O‘zbekiston Suriya va Iroq bilan savdoni kengaytirmoqchimi?

Mahsulotlar ortilgan yuk mashinalari

Surat manbasi, Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekistondagi mahalliy nashrlarning xabar berishlaricha, O‘zbekiston va Qozog‘iston Suriya va Iroqqa qo‘shma biznes hay’atini yuborishni rejalamoqda.

Podrobno.Uz veb-sahifasining xabar berishicha, Yaqin Sharq bozorlariga eksportni kengaytirish va tijoriy aloqalarni chuqurlashtirish maqsadida Suriya va Iroqqa qo‘shma biznes missiyalari tayyorlanmoqda.

Xabarga ko‘ra, ilk qo‘shma hay’at 2026 yil sentyabr oyi oxirida Suriyaning Halab shahriga tashrif buyurishi kutilmoqda. Undan so‘ng oktyabr oyi boshlarida ham Iroqning Kurdiston mintaqasidagi Erbil shahriga biznes missiyasi uyushtiriladi.

Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahhobov 20-30 nafar tadbirkordan iborat hay’at tuzilib, Halab shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Suriya kompaniyalari ishtirokida uch tomonlama biznes forum o‘tkazishni taklif qilgan.

"Safar shu yil Halab shahrida O‘zbekiston savdo uyining rasmiy ochilish marosimidan so‘ng kuzatilmoqda", deyiladi xabarda.

Nashrning yozishicha, Suriyada oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, o‘simlik yog‘i, go‘sht va metall mahsulotlariga talab yuqori. Shuningdek, Qozog‘iston xom ashyosidan foydalanib O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan kungaboqar yog‘i allaqachon Suriyaga eksport qilinmoqda.

Maqola BBC Monitoring ma’lumoti asosida tayyorlangan.

Iroq va Suriya ishonchli savdo hamkorimi?

Suriyaning Halab shahridagi vayronagarchilik.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Iroq va Suriyada infratuzilmalarni tiklash uchun qurilish materiallari, metall mahsulotlari, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlariga ulkan talab mavjudligi aytiladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Iroqlik hamkorlar har oyda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qandolat mahsulotlarining yetti-sakkiz yuk mashinasi hajmida, shuningdek Farg‘ona viloyatida ishlab chiqarilgan sopol va granit mahsulotlarini import qilishga qiziqish bildirganini ham ma’lum qilgan.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Bu tashabbus Markaziy Osiyo davlatlari eksport bozorlarini turfaxillashtirish va mintaqaviy sanoat hamkorligini mustahkamlashga intilishlar kuzatilayotgan manzarada ilgari surilmoqda.

Rossiyaparast Telegram kanali MediaStan ga ko‘ra, rejalashtirilayotgan savdo aloqalari Ostona va Toshkentning Qozog‘istonning xom ashyo bazasi hamda O‘zbekistonning ishlab chiqarish quvvatlarini uyg‘unlashtirib, Yaqin Sharq bozorlariga chiqish bo‘yicha kengroq strategiyasini aks ettiradi.

"Shu tariqa Markaziy Osiyo Fors ko‘rfazi va O‘rta yer dengizi hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo yo‘llarini ochmoqda. Iroq va Suriya ko‘p yillik mojarolardan keyin asosiy tovarlar taqchilligini boshdan kechirayotgan yirik bozorlardir", deya xulosa qilgan MediaStan.

"Iroq va Suriyada infratuzilmalarni tiklash uchun qurilish materiallari, metall mahsulotlari, to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlariga ulkan talab mavjud. G‘arb shirkatlari xavf-xatarlar tufayli bu bozorlarga kirishga ehtiyotkorlik bilan yondashayotgan bir paytda, O‘zbekiston va Qozog‘iston mazkur bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilmoqda", deya ilova qiladi MediaStan.

Shuningdek, Ukraina inqirozi va Yaqin Sharqdagi keskinlik manzarasida Markaziy Osiyo mamlakatlari transport yo‘nalishlari va bozorlarini turfaxillashtirishdan manfaatdor ekanliklari, an’anaviy, to‘lib-toshgan yoki jazo choralari xavfi yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni chetlab o‘tib, xom ashyo va tayyor mahsulotlar eksportini oshirish maqsadiga ega ekanliklari ta’kidlangan.

Iroq bozori O‘zbekistonga nima bera oladi?

Iroqdagi vayronagarchiliklar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Iroqda ham yillarki davom etgan beqarorliklar ortidan iqtisodni tiklash uchun mahsulotlarga talab katta.

