Prezident Mirziyoyev oilasi ichki kelishmovchiliklar haqidagi mish-mishlar fonida birdamlikni namoyish etmoqdami?

Surat manbasi, SHAHNOZA MIRZIYOYEVA/INSTAGRAM
- Author, BBC Monitoring
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari so‘nggi haftalarda bir necha bor omma oldida birga ko‘rinish berdi.
Mirziyoyevlar O‘zbekistonda doim ommaviy axborot vositalari e’tiborida bo‘lsa-da, oilaning bu tarzda birga ko‘rinishi keyingi yillarda kam uchraydigan holga aylangan.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu chiqishlar, oila ichidagi kelishmovchiliklar haqidagi mish-mishlar tinmayotgan bir paytda, Mirziyoyevning mamlakat aholisi va xorijiy hamkorlarga oilasida barqarorlik va birdamlik borligini ko‘rsatishga urinishiga o‘xshaydi.
Qayerda va qachon?

Surat manbasi, SAIDA MIRZIYOYEVA/TELEGRAM
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev 23–24 avgust kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Safar chog‘ida Aliev va Mirziyoyev oilalari birga suratga tushdi. Bu surat tashrifning e’tibor tortgan jihatlaridan biri bo‘ldi.
Buxoroda olingan suratda Aliev oilasi a’zolari prezident Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroatxon bilan birga ko‘rinadi. Rasmda Mirziyoyevning qizlari Saida va Shahnoza, shuningdek, uch nafar qiz nabirasi ham bor.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva suratni Telegram kanalida e’lon qildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring
Buxoroga tashrifdan keyingi haftalarda Mirziyoyevlar oilasi a’zolari yana bir necha bor omma oldida birga ko‘rindi.
4 sentyabr kuni birinchi xonim Ziroatxon Mirziyoyeva Qo‘qondagi kontsertga qizi Shahnoza va kuyovlari Otabek Umarov hamda Oybek Tursunov bilan bordi.
Otabek Umarov Shahnozaning, Oybek Tursunov esa Saidaning turmush o‘rtog‘i. Instagram'dagi bir necha sahifada e’lon qilingan tadbir videolariga ko‘ra, kontsertda Otabek Umarovning qizi Raniyaxon ham chiqish qilgan.
6 sentyabr kuni Shahnoza va Saida Toshkentdagi yangi zamonaviy san’at markazining ochilish marosimida ham birga bo‘ldi. Saida Mirziyoyevaning Telegram kanalida e’lon qilingan suratlarda opa-singillarning xorijiy mehmonlarga mezbonlik qilayotgani aks etgan.
Keyin Shahnoza 13–16 sentyabr kunlari Janubiy Koreyaga davlat tashrifi chog‘ida otasi Shavkat Mirziyoyevga hamrohlik qildi. U Instagram'da e’lon qilgan Seul suratlarida ota-onasi, Otabek Umarov va Oybek Tursunov ham bor. Ular Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon va uning rafiqasi yonida turishibdi.
Bu chiqishlar ortida nima bor?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Prezident Mirziyoyevning jamoatchilik oldidagi qiyofasida oilaviy rishtalar hamisha muhim o‘rin tutgan.
2016 yilda hokimiyatga kelgach, Mirziyoyev va uning oilasi o‘zini ahil oila sifatida ko‘rsatishga intildi.
Bu sobiq prezident Islom Karimovning ichki nizolar bilan tanilgan oilasidan farqli bir manzara edi.
Marhum Karimovning qariyb 30 yillik hukmronligi uning qizi Gulnora Karimova bilan oshkora mojarosi bilan ham yodda qolgan. Bu mojaro mamlakatning xalqaro obro‘siga ham putur yetkazgan.
Karimov oilasidagi mojaroni yaxshi bilgan Mirziyoyev jamoatchilikda o‘z oilasi haqida ijobiy tasavvur uyg‘otishga harakat qilib kelgan. Biroq so‘nggi yillarda uning yaqin doirasida kelishmovchilik borligi haqidagi tinmay tarqalayotgan mish-mishlar bu sa’y-harakatlarga bir qadar soya soldi.
2024 yil oxirida Saida Mirziyoyevaning yaqin hamkori Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirildi, ammo u omon qoldi. Shundan so‘ng prezident oilasida bo‘linish borligi haqida xabarlar tarqaldi.
Keyinroq Mirziyoyev kichik kuyovi Otabek Umarovni Prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod qildi. U huquqni muhofaza qilish idoralarida ham Umarovga yaqin kishilarni chetlatish uchun keng ko‘lamli kadrlar almashinuvini boshladi. Ilgari Mirziyoyevga juda yaqin bo‘lgan va uning ko‘p e’tibor tortgan xorijiy safarlarida qatnashgan Umarov shu tariqa chetga surildi. Unga Milliy olimpiya qo‘mitasida ko‘proq ramziy ahamiyatga ega lavozim berildi.
Munosabatlar
Mirziyoyevlar oilasining so‘nggi paytlarda birga ko‘rinish berishi O‘zbekistonda katta muhokamaga sabab bo‘lmadi. Mamlakatda prezident oilasi haqida ommaviy axborot vositalarida nima deyilishi qat’iy nazorat qilinadi.
Xorijda bildirilgan fikrlar orasida Janubiy Koreya safarida Otabek Umarov va Oybek Tursunovning prezident yonida yana ko‘rinishi oila ichidagi kelishmovchiliklar bartaraf etilgan bo‘lishi mumkinligini anglatadi, degan talqin ham uchradi.
Xo‘sh, undan keyin - chi?
Prezidentning ikki kuyovi uzoq vaqt siyosiy maydondan chetda qolganini hisobga olsak, ularning oilaviy suratlarda yana paydo bo‘lishi e’tiborga molikligi aytiladi.
Bu Mirziyoyev oila ichidagi ziddiyatlarga qaramay, birdamlikni ustun qo‘yayotganidan darak berishi mumkin. Kelgusida muhim lavozimlardan chetlatilgan oila a’zolari yana siyosiy maydonga qaytishi ham ehtimoldan xoli emas.
Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirgan ko‘plab o‘zbekistonliklar kuyovlarning yana prezident yonida ko‘rinishini kutilmagan hol deb hisoblamaydi.





























