Orenburgdan Toshkentgacha: Rossiya energetikasiga qilingan hujumlar Markaziy Osiyoda qanday aks etmoqda

Surat manbasi, Uzbekistan Airways
Ukrainaning Rossiya energetikasiga bergan zarbalari oqibatlari endi Rossiya tashqarisida ham sezilmoqda.
Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga qilingan hujumdan so‘ng Qozog‘iston mamlakatdagi eng yirik neftь-gaz konlaridan birida qazib olish hajmini kamaytirdi, Qirg‘izistonda ayrim markadagi benzin tanqisligi yuzaga keldi, O‘zbekistonning milliy aviakompaniyasi esa aviayoqilg‘i tanqisligi va narxi oshgani sababli ayrim reyslarini qisqartirdi.
Markaziy Osiyo davlatlarining energetika tizimlari hamon Rossiya infratuzilmasi bilan chambarchas bog‘langan. Shuning uchun undagi har qanday muammo qo‘shni davlatlar uchun iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.
Eng ko‘p qaram davlatlar
So‘nggi haftalarda tobora ko‘proq rossiyaliklar duch kelayotgan benzin tanqisligi boshqa davlatlarga ham ta’sir qildi.
Bishkekdagi haydovchilar AI-95 va AI-98 benzini tanqisligidan shikoyat qilmoqda. Bu eng ommabop turlar emas, ammo Qirg‘iziston hokimiyati vaziyatni yetarlicha jiddiy deb baholab, olti davlatga, jumladan Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekistonga yoqilg‘ini barqaror yetkazib berishga ko‘maklashish iltimosi bilan murojaat qildi.
Qirg‘iziston va Tojikiston Rossiya yoqilg‘isiga eng ko‘p qaram davlatlardan hisoblanadi. Qirg‘iziston mamlakatda iste’mol qilinadigan benzin va dizelning 90 foizdan ortig‘ini Rossiyadan sotib oladi, Tojikiston esa neft mahsulotlarining 84 foizini shu mamlakatdan import qiladi.
Aprel oyi boshida Rossiya benzin eksportini taqiqladi. Bu taqiq, agar muddati uzaytirilmasa, iyul oyi oxirigacha amal qiladi.

Surat manbasi, IGOR IVANKO / AFP VIA GETTY IMAGES
Qirg‘iziston, Tojikiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining boshqa davlatlari bu taqiqdan mustasno qilingan, chunki ular Moskva bilan yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha hukumatlararo bitimlarga ega. Ammo Rossiyadagi bugungi tanqislik shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto bu bitimlar ham yuz foiz kafolat bermaydi: ular yetkazib berishning taxminiy hajmlari va imtiyozli tartibini belgilaydi, ammo amaldagi yuklab jo‘natishlarni kafolatlamaydi. Chunki bu Rossiya ishlab chiqaruvchilarida yoqilg‘i mavjudligiga bog‘liq.
«Menimcha, Moskva ichki energetika xavfsizligi bilan eksport manfaatlari o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lsa, qaysi tomonni tanlash borasida unda deyarli hech qanday ikkilanish bo‘lmaydi», — deydi energetika xavfsizligi bo‘yicha ekspert Franchesko Sassi.
2025 yil kuzida Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi hukumatlararo bitimlar mavjud bo‘lishiga qaramay, Tojikiston va Qirg‘izistonga yoqilg‘i yetkazib berish uzilishi hamda benzin tanqisligiga sabab bo‘lgan edi.
Agar hozirgi uzilishlar davom etsa va Qirg‘izistonda eng ommabop AI-92 benzini tanqisligi yuzaga kelsa, bu yuk tashish sohasiga, hosil yig‘im-terimi paytida qishloq xo‘jaligiga va natijada narxlarga ham ta’sir qiladi.
Hozirning o‘zidayoq Tojikistonda benzin narxi keskin oshdi. Dushanbe shahrida uch hafta ichida AI-92 benzinining bir litri qariyb 8,6 foizga — 10,4 somonidan 11,3 somoniga (1,12–1,22 dollar), dizel yoqilg‘isining bir litri esa qariyb 21 foizga — 11 somonidan 13,3 somonigacha qimmatladi.

