Mumbaydagi otishma: Bollivud va mafiya o‘rtasidagi aloqa yana tiklanyaptimi?

2014 yilda kino olamiga kirib kelgan aktyor Tayger Shroff jangari filmlardagi rollari bilan tanilgan.
Surat tagso‘zi, 2014 yilda kino olamiga kirib kelgan aktyor Tayger Shroff jangari filmlardagi rollari bilan tanilgan.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Yakshanba kuni kechqurun Bollivud aktyori Tayger Shroff futbol o‘ynash uchun Mumbayning Juhu mahallasiga bordi. Daraxtzorlarga boy bu badavlat hududda kino yulduzlari yashaydi, muxlislar to‘planadi va mashhur aktyorlarni ko‘chada uchratish odatiy hol.

Ammo 36 yoshli aktyor futbol maydonidan BMW avtomobilida chiqib ketayotganida o‘q ovozlari yangradi. Uning haydovchisi, shuningdek, aktyorni tasvirga olish uchun kelgan videobloger yaralandi.

Filmlarida murakkab jang sahnalari va oldindan puxta rejalashtirilgan qochish manzaralari ko‘p uchraydigan Shroff bu safar haqiqiy qurolli hujumdan omon qoldi.

Oradan to‘rt kun o‘tgan bo‘lsa-da, bu voqea hali ham Hindiston matbuotining asosiy mavzularidan biri bo‘lib turibdi. Tergov davomida oshkor bo‘layotgan har bir yangi tafsilot turli taxminlar, bir-biriga zid da’volar va ehtimoliy fitnalar haqidagi qarashlarni ko‘paytirmoqda.

Politsiya 10 nafar gumonlanuvchini qo‘lga olgan yoki hibsga olgan. Tergovchilar qurollar bir necha shtat orqali qanday yetkazilganini aniqlashga, shuningdek, hujumni amalga oshirganlikda gumonlanayotgan shaxslarga o‘tkazilgan pullarni tekshirishga harakat qilmoqda.

Bu suiqasd Hindistonning eng ashaddiy jinoyat olami yetakchilaridan biri sanalgan Lourens Bishnoy nomini yana kun tartibiga olib chiqdi.

Hujumdan ko‘p o‘tmay, ijtimoiy tarmoqlarda Bishnoy jinoiy guruhiga aloqador ekani aytilayotgan shaxsning postidan olingan skrinshot tarqaldi. Unda hujum uchun javobgarlik o‘z zimmasiga olingan edi.

Keyinroq yana bir audioyozuv paydo bo‘ldi. Unda o‘zini Anil Pandit deb tanishtirgan erkak hujum uchun javobgarlikni yana bir bor o‘z zimmasiga olib, Shroff aktyor Salmon Xon bilan aloqalari borligi uchun nishonga olinganini aytdi. Bishnoy esa bir necha yildan beri Salmon Xonga tahdid qilib keladi.

Biroq Mumbay politsiyasi bu da’volarni tasdiqlagani yo‘q. Shuningdek, Shroffga qilingan suiqasd ortida aynan Bishnoy guruhi turgani ham aniqlanmagan.

Tergovchilar hali ham hujumga kim buyurtma bergani va uning sabablarini aniqlashga urinmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Shroffga qilingan hujum Bollivudning taniqli vakillariga nisbatan tahdid va tajovuzlar zanjirining davomi bo‘ldi. Jumladan, 2024 yilda aktyor Salmon Xonning uyi oldida, joriy yil boshida esa kinorejissyor Rohit Shettining uyiga qarata o‘q uzilgan edi. Bu voqealar uyushgan jinoyatchilikning kino sanoatiga ta’siri yana kuchayayotgani haqidagi xavotirlarni jonlantirib, Mumbay tarixidagi qorong‘i davrni yodga soldi.

1990-yillar va 2000-yillarning boshlarida shahar jinoyat olami kino sanoati ustidan ulkan ta’sir kuchiga ega edi. Jinoiy guruhlar filmlarni moliyalashtirar, kinoijodkorlardan himoya evaziga pul talab qilar, ba’zan esa o‘z talablarini bajartirish uchun zo‘ravonlikka qo‘l urardi.

Politsiyaning ko‘p yillik amaliyotlari va kino sanoatiga yirik moliyaviy tashkilotlar sarmoyalarining asta-sekin kirib kelishi natijasidagina jinoiy guruhlarning bu sohadagi hukmronligiga barham berish mumkin bo‘ldi.

Endi esa deyarli har kuni yangi ayblovlar va taxminlar paydo bo‘layotgan bir paytda, Mumbay uchun o‘tmishda qolgandek tuyulgan savol yana kun tartibiga qaytdi: jinoyat olami Bollivudni yana o‘z nazoratiga olishga urinyaptimi?

Aktyor otishmada jarohatlandi.
Surat tagso‘zi, Aktyor otishmada jarohatlandi.

