O‘zbekiston va mintaqa. 35 yillik mustaqillik. Kim qaerda? Video

Surat manbasi, Rasmiy/Sultan Dosaliev
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 8 daq
Markaziy Osiyoning besh davlati tanlagan iqtisodiy va siyosiy yo‘llar mustaqillik yillarida o‘zini qanchalik oqladi?
1991 yilning kuzida Sovet O‘rta Osiyosi o‘rnida beshta mustaqil davlat paydo bo‘lgan. Ular endi Markaziy Osiyo deb ataladi. Bir siyosiy tizimdan chiqqan mamlakatlar mustaqil hayotni bir vaqtda boshlagan bo‘lsa-da, bosib o‘tgan yo‘li, erishgan yutuq va yetgan manzillari bir-biridan farq qiladi.
Kimdir tabiiy boyliklarga tayandi. Kimdir davlatning iqtisodiyotdagi kuchli nazoratini saqlab qoldi. Boshqasi erkinlik va siyosiy o‘zgarishlar tomon yuz burdi. Yana biri urush va beqarorliklardan o‘tishga majbur bo‘ldi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bir nuqtadan boshlangan beshta yo‘l
1991 yil 31 avgust kuni Qirg‘iziston parlamenti mintaqa davlatlari orasida birinchi bo‘lib mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildi. Shu kuni O‘zbekiston ham mustaqilligini e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay Tojikiston, Turkmaniston va nihoyat Qozog‘iston ham erkin davlatlar qatoriga qo‘shildi.
"Markaziy Osiyo mamlakatlari bir yilda mustaqillikka erishib, ozodlikni bir nuqtadan boshlagandek tuyuladi. Barchasining o‘ziga hos tarixi bor. Biroq mustaqillikka erishilganda hammasi ham bir xil start imkoniyatga ega emas edi" – deydi Bishkeklik tahlilchi Ruslan Aqmatbek.

Surat manbasi, Getty Images
Sovet Ittifoqidan keyin yangi davlatlar oldida turgan asosiy vazifalardan biri iqtisodiyotni qayta qurish edi.
"Sovet Ittifoqidan Markaziy Osiyo davlatlariga inqirozga uchragan rejali iqtisodiyot meros qoldi. U o‘z samarasini yo‘qotgan, bozor munosabatlariga o‘tish zarur edi, ammo buni qanday amalga oshirish kerakligi aniq emasdi. Shu bilan birga, davlatlar malakali kadrlar va mamlakat hududini nazorat qilish imkoniga ega bo‘lgan kuchli boshqaruv apparatini ham meros qilib oldi. Bu iqtisodiy inqiroz uzoq davom etganiga qaramay, o‘tish davrida ma’lum darajada barqarorlikni saqlash va davlatlarning parchalanib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka xizmat qildi. Buni ijobiy jihat deb baholash mumkin" – dedi BBC bilan suhbatda siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov.
Qozog‘iston: resurslardan iqtisodiy ustunlikka
Kuzatuvchilar fikrichi, iqtisodiy rivojlanish yo‘llaridagi farqlar Qozog‘iston misolida yaqqol ko‘rinadi. Mamlakat neft va gazga tayanib, mintaqadagi eng yirik iqtisodiyotga aylandi. Endi esa energetikadan tashqari sohalarni ham rivojlantirishga harakat qilmoqda.
"Asosan Qozog‘iston o‘z iqtisodiyotini isloh qilish va uni bozor munosabatlariga o‘tkazishni boshladi. Bu birinchi va ikkinchi o‘n yilliklar oxiriga kelib o‘z samarasini berdi. Qozog‘iston iqtisodiy rivojlanish borasida keskin ilgarilab ketdi, chunki u yerda bozor iqtisodiyoti boshqa mamlakatlarga qaraganda, ayniqsa, Islom Karimov islohotlar bilan paysalga solib, ularni haqiqiy ma’noda o‘tkazmagan O‘zbekistonga qaraganda tezroq ishlay boshladi," – deydi Ilhomov.