Surat manbasi, EMIL LEEGUNOV/ANADOLU VIA GETTY IMAGES
Tojikiston hokimiyati yoqilg‘i yetkazib berishning muqobil yo‘llarini izlamoqda. Masalan, mahalliy neftьni qayta ishlash zavodlarida qayta ishlash uchun Erondan xom neftь import qilish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Energetika xavfsizligi bo‘yicha ekspert, Methinks konsalting kompaniyasining katta hamkori Jon Robertsning aytishicha, nazariy jihatdan Rossiyadan importdagi tanqislikni Xitoy hisobidan qoplash mumkin.
Biroq iqtisodchi Nurgul Akimovaning fikricha, qisqa muddatda Rossiyadan keladigan yetkazib berishlarga munosib muqobil deyarli yo‘q. U «Radio Ozodlik»ning Qirg‘iz xizmatiga bergan izohida bunday muqobillar katta infratuzilmaviy sarmoyalarni talab qilishini va hozirgi Rossiya ta’minotiga nisbatan qimmatroq bo‘lishini ta’kidlagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Qozog‘iston qazib olish hajmini qisqartirmoqda
Qozog‘istonda vaziyat boshqacha. Mamlakat neftь va gazni mustaqil ravishda qazib chiqaradi, ammo hanuzgacha Rossiya infratuzilmasiga ma’lum darajada qaram.
24 iyunga o‘tar kechasi Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari Rossiyadagi eng yirik korxonalardan biri hisoblangan Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga hujum qildi. Zavod «Gazprom»ga tegishli bo‘lib, boshqa manbalar qatorida Qozog‘istonning shimoli-g‘arbida joylashgan Qorachaganoq konidan olinadigan xom gazni ham qayta ishlaydi.
Qorachaganoq loyihasi mamlakat energetika tizimi uchun strategik ahamiyatga ega. Uni jahonning yirik neftь-gaz kompaniyalari — Chevron, Shell, Eni, Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi hamda Qozog‘istonning «QazMunayGaz» kompaniyasi ishtirok etayotgan xalqaro konsortsium ishlab chiqmoqda.

Surat manbasi, VYACHESLAV OSELEDKO/AFP VIA GETTY IMAGES
U yerda qazib olinadigan gazning katta qismi quvur orqali Orenburg gazni qayta ishlash zavodiga yetkaziladi. U yerda gaz oltingugurt birikmalaridan tozalanib, tijorat gazi, suyultirilgan uglevodorod gazlari va boshqa tarkibiy qismlarga ajratiladi. Tijorat gazining bir qismi Qozog‘iston ichki bozoriga yetkazib beriladi, qolgan qismi esa eksport shartnomalari asosida sotiladi.
Qorachaganoq konining o‘ziga xos xususiyati shundaki, u yerda neftь, gaz va kondensat bir vaqtning o‘zida qazib olinadi. Gazning katta qismi qatlam bosimini saqlab turish va neftь qazib olish hajmini barqaror ushlab turish uchun yana yer osti qatlamiga qayta haydaladi.
Hujumdan so‘ng Orenburg gazni qayta ishlash zavodi xom gaz qabul qilishni qisqartirdi. Natijada Qorachaganoq konida ham quduqlardan chiqarilayotgan umumiy oqimni kamaytirishga to‘g‘ri keldi — bu esa gaz, neftь va gaz kondensati qazib olish hajmining pasayishiga olib keldi. Gaz kondensati — uglevodorodlar aralashmasi bo‘lib, qayta ishlashdan keyin benzin, dizel va aviatsiya yoqilg‘isini olish mumkin.
Natijada Qozog‘istondagi ushbu konida neftь va gaz kondensati qazib olish hajmi taxminan chorakka — sutkasiga 34 ming tonnadan 25 ming tonnaga tushdi.
Shunga o‘xshash vaziyat 2025 yil kuzida ham kuzatilgan — o‘shanda ham Orenburg GQZga qilingan hujum sabab bo‘lgan. U paytda ham Qorachaganoq qazib olishni taxminan 25 foizga qisqartirgan. Energetika xavfsizligi bo‘yicha ekspert Oljas Baydildinov operatorning ehtimoliy kunlik yo‘qotilgan daromadini taxminan 4,4 million dollar deb baholagan. Biroq o‘sha safar Orenburg gaz qabul qilishni uch kun ichida tiklagan bo‘lsa, bu galgi uzilish bir haftadan oshdi.

