Prezident Putinning reytingi yana pasaydi. Sabab nima? Xavfi bormi?

Surat manbasi, Sergei Bulkin/TASS
- Author, Sergey Goryashko
- Role, BBC Rus xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Sotsiologlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bo‘lgan ishonch va uning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash darajasi pasayganini qayd etishmoqda. Davlatga qarashli Rossiya Jamoatchilik fikrini o‘rganish umumrossiya markazi (VSIOM) so‘roviga ko‘ra, Putin faoliyatiga berilgan baho so‘nggi ikki yildagi eng katta pasayishni ko‘rsatgan.
Mutaxassislar 2026 yil aprel oyidan beri hokimiyat reytingi tushib borayotgani, ayni paytda esa jamiyatda xavotir kuchayganini ta’kidlashmoqda. Bu holat shu yil sentyabrga rejalangan Davlat dumasi saylovlari arafasida kuzatilmoqda.
VSIOM ma’lumotlariga ko‘ra, bir hafta ichida Putin faoliyatini ma’qullaganlar ulushi 70,4 foizdan 66,9 foizga tushgan, ya’ni 3,5 foizga kamaygan. Bu holatga birinchi bo‘lib AQShda joylashgan "Agentstvo" nashri e’tibor qaratgan.
Avval ham shunday pasayish 2024 yil avgust oyida kuzatilgan edi. O‘sha paytda Ukraina harbiylarining Kursk viloyatiga kirib borishi manzarasida Putin reytingi bir haftada 77,1 foizdan 73,6 foizga tushgan.
Prezident reytingidagi hozirgi pasayish bahordan beri davom etmoqda. Buni Rossiyadagi uchta asosiy sotsiologik markaz ham qayd etgan: VSIOM, Prezident administratsiyasiga yaqin hisoblangan "Jamoatchilik fikri" jamg‘armasi (FOM) va "Levada markazi". Bu tashkilotlar turli usullarda so‘rov o‘tkazadi va savollarni ham har xil shaklda beradi. Shuning uchun ularning natijalari bir-biridan ma’lum darajada farq qilishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
VSIOM bahorda Putin reytingi yetti hafta davomida pasayganini qayd etgan edi. Keyinchalik, may oyida tashkilot so‘rov o‘tkazish usulini o‘zgartirdi. Ilgari barcha ishtirokchilar telefon orqali so‘ralgan bo‘lsa, endi ularning yarmi bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazilmoqda. Sotsiologlar bu o‘zgarishni telefon aloqasida yuzaga kelgan muammolar bilan izohlagan.
Shundan so‘ng Putinning qo‘llab-quvvatlash reytingi yana oshdi: aprel o‘rtasidagi 65,6 foizdan may oyida 69,4 foizga, iyun oyida esa 70,4 foizga yetdi.
FOM esa so‘rovlarni odamlarning yashash joyida o‘tkazadi va usulini o‘zgartirmagan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Putin faoliyatini respondentlarning 70 foizi ijobiy baholagan. Bu iyun o‘rtasiga nisbatan 5 foizga kam ko‘rsatkichdir.
Bu Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlaganidan beri kuzatilgan eng past natija hisoblanadi. Taqqoslash uchun, 2022 yil fevral oyida, urush boshlanishidan oldin Putinni 64 foiz respondent qo‘llab-quvvatlagan edi.
"Levada markazi" ham yuzma-yuz so‘rovlar o‘tkazadi. Ularning iyun oyidagi natijalariga ko‘ra, Putin faoliyatini 74 foiz respondent ma’qullagan. Bu ham Ukrainadagi urush boshlanganidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Reyting pasayishiga sabab nima?

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Siyosatshunos Aleksandr Kinevning ta’kidlashicha, hozirgi sharoitda so‘rov o‘tkazish usuli katta ahamiyatga ega.
"Uyma-uy o‘tkaziladigan so‘rovlar amalda asosan uy bekalari va nafaqaxo‘rlar, ya’ni qarashlari ancha konservativ va bugungi hayot jarayonlariga kamroq aralashadigan odamlar o‘rtasidagi so‘rovga aylanib qolmoqda".
Telefon orqali o‘tkaziladigan so‘rovlarda esa, aksincha, ko‘proq yosh, ma’lumotli va faol odamlar ishtirok etadi. Ular jamiyatdagi o‘zgarishlarga tezroq munosabat bildiradi va axborot maydonidagi voqealardan yaxshi xabardor bo‘ladi.
