"Qizlarga achinaman". Marjonaning kitobi nega chala qolmoqda?

O‘zbek milliy kelin libosidagi qiz boshiga harir ro‘mol tashlab, salom bermoqda.

Surat manbasi, Getty Images/UCG/Contributor

Surat tagso‘zi, Illyustratsiya uchun ishlatilgan rasm. Tasvirdagi qizning maqola qahramoniga aloqasi yo‘q.
    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qirg‘izistonlik 18 yoshli Marjona (ismi o‘zgartirildi) bir necha oydan beri qizlarning ta’lim va turmush qurish huquqlariga bag‘ishlangan psixologik-adabiy asar yozmoqda. Biroq u kitobi chala qolishi mumkinligidan xavotirda, chunki ota-onasi uni yaqin orada turmushga uzatmoqchi.

Marjona mamlakat aholisining qariyb 15 foizini tashkil etuvchi va asosan Farg‘ona vodiysi hududlarida istiqomat qiluvchi etnik o‘zbeklar jamoasidan. Aytishicha, u o‘sgan muhitda ko‘plab qizlarning taqdiri o‘xshash: maktab, turmush qurish va ta’limni to‘xtatish.

"Men asar orqali qizlarning taqdiri, ta’lim olish huquqi va erta nikohning oqibatlari haqida gapirishni istaganman. Shu orqali jamiyatdagi qarashlar o‘zgarishiga oz bo‘lsa ham hissa qo‘shishni orzu qilaman", - deydi Marjona.

Qizning aytishicha, u barcha qizlar shunday taqdirni boshidan kechiradi demoqchi emas, biroq o‘zi yashagan muhitda bu muammo mavjudligini ko‘rib katta bo‘lgan.

BBC O‘zbek muxbiri Marjona yozayotgan asar bilan tanishib, videointervyu tasvirga olgan. Ammo qiz va uning onasi uni e’lon qilmaslikni so‘ragani sababli, tahririyat faqat matnli iqtiboslarni keltirmoqda.

"Men qizlarimizga achinaman. Ularga jamiyatning qarorlari va mentalitetdagi ba’zi cheklovlar beton kabi singdirilgan. Qizlar bilim olishi kerakligiga nafaqat jamiyatning ayrim qatlamlarini, balki shunday qarashlar bilan katta bo‘lgan qizlarning o‘zini ham ishontirish juda qiyin. Odamlarning dunyoqarashini nasihat bilan emas, adabiy asarlardagi qahramonlar orqali o‘zgartirish mumkinligini tushunib yetdim" - deydi qiz.

Qonun va ijtimoiy reyting

Qirg‘iziston konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat dunyoviy davlat bo‘lib, qonunchilikda ayollar va erkaklarga ta’lim olishda teng huquqlar kafolatlangan. Biroq kuzatuvchilar ayrim jamoalarda huquqiy kafolatlar va ijtimoiy amaliyot o‘rtasida tafovut borligini ta’kidlaydilar. Ayrimlar buni diniy qarashlarga ham bog‘lashadi.

Lekin yoshlar bilan 15 yildan ortiq ishlab kelayotgan jamoat faoli Aqilay Karimovaning fikricha, muammoning ildizini faqat diniy yoki milliy an’analar bilan izohlab bo‘lmaydi:

"Mahalliy jamoalarda yozilmagan ijtimoiy reyting tizimi bor. Ya’ni, qizning turmush qurishi, kasb tanlashi yoki ta’lim olishi uning shaxsiy xohishidan ko‘ra, jamiyatning kutishlari bilan belgilanadi. Bu faqat o‘zbeklarga xos emas, qirg‘iz jamoalarida ham uchraydi. Ammo o‘zbeklar ixcham yashaydigan hududlarda bu tizim kuchliroq ishlaydi", - deydi Karimova.

Uning ta’kidlashicha, bu norasmiy bosim oilalarning qarorlariga bevosita ta’sir qiladi.

"Asosiy savol davlat kafolatlagan huquqlar amalda qay darajada ishlayotganida. Qonunlar muhim. Ammo ular insonning kundalik hayotida ishlamasa, huquq qog‘ozda qolib ketadi. Shuning uchun muammoni qizlar va ayollarning huquqlari, xavfsizligi va erkin tanlovini amalda ta’minlaydigan mexanizmlar nuqtai nazaridan ko‘rish kerak".