Surat manbasi, KARACHAGANAK OFFICIAL
Hozir hukumat ichki gaz ta’minotiga zarar yetmaganini ta’kidlamoqda. Lekin qazib olishning qisqarishi eksport uchun kamroq xomashyo qolishini anglatadi. Agar Orenburgdagi cheklovlar uzoqqa cho‘zilsa, mamlakat eksport tushumlaridan va neft-gaz sohasidan tushadigan soliqlardan qisman mahrum bo‘lishi mumkin.
Energetika xavfsizligi bo‘yicha ekspert Jon Robertsning aytishicha, Qozog‘iston uchun asosiy muammo — Karachaganoqning hali ham asosan neftь eksportiga bog‘liq ekanidir. Uning katta qismi Rossiya hududi orqali eksport qilinadi.
Karachaganoq neftь va kondensati uchun asosiy eksport yo‘li Kaspiy quvur konsortsiumi (KQK) tizimi va Novorossiyskdagi Qora dengiz terminali orqali o‘tadi. Biroq Novorossiysk ham Ukraina dronlari hujumlariga uchragan bo‘lib, bu yo‘lning barqarorligini xavf ostiga qo‘ymoqda.
May oyigacha Qorachaganoq neftining bir qismi Germaniyaga ham yetkazib berilgan — avval Atirau–Samara quvuri orqali, keyin «Drujba» tizimi bilan Shvedtdagi (Berlin yaqinida) NPZga. Biroq 1 mayda Rossiya Germaniyaga «Drujba» orqali Qozog‘iston nefti tranzitini to‘xtatdi. Vitse-premьer Aleksandr Novak bu qarorni «texnik imkoniyatlar» bilan izohlagan.
Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov esa bu qaror Ukraina hujumlarining Rossiya infratuzilmasiga ta’siri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytgan. Financial Times esa yuqori lavozimli qozog‘istonlik manbaga tayanib, bu qaror Rossiyaning Yevropa Ittifoqi va Germaniyaga bosim o‘tkazish urinishi bo‘lishi mumkinligini yozgan.
Astana Rossiya qayta ishlash infratuzilmasiga qaramlikni kamaytirishga ancha vaqtdan beri harakat qilib kelmoqda. Iyun oyi boshida Qozog‘istonning asosiy gaz kompaniyasi QazaqGaz Qorachaganoq konida yangi gazni qayta ishlash zavodi qurish loyihasi uchun janubiy koreyalik Hyundai Engineering kompaniyasini tanlagan. Loyihaga ko‘ra, zavod yiliga 5 milliard kub metrgacha gazni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Biroq bu yaqin yillardagi yechim emas. Hatto ishga tushgandan keyin ham yangi zavod hozir Orenburg gazni qayta ishlash zavodida qayta ishlanayotgan hajmdan taxminan ikki barobar kam gazni qabul qila oladi: yiliga 5 milliard kub metr, hozir esa taxminan 9 milliard kub metr. Demak, u Qozog‘istonning Rossiya infratuzilmasiga bog‘liqligini kamaytiradi, ammo Orenburgni to‘liq almashtira olmaydi.
Hukumatlar shuningdek Boqu—Tbilisi—Jeyhon yo‘nalishini Rossiya tranzitiga asosiy muqobillardan biri sifatida tilga olib kelmoqda. Biroq energetika xavfsizligi bo‘yicha ekspert Jon Robertsning aytishicha, Kaspiy dengizi orqali neftь tashish uchun tankerlar yetishmasligi sabab bu yo‘nalishning imkoniyatlari hozircha cheklangan.
Shu bilan birga, Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozi Qozog‘iston uchun qo‘shimcha daromad imkoniyatini ham yaratmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva ichki bozordagi tanqislikni qoplash uchun Qozog‘istondan taxminan 50 ming tonna AI-92 benzini sotib olish masalasini muhokama qilmoqda. Biroq Qozog‘iston hukumati hozircha Rossiyadan rasmiy so‘rov kelib tushmaganini bildirgan.