Mumbayda uyushgan jinoyatchilik eng kuchaygan davrda unga qarshi kurashganlar esa bu savolning javobi Shroffga qilingan suiqasddan kelib chiqib taxmin qilish mumkin bo‘lganidek oddiy emasligini aytishmoqda.

1998 yilda Mumbay politsiyasining Jinoyat qidiruv bo‘limiga rahbar etib tayinlangan D. Sivanandxan o‘sha davrlarni yaxshi eslaydi. Uning aytishicha, eng ashaddiy jinoiy guruhlar rahbarlari joylashgan Dubaydan qilingan birgina telefon qo‘ng‘irog‘i butun bir filmning taqdirini hal qilishi mumkin edi. Kim bosh rolni o‘ynashi, filmni kim moliyalashtirishi yoki uni tarqatishdan kim foyda olishi shu qo‘ng‘iroq orqali belgilanardi.

Xususiy sarmoyaga qaram bo‘lgan kino sanoatida sarmoyador bilan tovlamachi o‘rtasidagi chegara o‘ta nozik edi. Tahdidlar esa quruq gap emasdi. 1997 yilda musiqa sanoatining yirik namoyandasi Gulshan Kumar Mumbaydagi ibodatxona oldida otib o‘ldirildi. Uch yil o‘tib, kinorejissyor Rakesh Roshan o‘z hayotiga qilingan suiqasddan omon qoldi.

Sivanandxan Salmon Xon ishtirokidagi «Chori Chori Chupke Chupke» filmining moliyalashtirilishini ham tergov qilgan. Film prodyuseri va uning yordamchisi jinoyat olami bilan aloqalari uchun Maharashtra shtatidagi uyushgan jinoyatchilikka qarshi qonun asosida olti yildan qamoq jazosiga hukm qilingan. Filmga mablag‘ ajratgan shaxs esa bu aloqalar haqidagi ma’lumotlarni yashirgani uchun bir yillik qamoq jazosini olgan.

Politsiya filmning negativ tasmalarini musodara qilgan va oxir-oqibat film sud nazorati ostida ekranlarga chiqarilgan.

Jinoiy guruhlar har doim ham kino sanoatiga o‘z xohishini zo‘rlab o‘tkazmagan. Sivanandxanning eslashicha, ayrim kinoijodkorlar jinoyatchilarning pulini o‘z ixtiyori bilan izlab borgan. Bunday kelishuvlar har ikki tomonga ham foyda keltirgani uchun politsiyaga ularga barham berish oson bo‘lmagan.

Biroq Sivanandxan so‘nggi zo‘ravonliklarni o‘zi bir vaqtlar kurashgan mafiyaning qaytishi sifatida baholashga shoshilmayapti.

U ta’qib qilgan Dovud Ibrohim, Chhota Shakil, Arun Gavli va boshqa jinoyatchilar rahbarlari xorijdan turib faoliyat yuritgan taqdirda ham, ildizlari Mumbayga borib taqaladigan jinoiy tarmoqlarga mansub edi.

«Bu biz so‘nggi 60 yil davomida bilgan Mumbay mafiyasi emas, — deydi u. — Bu butunlay boshqa narsa».

Jinoiy guruh rahbari Lourens Bishnoy 2015 yildan beri qamoqda saqlanmoqda.
Surat tagso‘zi, Jinoiy guruh rahbari Lourens Bishnoy 2015 yildan beri qamoqda saqlanmoqda.

Ana shu yangi jinoiy hodisa endi Lourens Bishnoy nomi bilan chambarchas bog‘lanib qolgan. Hindiston shimolidan chiqqan va ko‘p yillardan beri qamoqda saqlanayotgan bu jinoiy guruh rahbari xalq orasida deyarli afsonaviy vahima timsoliga aylangan. Aytishlaricha, u qamoqdan turib turli qit’alardagi qurolli jinoyatchilarni boshqaradi. Uning nomi bilan tahdidlar qilinadi, jinoyatlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oluvchi bayonotlar esa internetda bir zumda tarqaladi.

Bishnoy 1998 yildagi noqonuniy ov ishi tufayli Salmon Xonga ochiqdan-ochiq tahdid qilib keladi. O‘sha ish Bishnoy jamoasi muqaddas deb biladigan qora ohularni ovlash bilan bog‘liq edi.

2024 yil aprelida qurollangan shaxslar Mumbaydagi Salmon Xon uyi oldida besh marta o‘q uzgan. Oradan olti oy o‘tib, Xon va boshqa aktyorlarga yaqin bo‘lgan siyosatchi Bobo Siddiqiy o‘ldirilgan.

Mumbay politsiyasi har ikki hujumni Bishnoy jinoiy guruhi bilan bog‘lagan. Biroq Siddiqiyning o‘ldirilishida Lourens Bishnoyning shaxsan ishtirok etgani aniqlanmagan.