Mutaxassislar fikricha, hokimiyat reytingining pasayishi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi, narx-navo oshishi, Ukraina tomonidan Moskva va front chizig‘idan uzoqdagi boshqa Rossiya hududlariga havo hujumlarining ko‘payishi hamda internetdagi cheklovlar bilan bog‘liq. BBCning Kremlga yaqin manbasiga ko‘ra, aynan internet cheklovlari reytingning yanada pasayishiga turtki bo‘lgan.
Kinevning aytishicha, sotsiologik so‘rovlarda qatnashishdan odamlarning 92 foizi bosh tortadi. Shuning uchun hozirgi natijalar hatto o‘z fikrini ochiq aytishdan qo‘rqmaydigan odamlar orasida ham hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash kamayayotganini ko‘rsatadi.
Uning fikricha, rossiyaliklarning haqiqiy kayfiyatini maqsadli so‘rov guruhi tadqiqotlari aniqroq ko‘rsatishi mumkin edi, ammo hozir bunday ma’lumotlar mavjud emas.
"Shaxsiy reytinglar muammoli, chunki ular sadoqatni tekshirish sifatida qabul qilinadi. Odamlar esa muayyan mansabdor yoki partiyani qo‘llab-quvvatlashini yoki unga qarshi ekanini ochiq aytishdan qo‘rqadi. Shuning uchun bilvosita reytinglarda xavotir va pessimizm darajasi muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Ular voqealarning umumiy manzarasini yaxshiroq anglashga yordam beradi" – deydi u.
FOM ma’lumotlariga ko‘ra, hozir rossiyaliklarning yarmidan ko‘pi o‘z qarindoshlari, do‘stlari va tanishlari orasida xavotirli kayfiyat ustun deb hisoblaydi. Bu ko‘rsatkich 2022 yil kuzida, Putin qisman safarbarlik e’lon qilgan paytdagina bundan yuqori bo‘lgan. O‘shanda xavotir darajasi 70 foizga yetgan.
Kinevning ta’kidlashicha, odamlar prezidentni qo‘llab-quvvatlaydimi yoki yo‘qmi degan savoldan ko‘ra, jamiyatdagi kayfiyat haqidagi savollarga ancha erkin va rostgo‘y javob berishadi.
Bu holat saylovlar oldidan xavflimi?

Surat manbasi, Getty Images
BBC suhbatlashgan ekspertlar fikricha, hozirgi sharoitda hokimiyat reytingining pasayishi 18–20 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan Davlat dumasi saylovlari natijalariga jiddiy ta’sir qilmasligi mumkin.
Kinevning aytishicha, bugungi vaziyat 2018 yildan bir necha jihatdan farq qiladi. O‘shanda nafaqa islohoti ortidan Putin reytingi tushib ketgan va Kreml qo‘llagan nomzodlar uchta hududda gubernatorlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgandi .
Siyosatshunosning aytishicha, birinchidan, hokimiyat turli cheklov va taqiqlar orqali saylovlar ustidan mustaqil nazoratni deyarli yo‘qqa chiqargan. Natijada saylov kuzatuvchilarining imkoniyatlari keskin qisqargan. Rossiyadagi eng mashhur mustaqil saylov kuzatuvchilari tashkiloti – "Golos" harakati ham o‘tgan yili 25 yillik faoliyatidan so‘ng o‘zini ttarqatib yuborganini e’lon qildi. Bunga harakat rahbarlaridan biri Grigoriy Melkonyansning besh yilga ozodlikdan mahrum qilish haqidagi mahkama qarori sabab bo‘lgan.
Kinevning aytishicha, saylov uchastkalarida "Golos" harakati kuzatuvchilari soni har doim partiyalar yoki nomzodlar yuborgan kuzatuvchilardan kam bo‘lgan. Endi esa partiyalar va nomzodlar kuzatuvchilarining imkoniyatlari ham ancha cheklangan. Ular uchun bir saylov uchastkasidan boshqasiga borish yoki bir-birining o‘rnini bosish ancha qiyinlashgan.
"Maxsus harbiy operatsiya sharoitida hech kim hech qanday voqeaga munosabat bildirishga tayyor emas, hatto saylov uchastkalarida juda jiddiy qoidabuzarliklar sodir bo‘lsa ham. Hokimiyatni saylov natijalari nuqtai nazaridan faqat ayrim amaldorlarda mavjud bo‘lgan or-nomus va vijdon hissi, shuningdek, mahalliy elitalar o‘rtasidagi muvozanatni buzish xavfi cheklab turishi mumkin" – deydi u.
