O‘zbekistonda tug‘ilishlar kamaymoqda: Xavotirlar o‘rinlimi?

To'y

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

So‘nggi ikki yil davomida O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni izchil pasaymoqda. Bir qarashda bu raqamlar demografik inqiroz boshlanayotgandek tuyulishi mumkin. Ammo ekspertlar hozircha bu kabi keskin xulosalar chiqarishga shoshilmayapti.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda 879,6 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 5,1 foizga kam. 2026 yilning birinchi yarmida ham tug‘ilishlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 32 ming nafardan ziyodga qisqargan.

Boshqa tomondan O‘zbekiston aholisi o‘sishda davom etmoqda. Mamlakat aholisi 38 millionlik marrani bosib o‘tdi.

Agar o‘tgan yilning shu davrida aholining yillik o‘sishi 2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil mazkur ko‘rsatkich 1,7 foizga tushgan.

O‘zbekistonda hozircha demografik inqiroz taxdid solmayotgan bo‘lsa-da, tug‘ilishning yildan yilga tushayotgani xavotir uyg‘otgan.

Bu demografik inqirozmi?

Iqtisodchi Mirkomil Xolboevning fikricha, hozirgi jarayonni oilalar farzand ko‘rishdan voz kechayotgani bilan izohlashga erta. Uning fikricha, jarayonning asosiy sabablaridan biri demografik tarkibdagi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Ya’ni, 1990-yillar oxiri va 2000-yillar boshida tug‘ilishlar nisbatan kam bo‘lgan davrda dunyoga kelgan avlod hozir farzand ko‘rish yoshiga kirib kelmoqda.

Natijada reproduktiv yoshdagi aholi soni avvalgi avlodlarga nisbatan kichikroq bo‘lib chiqyapti.

Demografiyada bu holat "demografik inertsiya" deb ataladi.

Aslida bu jarayon ko‘plab mamlakatlarda kuzatilgan. Agar ma’lum bir davrda tug‘ilishlar kamaysa, 20-30 yil o‘tib ana shu kichik avlodning farzand ko‘rish davri kelganida umumiy tug‘ilishlar soni yana qisqaradi. Bu hatto har bir oiladagi farzandlar soni o‘zgarmagan taqdirda ham ro‘y berishi mumkin.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistondagi bugungi jarayon ma’lum darajada tabiiy demografik siklning natijasi hisoblanishi mumkin.

Lekin yangi ijtimoiy omillar ham kuchaymoqda

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Mutaxassislarni o‘ylantirayotgan jihat shundaki, tug‘ilishlar qisqarishi bilan bir vaqtda nikohlar soni ham kamaymoqda.

Statistikaga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida mamlakatda bor-yo‘g‘i 92,3 ming nikoh ro‘yxatga olingan. Bu pandemiya yillaridan beri kuzatilmagan darajada past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ayni paytda ajralishlar soni 24,8 mingtani tashkil etgan.

Bu raqamlar O‘zbekiston oila institutida ham ma’lum o‘zgarishlar kechayotganini ko‘rsatadi.

So‘nggi yillarda yoshlarning ta’lim olish davri uzaymoqda, mehnat migratsiyasi kuchaymoqda, shaharlashuv sur’atlari ortib bormoqda. Bularning barchasi oila qurish va farzandli bo‘lish qarorlariga ta’sir ko‘rsatadi.

Bugungi yoshlar uchun avvalgi avlodlarga nisbatan ta’lim, kasb, uy-joy va moliyaviy barqarorlik masalalari muhimroq ahamiyat kasb etmoqda. Natijada birinchi nikoh yoshi ham, birinchi farzand tug‘ilishi yoshi ham asta-sekin yuqorilab bormoqda.

Bu tendentsiya nafaqat O‘zbekistonga, balki Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlariga xosdir.

Qozog‘iston tajribasi: O‘zbekiston uchun muhim misol

chaqaloq

Surat manbasi, Getty Images

O‘zbekiston holatiga eng yaqin misollardan biri Qozog‘iston hisoblanadi.

