AQSh qo‘shinlari 20 yildan so‘ng Iroqni tark etmoqda. Ular qanday iz qoldirdi va endi nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Luis Barrucho
- Role, BBC Jahon xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
AQSh 30 sentyabrgacha Iroqda qolgan qo‘shinlarini olib chiqishni yakunlashi kutilmoqda. Shu bilan Iroq hayotiga yigirma yildan ortiq ta’sir ko‘rsatgan AQSh harbiy aralashuvi tugaydi.
Bu jarayon 2003 yilda Saddam Husayn hokimiyatini ag‘dargan bosqindan boshlangan va keyingi yillardagi qurolli isyonlar hamda mazhablararo zo‘ravonliklar davrida ham davom etgan. AQSh qo‘shinlari 2011 yilda Iroqdan chiqib ketgan, ammo 2014 yilda "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashda yordam berish uchun qaytgan edi.
Qolgan qo‘shinlarni olib chiqish Eron bilan davom etayotgan mojaro tufayli Iroqdagi AQSh harbiylari yana hujum xavfiga duch kelayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Biroq ekspertlarga ko‘ra, qo‘shinlar ketishi bilan AQShning Iroqdagi ta’siri yo‘qolmaydi.
Hozir nima bo‘lyapti va nega?

Surat manbasi, AFP
Rasman, qo‘shinlarni olib chiqish Vashington va Bag‘dodning 2024 yilgi kelishuviga asoslanadi. Unga ko‘ra, "Islomiy davlat" guruhiga qarshi AQSh boshchiligidagi koalitsiya missiyasi bo‘lgan "Qat’iy iroda" operatsiyasi yakunlanishi kerak. Bu guruh AQShda ISIS nomi bilan ham tanilgan.
Iroq urushi avjiga chiqqan 2007 yilda mamlakatda 170 mingdan ortiq AQSh harbiysi bor edi. AQSh Markaziy qo‘mondonligiga ko‘ra, qo‘shinlarni olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilishidan oldin, 2023 yil dekabr oyida ularning soni taxminan 2400 nafarga tushgan.
Shundan beri AQSh harbiy ishtirokini yanada qisqartirdi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakatda faqat Kurdiston mintaqasidagi kichik bir guruh harbiylar qolgan.
"Qo‘shinlarni olib chiqish avvalgi Iroq hukumati bilan kelishilgan edi. Chunki Iroqda IShIDni mag‘lub etish missiyasi o‘z maqsadiga erishdi", deydi Vashingtondagi Atlantika kengashining Iroq bo‘yicha dasturi katta ilmiy xodimi Safvon al-Amin.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Bu qaror Iroqdagi ko‘p yillik siyosiy bosim bilan ham bog‘liq.
2016–2019 yillarda AQShning Iroqdagi elchisi bo‘lgan Duglas Sillimanning aytishicha, bir necha hukumat AQSh qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarish talabi bilan yuzlashgan. Ko‘pchilik ularning Iroqda qolishini mamlakat suverenitetiga daxl deb biladi.
Hozir Vashingtondagi Arab ko‘rfazi davlatlari instituti prezidenti bo‘lgan Silliman BBCga shunday dedi: "Eronga yaqin guruhlar va shia aholining ayrim qatlamlari bir necha Iroq hukumatiga bosim o‘tkazib, AQSh qo‘shinlarining mamlakatdan chiqib ketishini talab qilib keldi".
AQSh qo‘shinlari prezident Barak Obama davrida, 2011 yilda Iroqdan chiqib ketgan edi. Ammo uch yil o‘tib, "Islomiy davlat" guruhi mamlakatning katta qismini egallagach, ular Bag‘dodning iltimosiga binoan qaytdi. Shundan so‘ng ularning vazifasi jang qilishdan ko‘ra Iroq kuchlarini tayyorlash, ularga maslahat berish va razvedka ma’lumotlarini almashishga qaratildi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Biroq tahlilchilarga ko‘ra, qo‘shinlarning aynan shu oyda olib chiqilishi IShIDga qarshi missiyaning rasman yakunlanishidan ko‘ra xavfsizlikka oid xavotirlar bilan ko‘proq bog‘liq.
"Gap IShIDda emas, xavf-xatarda. IShIDni sabab qilib ko‘rsatish bir necha yil avvalyoq o‘z ahamiyatini yo‘qotgan", deydi Buyuk Britaniyadagi RUSI tahlil markazining katta ilmiy xodimi H.A. Hellier.
Hellier Eron bilan bog‘liq mintaqaviy keskinlik manzarasida Iroq shimolidagi AQSh ob’ektlariga yaqinda qilingan hujumlarga ishora qiladi. Uning aytishicha, Vashington mamlakatda qolgan harbiylarini tobora hujumga duchor bo‘lishi mumkin bo‘lgan nishonlar sifatida ko‘ra boshlagan.