Mustaqillik yillarida poytaxt Olmotadan Ostonaga ko‘chirildi va mamlakatning yangi siyosiy markazi qurildi. 35 yil davomida prezident hokimiyati ham bir marta almashdi. 2022 yilgi Yanvar voqealari esa mamlakatning mustaqillik tarixidagi eng qonli siyosiy inqirozlardan biri bo‘lib qoldi.

O‘zbekiston: uzoq yopiqlikdan ochiqlikka
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
O‘zbekiston mustaqillikning dastlabki chorak asrida boshqacharoq yo‘lni tanladi. Uzoq yillar davomida iqtisodiyotda davlatning roli kuchli bo‘lib qoldi. Siyosiy va iqtisodiy tizim ham nisbatan yopiq edi. Bu holat 2016 yilda, birinchi prezident Islom Karimov vafotiga qadar davom etdi.
"Kuchli davlat boshqaruvi apparati omilidan eng ko‘p foydalangan rahbar Islom Karimov bo‘ldi. SSSR parchalanganidan keyingi ilk yillarda, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan farqli o‘laroq, O‘zbekiston aholining muayyan turmush darajasini ta’minlay oldi. Bunga markazlashgan apparat, rejali iqtisodiyotning muayyan elementlari hamda kichik miqyosdagi bozor iqtisodiyoti tamoyillarini saqlab qolish orqali erishildi" – deya so‘zini davom ettirdi Alisher Ilhomov.
Uning fikricha, O‘zbekiston va Qozog‘iston so‘nggi yillarda o‘z geosiyosiy o‘rnini kuchaytirishga harakat qilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston mustaqilligi tarixida og‘ir siyosiy voqealar ham bo‘ldi. Andijon voqealari mamlakat tarixidagi eng og‘ir siyosiy voqealardan biri sifatida qoldi. 2022 yilda Nukusdagi namoyishlar ham qurbonlar bilan yakunlangan jiddiy inqiroz bo‘ldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari bir yilda mustaqillikka erishgan. Biroq hammasi ham bir xil start imkoniyatga ega emas edi.
Qirg‘iziston: siyosiy o‘zgarishlar eng ko‘p bo‘lgan davlat
Qirg‘iziston mustaqillik yillarida mintaqada eng ko‘p siyosiy o‘zgarishlarni boshdan kechirgan davlat bo‘ldi. Mamlakat mustaqillikning ilk yillarida iqtisodiyotda xususiy sektor va savdoga kengroq yo‘l ochdi. Jahon savdo tashkilotiga ham birinchilardan bo‘lib a’zo bo‘ldi. Biroq siyosiy hayot ancha beqaror kechdi.
2005, 2010 va 2020 yillardagi ommaviy siyosiy inqirozlar bir necha bor hokimiyat almashinuviga olib keldi. Bu voqealarda o‘nlab odam vafot etdi.
Qirg‘iziston, shuningdek, mintaqadagi yagona ayol prezident boshqargan davlat bo‘ldi. 2010 yil Iyun voqealari esa yuzlab odamlar qurbon bo‘lgan eng qonli sahifalardan biri bo‘lib qoldi.
"Hozir oltinchi prezident mamlakatni boshqaryapti. Qirg‘iziston halqi bu uchta inqilobdan o‘tar ekan, o‘zida immunitet hosil qildi" – deydi o‘shlik jurnalist Sarvar Usmon.

Surat manbasi, Getty/VYACHESLAV OSELEDKO
Tojikiston: mustaqillikdan keyingi eng og‘ir sinov
Tojikiston mustaqillikning dastlabki yillarida mintaqa tarixidagi eng og‘ir sinovlardan birini boshdan kechirdi — fuqarolar urushi.
