Frantsiya Alisher Usmonovni YeI sanksiyalaridan chiqarishni so‘ramoqda

Surat manbasi, Getty Images
Frantsiya Yevropa Ittifoqida Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalasini ko‘tardi. Bu talab Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirish bo‘yicha Yevropa Ittiqoqi (YeI)dagi muzokaralarning kechikishiga sabab bo‘ldi.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Parijning tashabbusi Ozarbayjonda ushlab turilgan bir necha frantsuz fuqarosini ozod qilish bo‘yicha ehtimoliy kelishuv bilan bog‘liq. Bu haqida Euronews va Reuters ham xabar tarqatdi.
Financial Times nashriga gapirgan muzokaralardan xabardor uch kishi Frantsiya Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish masalasini Ozarbayjondagi frantsuz fuqarolarini ozod qilish masalasi bilan bog‘layotganini aytgan.
Kelishuv hali yakuniy emas. Uni amalga oshirish uchun YeIga a’zo 27 davlatning barchasi rozi bo‘lishi kerak.
Forbes hisob-kitobiga ko‘ra, 2026 yilda Alisher Usmonovning boyligi taxminan 14,5 milliard dollarga baholangan. Uning asosiy boyligi va eng qimmatli biznes aktivlarining katta qismi Rossiya iqtisodiyoti bilan bog‘liq.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Sobiq Prezident Islom Karimov davrida mustaqil oligarxlarni qabul qilmagan O‘zbekiston Usmonov uchun Shavkat Mirziyoyev davrida ancha ochiq maydonga aylandi. Usmonovning O‘zbekistondagi investitsiyalarga qiziqishi, prezident bilan shaxsiy aloqalari va mamlakatdagi loyihalarda ishtirok etishi sezilarli darajada kuchaygan.
Sanksiyalar bir haftaga uzaytirildi
YeI davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini munosabati bilan joriy qilingan shaxsiy sanksiyalarni odatdagidek belgilangan muddatga uzaytirish o‘rniga, hozircha faqat bir haftaga cho‘zishga qaror qildi.
Reuters xabariga ko‘ra, sanksiyalar 15 sentyabrda tugashi kerak edi. Biroq Bryusseldagi elchilar kelishuvga kela olmagani uchun ular 22 sentyabrgacha saqlab qolindi.
Sanksiyalar ro‘yxatida minglab rossiyalik shaxslar va tashkilotlar bor. Ularni uzaytirish uchun YeIning barcha davlatlari roziligi talab qilinadi.

Surat manbasi, Getty Images
Alisher Usmonovni ro‘yxatdan chiqarish masalasida Frantsiyaga Slovakiya qo‘shilgan. Slovakiya avvaldan Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish tarafdori bo‘lib kelgan.
Biroq YeI davlatlarining aksariyati bu taklifni qo‘llab-quvvatlamayapti. Euronews ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada urush olib borayotgan bir paytda sanksiyalar ro‘yxatidan shaxslarni chiqarishga qarshi davlatlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda.
Nega aynan Usmonov?
Alisher Usmonov 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan keyin YeI sanksiyalariga kiritilgan edi. Buning ortidan uning Yevropa davlatlaridagi aktivlari va ko‘chmas mulklari muzlatilgan, hamda yaxtasi bloklangan.
YeI Usmonovning Vladimir Putin bilan yaqin aloqalari borligini va uning Rossiya siyosiy tizimi bilan bog‘liq biznes doiralarida muhim o‘rin tutganini sanksiyalarga asos sifatida keltirgan.