Surat manbasi, KARACHAGANAK OFFICIAL
«Siyosiy shartlarsiz»
O‘zbekiston Rossiyadagi yoqilg‘i inqirozining oqibatlaridan Qirg‘iziston va Tojikistonga qaraganda yaxshiroq, lekin Qozog‘istonga nisbatan ko‘proq ta’sirlanadi.
Mamlakatda neftь va gaz kondensati qazib olinadi, Buxoro va Farg‘ona NPZlari esa bu xomashyoni benzin, dizel va boshqa neftь mahsulotlariga qayta ishlaydi.
Biroq ichki talabning o‘sishi buni to‘liq qoplamaydi, shuning uchun O‘zbekiston hali ham benzin, dizel va aviatsiya kerosinini, jumladan Rossiyadan ham import qiladi. 2026 yil yanvarь–aprel davrida benzin importi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobardan ko‘proq, dizel importi esa qariyb 18 foizga oshgan.
Shu sabab Rossiya yetkazib berishlarining qisqarishi O‘zbekistonni yoqilg‘idan butunlay mahrum etmasa ham, narxlar oshishi va ayrim turlar bo‘yicha tanqislikka olib kelishi mumkin.
12 iyunь kuni Uzbekistan Airways ayrim yo‘nalishlarda O‘zbekiston shaharlari va Rossiya o‘rtasidagi reyslar sonini qisqartirishini ma’lum qildi. Bunga aviatsiya kerosini tanqisligi va uning qimmatlashishi sabab qilib ko‘rsatildi. O‘zgarishlar Moskva va Sankt-Peterburgga uchishlarning bir qismiga taalluqli bo‘ldi.

Surat manbasi, NEFTEGAZ.RU
Aviakompaniya vaziyatni «tashqi omillar» bilan izohladi, ammo aniq sabablarni ochiqlamadi. Jahon bozorida kerosin narxining o‘sishi Yaqin Sharqdagi urush va Hormuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishdagi uzilishlar bilan bog‘liq. Rossiyadagi tanqislik va eksport cheklovlari ham bozorni qiyinlashtirgan bo‘lishi mumkin, ammo Uzbekistan Airways ham, Toshkent rasmiylari ham Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni tasdiqlamagan.
Shuningdek, birjada AI-92 benzini narxi keskin ko‘tarilib, ommaviy axborot vositalariga ko‘ra tarixiy maksimumga yetgan.
O‘zbekiston uchun uzoq muddatli nuqtai nazardan eng muhim masalalardan biri — gaz muammosi. 2026 yil birinchi choragida mamlakatda tabiiy gaz qazib olish hajmi 15 foizga kamaygan, chetdan xaridlar esa keskin oshgan. Bu masala ayniqsa qish mavsumi oldidan yanada keskinlashadi.
Oslo universiteti tadqiqotchisi Franchesko Sassi o‘tgan yili O‘zbekiston gaz yetishmovchiligini milliy xavfsizlik masalasi sifatida qabul qilishini aytgan edi. Shu sababli mamlakat bir vaqtning o‘zida «Gazprom» bilan ham murojaat qilgan, ham Qozog‘iston va Turkmaniston bilan muzokaralar olib borgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan keladigan yetkazib berishlar mintaqaga qisqa muddatli barqarorlik bersa-da, iqtisodiy o‘sishni Moskvaning siyosiy ta’siriga bog‘lab qo‘yishi mumkin.
O‘zbekiston bunday xavflarga tayyor emas. 2022 yil dekabrida Toshkent Moskva tomonidan taklif qilingan Rossiya–Qozog‘iston–O‘zbekiston «uch tomonlama gaz ittifoqi»ni rad etgan. O‘sha paytda energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov kelishuv faqat tijorat va texnik masala bo‘lishi kerakligini, siyosiy shartlar bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmasligini ta’kidlagan: «Biz hech qanday siyosiy shartlar qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz».
Hukumatlararo bitimlar, yoqilg‘i zaxiralari va yuk oqimini qayta yo‘naltirish imkoniyatlari asosiy haqiqatni o‘zgartirmaydi: mintaqa davlatlarining energetika tizimlari hali ham Rossiya yetkazib berishlari, qayta ishlash quvvatlari, quvurlar, portlar va narxlarga chambarchas bog‘langan. Rossiyadagi tanqislik qancha uzoq davom etsa, uning oqibatlari mintaqada shunchalik kuchli bo‘lishi ehtimoli oshadi.
Franchesko Sassi qo‘shimcha qiladi: «Darhol yetkazib berish to‘xtashi natijasida yuzaga keladigan inflyatsiya Markaziy Osiyo davlatlari uchun turli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Geosiyosiy keskinlik kuchayib borayotgan dunyoda (Erondan import davom etayotgan mojaro sabab zarar ko‘rmoqda, Xitoy esa Hormuz bo‘g‘ozining uzoq muddatli yopilishi oqibatlaridan hali ham aziyat chekmoqda) Rossiya inqirozi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zarbalarga oson yechim yo‘q».






