Bir necha yil davom etgan mojaro mamlakat uchun katta yo‘qotishlarga olib keldi. Jamiyatda bo‘linish kuzatildi, qashshoqlik kuchaydi. Shundan keyingi davrda Tojikiston uchun asosiy vazifa davlat barqarorligini tiklash bo‘ldi.
"Tojikiston o‘z boshidan fuqarolik urishini o‘tkazdi,u besh yil davom etdi. Markaziy Osiyo katta hudud. Men mintaqadagi tinchlik asosan chegaralari bitta nuqtada tutashgan uchta mamlakatga urg‘u bergim kelyapti: O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston. Farg‘ona vodiysida bitta nuqtada tutashadi. Bu uchala davlat o‘tgan 35 yilda uchala davlatning hayoti dramatik voqealarga to‘la bo‘ldi, fojeali voqealar bo‘ldi" – deydi Sarvar Usmon.
Turkmaniston: alohida yo‘l
Turkmaniston esa mintaqa ichida o‘zining alohida iqtisodiy va siyosiy modelini shakllantirdi. Ashxobod neytrallik yo‘lini tanladi. Bu mamlakat gaz boyliklari bo‘yicha dunyoning oldi beshligida. Biroq Turkmaniston dunyoning eng yopiq davlatlaridan biri ham bo‘lib qolmoqda.
Hozir kim qaerda?
Xo‘sh, 35 yillik mustaqillikdan keyin bu besh davlat iqtisodiyotda qayerga yetdi? Bu savolga javob berish uchun, avvalo, mamlakatlar iqtisodiyotining hajmi va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ko‘rsatkichlarga qarash mumkin.
Jahon bankining 2025 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot Qozog‘istonda 14,5 ming dollardan oshgan, O‘zbekistonda 4 ming dollarga yaqin, Qirg‘izistonda esa 3 ming dollar bo‘lgan. Demak, bu borada Qozog‘iston mintaqada ancha oldinda.
Turkmaniston va Tojikiston bo‘yicha Jahon bankining so‘nggi taqqoslanadigan ma’lumotlari 2024 yilga tegishli. Unda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot Turkmanistonda qariyb 7 ming dollar, Tojikistonda esa 1 ming 300 dollardan sal baland bo‘lgan.
Bu tasnif va raqamlar nimani ko‘rsatadi? Ya’ni, Qozog‘iston va Turkmaniston yuqori o‘rta daromadli, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston esa quyi o‘rta daromadli mamlakatlar qatoriga kiradi.

"Markaziy Osiyodagi iqtisodiyotning katta qismi Qozog‘iston va O‘zbekistonda. Aholining 70 foizga yaqini Qozog‘iston va O‘zbekistonda yashaydi. Ushbu besh mamlakat ichida Qozog‘iston G‘arb bilan muvaffaqiyatli integratsiyalashgan mamlakatdir. Ha, u Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibiga ham kiradi, lekin o‘sha ittifoq paydo bo‘lishidan oldinroq sanoat potentsialini saqlab qolib, uni davom ettirishga erishgan. Resurslarga boy bo‘lgani uchun juda ko‘p investitsiya jalb qila oldi. Hozir ham eng ko‘p tashqi investitsiya Qozog‘istonga keladi. Boshqacha aytganda, Qozog‘istonni Markaziy Osiyoning moliyaviy darvozasi deyish mumkin. Qozog‘iston bilan bellashib kelayotgan davlat bu O‘zbekiston. Aholi soni bo‘yicha katta bozor bo‘lgan bu mamlakat Karimov davridagi izolyatsiya siyosatini o‘zgartirib, dunyoga ochildi" – deydi tahlilchi Ruslan Aqmatbek.
Biroq Alisher Ilhomovning fikricha, mintaqadagi mamlakatlar uchun hali ochilmagan iqtisodiy imkoniyatlar bor.
