilan suhbatlashdi. Uning tushuntirishicha, pardozoreksiya alomatlari namoyon bo‘lganlar telefonga qaram bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda teri parvarishi haqidagi videolarni soatlab tomosha qilishgan. Shuningdek, ular har kuni 10 tagacha turli xil teri parvarishi vositasidan foydalanishgan, shu qadarki hatto oila a’zolari bilan muloqot uchun ham pardoz qilishgan.

Surat manbasi, Getty Images
Italiya raqobatni nazorat qilish idorasi (AGCM) yaqinda "Sephora" va "Benefit" kosmetika brendlariga egalik qiluvchi LVMH go‘zallik kompaniyasiga nisbatan ikkita tekshiruv boshladi. AGCM ushbu brendlar o‘z mahsulotlarining bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallanmaganini aniq ko‘rsatgan-ko‘rsatmaganini hamda "yosh mikro-inflyuenserlar ishtirokida yashirin marketing strategiyalari" orqali xaridni rag‘batlantirayotgani yoki yo‘qligini o‘rganmoqda.
LVMH vakili aytishicha, kompaniya Italiya rasmiylari bilan hamkorlik qilmoqda va Italiyaning amaldagi qoidalariga "qat’iy rioya qilishini" yana bir bor "tasdiqlaydi".
Vakilning qo‘shimcha qilishicha, "yosh iste’molchilar va teri parvarishi bo‘yicha bahslar rivojlanib borar ekan", kompaniya "barcha iste’molchilarni yaxshiroq qo‘llab-quvvatlash va yo‘naltirish maqsadida" go‘zallik bo‘yicha maslahatchilar tavsiyalari sifatini doimiy oshirib bormoqda.
LVMH kompaniyasining "aynan yoshlarga mo‘ljallangan" hech qanday mahsuloti yoki marketing kampaniyasi yo‘q, ular faqat 18 yoshdan oshgan inflyuenserlar bilan ishlaydi, deydi kompaniya vakillari.
Buyuk Britaniyaning Reklama standartlari boshqarmasi (ASA) Italiyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini ma’lum qildi. Garchi idora "hozirgi bosqichda hech qanday rasmiy tartibga solish choralarini ko‘rmayotganini" aytgan bo‘lsa-da, mamlakatda shu kabi muammolar mavjudligi to‘g‘risida dalillar bor-yo‘qligini o‘rganayotganini tasdiqladi.
Bu mahsulotlar arzon emas. Bir tadqiqotda 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar tomonidan tayyorlangan 100 ta TikTok videosi o‘rganilganda, ular e’lon qilgan teri parvarishi muolajalarining o‘rtacha qiymati 125 funt sterling ekani aniqlandi. Foydalanishga qarab, bu mahsulotlarni har uch-to‘rt oyda yangilab turishga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Tozalash, toniklash, praymer surtish, namlantirish, zardob, ko‘z atrofi uchun krem, yuz spreyi va bularni takrorlash... Ba’zilari hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bo‘lgan bolalar Koreyaning "oyna kabi silliq teri" effektiga erishishga intilmoqda.
"Eng qizig‘i nima, bilasizmi? Ularning terisi shundoq ham shunday – yoshlikda teringiz mukammal holatda bo‘ladi", deydi maslahatchi-dermatolog, Stokportda faoliyat yurituvchi Milliy sog‘liqni saqlash xizmati maslahatchisi va xususiy dermatolog doktor Jan Ayer.
"Terining toksinlarni o‘tkazmaydigan va namlikni saqlaydigan himoya qatlami a’lo darajada saqlangan bo‘ladi... Yoshlikning o‘zi shu, terining go‘zalligi ham shunda".

Deyarli 20 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan Ayerning aytishicha, hozirda bolalar kosmetikadan har qachongidan ham ko‘proq foydalanmoqdalar. Uning maslahat qabullari juda xilma-xil: bir tomondan, ota-onalar undan yosh farzandi uchun eng yaxshi teri parvarishi bo‘yicha maslahat so‘rasa, boshqa tomondan, sakkiz yoshli bolalar o‘zlari ishlatgan mahsulotga nisbatan kuchli reaktsiya bilan uning qabuliga keladilar. Uning aytishicha, ota-onalar ko‘pincha dahshatga tushadilar, lekin farzandlarini bunchalik ko‘p turli mahsulotlardan foydalanishni to‘xtatishga ko‘ndira olmaydilar.
"Bu juda qo‘rqinchli holat, – deydi doktor Ayer. – Bu vositalar qarishga qarshi kurashuvchi bozor uchun mo‘ljallangan. Eng yaxshi holatda, bolalarga bu mahsulotlar kerak emas. Eng yomon holatda esa, ular tarkibida nozik yosh teriga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli moddalar bor".
Uning aytishicha, bolalar qo‘llayotgan teri parvarishi mahsulotlaridagi turli moddalar tufayli yosh mijozlar orasida husnbuzar va kontakt dermatit – ma’lum bir modda natijasida kelib chiqadigan ekzema turi ko‘payayotganini kuzatmoqda.