Qozog‘istonda 2021 yil pandemiyadan keyin tug‘ilishlar rekord darajaga chiqqan edi. Biroq keyingi yillarda tug‘ilishlar soni sezilarli ravishda pasaydi. Mamlakat demograflari bu holatni pandemiyadan keyingi "bebi-bum"ning tugashi, iqtisodiy omillar va reproduktiv yoshdagi aholi tarkibi o‘zgarishi bilan izohlamoqda.

Qizig‘i shundaki, Qozog‘istonda ham mutaxassislar tug‘ilishlar qisqarishini darhol demografik inqiroz sifatida baholamadi. Aksincha, ular umumiy tug‘ilish koeffitsienti hali ham aholining tabiiy ko‘payishini ta’minlayotganini ta’kidlashadi.

Bu jihatdan O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida o‘xshashliklar ko‘p. Ikki mamlakatda ham aholi o‘sishi davom etmoqda, ammo o‘sish sur’ati asta-sekin sekinlashmoqda. Shuning uchun asosiy vazifa tug‘ilishlar soni emas, balki demografik sifat, ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash va mehnat bozorining kelajakdagi yukini tahlil qilishdan iborat.

O‘limlar soni rekord darajaga chiqdi

2026 yilning birinchi yarmida qayd etilgan o‘limlar soni 86,9 ming nafarni tashkil qildi. Bu so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilmoqda.

Albatta, bu aholi qarishining keskin bosqichi boshlanganini anglatmaydi. Chunki O‘zbekiston hali ham yosh aholiga ega davlatlar qatorida qolmoqda.

Biroq tug‘ilishlar kamayishi va o‘limlar sonining o‘sishi aholi tabiiy ko‘payish sur’atini qisqartiruvchi ikki muhim omil hisoblanadi.

Dunyoda qanday tendentsiya kuzatilmoqda?

O‘zbekistondagi jarayon global demografik manzaradan ajralgan holat emas.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yarim asr ichida dunyo aholisining ko‘p qismi yashaydigan mamlakatlarda tug‘ilish koeffitsienti keskin pasaygan. Agar 1950-yillarda jahonda bir ayol hisobiga o‘rtacha beshtaga yaqin farzand to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich ikki yarim nafar atrofida.

Ayniqsa Sharqiy Osiyo, Yevropa va Lotin Amerikasida farzandlar soni tez qisqarmoqda. Janubiy Koreya, Yaponiya, Italiya va Ispaniya kabi davlatlarda tug‘ilish koeffitsienti aholi o‘zini qayta tiklashi uchun zarur bo‘lgan 2,1 darajadan ancha pastga tushib ketgan.

Bunga bir nechta omil ta’sir qilmoqda:

  • shaharlashuvning kuchayishi;
  • ayollar ta’lim darajasining o‘sishi;
  • uy-joy narxlarining qimmatlashishi;
  • bola tarbiyasi xarajatlarining ortishi;
  • nikoh va farzandli bo‘lish yoshining kechikishi;
  • individual hayot tarzining kengayishi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari hozircha mazkur jarayonning ilk bosqichida turibdi. Biroq ko‘plab demograflar kelgusi o‘n yilliklarda mintaqada ham tug‘ilish sur’atlari sekinlashishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Demografik inqiroz emas, demografik o‘tish davri

O‘zbekistonda demografik inqiroz boshlangan, degan xulosa qilish hali erta ekanligi aytiladi.

Chunki mamlakatda umumiy tug‘ilish koeffitsienti hanuz yuqori darajada saqlanmoqda. Aholi soni o‘sishda davom etyapti. Tabiiy ko‘payish ham musbat ko‘rsatkichni namoyon qilmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Shu bilan birga, so‘nggi raqamlar muhim signal bo‘lib xizmat qiladi. Agar demografik inertsiya ta’siriga qo‘shimcha ravishda nikoh yoshining ortishi, migratsiya, iqtisodiy bosim va farzandlar soni bo‘yicha qarashlarning o‘zgarishi kabi omillar kuchaysa, tug‘ilishlar pasayishi uzoq muddatli tendentsiyaga aylanishi mumkin.

Shu bois mutaxassislar endi faqat qancha chaqaloq tug‘ilganini emas, balki yosh oilalarning qarorlariga ta’sir qiluvchi iqtisodiy va ijtimoiy omillarni chuqur o‘rganish zarurligini ta’kidlamoqda.