Anorbank qidiruvga berilgan yirik aktsiyadori haqida nima deydi?

Surat manbasi, Anorbank
Anorbank o‘z aktsiyalarining qariyb yarmiga egalik qiladigan Qahramonjon Olimov haqida bayonot chiqardi va o‘zini undan yiroqlashtirishga urindi.
"Gap Bank, uning kapitali, boshqaruvi yoki operatsion faoliyatiga aloqador bo‘lmagan aktsiyadorlardan birining shaxsiy masalalari haqida ketmoqda. Ushbu masalalarni Bank faoliyati bilan aralashtirish noto‘g‘ri va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holatdir", deyiladi Anorbank matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.
O‘tgan hafta Rossiyaning The Insider nashri 2025 yilda Parijda o‘g‘irlab ketilganini da’vo qilgan o‘zbekistonlik moliyachi Olimovning o‘zi o‘g‘irlikni tashkil etish ayblovi bilan qidiruvga berilganini xabar qildi.
Saytning moliyachiga yaqin manbaga tayanib yozishicha, Olimovni hibsga olish uchun sirtdan order chiqarilgan va u qidiruvga berilgan. Olimovning o‘zi hech qanday izoh bilan chiqmadi.
Uning hozirda qaerda ekani jamoatchilikka noma’lum.
Ish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar mavjud emas, biroq The Insider manbasining da’vo qilishicha, Olimov Frantsiyada o‘z o‘g‘irlanishini soxtalashtirgan bo‘lishi mumkin. Bundan maqsad — iqtisodiy nizodagi raqibi va sobiq ish beruvchisi Botir Rahimovni ushbu jinoyat tashkilotchisi sifatida ko‘rsatish bo‘lgan, deya iddao qilgan manba.
Bu o‘g‘irlanish holati haqida ilk xabarni Frantsiyaning Le Monde gazetasi 2025 yil iyul oyida tarqatgan edi. U tadbirkorning Frantsiyaning uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurash tuzilmasiga bergan ko‘rsatmalariga tayangan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Olimovning o‘zi 23 iyunь kuni Parij markazida o‘g‘irlab ketilgani, keyinchalik noma’lum joyga, so‘ng esa Nitstsa shahridagi villaga olib borilganini aytgan. Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchi o‘sha yerda do‘pposlangani va tovlamachilikka duch kelganini aytgan. U bosim ostida 5 million dollarlik qarzdorlik tilxatini imzolagan, shuningdek, haydovchisi vositasida Toshkentdagi shaxsga 200 ming dollar topshirgan. Bundan so‘ng qo‘yib yuborilgan tadbirkor mahalliy politsiyaga murojaat qilgan.
2025 yilning noyabr oyida The Insider va Frantsiyaning L'Express nashri Olimovning talqinida go‘yoki ko‘plab qarama-qarshiliklar va ehtimoliy soxtalashtirish alomatlarini aniqlagan edi: xususan, bankir o‘zini o‘g‘irlagan deb ataydigan shaxs bilan do‘stona yozishmalar olib borgan, keyinchalik esa uni politsiya haqida ogohlantirib, qo‘lga olinishdan qochish uchun «uzoqroq turishni» so‘ragan, deb yozgan ikki nashr.
Korporativ ma’lumotlarga ko‘ra, Qahramonjon Olimov O‘zbekistondagi ANORBANK ustav kapitalining 49,42 foiz (ayrim rasmiy reestrlarda 49,4 foiz) aktsiyasiga egalik qiladi va bankning kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi. U bankning eng yirik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy shaxs aktsiyadoridir.





