Safvon al-Amin ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning aytishicha, AQSh va Iroq rasmiylari koalitsiya missiyasi tugaganidan keyin ham mamlakatda oz sonli amerikalik harbiylarni qoldirish masalasini avval muhokama qilgan.
"Qo‘shinlar soni kam va ularning harbiy ta’sir ko‘rsatish imkoniyati cheklangan edi. Eron bilan urush ularning Iroqdagi mavjudligi afzallikdan ko‘ra ko‘proq zaif nuqta ekanini ko‘rsatdi", deydi u.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring
AQSh Iroqda qanday iz qoldirdi?

Surat manbasi, Universal History Archive/Universal Images Group via Getty Images
Iroqqa bostirib kirilganiga yigirma yildan oshgan bo‘lsa-da, AQSh harbiy ishtirokining mamlakatda qoldirgan merosi haqidagi baholar keskin farq qiladi.
Safvon al-Amin bu merosning ijobiy va salbiy jihatlari borligini aytadi.
"AQShning Iroqqa bostirib kirishi ko‘zlangan maqsadlarga erishmadi. Hokimiyat almashishi ham iroqliklarning barqaror va farovon mamlakat haqidagi orzularini ro‘yobga chiqarmadi", deydi u. Al-Aminning fikricha, bosqin mintaqada beqarorlikka olib kelib, Eron ta’sirining kengayishiga yo‘l ochgan.
Silliman ham o‘zgarishlar og‘ir kechganini tan oladi. Biroq uning aytishicha, yillar davomida ko‘plab iroqliklar unga Saddam Husayn ag‘darilganidan keyingi siyosiy o‘zgarishlarni qadrlashlarini aytgan.
Uning fikricha, Iroqni vakillik demokratiyasi asosida boshqarish g‘oyasi ildiz otgan. Ammo ilgari demokratiya tajribasiga ega bo‘lmagan jamiyatda uning an’analarini mustahkamlash vaqt talab qiladi.
Vashingtondagi Amerika universiteti huzuridagi Global kurd tinchlik tashabbusi direktori Yerevan Said ham ijobiyroq baho beradi.
"Avvalgi tuzumning ag‘darilishi juda muhim voqea bo‘ldi", deydi u. Saidning fikricha, tanqidchilar bu bilan qanday shafqatsiz tuzumga barham berilganini e’tibordan chetda qoldiradi.
Uning aytishicha, korruptsiya hanuz davom etayotganiga qaramay, Iroqda 2003 yildan oldingi davrga nisbatan siyosiy erkinlik va fikrlar xilma-xilligi ko‘proq. U ayniqsa Iroq Kurdistonini misol qilib keltiradi.
Hellier esa AQSh merosini demokratiya nuqtai nazaridan baholashning o‘ziga qarshi.
"AQSh Iroqda demokratiya qurdimi, degan savolni berishdan voz kechish kerak. Yo‘q, qurmadi. Bu masala aniq", deydi u.
Hellierning fikricha, muhimroq oqibat mintaqada yuz bergan:
"Saddamning ag‘darilishi oxir-oqibat Eronga yaqin tarmoqlarning davlat tizimiga chuqur kirib borishiga yo‘l ochdi. Vashington Eron ta’sirini muvozanatlab turgan kuchni yo‘q qilgan edi".
Shu bilan birga, to‘rtala ekspert ham Iroq 2003 yilda AQSh siyosatchilari tasavvur qilgan barqaror demokratiyadan hali ancha yiroq ekaniga qo‘shiladi.
Ularning aytishicha, mamlakatda korruptsiya keng tarqalgan, qurolli guruhlar esa davlat tuzilmalari bilan yonma-yon katta ta’sir kuchiga ega. Bu, ayniqsa, asosan shia qurolli guruhlaridan iborat Xalq safarbarlik kuchlari (PMF) tarkibidagi murosasiz guruhlarga taalluqli. Bag‘dod ularni to‘liq davlat nazoratiga o‘tkazishga urinmoqda.
Endi nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Gamma-Rapho via Getty Images
qo‘pol xatosi bo‘lmasa o‘zgartirma: Al-Amin qo‘shinlarning chiqib ketishi AQShning Iroqdagi ta’siri tugashini anglatmaydi, deb hisoblaydi.
"Iroq neftini AQSh dollarida sotishga bog‘liq bo‘lgani uchun Vashingtonda hali ham katta ta’sir o‘tkazish imkoniyati bor. Iroq qurol-yarog‘ sotib olishda ham AQShga tayanadi. Qo‘shni davlatlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun unga AQShning diplomatik yordami ham kerak".
