Pentagon e’lon qilgan NUJ hujjatlaridan nimalarni o‘rgandik?
- Author, Sakshi Venkatraman
- Author, Rebekka Pieder
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Pentagon NUJ (noma’lum uchar jism) lar haqida e’lon qilgan oxirgi hujjatlar to‘plamida Yerdagi odamlar va Oydagi fazogirlar qayd etgan kuzatuvlar ham bor.
O‘nlab yillarni qamrab olgan ushbu hujjatlar AQSh prezidenti Donald Trampning ko‘rsatmasiga binoan juma kuni maxfiylikdan chiqarilib, internetga joylashtirildi. Tramp "ulkan qiziqish tufayli" ularni e’lon qilishini yil boshida aytgan edi.
AQShda so‘nggi yillarda o‘zga sayyoraliklarga qiziqish qayta jonlandi. 2022-yilda Kongress so‘nggi 50 yil ichida ilk bor NUJlar bo‘yicha tinglov o‘tkazdi, harbiylar esa bu masalada shaffoflikni oshirishga va’da berdi.
161 ta fayl Mudofaa vazirligi veb-saytiga joylashtirilgan bo‘lib, kelajakda yana ko‘proq hujjatlar e’lon qilinishi kutilmoqda.
Men "mana bu yaltiroq narsaga qarang" qabilidagi tashviqotdan juda charchadim.
Sobiq prezident Barak Obama fevral oyidagi intervyusida o‘zga sayyoraliklar "haqiqatan ham bor, lekin men ularni ko‘rmaganman" deb, bu mavzuga qiziqishni yanada kuchaytirgan edi.
Shundan so‘ng Obama o‘z fikrlariga aniqlik kiritib, statistik jihatdan olib qaraganda, koinotda hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli borligini, biroq prezidentlik davrida bunga "hech qanday dalil" ko‘rmaganini ta’kidladi.
O‘sha oyning oxirida Tramp Pentagonga "o‘zga sayyoraliklar va yerdan tashqaridagi hayot, noma’lum havo hodisalari (NHH) hamda noma’lum uchar jismlar (NUJ) bilan bog‘liq" fayllarni e’lon qilishni buyurdi.
Juma kuni e’lon qilingan fayllar orasida o‘nlab yillar davomida maxfiy saqlangan harbiy yozishmalar, "Apollon"ning Oyga parvozi hisobotlari va kelib chiqishi yerdan tashqarida deb gumon qilingan NUJni ko‘rganini da’vo qilgan shaxslarning xabarlari mavjud.
"Apollon" fazogirlari yorug‘lik chaqnashlari haqida gapirgan

Surat manbasi, US Department of Defense
Fayllar orasida 1960-va 1970-yillardagi "Apollon-11", "Apollon-12" va "Apollon-17"ning Oyga qo‘nish missiyalari bortida bo‘lgan fazogirlarning avval maxfiy bo‘lgan suhbat yozuvlari (stenogrammalari) bor.
"Apollon-11" missiyasining mashhur fazogiri Bazz Oldrin 1969-yilda bergan va juma kuni e’lon qilingan intervyusida Oyga safari chog‘ida bir nechta tushuntirib bo‘lmaydigan hodisalarni ko‘rganini aytgan.
"Men juda yorqin yorug‘lik manbasini kuzatdim, biz uni taxminan lazer bo‘lishi mumkin deb hisobladik," deydi u.
Suhbat yozuvlariga ko‘ra, 1969-yilda Oyda yurgan "Apollon-12" fazogiri Alan Bin missiya davomida "kosmosda suzib yurgan" zarrachalar va yorug‘lik chaqnashlarini ko‘rganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarrachalar "go‘yo Oydan chiqib ketayotgandek" ko‘ringan.
1972-yildagi "Apollon-17" missiyasining ikki fazogiri ham kema bortida miltillovchi yorug‘likni ko‘rganini xabar qilgan. Fazogir Jek Shmitt "Bu yerda xuddi To‘rtinchi iyul (Mustaqillik kuni) salyutlaridek!" degan ekan o‘shanda. Ular yorug‘lik muz bo‘laklaridan qaytgan aks bo‘lishi mumkinligini ham qo‘shimcha qilishgan.
E’lon qilingan fayllarning yana birida 1965-yilgi "Gemini 7" kosmik parvozining audioyozuvi bo‘lib, unda fazogir Frenk Bormanning Yer bilan aloqasi aks etgan. U NASA missiyani boshqarish markaziga noma’lum jismni ko‘rgani haqida xabar berib, kosmik kemaning chap tomonida ko‘ringan "noma’lum ob’ekt" va "trillionlab mayda zarrachalar"ni tasvirlagan.
Yorug‘lik ichidan paydo bo‘lgan muallaq jismlar
Fayllarda e’lon qilingan o‘nlab yillik hisobotlar orasida noma’lum anomal hodisalar kuzatilgani haqidagi o‘nlab shaxsiy xabarlar ham mavjud.
Bir hujjatda keltirilishicha, 1957-yilda bir kishi FQBga bergan intervyusida yerdan ko‘tarilayotgan katta, dumaloq transport vositasiga guvoh bo‘lganini aytgan. Shuningdek, 2023-yil sentyabr va oktyabr oylarida AQSh fuqarolari yorqin nur ichidan paydo bo‘lib, havoda muallaq turgan metall jismlarni ko‘rgani haqida xabar bergan intervyular ham bor.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Iroq, Suriya va BAAdagi harbiy kuzatuvlar
Fayllar orasida AQSh harbiylari tomonidan 2022-yilda Yaqin Sharqda olingan videokliplar ham bor.
Iroq, Suriya va Birlashgan Arab Amirliklarida olingan kadrlarda Pentagon veb-sayti "echimi topilmagan noma’lum anomal hodisa" deb atagan holat aks etgan.
Yaqin Sharqning oshkor etilmagan bir hududida 2022-yilda olingan video tasvirda oval shaklidagi jismning chapdan o‘ngga tez uchib o‘tgani tasvirlangan va unga ilova qilingan hisobotda bu "ehtimoliy raketa" deb belgilangan.
"Bu yaxshi birinchi qadam, lekin bizga ko‘prog‘i kerak", deydi qonunchilar
Tennessi shtatidan respublikachi kongressmen Tim Berchett avvalroq NUJ kuzatuvlari bo‘yicha hukumatning shaffofligini oshirishni qo‘llab-quvvatlagan edi. U Pentagonning fayllarni e’lon qilganini olqishlab, X ijtimoiy tarmog‘idagi postida buni "ajoyib boshlanish" deb atadi.
Floridalik respublikachi kongressmen Anna Paulina Luna ham bu masalada shaffoflik tarafdori. U o‘z bayonotida ushbu oshkor qilishni "to‘g‘ri yo‘nalishdagi ulkan birinchi qadam" deb atadi.
Biroq, Trampning sobiq ittifoqchi, prezident bilan munosabatlari sovuqlashib, Kongressni tark etgan sobiq kongressmen Marjori Teylor Grinning aytishicha, bu hujjatlarning e’lon qilinishi amerikaliklar duch kelayotgan narxlarning qimmatlashuvi va Erondagi urush kabi dolzarbroq masalalardan chalg‘itishdir.
"Men "mana bu yaltiroq narsaga qarang" qabilidagi tashviqotdan juda charchadim", deydi Grin X'dagi postida.






























