O‘zbekiston va O‘zbek boksi: Rufat Risqievni nima afsona qilgan – Mirziyoyev, Xalqaro Boks uyushmasigacha ta’ziya bildirdi. Podkast

Surat manbasi, RASMIY/YURI CORTEZ/AFP via Getty Images
Boks afsonasi o‘limi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti, rahbariyatidan keyin Xalqaro Boks uyushmasigacha ta’ziya bildirdi. O‘zbekistonlik nomdor bokschi Shahram G‘iyosov Rufat Risqievning o‘limi boks olami uchun "katta yo‘qotish" ekanini aytadi:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Rufat Risqiev fenomeni
"O‘zbek boksida o‘chmas iz qoldirgan haqiqiy afsona".
"Ismi Sovet va O‘zbekiston sporti tarixida oltin harflar bilan bitilgan afsonaviy bokschi".
"O‘zbek boks maktabining atoqli namoyandasi, buyuk sportchi, yorqin iste’dod va mahorat egasi...".
"Toshkent yo‘lbarsi", o‘zbekistonlik boks afsonasi Rufat Risqiev vafoti ortidan mamlakat ichkarisi va tashqarisida ana shunday so‘zlar bilan xotirlanmoqda.
Mashhur bokschi va murabbiyning vafotiga oid xabar poytaxt Toshkentdan 15 avgust kuni olindi.
Rufat Risqievning og‘ir xastalik sabab, hayotdan ko‘z yumgani aytildi. U kishi 76 yoshda edi.
Rufat Risqiev O‘zbek bokschilari orasida birinchi jahon chempioni.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Yana Yozgi Olimpiada O‘yinlarining sovrindori.
To‘rt karra Sobiq Ittifoq chempionligini ham qo‘lga kiritgan sportchi.
Rufat Risqievning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti, Bosh Vaziri va Oliy Majlisi Senatining raisi ham hamdardlik bildirdi.
Xalqaro Boks Uyushmasi ham rasman ta’ziya bilan chiqdi.
Uyushma Rufat Risqievni O‘zbek boksining kashshofi, deb atadi.
U, "ringda unutilmas meros qoldirgani va butun umri davomida global boks jamoatchiligining fidoiy a’zosi bo‘lib qolgani"ni ta’kidladi.
Rufat Risqiev, "o‘z davrining o‘rta vazn toifasidagi eng yaxshi bokschilaridan biri, jasorat va matonat timsoli edi. U ko‘pchilik uchun kumir va o‘rnak ramzi bo‘lgan. Uning merosi millionlab boks muxlislari qalbida va shogirdlari faoliyatida yashashda davom etadi", - dedi Xalqaro Uyushma prezidenti Umar Kremlyov.
Uyushma Bosh kotibi va ijrochi direktori Kris Roberts aytishicha, "Rufat Risqiev ajoyib avlodning yorqin vakili edi".
"1974 yilda o‘tkazilgan ilk Jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritishi unga boks tarixidan munosib va mustahkam o‘rin olib berdi. Uning ta’siri faqat sportdagi faoliyati bilan cheklanib qolmadi; u o‘zining bebaho tajribasi va qadriyatlarini yosh avlod bilan bo‘lishishda davom etdi. Biz uning vafoti munosabati bilan qayg‘udamiz hamda oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz", - dedi u.
Xalqaro Boks Uyushmasining ta’ziyanomasida aytilishicha, Rufat Risqievning boksga bag‘ishlangan umri butun dunyo boks hamjamiyati xotirasida saqlanib qoladi.
O‘zbekiston rahbariyati ta’ziyanomasida esa, Rufat Risqievning murabbiy va hakam sifatidagi beqiyos faoliyati, inson sifatida qanchalik samimiy va kamtarin bo‘lgani ham alohida tilga olib o‘tilgan jihatlardan biri ekani ko‘rildi.
Shunday ekan, o‘zbekistonlik boks afsonasining vafoti jahon, O‘zbek boksi va sporti uchun qanchalik katta yo‘qotish?
BBC O‘zbek xizmati shu va yana boshqa qator savollar bilan o‘zbekistonlik nomdor bokschi, havaskor boksda jahon, Osiyo chempioni, Rio Yozgi Olimpiadasi sovrindori Shahram G‘iyosovga bog‘landi:

Surat manbasi, YURI CORTEZ/AFP via Getty Images
Shahram G‘iyosov: Avvalambor, hamma bizlarni kuzatayotgan, eshitayotgan, Rufat Risqievning, o‘zimizning ustozimizning yaqinlariga hamdardlik bildiraman, ta’ziyamni bildiraman. Bu O‘zbekiston uchun, boks sporti uchun katta yo‘qotish. Nimagaki, bizlar u kishini ustoz deb, u kishiga qarab, havas qilib, shunaqa Olimpiada g‘olibi bo‘lamiz, jahon chempionlari bo‘lamiz, Rufat Risqiev ustozimizdek butun dunyo taniydigan sportchi bo‘lishni niyat qilganmiz. U kishi bilan ko‘rishishni niyat qilganmiz. Olimpiadadan kelganimizdan keyin, bizlarni kutib olganlaridan keyin, quchoqlab, "sizlar bilan faxrlanaman", deganlaridan keyin qanday ahvolga tushganimizni faqat o‘zimiz bilamiz. Chunki o‘zimiz havas qilgan sportchi bizlarga sizlar bilan faxrlanamiz, deb aytayotgandi. Shuning uchun biz u kishini juda hurmat qilamiz. Katta yo‘qotish. Joylari jannatda bo‘lsin. Ham ustoz sifatida, ham inson sifatida va ham sportchi sifatida biz u kishini yaxshi ko‘rardik.
