Tashiev oqlanadimi? Ishni Bishkek shahar sudi ko‘ra boshladi

Surat manbasi, Taqdim/Erkin Saliev
Qirg‘izistonda tuman sudi tomonidan to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qilinib, uch yillik probatsiya sharti bilan ozodlikda qoldirilgan siyosatchi Qamchibek Tashievning ishi endi Bishkek shahar sudida ko‘rib chiqilmoqda. Advokatlar uni to‘liq oqlashni so‘rayapti.
"Sudni ochiq o‘tkazishni talab qilamiz"
10 avgust kuni Bishkek shahar sudi Tashiev va yana yetti nafar sobiq amaldor hamda siyosatchiga oid, mamlakatda "75 kishining xati" nomi bilan tanilgan jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqishga kirishdi.
Biroq ilk majlisda advokatlar prokuraturaning tuman sudi hukmiga oid taqdimnomasi bilan tanishish uchun qo‘shimcha vaqt so‘radlar. Sud iltimosnomani qanoatlantirib, jarayonni 13 avgustga qoldirdi.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiev yangi boshlangan mahkama bo‘yicha jurnalistlarga hozircha hech qanday izoh bermadi. U sud binosiga faqat xizmat va konvoy avtomobillari kiradigan maxsus eshik orqali kirib keldi.
"Prokuraturaning taqdimnomasi bilan tanishish uchun sud jarayoni qoldirildi. Keyingi majlis 13 avgustda bo‘ladi", - dedi uning advokati Jirg‘albek Babaev.
Sudlanayotganlar orasida sobiq bosh prokuror, parlamentning sobiq raisi va boshqa taniqli shaxslar bor. Ulardan biri, sobiq ichki ishlar vaziri Qursan Asanov jurnalistlarga bergan intervyusida shunday dedi:
"Sudni ochiq o‘tkazish mening qo‘limdan kelmaydi. Sud boshlanganda aytamiz. Jarayon boshlansin. Ko‘ramiz. Ha, sud jarayonini ochiq o‘tkazishni talab qilamiz".
Tashiev va yana yetti nafar shaxs nima uchun sudlanmoqda?
Mazkur jarayonda hokimiyatni kuch bilan egallashga urinishda ayblangan sakkiz nafar siyosatchi va jamoat arbobining ishi qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ularning barchasi poytaxtdagi Birinchi may tuman sudining qaroridan norozi bo‘lib, Bishkek shahar sudiga alohida-alohida apellyatsiya shikoyati kiritgan va o‘zlarini to‘liq oqlashni so‘rashgan.
O‘z navbatida, Bosh prokuratura ham tuman sudining hukmi ustidan shahar sudiga apellyatsiya taqdimnomasi kiritgan.
2 iyul kuni Birinchi may tuman sudi "75 kishining xati" ishi bo‘yicha hukm chiqargan edi. Unga ko‘ra, Qamchibek Tashiev va yana yetti nafar shaxs Jinoyat kodeksining "Hokimiyatni kuch bilan egallash" moddasi bo‘yicha aybdor deb topilib, mol-mulkini musodara qilish sharti bilan 4 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq sud ularga 3 yillik probatsiya muddatini qo‘llab, jazoni ozodlikda o‘tashga qaror qilgan.
Sudlanayotganlarga avval "Lavozim vakolatini suiiste’mol qilish" moddasi bilan ham ayblov qo‘yilgan edi, lekin tuman sudi ularni ushbu modda bo‘yicha oqlagan.
Sudni ochiq o‘tkazish mening qo‘limdan kelmaydi. Jarayon boshlansin. Ko‘ramiz. Sud jarayonini ochiq o‘tkazishni talab qilamiz.
"75 kishining xati" nima edi?
Sud jarayoniga sabab bo‘lgan voqealar 2026 yilning 9 fevralida boshlangan. Shu kuni sobiq bosh vazirlar, deputatlar va jamoat arboblaridan iborat 75 nafar shaxs Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov hamda o‘sha paytda Jogorku Kenesh raisi bo‘lgan Nurlanbek Turgunbek o‘g‘liga murojaat yo‘llab, muddatidan oldin prezidentlik saylovini o‘tkazishga chaqirgan.
Murojaatni imzolaganlarning barchasi prezidentning yaqin do‘sti va Milliy havsizlik davlat qo‘mitasining o‘sha paytdagi raisi Qamchibek Tashievga aloqador shaxslar ekani aytilgan. Bu esa jamoatchilikda Tashiev prezidentlikka harakat qilyapti, degan taxminlarni keltirib chiqargan. Ammo uning o‘zi bir necha bor bayonot berib, amaldagi prezidentni qo‘llashini va saylovda ishtirok etish niyati yo‘qligini bildirgan.
End of Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:
Tahlilchilar 57 yoshli Qamchibek Tashievni so‘nggi yillarda Qirg‘iziston siyosiy sahnasidagi eng ta’sirli shaxslardan biri deb atashadi.
Prezident Sadir Japarovning yaqin do‘sti va safdoshi bo‘lgan Tashiev 2020 yildan 2026 yilning fevraliga qadar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi hamda Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.
Huquq himoyachilari va faollar uning rahbarlik davrida siyosiy tanqidchilar va ijtimoiy tarmoqda hukumat ishlaridagi kamchiliklarni aytib chiqqanlarga bosim ortganini ta’kidlashadi.
Shu bilan birga, u jamoatchilik orasida korruptsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash hamda O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralarni belgilashdagi natijalari uchun ham qo‘llab-quvvatlanadi.
































