Eron sudi hijobsiz chiqish qilgan xonandaga berilgan darra jazosini o‘z kuchida qoldirdi

Surat manbasi, youtube.com/@ParastooAhmadii
- Author, G‘uncha Habibiozod
- Role, BBC Fors Xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Eron apellyatsiya sudi hijobsiz chiqish qilgan taniqli xonanda Parastu Ahmadiyga tayinlangan 74 marta darra urish jazosini o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda uning advokatlari ma’lum qildi.
29 yoshli xonanda 2024 yil dekabrida YouTube kanalida jonli efirga uzatilgan kontsertda yengsiz ko‘ylakda qo‘shiq aytgan edi. Eron qonunlari ayollarning ommaviy chiqishlarini taqiqlaydi. Ular ro‘mol o‘rashi va yopiq kiyinishi ham shart.
Kontsert videosi millionlab marta ko‘rilgach, Eron sud hokimiyati Ahmadiyga qarshi ish qo‘zg‘atdi. Sud hokimiyati uning chiqishini "mamlakatning huquqiy va madaniy qoidalariga zid" deb baholadi.
Xabarlarga ko‘ra, iyunda Qum shahri jinoyat sudi Ahmadiy hamda uning musiqiy guruhi va kontsertni tayyorlashda qatnashgan jamoaning sakkiz a’zosini aybdor deb topgan. Ularga "behayo va nomunosib materiallar"ni e’lon qilish orqali "jamoat odobiga putur yetkazish" aybi qo‘yilgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring
74 marta darra urish jazosidan tashqari, ularga ikki yil davomida audio va video sohasida faoliyat yuritish hamda mamlakatdan chiqish taqiqlangan.
Advokatlarining aytishicha, yuqori instantsiya sudi juma kuni ayblanuvchilarning apellyatsiya shikoyatini sud majlisi o‘tkazmasdan rad etgan.
"Bizningcha, kontsert o‘tkazishning o‘zi jinoyat emas", dedi advokatlardan biri BBCga. "Birinchi instantsiya sudi bu ayblovlar bo‘yicha eng og‘ir jazolardan birini tayinladi. Holbuki, jarima yoki yengilroq jazo qo‘llash imkoni ham bor edi."
"Apellyatsiya sudi majlis o‘tkazish imkoni bo‘lsa-da, uni o‘tkazmadi va hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Aftidan, bu hukmdan asosiy maqsad shunga o‘xshash voqealar takrorlanishining oldini olish bo‘lgan."
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Dastlabki hukm haqidagi xabar Eronda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgan edi.
"Bu qorong‘i kunlar nihoyasiga yetsin. Ayollar qanday yashash va kiyinishni tanlash erkinligini qayta qo‘lga kiritsin. Aziz vatanimizda ijod erkinligi yana gullab-yashnasin", deb yozgan edi muhojiratdagi xonanda Gugush o‘shanda Instagram sahifasida.
Musiqachi Husayn Alizoda esa "Parastu Ahmadiy o‘rniga 70 darra jazosini olishga tayyorman", degan.
Huquq faollari ham hukmni qoraladi. Amnesty International darra urishni "shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va inson qadr-qimmatini tahqirlovchi jazo" deb atab, u qiynoq va boshqa shafqatsiz muomalaga nisbatan mutlaq taqiqni buzishini ta’kidladi.
2024 yil yanvarida eronlik kurd faol Roya Heshmati ijtimoiy tarmoqda hijobsiz tushgan suratini e’lon qilgani uchun "jamoat axloqini buzish"da aybdor deb topilib, 74 marta darra jazosiga hukm qilingan edi.
Kurd huquq tashkiloti Hengaw ma’lum qilishicha, Heshmati Tehrondagi prokuratura binosida ayol xodim uning boshiga majburan ro‘mol o‘raganini, so‘ng erkak xodim yelkalari, orqasi, sonlari va oyoqlariga darra urganini aytgan.
Eron qonunlariga ko‘ra, balog‘atga yetgan ayollar va qizlar sochini hijob bilan yopishi, qomatini bildirmaydigan uzun va keng kiyim kiyishi shart. Bu qoidalar mamlakatdagi shariat talqiniga asoslanadi.
2022 yilda 22 yoshli kurd ayoli Mahsa Aminiy hibsda vafot etgach, Eron bo‘ylab namoyishlar boshlangan edi. U o‘sha yil sentyabrida Tehronda hijobini "noto‘g‘ri" o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan.
Diniy rahbariyatga qarshi mamlakat bo‘ylab o‘tgan namoyishlarda ayollar ro‘mollarini yoqqan yoki havoda silkitgan. Namoyishlarni xavfsizlik kuchlari tomonidan qattiq bostirish oqibatida yuzlab odamlar halok bo‘lgan.
Darra urish shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va inson qadr-qimmatini tahqirlovchi jazodir...
Shundan beri ko‘plab ayollar va qizlar kiyinish qoidalariga ochiqchasiga bo‘ysunmay, jamoat joylarida sochini yopmay qo‘ygan. Hukumat bunga vaqti-vaqti bilan hibsga olishlar, ogohlantirishlar, tadbirkorlik ob’ektlarini yopish va boshqa choralar bilan javob berib kelmoqda.
Shu oy boshida hijob qoidalari ijrosi haqida gapirgan konservativ siyosatchi, Maqsadga muvofiqlik kengashi a’zosi G‘ulomali Haddod-Odil Eronning AQSh va Isroil bilan urushi tufayli hukumat "hozircha bu masala bilan keraklicha shug‘ullana olmayotganini" aytdi. U oliy rahbar Mujtabo Xomanaiyning qaynotasi hamdir.
Urush fevral oyi oxirida boshlangan. Bundan bir necha hafta oldin Eron xavfsizlik kuchlari mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz tufayli boshlangan yana bir ommaviy norozilik to‘lqinini kuch bilan bostirgan edi.

