BBC: Shahram, mana, o‘zingiz ham nomdor bokschilardan birisiz. Sizga jahon ringlari yaxshi tanish. Masalan, kuchli bokschilar bilan kuch sinashib ko‘rgansiz. Endi, mana, hozir, shu bosqichda Rufat Risqievning bokschi sifatida afsonaligi, kuchi, mahorati, betakrorligi nimada edi?
Shahram G‘iyosov: Bilasizmi, birinchi insonlardan edi, birinchi bokschilardan edi. U kishi bizlarga iloji yo‘q degan narsaning o‘zi yo‘qligini, hamma narsaning iloji borligini ko‘rsatib berdi. Sen agar mehnat qilsang, agar o‘zingning ustingda ishlasang, o‘zingga ishonsang, Vataningni yaxshi ko‘rsang, oxirigacha bor, oxirigacha intil, yiqilsang ham turgin, orzularingga ishongin, orzularingdan voz kechmagin degan so‘zlari bilan shunaqa chiqqan u kishi. U kishiga qarab, keyin bizlar boshlaganmiz. Bir kishi bildimi, demak, biz ham bilamiz. Rufat Risqiev ustozimiz bildimi, demak, bizning ham qo‘limizdan keladi, degan ishonch paydo bo‘lgan bizlarda. O‘sha ishonchni bergan inson u kishi.
BBC: Rufat Risqiev ishtirokidagi janglarni hech ko‘rganmisiz, ringdagi qaysi bir janglari sizga ko‘proq yoqqan va nima uchun, Shahram?
Shahram G‘iyosov: O‘sha paytlar internetlar, videolar, unaqa narsalar mashhur bo‘lmagan, rivojlanmagan. Lekin, baribir, biz u kishining janglarini keyin topib, ko‘rganmiz. Olimpiada yarim finali, finallarini, jahon chempionatlarini, qanaqa urushganlarini ko‘rganmiz. O‘sha paytda shlemda bo‘lgan. Hozir bizlarda shlem olib tashlangan. Bokschilar boshga kiyadigan narsa. Lekin o‘sha paytdagi oyoq harakatlari, o‘sha paytdagi qo‘llarini tushirib harakat qilganliklari, jeblari, manga pryamoy, bir, ikki udarlari bilan yiqitganlar ko‘pchilikni. O‘sha paytda yiqitish juda qiyin bo‘lgan. Lekin Rufat Risqiev o‘sha paytda ham havaskor sportda ko‘pchilikni yiqitgan.
BBC: Shahram, sizning o‘zingizning jang olib borish uslubingiz bilan tan oldirgan jihatlaringiz bor. Ayniqsa, Rio Olimpiadasidan keyin katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bokschilardan bittasisiz jang olib borish nahoratingiz nuqtai nazaridan. Endi, Shahram, Rufat Risqievning bokschi sifatida tan oldirgan jihatlari siz uchun qay birlari edi? U kishining bokschilik mahoratidan o‘rgangan jihatlaringiz ham bo‘lganmi?
Shahram G‘iyosov: Oyoq harakatlari va IQ lari, miya juda zo‘r ishlaydi. "Momentalno", raundning o‘sha paytida yutqizayaptimi, qanday qilib yutish, qanday qilib strategiya tuzish, qanday qilib boshqa taktika tuzish yo‘llarini biz u kishidan o‘rganganmiz. Qanday qilib oyoq harakatlari bilan raqibga yaqinlashish, uzoqlashish, masofa ushlash - jud ko‘p narsani o‘rganganmiz. Cborlarda ham Marat Galibovich ustozimiz bizlarga Rufat Risqievni ko‘p misol qilib aytardilar. Shuning uchun ham u kishini ruhan ustozimiz desak ham bo‘ladi. Negaki, bizlar xayolan u kishining janglarini eslab, o‘sha mashqlarni qilardik.
U kishi bizlarga iloji yo‘q degan narsaning o‘zi yo‘qligini, hamma narsaning iloji borligini ko‘rsatib berdi.
BBC: O‘zbek boksi va o‘zbekistonlik bokschilarning jahon sahnasidagi bugungi yutug‘i, muvaffaqiyati va kuchida Rufat Risqievning tutgan o‘rni, qo‘shgan hissasini nimalarda ko‘rasiz, Shahram? U kishi bugun qanchalik katta sondagi bokschilarning kumiri, agar, o‘zingiz bilgan, tanigan sportchilar misolida aytadigan bo‘lsak?