Surat manbasi, Getty Images
Usmonov esa bu da’volarni rad etadi va sanksiyalarga qarshi Yevropa sudlarida bir necha bor shikoyat qilgan.
Uning vakili hozircha mazkur yangi tashabbus bo‘yicha izoh bermagan.
Frantsiya nima deyyapti?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Rasmiy Parij o‘zining endilikda Usmonovni sanksiyalardan chiqarish talabi Rossiyaga nisbatan siyosatini o‘zgartirganini rad etmoqda.
Frantsiya diplomati Financial Times nashriga mamlakatning Usmonov masalasida «milliy xavfsizlikka oid muayyan tashvishi» borligini aytgan.
Diplomatning ta’kidlashicha, Frantsiya Rossiyaga bosimni kuchaytirish tarafdori bo‘lib qolmoqda.
Ayni damda Frantsiya Ozarbayjonda ushlab turilgan frantsuz fuqarolarini ozod qilish bilan Usmonovga nisbatan sanksiyalar o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv haqida rasman izoh bermagan.
Frantsiyaning nechta fuqarosi Ozarbayjonda ushlab turilgani bo‘yicha nashrlar ma’lumot bermadi. Ma’lumki, aniq tasdiqlangan frantsuz mahbuslaridan biri — Martin Rayan. U 2023 yil dekabrda Ozarbayjonda hibsga olingan va 2026 yil martda josuslik ayblovi bilan 10 yilga qamalgandi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari Usmonov borasidagi muzokaralar haqidagi xabarlar yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Agar Usmonov sanksiyadan chiqarilsa, bu nimani anglatadi?
Muzokaralarda yana bir shart paydo bo‘lgan.
Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Lyuksemburg Usmonov sanksiyalardan chiqarilgan taqdirda rossiyalik milliarder Mixail Fridmanga nisbatan ham cheklovlarni bekor qilishni talab qilmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Bu esa bitta shaxsga nisbatan istisno qilish talabi boshqa rossiyalik oligarxlar masalasini ham kun tartibiga olib chiqishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Ayrim yevropalik diplomatlar Frantsiyaning Usmonov bo‘yicha pozitsiyasidan norozi. Ularga ko‘ra, Parij nima sababdan bu masalani sanksiyalar muhokamasiga olib kirgani haqida boshqa davlatlarga yetarli ma’lumot bermayapti.
Ukraina xavotirda
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy YeIni Rossiyalik oligarxlarga nisbatan bosimni susaytirmaslikka chaqirdi.
U Usmonov va boshqa rossiyalik boy tadbirkorlar Rossiyaning urush olib borish tizimida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Zelenskiy: «Putin tizimining ajralmas qismi bo‘lgan rossiyalik oligarxlar bu urush davom etayotgan ekan, dunyoning hech bir joyida o‘zlarini xavfsiz va xotirjam his qila olmasliklarini tushunishlari kerak», dedi.
Putin tizimining ajralmas qismi bo‘lgan rossiyalik oligarxlar, bu urush davom etayotgan ekan, dunyoning hech bir joyida o‘zlarini xotirjam his qila olmasliklarini tushunsinlar.
Bu avvalgi holatlardan nimasi bilan farq qiladi?
G‘arb davlatlari Ukraina urushi davrida Rossiya va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvini amalga oshirgan. Ayrim rossiyaliklarga nisbatan sanksiyalar ham ular sudlarda o‘z huquqlarini himoya qilgani yoki Moskvadan ochiq ravishda uzoqlashgani ortidan bekor qilingan.
Vengriya va Slovakiya ham avvalroq ayrim rossiyaliklarni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishga uringan.
Ammo Financial Times ta’kidlaganidek, Usmonov bo‘yicha hozir muhokama qilinayotgan ehtimoliy kelishuv boshqa holatlardan farq qiladi: unda sanksiyalarni bekor qilish mahbuslarni ozod qilish bilan bevosita bog‘lanishi mumkin.
Hozircha bunday kelishuvga erishilgani haqida rasmiy tasdiq yo‘q.
YeI davlatlariga muzokaralarni davom ettirish uchun 22 sentyabrgacha vaqt berilgan. Shu vaqt ichida ular Usmonov masalasida ham, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni to‘liq uzaytirish bo‘yicha ham umumiy qarorga kelishi kerak, deydi Reuters.






