Uning jinoiy tarmog‘iga qo‘yilayotgan ayrim ayblovlar politsiya tergovlari bilan tasdiqlangan, boshqalari esa hali isbotini topmagan. Ammo jamoatchilik tasavvurida bu guruh haqiqatan sodir etgan jinoyatlar bilan uning nomidan tarqatilayotgan da’volar o‘rtasidagi chegara xiralashib ketmoqda. Bu esa Bishnoyning jinoyat olamidagi shuhratiga zarracha putur yetkazmayapti.

Mumbay politsiyasining sobiq komissari Rakesh Mariya Bishnoyni avvalgi avlod jinoyatchilaridan ko‘ra zamonaviy texnologiyalarni yaxshiroq o‘zlashtirgan va xalqaro aloqalari kengroq bo‘lgan yangi avlod jinoiy guruh rahbarlariga misol qilib keltiradi.

«Eski jinoyat olamining faoliyati ko‘zga tashlanib turardi va muayyan hududlar bilan cheklangan edi. Yangi jinoiy tarmoqlar esa tarqoq, o‘zgaruvchan va shu bois ularning iziga tushish ancha qiyin», — degan Mariya o‘tgan yili The Print nashriga.

«Endi ular shaharni nazorat qilish uchun o‘sha yerda yashashlari shart emas».

Bishnoy jinoiy guruhi 2024 yilda Bobo Siddiqiyning (o‘ngda) o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, bunga uning Salmon Xon (chapda) bilan yaqin aloqalarini sabab qilib ko‘rsatgan.
Surat tagso‘zi, Bishnoy jinoiy guruhi 2024 yilda Bobo Siddiqiyning (o‘ngda) o‘ldirilishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, bunga uning Salmon Xon (chapda) bilan yaqin aloqalarini sabab qilib ko‘rsatgan.

Jinoyat olami va Bollivud o‘rtasidagi munosabatlar yana bir jihatdan o‘zgargan: endi jinoyatchilarning jamoatchilik oldidagi qiyofasini kim shakllantirishi ham boshqacha tus olgan.

1990-yillarda Bollivudning o‘zi Mumbayning qo‘rqinchli jinoyat olami vakillarini odamlarda qiziqish uyg‘otadigan qahramonlarga aylantirishga hissa qo‘shgan edi. «Satya» (1998) va «Kompaniya» (2002) kabi filmlar jinoyat olamining shafqatsiz hayotini boricha, o‘ta realistik tarzda tasvirladi. Aktyor Manoj Bajpayining «Satya» filmidagi jinoyatchi Bhiku Mhatre obrazi esa, kinoshunos Ashvin Immanuel Devasundaram ta’biri bilan aytganda, «afsonaviy va ramziy qahramonga» aylandi.

Devasundaram Bi-bi-siga aytishicha, o‘sha davrdagi qo‘rquv va jinoyat olamiga bo‘lgan qiziqish «jamiyatning umumiy xotirasiga chuqur muhrlanib qolgan».

Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir yangi hujum o‘sha xotiralarni yana jonlantiradi. Ammo bugungi jinoyatchilar o‘zlari haqida afsonalar yaratish uchun endi kinoga muhtoj emas.

Ijtimoiy tarmoqlar ularga o‘z qiyofasini mustaqil shakllantirish imkonini bermoqda. Ular tahdidlar, jinoyatlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oluvchi bayonotlar va ataylab sahnalashtirilgan suratlarni tarqatib, Mumbaydan ancha olisdagi auditoriyaga ham yetib bormoqda.

Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi otishmadan keyin politsiya Salmon Xon va Rohit Shettining uylari atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Butun Hindiston kino xodimlari uyushmasi esa kuchliroq himoya talab qilib, shunday savol qo‘ygan:

«Bugun Tayger Shroff nishonga olindi. Keyingi qurbon kim bo‘ladi?»

Hozircha jinoiy tarmoqlar Bollivudning moliyaviy ishlari va qarorlari ustidan avvalgi ta’sirini qayta tiklaganini ko‘rsatuvchi jiddiy dalillar deyarli yo‘q.

Biroq so‘nggi hujumlar kino sanoatining boshqa bir zaif jihatini ochib berdi.

Endi jinoyatchilar butun bir sohani qo‘rquvda ushlab turish uchun uni nazorat qilishlari shart emas. Millionlab odamlarning telefon ekranlari orqali keng tarqalgan bittagina suiqasd haqidagi xabar ham qo‘rquvni bevosita nishonga olingan shaxsdan ancha uzoqlarga yoyishi mumkin.

Mumbay jinoiy guruhlariga qarshi yillar davomida kurashgan Sivanandxan hatto eng kuchli xavfsizlik choralarining ham chegarasi borligini yaxshi biladi.

«Har qanday sovutning zaif joyi bo‘ladi», — deydi u.