Nega Saudiya Arabistoni AQShga qo‘shilib hujum qilmoqda?

Surat manbasi, AFP
Saudiya Arabistoni va AQSh Iroqdagi Eron tomonidan dastaklangan qurolli guruhlarga qarshi zarbalar berilganini ma’lum qilishdi.
Bu holat Yaqin Sharqdagi mojaroning yanada keskinlashishi ehtimolini kuchaytirishi aytilgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ning ma’lum qilishicha, zarbalar "Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tomonidan AQSh kuchlari va Saudiyaning energetika infratuzilmasiga hujum qilish ko‘rsatmasi berilgan Eronparast terroristik guruhlar"ga qarshi amalga oshirilgan.
Iroqning tarkibida Eron qo‘llab-quvvatlaydigan shia harbiylashgan guruhlari ustunlik qiladigan yarim harbiy Xalq Safarbarlik Kuchlari AQSh va Saudiya zarbalari natijasida o‘z bazalarida kamida 20 nafar a’zosi halok bo‘lganini bildirdi.
Bu hodisa CENTCOM Eron Yaqin Sharqdagi AQSh kuchlariga qarshi "kutilmagan hujum urinishi" sifatida raketalar uchirganini ma’lum qilganidan bir necha soat o‘tgach ro‘y bergan. Bu tomonlar o‘rtasidagi nisbiy sukunat davri yakunlangani belgisi bo‘lishi mumkin.
Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri TikTok post
Hujumlar qachon va qanday ro‘y berdi?
AQShning ma’lum qilishicha, Eron raketa hujumlari seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan va barcha raketalar "muvaffaqiyatli tarzda urib tushirilgan".
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi esa raketalar Iordaniyadagi AQSh harbiy-havo bazasi va qo‘mondonlik markazini nishonga olganini, bu "amerikalik bolalar qotili armiyasining tajovuzkor harakatlariga javob" ekanini bildirgan.
Shuningdek, Islom inqilobi qo‘riqchilari dengiz kuchlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozida uchta neft tankeriga zarba berganini ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, mazkur kemalar ogohlantirishlarga amal qilmay, hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan Fors ko‘rfazi suv yo‘li orqali "xavfsiz bo‘lmagan va noqonuniy yo‘nalish" bo‘ylab harakatlangan.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
CENTCOM bayonotiga ko‘ra, AQSh va Saudiya qiruvchi samolyotlari so‘nggi 72 soat ichida Islom inqilobi qo‘riqchilari ko‘rsatma bergan 30 dan ortiq havo droni hujumlariga javoban Iroqning sharqiy qismidagi "terrorchilarga tegishli bir nechta logistika va qurol-yarog‘ ob’ektlari"ga zarba bergan.
Qo‘mondonlik dron hujumlarini "asossiz" deb atadi hamda ular muvaffaqiyatsizlikka uchraganini qo‘shimcha qildi.
"Islom inqilobi qo‘riqchilari va uning terrorchi vakil kuchlari bu hujumlarni to‘xtatishi kerak, aks holda AQShning qo‘shimcha harbiy javobiga yuz tutadi", deyiladi CENTCOM bayonotida.
Saudiya mudofaa vazirligi matbuot kotibi, general-mayor Turkiy al-Malikiy ham "Eron qo‘llab-quvvatlaydigan terroristik guruhlarni" larni dushanba va seshanba kunlari Iroq hududidan Saudiyaning Sharqiy viloyati va Ar-Riyod mintaqasidagi neftь inshootlari tomon dron hujumlarini amalga oshirganlikda aybladi.
Uning aytishicha, Saudiya Arabistoni "o‘zini himoya qilish huquqi"dan kelib chiqib, ushbu guruhlarga tegishli muayyan nishonlarga zarbalar bergan.
"Saudiya Qirolligi mojaroni kengaytirishni istamaydi, biroq unga qarshi qaratilgan har qanday tajovuzga qat’iy javob qaytaradi", dedi u.
Iroqdagi Xalq Safarbarlik Kuchlari chorshanba tongida tarqatgan bayonotida Bog‘dod, Vosit, Naynavo, Basra, Kirkuk, Karbalo va Diyola viloyatlaridagi bir qator qarorgohlariga berilgan AQSh-Saudiya zarbalari oqibatida kamida 20 nafar jangchisi halok bo‘lgani, yana 32 kishi yaralanganini bildirdi.
