So‘nggi Ukraina dron hujumlarida o‘zbekistonliklar halok bo‘ldi

Surat manbasi, t.me/sotavisionmedia
10 avgust kuni Tataristonning Nijnekamsk shahriga qilingan Ukraina dron hujumlari oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi.
O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasiga ko‘ra, qurbonlarning yetti nafari O‘zbekiston fuqarolari.
Tatariston rasmiylari halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bor deb xabar berdilar.
Nijnekamsk shahri hokimi Radmir Belyaev besh yashar qiz ham hayotdan ko‘z yumganini xabar qildi.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi hayotdan ko‘z yumgan insonlarning shaxsini to‘liq oshkor qilmagan, faqat bosh harflarini keltirgan: A.D.K., U.S.A., B.O.M., A.R.E., X.D.R., X.F.F. va I.D.F.
Hozircha rasmiy idoralar halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning qaysi korxonada ishlagani, qaysi viloyatdan ekani yoki hujum vaqtida aynan qaerda bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Hujumning asosiy nishoni sifatida Tataristonning Nijnekamsk shahridagi sanoat hududidagi neft va neftь-kimyo ob’ektlari tilga olinayapti.
Xususan, Ukraina Bosh shtabi «TANYeKO» neftni qayta ishlash zavodiga zarba berilganini bildirdi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qator xalqaro va mahalliy nashrlar zavod hududida yong‘in chiqqanini xabar qildi.
Tatariston hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, 75 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov respublika bo‘ylab motam e’lon qilindi, bayram tadbirlari bekor qilindi.
Ko‘p sondagi dronlar hujumi ertalabki soat 8:30 da ro‘y bergan.
Rossiyaning boshqa hududlaridagi singari Tataristonda ham dronlar hujumi oldini olish maqsadida mobil telefon aloqasi va Internet uzilgan, ko‘plab insonlar yaqinlarining qaerdaligini bilolmay qiynalganlar.
Rasmiylar portlashlar ro‘y bergan inshootlar va joylarini e’lon qilmayaptilar.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda dron hujumlari Nijnekamsk shahrining Shkolnыy bulvar deb nomlangan ko‘chasida kuzatilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Bu ko‘chada "Kovyor" Yoshlar tashabbus markazi, talabalar mehnat otryadlari markazi, yotoqxona, "Kama" mehmonxonasi joylashgani xabar qilinadi.
Rasmiylar Shkolnыy bulvardagi maktab binosi shikastlanganini ma’lum qildilar.






