"Bu davlatlarning barchasi hali ham jahon iqtisodiyotiga chiqishning muqobil yo‘llaridan yetarlicha foydalana olmayapti. Bu, albatta, murakkab vaziyat. Lekin quvonarlisi, Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi yillarda iqtisodiyot va diplomatiya sohalarida o‘zaro yaqinroq munosabatlar o‘rnatish, hamkorlikni kuchaytirish yo‘lida qadamlar tashlamoqda".
Ayni damda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi qizg‘in davom etyapti.
Iqtisodiy o‘sish bor. Ammo ish va daromad yetarlimi?
Raqamlar va hisobotlarga qarasak, so‘nggi yillarda besh davlatning barchasida iqtisodiy o‘sish kuzatilmoqda. Ammo bu yerda yana bir savol bor: bu iqtisodiy o‘sish odamlarga o‘z yurtida yetarlicha ish va daromad berayaptimi?
Rasman iqtisodiyotlari jadal o‘sayotgan, energiyaga boy Markaziy Osiyo uchun mustaqillik yillari mehnat migratsiyasi odatiy tus olgan.
Bugun mintaqa davlatlarining millionlab fuqarolari chet ellarda, asosan Rossiyada ishlab pul topmoqda. Ular yuborgan mablag‘lar vatanga qolgan oilalari uchun muhim daromad manbai bo‘lib qolmoqda. Ayrim davlatlarda esa bu pullar butun iqtisodiyot uchun ham salmoqli ulushga ega.
Rasmiy manbalarga ko‘ra, 2024 yilda Tojikistonga migrantlar yuborgan pullar mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb yarmiga teng bo‘lgan. Qirg‘izistonda ham migrantlar yuborgan pullarning iqtisodiyotdagi ulushi katta. O‘zbekistonda bu ulush foiz hisobida nisbatan pastroq. Ammo mamlakat aholisi 38 milliondan oshgani uchun chet elda ishlayotgan o‘zbekistonliklar yuborgan mablag‘larning umumiy hajmi katta.
Kuzatuvlarga ko‘ra, migratsiyaning asosiy sabablaridan biri mamlakat ichida aksar maoshlar pastligi va yashash ehtiyojlarini qoplay olmayotganidir.
Kuchli davlat boshqaruvi apparati omilidan eng ko‘p foydalangan rahbar Islom Karimov bo‘ldi.
Hokimiyat qanday shakllandi?
Markaziy Osiyo davlatlarining yo‘llari iqtisodiyotdagina emas, siyosatda ham biroz farqli shakllandi. Shu bilan birga, ularning umumiy jihati ham bor. Besh davlatning barchasida prezident instituti siyosiy tizimning asosiy markazi bo‘lib qolmoqda.
Qirg‘iziston ma’lum vaqt parlament-prezidentlik boshqaruviga o‘tdi. Biroq keyin yana prezidentlik boshqaruviga qaytdi.
Mustaqillikning 35 yili davomida hokimiyatning markazlashuvi, siyosiy raqobat va hisobdorlik masalalari mintaqa uchun doimiy bahs mavzularidan biri bo‘lib kelmoqda.
"Mustaqillikning boshida beshta mamlakatning barchasi elitalarning garoviga aylanib qoldi. Chunki elitalar o‘zgargani yo‘q. Ular Sovet Ittifoqi parchalangandagi motiv - hokimiyatni saqlab qolish, xususiylashtirish, resurslarga egalik qilish orqali hokimiyatni qo‘ldan boy bermaslikka harakat qilishdi. Bu transformatsiya Qozog‘istonda 2019 yilgacha, O‘zbekistonda 2016 yilgacha davom etdi. Qirg‘izistonda aholi o‘z kunini ko‘rish uchun hukumatga qarab o‘tirmasdan harakat qildi va hokimiyatning ba’zi ishlariga rozi bo‘lmadi. Tojikistonda esa aholi fuqarolar urushi oqibatlari sababli «nima bo‘lsa ham tinchlik bo‘lsin» deb boshqaruvchilarga indamadi".