AFP agentligiga gapirgan rasmiy shaxsning aytishicha, shimoldagi Naynavo va markaziy Diyola viloyatlaridagi zarbalar eng ko‘p qurbonlarga sabab bo‘lgan.
Xalq Safarbarlik Kuchlari o‘z bayonotida bu hujumlarni "xiyonatkorona terrorchilik hujumlari" deb atab, ularni o‘ta jiddiy keskinlashuv va Iroq hududiy yaxlitligining buzilishi, mamlakatning rasmiy xavfsizlik tuzilmalariga qaratilgan zarba" sifatida baholadi.
Xalq Safarbarlik Kuchlari kuchlari kim?
Iroq Xalq Safarbarlik Kuchlari asosan shia mazhabidagi musulmon harbiylashgan guruhlardan tashkil topgan birlashma bo‘lib, rasman Iroq qurolli kuchlari tarkibiga kiritilgan. Uning tarkibida Tehron Yaqin Sharq bo‘ylab o‘z manfaatlarini ilgari surish uchun yillar davomida foydalanib kelgan kuchlar tarmog‘iga kiruvchi bir qator guruhlar ham bor.
Bu harbiylashgan guruhlar Iroqdagi AQSh harbiylari va manfaatlariga bir necha bor hujum uyushtirgan. Ularning maqsadi mamlakatda qolgan AQSh qo‘shinlarini chiqib ketishga majbur qilishdan iborat. AQSh esa muntazam ravishda bu guruhlarga qarshi javob zarbalarini berib keladi.
Reuters agentligi Eron davlat televideniesida Eron mudofaa sohasidagi rasmiy manbaning so‘zlarini keltirib, Tehronning Saudiyaga qarshi dron hujumlariga aloqadorligini rad etgan so‘zlarini xabar bergan.
Bu manba mintaqadagi AQSh manfaatlariga qarshi hujumlarni Eron bilan bog‘lashni "katta xato", deb atagan.
Mojaro keskinlashayotgani belgilari

Surat manbasi, AFP
AQSh va Eron o‘rtasida yana avj olgan qarama-qarshiliklar prezident Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yuzasidan bahsni hal qilish uchun "juda do‘stona muzokaralar" haqida gapirganidan ikki kun o‘tgach sodir bo‘ldi. O‘sha paytda ikki tomon ketma-ket uch kun davomida bir-biriga zarba bermagan edi.
Bu nisbiy sukunat AQShning ketma-ket 13 kecha davom etgan bombardimonlaridan keyin yuzaga kelgandi.
Vashington bu hujumlar orqali Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tishga urinayotgan tijoriy kemalarga hujum qilish imkoniyatlarini cheklash maqsadida Eronning qurol-yarog‘ va harbiy ob’ektlarini nishonga olganini aytgan. Zarbalarda o‘nlab odam halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Eron esa AQSh hujumlariga javoban qo‘shni arab davlatlaridagi Amerika harbiy ob’ektlarini raketa va dronlar bilan nishonga olgan. Iordaniya va Iroqda AQShning to‘rt nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirish va uni nazorat qilish masalasi AQSh hamda Eron o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning asosiy nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Eron rasmiylari esa bunday muzokaralar aslida umuman bo‘layotganini ham rad etib keladi.
Chorshanba kuni neft narxlari jahon bozorlaridagi erta savdolarda yana ko‘tarildi. Neft tijoratchilari mojaroning kuchayishi bo‘g‘oz orqali energiya tashuvlariga yanada katta to‘siq tug‘dirishidan xavotirdalar.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi fevral oyi oxirida AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon amalda yopiq qolmoqda.
Osiyo bozorlaridagi ertalabki savdolarda xalqaro etalon hisoblangan Brent nefti narxi 4,3 foizga oshib, barreli 87,70 dollarga yetdi.
So‘nggi zarbalar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Vashingtonga tashrifi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Janob Netanyahu Oq uyda Tramp bilan uchrashdi hamda Eronga nisbatan qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan AQSh senatori Lindsi Gremning dafn marosimida qatnashdi.
Pentagonning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp fevral oyida Eronga qarshi zarbalar berishni buyurganidan buyon kamida 624 nafar AQSh harbiy xizmatchisi yaralangan.






