Shahram G‘iyosov: Hamma, Bektemir Meliqo‘ziev, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Murodjon Ahmadaliev, hammasidan so‘rasangiz, hammasi bizlarning ustoz, deydi. Bizlar u kishiga qarab, havas qilganmiz. Negaki, birinchi ishonchni bergan. Bizlarga yo‘l bergan. Bizlar iloji yo‘q degan narsani u kishi iloji bor, men qildimmi, demak, sizlar ham qilasizlar, degan.
BBC: Shahram, sizningcha, nima uchun Rufat Risqievga "Toshkent yo‘lbarsi", degan nom berilgan? Agar, bokschi sifatida, masalan, chetdan turib qarab aytadigan bo‘lsangiz?
Shahram G‘iyosov: Menimcha, yo‘lbars bir narsani tishladimi, bir narsani tirnog‘i bilan, panjasi bilan oldimi, qo‘yvormaydiyu. U kishi ham shunaqa xarakterli inson edi. Bir narsani qilaman dedimi, yo‘lbars kabi oxirigacha borardi.
BBC: Agar, mana, Rufat Ricqiev bilan suhbatlaringiz, uchrashuvlaringizdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, u kishining sizga bergan eng oxirgi maslahatlari, tavsiyalari nima edi?
Shahram G‘iyosov: Oxirgi uchrashuvimizda u kishiga qozon kabob pishirib berganmbz. Bir ikki-uch yilcha oldin uylariga borib, qozon kabob pishirib, birgalikda tushlik qilib, s’yomka qilganmiz, o‘shanda televidenie ham bo‘lgan. Menga aytganlar, "bolam, sen Osiyo chempioni bo‘lding, jahon chempioni bo‘lding, Olimpiadaning kumush medalini olding, hozir professionalda mag‘lubiyatsiz ketayapsan, olgin hammasini va tezroq sportdan ketgin, sog‘liging birinchi o‘rinda. Sog‘likn yo‘qotsang, aqlni yo‘qotsang, keyin pushaymon bo‘lasan. Birinchi o‘rinda sog‘lik. Hamma narsani qilib bo‘lgin, ammo sportda juda ko‘p qolib ketmagin. Bayrog‘imizni baland ko‘tardingmi, medallarni, kamarlarni oldingmi, vaqtida ketishni bilgin. O‘zingni o‘zing asragin, degan gaplari hozirgacha esimdan chiqmaydi.
BBC: Inson sifatida Rufat Risqiev sizda qanday taassurot qoldirgan?
Shahram G‘iyosov: Inson sifatida oqko‘ngil, inson sifatida rostgo‘y, inson sifatida beg‘ubor, odamga g‘arazi yo‘q, faqat havas bilan qaraydigan va yonardi, yuzlari aytardi, ko‘zlari aytardi men chempionman, deb. Sen ham eplolasan degandek.
Boks afsonasi

Surat manbasi, olympic.uz
O‘zbekistonlik taniqli bokschi 75 kg vazn toifasida 1974 yilgi ilk jahon birinchiligi chempioni.
1976 yilgi Monreal Olimpiada O‘yinlari kumush medali sovrindori, qator xalqaro turnirlar g‘olibi.
Rufat Risqiev, bundan tashqari, Kuba Ochiq chempionatining ikki karra chempioni ham bo‘ladi.
U 1949 yilning 2 oktyabrida Toshkent shahrida dunyoga kelgan.
Boks bilan shug‘ullanishni 14 yoshida boshlagan.
O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya institutini tugatgan.
Taniqli bokschi ringda a’lo darajadagi kurash taktikasini namoyish qilgan.
Har ikkala qo‘li bilan ham aniq zarba berishga qodir bo‘lgan.
Rufat Risqiev aksariyat hollarda o‘tkazgan janglarida muddatidan ilgari g‘alaba qozongan.
U havaskor bokschilarning 1974 yilda bo‘lib o‘tgan ilk Ochiq chempionatida ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘lgan bokschilardan biridir.
Taniqli bokschi AQSh, Avstriya, Bo‘lg‘oriston, Mojariston, Polsha, sobiq Chexoslovakiya, sobiq Yugoslaviyada o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda ham ishtirok etib, g‘alaba qozongan.
Rufat Risqiev jahon boksi afsonasi marhum Muhammad Ali bilan shaxsan ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘lgan o‘zbekistonlik birinchi va yagona bokschi ham bo‘ladi.
U kishi SSSRda Xizmat ko‘rsatgan sport masteri, "Hurmat Belgisi", "Buyuk xizmatlari uchun" va "El-yurt hurmati" faxriy unvon va ordenlari sovrindori sanaladi.
Rufat aka Risqiev havaskor ringda o‘zining mahorati bilan "Toshkent yo‘lbarsi" laqabini qozongan bokschi bo‘ladi.


