Ularning ko‘pchiligida teri hujayralariga biologik ta’sir ko‘rsatib, teri funktsiyasini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan faol moddalar bor. Eng kuchlilaridan biri retinol bo‘lib, u teri hujayralari yangilanishini tezlashtiradi va bu mayda chiziqlar va ajinlarni kamaytirishga yordam beradi. Bolalarda bu jarayon shundoq ham yuqori sur’atda kechadi, shuning uchun retinol hech qanday foyda keltirmaydi va terini haddan tashqari qo‘zg‘atishi mumkin.
Bu holat "retinol kuyishi"ga olib kelishi mumkin, bunda terining himoya qatlami shikastlanadi. Natijada bolalarda achishish, ekzemaga o‘xshash toshmalar yoki uzoq muddatli sezuvchanlik paydo bo‘lishi mumkin.
Bu mahsulotlarda yosh teriga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa ko‘plab moddalar ham bor, deya ogohlantiradi Ayer. Agar bolada kontakt allergiyasi rivojlansa, u kelajakda o‘sha modda bor mahsulotdan reaktsiyasiz foydalana olmasligi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, dermatologlar yoshlar orasida peshona fibrozli alopetsiya, ya’ni peshonadagi soch chizig‘ining orqaga chekinishi holatlari ko‘payganini ham kuzatmoqda. Uning aytishicha, ayrim tadqiqotlar bu holatni yoshlikdan turli yuz kremlarini surtish keskin ortgani bilan bog‘lamoqda.
Buyuk Britaniya kosmetika sanoati yosh bolalarning o‘z yoshiga mos mahsulotlardan foydalanishini ta’minlash uchun maslahat va yordam zarurligini tan oladi. Ko‘plab teri parvarishi kompaniyalarini birlashtirgan Kosmetika, hojat anjomlari va parfyumeriya assotsiatsiyasi (CTPA) yaqinda ota-onalar uchun qo‘llanma chiqardi. Bunga sabab bo‘lgan so‘rovnomada qatnashgan qariyb 1000 nafar ota-onaning 40 foizi teri parvarishi haqida o‘z farzandlaridan kamroq bilishini tan olgan.
CTPA bosh direktori, doktor Emma Mereditning aytishicha, tashkilot yoshlarning qarishga qarshi mahsulotlardan yoki murakkab va keraksiz muolajalardan foydalanishini qo‘llab-quvvatlamaydi.
"Maqsadimiz – mahsulotlarning har bir yosh toifasi uchun to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash, yoshlarga sog‘lom va o‘ziga mos teri gigienasini shakllantirishga ko‘maklashish hamda ota-onalarni farzandlariga tushuntirishida qo‘llab-quvvatlash", deydi u.
Elli-Meyning onasi Sofining aytishicha, u qizi ishlatayotgan vositalar tarkibini doim tekshiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar uni qiziga retinol kabi kuchli kimyoviy moddalar saqlaydigan kremlarni qutidan ochishga ruxsat bergani uchun tanqid qilgan, biroq Sofi bu moddalarning zararli ekanini bilishini va qizining terisiga "aslo yaqinlashtirmasligini" aytadi.
U, shuningdek, qizining qaysi maktabda o‘qishi yoki qaerda yashashlari kabi ma’lumotlarni oshkor qilmaslikka harakat qiladi va ularning akkauntlariga kelib tushadigan izohlarni sinchkovlik bilan kuzatib boradi.

Surat manbasi, Sophie
Elli-Mey yirik kosmetika kompaniyalarining brend taqdimotlarida qatnashadi. U yerda turli mahsulotlarni sinab ko‘radi va boshqa kontent yaratuvchilar bilan muloqot qiladi, o‘zining aytishicha, bu juda maroqli. U va Sofi yoshlarga mo‘ljallangan o‘zlarining vegan teri parvarishi brendini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayaptilar.
Elli-Mey goh 13 yoshdan kattaroq, goh kichikroq ko‘rinadi. U mayin ovozda, o‘ychan va so‘zlarini dona-dona qilib gapiradi, ba’zan javob izlab onasiga yuzlanadi. Tirnoqlari uzun, manikyur qilingan, yuzida makiyaj bor, lekin u tabiiy ko‘rinadi. "Hozir pardoz o‘zimni oddiy his qilishimga yordam beradi", deydi u.
Aldamchi oyna
Sofi ijtimoiy tarmoqlardagi muvaffaqiyat ularning hayotini boyitganini aytsa-da, ayrim psixologlar bu ijtimoiy tarmoqlardan boxabar, tashqi qiyofasiga mahliyo yoshlar kelajakda o‘zlari qanday ko‘rinishda bo‘lishi va hayotda o‘zini qanday tutishi kerakligi haqida noto‘g‘ri tasavvur bilan ulg‘ayishidan xavotirda.