Siyosatshunos Mixail Vinogradov esa BBCga bergan intervyusida hokimiyat hozirgi vaziyatni o‘zi uchun xavfli yoki tanqidiy deb hisoblamasligini aytdi.
"Albatta, iqtisodiy qiyinchiliklar, internetdagi cheklovlar va, avvalo, benzin bilan bog‘liq muammolar fonida salbiy kayfiyat kuchaymoqda. Ammo hokimiyat bu norozilik muqobil siyosiy talablarga aylanmaydi, deb hisoblamoqda".
Vinogradovning ta’kidlashicha, 2018 yildan beri ovoz berish jarayoni ustidan ma’muriy nazorat yanada kuchaygan:
"Muxolifat siyosatchilarining jamoatchilik e’tiborini qozonish, odamlarda muqobil siyosiy tanlovga ehtiyoj uyg‘otish imkoniyati hali ham unchalik yuqori emas. Muxolifat partiyalari ehtiyotkor harakat qilmoqda va qonuniy siyosiy maydonda qolish uchun o‘zini hokimiyatga haqiqiy muqobil sifatida ko‘rsatishga intilmayapti".
Vinogradovning fikricha, hokimiyatdan norozi bo‘lgan odamlar faol norozilik bildirishdan ko‘ra, yana bir bor ojizlik hissini tuyadi. Siyosatga qiziqish yoki unga nisbatan romantik munosabat kuchayishi ehtimoli juda past.
"Hatto bunday kayfiyat paydo bo‘lgan taqdirda ham, ovoz berish natijalarini qayd etish tizimiga ma’muriy ta’sir ko‘rsatish imkoniyati saqlanib qoladi".
BBC suhbatlashgan Rossiya mintaqalaridan biri rahbariyati vakili ham hozirgi sharoitda Davlat dumasi saylovi kampaniyasini olib borish "qiyin, ammo imkonsiz emas"ligini tan oldi.
"Albatta, ishtirok va natija bo‘yicha vazifalar qo‘yiladi. Ammo biz vaziyatga oqilona yondashamiz. Zarar keltirishi mumkin bo‘lgan hech qanday ish qilmaymiz", dedi u .
Uning fikricha, qiyinchiliklar odamlarni hokimiyatdan uzoqlashtirmaydi, aksincha, unga yaqinlashtiradi.
Odamlar prezidentni qo‘llab-quvvatlashadimi yoki yo‘q degan savoldan ko‘ra, jamiyatdagi kayfiyat haqidagi savollarga ancha erkin va rostgo‘y javob berishadi.
"Rossiyaga qarshi bo‘lgan tomonning mamlakat va uning har bir fuqarosiga nisbatan ochiq agressiyasi odamlarning ustuvor qarashlarini aniq belgilab beradi. Hech kim "agar shunday bo‘lganida edi..." degan xayollar bilan yashamaydi. Rossiyaning raqiblari kelajakni qorong‘i qilib ko‘rsatmoqda. Bunday kelajak uchun hech kim ovoz bermaydi".
Bu manbaning fikricha, mamlakatda hozircha kuchli e’tiroz potentsiali ham ko‘rinmayapti.
"E’tiroz muammoni keltirib chiqargan tomon odamlarga yaqin va aniq ko‘rinib turgandagina paydo bo‘ladi. Agar gap urush va qarama-qarshilik kabi vaziyat haqida ketayotgan bo‘lsa, odamlar bundan xavotirlanadi, ammo bu keskin norozilikka aylanmaydi", deb aytdi u.
Kinev ham keng ko‘lamli norozilik harakatlari ehtimoliga shubha bilan qaraydi.
"Odamlar o‘z-o‘zidan barrikadalarga chiqib ketishi faqat ertaklarda bo‘ladi. Tashkilotchilari bo‘lmagan inqiloblar bo‘lmaydi. Tashkillashgan e’tiroz uchun ma’lum bir elita kuchi kerak. Usiz har qanday e’tiroz tarqalib ketadi. Bilim, aloqalar, resurslar va logistika imkoniyatlari doimo elita qo‘lida bo‘ladi", deya ilova qildi u.
Shu bilan birga, Kinevning fikricha, Rossiya elitalari orasida qarama-qarshiliklar mavjud. Ular mamlakatning iqtisodi, ichki va tashqi siyosati qanday rivojlanishi kerakligi haqidagi turli yondashuvlar bilan bog‘liq.
"Agar mamlakatdagi vaziyat yanada yomonlashsa, bu qarama-qarshiliklar ham kuchayib boradi", dedi Kinev.