Iroqning Erbil shahri bojsiz hudud maqomga ega, xavfsiz moliyaviy makon sifatida qaraladi va yirik logistika markaziga aylanish salohiyatiga ega.

Ayni vaqtda tahlilchilar Iroq va Suriya bilan savdo hamkorligi strategik jihatdan muhim, ammo xavfli loyiha bo‘lishi mumkinligiga e’tibor qaratishmoqda.

Chunki to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank o‘tkazmalari bilan bog‘liq muammolar sababli ham O‘zbekiston va ham Qozog‘iston yuqoriroq moliya o‘tkazma xarajatlariga duch kelishlari mumkin. Shuning uchun tashabbus muvaffaqiyati tranzit yo‘nalishlarining barqarorligi va uchinchi mamlakatlar banklari bilan kelishuvlarga bog‘liq bo‘lishi aytilmoqda.

Yanvarь oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat va mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga eksportni oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirish topshirig‘ini bergan edi. U Iroqni "o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilari uchun istiqbolli yo‘nalish", deb atagandi.

Iyul oyi o‘rtalarida Toshkentda Iroq Kurdistonining savdo-sanoat Federatsiyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida iqtisodiy forum o‘tkazilgan.

Forumda tijoriy va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari, biznes doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish va qo‘shma sarmoya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish yo‘llari ko‘rib chiqilgan.

Ushbu forumda Iroqning Erbil, Halabja, Sulaymoniya, Kirkuk va Dohuk shaharlaridan va O‘zbekistonning biznes doiralaridan vakillar doxil 400 kishi ishtirok etgan.

O‘zbekiston Savdo-sanot palatasiga ko‘ra, oxirgi yillarda Iroq bilan iqtisodiy aloqalar muntazam rivojlanib kelmoqda.

Forumda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Iroq Kurdistoni Savdo-sanoat palatalari Federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan.

Suriya – yangi hamkor

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining infografikasi

Surat manbasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi

Surat tagso‘zi, Na Iroq va na Suriya hozircha O‘zbekistonning yirik savdo hamkorlari qatoriga kirmaydi.

The Caspian Post va UzDaily nashrlarining xabar berishlaricha, shu yil may oyida Suriyaning Halab shahrida O‘zbekiston-Suriya tijorat uyi rasman ochilgan. Bu ikki davlat o‘rtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish yo‘lida qo‘yilgan yirik qadam sifatida baholanmoqda.

Ushbu savdo Uyi O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Suriya bozorlarida targ‘ib qilish, to‘g‘ridan – to‘g‘ri biznes aloqalarini kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasida logistik va tarqatish yo‘llarini rivojlantirish maqsadida xizmat qilishi aytilgan.

Hozirda O‘zbekistondan Halabga bir konteyner mahsulotni yetkazish uchun 10 kun ketishi, narxi esa 2.5 ming dollarga tushishi aytilmoqda.

Savdo uyi ushbu xarajatlarni kamaytirish va "Made in Uzbekistan" brendi uchun yangi imkoniyatlarni yaratishiga umid qilingan.

Savdo aloqalarining kengaytirilishi O‘zbekiston va Yaqin Sharq bozorlarini yaqinlashtirib savdo sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishi, shuningdek, O‘zbekiston mahsulotlari uchun Yaqin Sharq bozorlariga olib chiqish yo‘llarini ochishi ko‘zda tutilmoqda.

Suriya va Iroq hozirda O‘zbekiston savdo qilayotgan mamlakatlarning yirik 10 ligiga kirmaydi.

Savdo-sanoat palatasining 2026 yil yanvar-iyun oylari o‘rtasidagi ma’lumotlariga binoan, O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ro‘yxatida 1- o‘rinda Xitoy turibdi. Xitoy bilan joriy yilning birinchi yarmida 9.5 milliard dollarlik savdo almashinuvi amalga oshirilgan.

Xitoydan keyingi 2 – o‘rinda Rossiya Federatsiyasi. Rossiya bilan yarim yilda 7 milliard dollarlik tijorat qilingan.

Shundan so‘ng Qozog‘iston, Turkiya, Afg‘oniston, Koreya Respublikasi, Frantsiya. BAA, Qirg‘iziston va Germaniya bilan ham savdo aylanmasi hajmi anchayin katta.

Suriya va Iroq hozircha yirik savdo hamkoriga aylanib ulgurgani yo‘q va bu jarayonning dastlabki pallalarida turganliklari aytiladi.