Alberto Stefana – Damiani bilan hammualliflikda "pardozoreksiya" haqida ilmiy maqola yozgan italiyalik psixolog. Uning aytishicha, bolalar "o‘z shaxsiyatini shakllantirish bosqichidalar" va ulg‘aygani sari "o‘zining asl qiyofasini qabul qilishga" qiynalishi mumkin.
"Teri parvarishiga berilib ketgan bolalar asosan ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rganlaridan ta’sirlanadi.
"Shu tariqa, ularning o‘ziga bo‘lgan bahosi olgan "layk"lari soni yoki odamlarning izohlarda yozgan gaplariga bog‘liq bo‘lib qoladi."
"Pardozoreksiya" deb atalayotgan bu holat yangi hodisa bo‘lgani uchun uning uzoq muddatli psixologik oqibatlarini bilish qiyin. Biroq Stefananing aytishicha, uning so‘nggi tadqiqotlari bu holat tana dismorfik buzilishiga (TDB) o‘xshashini ko‘rsatmoqda. Bu tanadagi xayoliy nuqsonlar tufayli doimiy behalovat yashashga sabab bo‘ladigan ruhiy kasallik.
Uning aytishicha, hatto "pardozoreksiya" alomatlari kuzatilayotgan yetti-sakkiz yoshli bolalarda tashvish va xijolat alomatlarini ko‘rgan.
Uning aytishicha, bu holat shunchalik o‘tkir kechishi mumkinki, "ular kuchli uyat hissi tufayli maktabga borishni istamay qoladilar. Bu his ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlarini boshqalar bilan solishtirish va o‘zini yetarlicha go‘zal his qilmaslikdan kelib chiqadi".

Surat manbasi, Getty Images
London Universitet kollejining gender va ta’lim sotsiologiyasi professori Jessika Ringrouz ham bu fikrga qo‘shiladi. "Bolalar bu kabi kontentni ko‘rib, buni "farovon hayot", ideal turmush tarzi deb o‘ylamoqdalar.
"Agar o‘zlariga sotilayotgan bu "mukammal ko‘rinish" yoki "mukammal hayot"ga erisha olmasalar, demak, nimadadir muvaffaqiyatsizlikka uchrayapman, deb o‘ylay boshlaydilar."
TikTok bayonotiga ko‘ra, kompaniya o‘smirlarning onlayn himoyasi uchun maxsus himoya choralarini ko‘rmoqda va 18 yoshdan kichiklarga yo‘naltirilgan reklamaga ruxsat bermaydi. Shuningdek, o‘zining bildirishicha, kompaniya ota-onalarga farzandlari xavfsizligini ta’minlash uchun yordam va ma’lumot beradi, platformaning yoshlar kengashi orqali xizmat sifatini qanday yaxshilash borasida o‘smirlardan muntazam fikr-mulohaza olib turadi. Yoshlar, shuningdek, TikTok'dan dermatologlar tasdiqlagan maslahatlar orqali teri salomatligi haqida bilim olishi mumkin.
Instagram va Facebook kabi bir qator platformalarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi izoh so‘rovini javobsiz qoldirdi.
Ringrouz va men suhbatlashgan boshqa mutaxassislar aytishicha, bu muammo faqat ijtimoiy media kompaniyalari bilan bog‘liq emas, mas’uliyat mahsulot sotayotgan teri parvarishi brendlari va ota-onalarning o‘zlarida ham.
Ringrouz shunday qo‘shimcha qiladi: "Bir bola brend elchisi sifatida faoliyat yuritib, bu olamni boshqa bolalarga targ‘ib qilsa, bu holatni qonuniylashtirib qo‘yadi".
Biroq, shu bilan birga, biz doimo kengayib borayotgan raqamli dunyo bilan yonma-yon, ko‘pincha esa uning ichida yashayapmiz. Balki bu shunchaki ulg‘ayishning qo‘shimcha, ammo muqarrar murakkabligidir? Yosh qizlar shunchaki onlayn dunyoda omon qolish, balki hatto o‘sib-ulg‘ayish yo‘lini o‘rganayotgandir?
Stefana bu fikrga qo‘shilmaydi. Uning aytishicha, bolalar va yoshlar haqiqatda emas, faqat raqamli dunyoda mavjud bo‘lgan bir ko‘rinishga, estetikaga erishish uchun juda ko‘p vaqt va pul sarflamoqdalar.
"Hatto nima jozibali-yu, nima xunuk ekani haqidagi tushunchaning o‘zi ham o‘zgarib bormoqda", deydi u.
"Filtrlar va ijtimoiy tarmoq postlarida sun’iy intellektdan foydalanish bolalar ko‘rayotgan ayrim tasvirlarning hatto haqiqiy emasligini anglatadi. Demak, ular aslida yo‘q narsaga intilmoqdalar".

