Saidning aytishicha, AQShning Iroqdagi diplomatik vakolatxonalari ham bu ta’sirning muhim qismi hisoblanadi.
"Bag‘dodda AQShning dunyodagi eng katta elchixonasi, Erbilda esa dunyodagi eng katta konsulxonasi joylashgan", deydi u. Uning ta’kidlashicha, qo‘shinlar chiqib ketganidan keyin ham har ikki vakolatxonani qo‘riqlash zarur bo‘ladi.
Silliman o‘zi "juda yaqin harbiy aloqalar" deb atagan munosabatlar saqlanib qolishini kutmoqda. Unga ko‘ra, AQSh Iroq armiyasi, Terrorizmga qarshi kurash xizmati va Iroqning yarim mustaqil Kurdiston mintaqasi qurolli kuchlari - Peshmergaga harbiy tayyorgarlik va rejalashtirish sohasida yordam berishda davom etadi.
Biroq eng katta noaniqlik Eron qo‘llab-quvvatlaydigan Iroq qurolli guruhlari bilan bog‘liq. Iroq bosh vaziri Ali al-Zaydi dastlab ularni 30 sentyabrgacha to‘liq davlat nazoratiga o‘tkazmoqchi edi. Ammo xabarlarga ko‘ra, bu guruhlar muddatni 2027 yil oxirigacha uzaytirishni so‘ramoqda.
Ekspertlar hatto bu muddatga amal qilish mumkinmi-yo‘qmi, degan masalada ham turlicha fikrda.
"Bu amalga oshmaydi", deydi Said. U qurolli guruhlar Iroqning siyosiy va moliyaviy tizimiga chuqur singib ketgani, parlamentda vakillari borligi va Tehron bilan mustahkam aloqalarga egaligini sabab qilib ko‘rsatadi.
Silliman esa bu vaziyatning ijobiy tomoni ham bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. Uning fikricha, AQSh qo‘shinlari mamlakatdan ketgach, qurolli guruhlar odamlarni o‘z atrofiga to‘plash uchun foydalanib kelgan muhim siyosiy dalilidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu Bag‘dodga davlat nazoratiga bo‘ysunishni istamayotgan guruhlarga bosim o‘tkazish uchun ko‘proq imkoniyat beradi.
Biroq Silliman yanada jiddiy xavf haqida ham ogohlantiradi:
"Men elchi bo‘lishimdan oldingi davrdan boshlab bir necha Iroq bosh vaziri bilan suhbatlashganman. Ular bu holat mamlakat ichidagi mojarolarga, hatto fuqarolik urushiga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan".
Said "Islomiy davlat" guruhi yana kuchayib ketishidan ham xavotirda. U 2011 yilda AQSh qo‘shinlari chiqib ketganidan keyingi vaziyatni eslaydi. Uning aytishicha, o‘shanda Bag‘doddagi shialar yetakchiligidagi hukumat sunniy yetakchilarni hibsga olish va siyosiy jarayondan chetlatishga kirishgan. Saidning fikricha, bu ta’qiblar ko‘plab sunniylarni radikallashuv sari yetaklab, "Islomiy davlat" guruhining kuchayishiga hissa qo‘shgan.
Sunniy jamoalar o‘zlariga qanday munosabatda bo‘linishidan yana xavotir olayotgan bir paytda, Said radikallashuv xavfi hamon yuqori ekanini ta’kidlaydi.
Silliman esa bu borada umidvorroq. Uning fikricha, Iroq xavfsizlik kuchlari o‘n yil avvalgiga qaraganda ancha kuchli va bunday tahdidlarni jilovlashga yaxshiroq tayyorlangan.

Surat manbasi, Gamma-Rapho via Getty Images
Ekspertlarga ko‘ra, qo‘shinlarning chiqib ketishi Iroqda AQSh va Eron o‘rtasidagi kuchlar muvozanati qanday o‘zgarishi haqida ham yangi savollar tug‘dirmoqda.
Al-Amin Eron imkoniyat topsa, Iroqdagi ta’sirini yanada mustahkamlashga harakat qilishini kutmoqda. Shu bilan birga, u AQSh qo‘shinlarining bu safargi chiqib ketishini uzil-kesil qaror deb qabul qilmaslikka chaqiradi.
"AQSh qo‘shinlari 2011 yilda ham Iroqdan chiqib ketgan, ammo bir necha yildan so‘ng yana qaytgan edi", deydi u. "Bu hikoyaning bir bobi yakunlanmoqda, xolos. Bu uning so‘nggi bobi emas".
Illyustratsiya muallifi: Rais Husayn.






























