Dayjest: Xitoy temir yo‘li va Isroilning innovatsion yechimlari

O'zbekiston va Qirg'iziston prezidentlari

Surat manbasi, Rasmiy

Published
O'qilish vaqti: 2 daq

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari: "Xitoy temir yo‘li geosiyosatni o‘zgartiradi"

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini "asr qurilishi" deb atab, u "geosiyosatni butunlay o‘zgartirishini" aytdi.

U bu fikrlarni kecha Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida prezident Sadir Japarov bilan uchrashuvda bildirgan. Bu haqda o‘sha kuni O‘zbekistonning xususiy Gazeta.uz nashri xabar berdi.

"O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov menga suratlarni ham ko‘rsatdi. Qurilish ishlari muddatidan oldin ketayotgani juda ma’qul bo‘ldi, Sadir Nurgojoevich. Rostini aytsam, asr qurilishidir. Ushbu temir yo‘l geosiyosatni butunlay o‘zgartiradi. Siz bilan biz bunga erishish uchun juda ko‘p mehnat qildik. Tushunganlar tushunadi. Bu juda katta yutuq", dedi Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek, ikki davlat o‘tgan yil davomida Qambarota-1 gidroelektr stantsiyasi qurilishida ham sezilarli taraqqiyotga erishganini ta’kidladi.

Mirziyoyev ikki tomonlama savdo hajmini ham yuqori baholadi. Uning aytishicha, 2025 yil yakunida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,2 milliard dollarga yetgan.

Prezident avval belgilangan 2 milliard dollarlik ko‘rsatkich endi yetarli emasligini ham qayd etdi.

"Savdo aylanmasini sezilarli darajada oshirish imkoniyati borligi bo‘yicha kelishib oldik. Avval 2 milliard dollar haqida gaplashgan edik, ammo Sadir Nurgojoevich xususiy suhbatda bu ham kamligini aytdi. Investitsiyalar bilan shug‘ullanayotgan hamkasblarimiz, jumladan, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jaev uchun ham 2 milliard dollar kam", dedi u.

Shu kuni Mirziyoyev va Japarov ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani ham imzoladi.

Gazeta.uz ning alohida xabarida keltirilishicha, Mirziyoyev ushbu hujjat ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlashuvni yanada mustahkamlashini va O‘zbekistonga kuchli Qirg‘iziston zarurligini ta’kidlagan.

"Bugun odamlar televidenie orqali munosabatlarimizni ittifoqchilik darajasiga olib chiqayotganimizni bilishsa, bu har ikki xalq uchun qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi. Bu ikki xalqning chinakam istiqbolga ega yaqinlashuvidir", dedi prezident.

"Avval ham aytganimdek, O‘zbekiston islohot dasturlaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Chunki bizga kuchli Qirg‘iziston, kuchli qo‘shni nihoyatda kerak", deya qo‘shimcha qildi u.

Daryo o'zanlari qurigan

O‘zbekiston cho‘llanishga qarshi kurashda Isroil texnologiyalaridan foydalanmoqchi

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi rasmiylari qurg‘oqchil hududlar uchun innovatsion texnologiyalarni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga moslashuv masalalari bo‘yicha Isroil mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda kecha xususiy Podrobno.uz nashri xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, onlayn uchrashuvda Qoraqalpog‘istonning turli idoralari, jumladan ekologiya va ta’lim sohasi vakillari, O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi xodimlari hamda qurg‘oqchilik va cho‘llanishga duch kelayotgan hududlar uchun texnologiyalar ishlab chiquvchi DeserTech va Climate Innovation Centre rahbarlari ishtirok etgan.

Uchrashuv davomida Isroil tomoni suv tanqisligi, cho‘llanish va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘z yechimlari va tajribalarini taqdim etgan.

Qoraqalpog‘iston vakillari esa mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda iqlim bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan.

Podrobno.uzning yozishicha, uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirgan va kelgusidagi qo‘shma loyihalar uchun asos bo‘ladigan uch tomonlama memorandum loyihasini ishlab chiqishni boshlashga kelishib olgan.

8 iyul kuni O‘zbekiston cho‘llanishga qarshi kurash doirasida 1,27 million gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etish rejasini e’lon qilgan edi.