Qirg‘iziston: prezident qizining bolalarga sovg‘a tarqatishi muhokamalarga sabab bo‘ldi - mintaqa va siyosat

Surat manbasi, Social media
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning qizi Janayim Japarova Issiqko‘l viloyatidagi "Oltin bolalik" bolalarni reabilitatsiya qilish markazida dam olayotgan bolalarga sovg‘alar tarqatdi. Bu voqea aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda.
Videolar tarqalganidan so‘ng jamoatchilik orasida turli fikrlar paydo bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar buni davlat rahbari oila a’zolarini ommaga tanitish yoki siyosiy imij shakllantirishga qaratilgan harakat sifatida baholadi. Boshqalar esa uni oddiy xayriya tadbiri sifatida qabul qildi.
Shu munosabat bilan Sadir Japarov "Kabar" milliy axborot agentligiga izoh berib, voqeaning siyosat yoki piar bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rafiqasi Aygul Japarova so‘nggi uch yil davomida mazkur markazga shaxsan borib, bolalarga sovg‘alar tarqatib keladi. Bu safar esa oilaviy sabablarga ko‘ra o‘zi bora olmagani uchun uning o‘rniga qizi Janayim yuborilgan.
"Men bolalarimni ham, yaqinlarimni ham siyosat va davlat ishlariga aralashtirmayman. Bu hech qanday piar emas. Rafiqam har yili bolalarning kayfiyatini ko‘tarish uchun sovg‘alar berib keladi. Bu safar borolmagani uchun qizimiz sovg‘alarni tarqatib qaytib ketgan", — dedi Japarov.
Davlat rahbari tadbirga ommaviy axborot vositalari taklif etilmaganini va bu haqda ma’lumot tarqatish rejalashtirilmaganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ishtirokchilardan biri tadbirni telefonga yozib olib, keyin ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan.
Men bolalarimni ham, yaqinlarimni ham siyosat va davlat ishlariga aralashtirmayman. Bu hech qanday piar emas.
Prezident oilasi va eski muhokamalar
Sadir Japarov va uning rafiqasi Aygul Japarova to‘rt farzandni tarbiyalagan. Oilaning to‘ng‘ich o‘g‘li Dastan Japarov 2019 yilda yo‘l-transport hodisasi oqibatida vafot etgan. Ikkinchi o‘g‘il Rustam Japarov tadbirkorlik va investorlarni jalb qilish faoliyati bilan shug‘ullanadi, uning nomi o‘tgan yillarda yirik davlat qurilish loyihalari bilan bog‘liq jurnalistik surishtiruvlarda tilga olingan. Uchinchi o‘g‘il Nurdo‘o‘lo‘t Japarov esa mamlakatda yangi tashkil etilgan "Bereket bank" asoschilaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Janayim Japarova — oiladagi yagona qiz.
Prezident bu holatlarga munosabat bildirib, farzandlari davlat ishlarida ishtirok etmayotganini bir necha bor ta’kidlagan.
Aygul Japarova esa Qirg‘izistonning birinchi xonimi sifatida ijtimoiy va xayriya tadbirlarida muntazam qatnashib keladi. Prezident oilasi a’zolarining jamoatchilik hayotidagi bunday ishtiroki ilgari ham muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar
Janayim Japarova ishtirokidagi videolar tarqalganidan keyin ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar nafaqat prezident oilasi, balki jamiyatdagi umumiy siyosiy muhit haqidagi muhokamalarni ham kuchaytirdi.
Qirg‘izistonlik advokat va siyosiy sotsiologiya tadqiqotchisi Kanat Xasanov bu voqeaga o‘zining Facebook sahifasida munosabat bildirib, uni eng ko‘p hayratlantirgan jihat sovg‘alar yoki tadbirning o‘zi emas, balki jamoatchilikning bir qismi tomonidan kichik qizga nisbatan bildirilgan keskin munosabat bo‘lganini ta’kidladi.
"Meni katta yoshli insonlarning kichik qizga nisbatan to‘kkan nafrati, g‘azabi va zaharli so‘zlarining ko‘lami hayratga soldi. Shundan keyin jamiyatimizdagi muammolar tashqi tomondan ko‘ringanidan ancha chuqurroq ekan, degan xulosaga keldim. Siyosiy sotsiologiya tadqiqotchisi sifatida jamiyat asta-sekin turli sabablarga ko‘ra bir-biridan nafratlanishga tayyor guruhlarga bo‘linib borayotganini tobora ko‘proq kuzatyapman", — deb yozdi Xasanov.
Ekspert jamiyatda tanqid va siyosiy bahslar tabiiy hol ekanini, biroq bolalarning siyosiy tortishuvlar markaziga tushib qolishi ijtimoiy munosabatlar sog‘lomligi haqida o‘ylashga undashini qayd etdi. Uning fikricha, bolalar har qanday siyosiy tortishuvlardan tashqarida qolishi kerak.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Biroq post ostida boshqa nuqtai nazarlar ham bildirildi. Jumladan, foydalanuvchi Jazi Muratalieva muhokamalarning markazida prezidentning qizi yoki tarqatilgan sovg‘alar emas, balki hokimiyatga bo‘lgan ishonch masalasi turganini ta’kidladi.
"Gap qizda ham emas, sovg‘alarda ham emas. Bu yerda gap xalqning hokimiyatga bo‘lgan ishonchi haqida ketyapti. Chunki xalq prezidentning har bir so‘zi va harakatini kuzatib turibdi. Aytgan gapi bilan qilgan ishi mos kelyaptimi, degan savolni beradi. Agar so‘z bilan amal bir-biriga to‘g‘ri kelmasa, jamiyatning reaktsiyasi ham shunday bo‘ladi", — deb yozgan u.
Shu tariqa, mazkur voqea Qirg‘iziston jamiyatida nafaqat prezident oilasi a’zolarining jamoatchilik oldidagi ishtiroki, balki davlat rahbarlariga bo‘lgan ishonch, ochiqlik va jamoatchilik nazorati kabi masalalar bo‘yicha ham keng muhokamalarni keltirib chiqardi.
Janayim Japarova atrofidagi bahslar Markaziy Osiyoda davlat rahbarlari oila a’zolarining jamoatchilik va siyosiy hayotdagi roli doimo katta qiziqish uyg‘otib kelishini yana bir bor ko‘rsatadi.
Mintaqaning deyarli barcha davlatlarida prezidentlarning oilasi va yaqin qarindoshlari davlat boshqaruvi yoki siyosiy institutlarda faol ishtirok etayotgan bo‘lsa, boshqalarida esa ularning ta’siri va faoliyati jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lib keladi. Shu bois prezidentlar oilasi bilan bog‘liq hatto oddiy ijtimoiy yoki xayriya tadbirlari ham ko‘pincha siyosiy ma’no kasb etib, hokimiyatga ishonch, oilaviy ta’sir va siyosiy vorislik haqidagi kengroq bahslarni yuzaga chiqaradi.






