Noutbukka qarab o‘tirgan Aqilay Karimova

Surat manbasi, Taqdim

Surat tagso‘zi, Aqilay Karimova
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Muammoning yana bir tomoni ta’lim sifati va iqtisodiy omillarga borib taqaladi. Jamoat faolining so‘zlariga ko‘ra, ayrim oilalar diplomning kelajakni ta’minlashiga ishonmagani sababli turmush qurishni barqarorroq yo‘l deb biladi.

"Ilgari diplom kelajak kafolati hisoblanardi. Ammo buning uchun ikki shart kerak: sifatli ta’lim va olingan bilimga mehnat bozorida talab bo‘lishi. Agar bu ikkisi bo‘lmasa, odamlar ta’limni emas, oila institutini tanlaydi. Men qizini o‘qitmagan ota-onalarni qoralamayman. Agar davlat sifatli ta’lim va munosib ish o‘rinlarini kafolatlay olsa, ta’limning qadri ham oshardi. Bu borada mamlakat yutqazmoqda. ", - deya qo‘shimcha qiladi Aqilay Karimova.

Jalolobodlik taksi haydovchisi Abduqodirning qarashlari ham ushbu yondashuvni tasdiqlaydi:

"Qizim 19 yoshga kiryapti. Uni universitetga berishni o‘ylaganman. Ammo baribir keyin ish topishi qiyin bo‘lishi mumkin, deb o‘yladim. Shuning uchun hozir yaxshi tikuvchiga shogird qilib qo‘ydim. Yaqinda turmushga uzataman. O‘qish yomon emas, lekin hayotda oila ham katta o‘rin tutadi".

O‘shdagi istirohat bog‘ida kitob o‘qib borayotgan qiz.

Surat manbasi, Taqdim/Azamat Alimqulov

Surat tagso‘zi, O‘shdagi istirohat bog‘ida kitob o‘qib borayotgan qiz.

Ijobiy o‘zgarishlar va saqlanib qolayotgan xavflar

UNICEFning 2023 yildagi bayonotiga ko‘ra, Qirg‘izistonda to‘qqizinchi sinfdan keyin qizlarning ta’limni davom ettirish ko‘rsatkichlari deyarli 90 foizga pasayadi. MICS tadqiqoti natijalari shuni ko‘rsatadiki, mamlakatdagi 20–24 yoshli ayollarning 12 foizi 18 yoshga to‘lmasdan turmush qurgan (rasmiy statistikada etnik bo‘linish berilmaydi).

Shuningdek, Qirg‘iziston Ombudsman institutining 2025 yilgi hisobotida ham voyaga yetmaganlar homiladorligi va erta nikoh muammosi saqlanib qolayotgani qayd etilgan.

Mamlakatda 2016 yilda voyaga yetmaganlarni diniy nikohdan o‘tkazgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi erta nikohlar sonini qisman kamaytirgani aytiladi.

O‘shlik mustaqil jurnalist Shohrux Soipov 19 yoshli qizini tibbiyot oliygohida o‘qitishni tanlagan. U buni nafaqat qizining xohishi, balki hududda malakali ayol shifokorlarga bo‘lgan yuqori ehtiyoj bilan izohlaydi:

"Ko‘p hollarda qizlarning kelajagi haqidagi qarorni ota-onasi qabul qiladi. Bu esa ko‘plab iqtidorli qizlarning salohiyati to‘liq ro‘yobga chiqmasligiga sabab bo‘ladi. Oliy ta’limni tanlayotgan o‘zbek qizlari soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, ularning katta qismi hali ham pedagogika yoki tibbiyot kabi an’anaviy yo‘nalishlar bilan cheklanmoqda", - deydi u.

iqtibos
Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Mahalliy deputatlar roli va ochiq qolgan savol

Muammoni faqat faollar va oilalar darajasida hal qilish imkonsizligini mahalliy hokimiyat vakillari ham tan oladilar. O‘sh shahar kengashi deputati Xulkar Isamovaning ta’kidlashicha, qizlarning ta’lim olishi va erta nikoh masalasi hali ham juda dolzarb va ma’muriy choralar keng jamoatchilik ko‘magisiz kutilgan natijani berishi qiyin:

"Erta nikoh va qizlarga oliy ta’lim berish faqat qonun bilan hal bo‘ladigan muammo emas. Zamirida oila, tarbiya va iqtisodiy omillar yotadi. Deputat sifatida vazifam bu masalani doimiy ko‘tarish va qizlarning huquqlarini himoya qilishdan iborat. Lekin ayrim qarashlarni qisqa vaqt ichida o‘zgartirish oson emas".

Shaxsiy va oilaviy qarorlar chorrahasida turgan Marjona esa kitobini yozishda davom etmoqda. Lekin baribir asari chala qolishidan tashvishda.