Surat manbasi, Getty Images
Prezident oilalari va siyosiy meros
Hokimiyat va birinchi oilalar ham mintaqa davlatlarida jamoatchilik muhokamasidagi mavzulardan biri bo‘lib keladi. Turkmanistonda hokimiyatning otadan o‘g‘ilga o‘tishi, O‘zbekiston va Tojikistonda prezident farzandlarining davlat tizimidagi o‘rni haqida bahslar mavjud.
Yaqin o‘tmishda sobiq yo marhum prezidentlar, O‘zbekistonda Islom Karimov, Qozog‘istonda Nursultan Nazarboev, Qirg‘izistonda esa Asqar Aqaev va Qurmanbek Bakiev oila a’zolarining davlat ishlaridagi ishtiroki ham keng muhokama qilingan. Bu masala bugun ham dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Inson huquqlari, so‘z erkinligi va siyosiy raqobat, shaffoflik masalasida Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam tanqid qilib kelinadi. Hukumatlar esa o‘z navbatida mamlakatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklari qonunlar asosida kafolatlanganini ta’kidlaydi.
"Bizda «har bir insonning huquqi himoya qilinishi kerak», «inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsiz» degan tushunchalar faqat boshqaruvchilar uchungina qo‘llanib keldi. Oddiy fuqaroning huquqi va manfaati besh mamlakatning hech birida hech qachon birinchi o‘ringa chiqmadi. Oddiy fuqarolik huquqini qadriyat darajasiga olib chiqa olmadik" – deya so‘zini yakunladi Ruslan Aqmatbek.
End of Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:
Sportdagi yutuqlar
35 yillik mustaqillik natijalarini sportda ham ko‘rish mumkin. O‘zbekistonlik Markaziy Osiyo davlatlari orasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga chiqqan birinchi mamlakat bo‘ldi va 2026 yili dunyoning yetakchi klublari bilan bellashdi.
O‘zbekistonning sportdagi yutuqlari futbol bilan cheklanmaydi. Boksda va shaxmatda ham mamlakat yuqori natijalar qayd etib kelmoqda.
Qirg‘iziston esa, ayniqsa, kurashda o‘z maktabini yaratdi. Nafaqat erkaklar, balki Ayniqsa, ayollar kurashida mamlakat sportchilari jahon maydonida yuqori natijalarga erishmoqda.
Qozog‘istonning asosiy sport yutuqlari boks, kurash va og‘ir atletika bilan bog‘liq. Tojikiston sportchilari boks va dzyudoda xalqaro maydonda natijalar ko‘rsatmoqda.
Besh davlat — besh xil manzil
35 yillik mustaqillikdan keyin Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy ko‘rsatkichlari, siyosiy tizimlari va tashqi siyosatdagi imkoniyatlari turlicha baholanadi. Besh davlat bugun turli nuqtada. Ular turli sur’atda harakat qilmoqda.
Qozog‘iston resurslar va investitsiya hisobiga mintaqadagi eng yirik iqtisodiyotga aylandi. O‘zbekiston uzoq yillik nisbatan yopiq siyosatdan keyin tashqi dunyoga ochilish yo‘liga o‘tdi. Qirg‘iziston siyosiy o‘zgarishlar va inqirozlarni ko‘proq boshdan kechirdi. Tojikiston mustaqillikning ilk yillaridagi fuqarolar urushi oqibatlaridan keyin barqarorlikni tiklashga urg‘u berdi. Turkmaniston esa neytrallik va yopiqlikka asoslangan alohida yo‘lini saqlab qoldi.
Biroq besh davlat uchun umumiy bo‘lgan yana bir jarayon bor. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro muloqot va hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar ko‘paydi. Chegaralar, suv, energetika, transport, savdo va xavfsizlik masalalari ularni o‘zaro yanada yaqinlashtiryapti.
Endi yana bir savol paydo bo‘lmoqda: Markaziy Osiyo birlashyaptimi?































