O‘zbekiston va mintaqa yemagan somsasiga pul to‘laydimi?

Prezindetlar Rahmon, Mirziyoyev va Toqayev.

Surat manbasi, Rasmiy/BBC

O'qilish vaqti: 4 daq

Markaziy Osiyo rahbarlari yangi xavf qarshisida birlashmasa bo‘lmasligini ta’kidlashmoqda. Bu - iqlim o‘zgarishi.

Mintaqa ushbu xavfga qarshi yakka kurashish samarasiz ekanini tan olmoqda.

Ammo bugungi asosiy savol — ekologik xarajatlarni kim va qanday taqsimlash kerak?

Orol dengizining qurishi yonida endi kuchayib borayotgan iqlim o‘zgarishi oqibatlari shundoq ham aksar sahro hudulardan iborat, suv zaxiralari kamayib, aholisi oshib borayotgan nisbatan kambag‘al mintaqa uchun jiddiy sinovga aylanishi mumkin.

Bir necha kun oldin Qozog‘iston poytaxtida o‘tgan mintaqaviy ekologik sammitda Markaziy Osiyo rahbarlari, asosan, iqlim o‘zgarishi, uning oqibatlariga qarshi kurash hamda suv zaxiralari masalasiga e’tibor qaratishdi.

O‘zbekiston nimadan norozi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘ziga xos "iqlim adolatsizligi" muammosiga e’tibor qaratadi.

Soddaroq tilda aytganda, yemagan somsaga pul to‘lashdan norozi.

Uning fikricha, global isishga eng kam hissa qo‘shgan davlatlar bugun uning og‘ir oqibatlari oldida yolg‘iz qolmoqda.

Bu oqibatlar suv tanqsiligi, orolning qurishi ortidan paydo bo‘lgan tuzli changlar, cho‘llashish kabi iqlim muammolaridir.

Ayniqsa, suv resurslarining taqchilligi mintaqa uchun eng og‘riqli nuqta bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston yetakchisining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2040 yilga borib Orol dengizi havzasida suv taqchilligi ikki baravar ko‘payishi mumkin.

Shu bois, u nafaqat mablag‘ ajratish, balki mavjud resurslardan foydalanish samaradorligini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda.

Zero, mintaqa qishloq xo‘jaligida bir dollarlik qiymat yaratish uchun hali ham uch kub metr suv sarflanayotgan bir sharoitda, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash faqat bayonotlar bilan cheklanib qolmasligi shart ekanligi aytiladi.

Qirg‘iziston: Qo‘shnilar ham pul to‘lasin

Prezident Japarov

Surat manbasi, Rasmiy

Shu bilan birga, mintaqaning "suv boshida turadigan" davlatlaridan biri - Qirg‘iziston bu masalaga boshqa bir tomondan qarashni taklif qilmoqda.

Prezident Sadir Japarov iqlim o‘zgarishining og‘ir yuki Qirg‘iziston uchun nomutanosib ravishda yuqori ekanini ta’kidladi.

Mamlakatda karbonat angidrid chiqindilari minimal bo‘lsa-da, iqlim isishi tufayli muzliklarning shiddat bilan erishi mintaqaviy suv xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid solmoqda.

Qirg‘iziston yetakchisining aytishicha, mamlakat o‘z hududida shakllanayotgan 50 milliard kub metr suvning atigi 20 foizini ishlatadi, qolgani esa qo‘shni davlatlarga oqib o‘tadi.

Shu bois, Japarov suv infratuzilmasini saqlash va muzliklarni himoya qilish xarajatlari faqat Qirg‘izistonning emas, balki barcha suv iste’molchilarining umumiy mas’uliyati bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.

Ya’ni suvdan foydalanyapsizmi, unda siz ham haq to‘lang, demoqda.

Tojikiston: Muzliklar tez erimoqda

Suv
Surat tagso‘zi, Mintaqaning asosiy suv manbalari Tojikiston va Qirg‘izistonda.
Rasmiy
Tojikistondagi 14000 muzlikdan 1300 tasi butunlay erib bitdi. Bu suv bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini oshirmoqda.
Emomali Rahmon
Tojikiston prezidenti

Suv resurslarining mintaqaviy ahamiyatiga e’tibor qaratgan prezident Emomali Rahmonga ko‘ra, suvning 60 foizi Tojikistonda shakllanadi, ammo muzliklarning tez erishi suv balansini buzmoqda.

"Tojikistondagi 14 000 ta muzlikdan 1 300 tasi butunlay erib bitdi. Bu suv bilan bog‘liq tabiiy ofatlar xavfini oshirmoqda" - deydi Tojikiston yetakchisi. U suv xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga chaqiradi.

Qozog‘iston: "Dunyo - zavod, mintaqa - tomorqasi"

Prezidentlar Mirziyoyev va Toqayev

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Orol qurishi oqibatlariga qarshi kurash eng ko‘p O‘zbekiston va Qozog‘iston chekiga tushadi.

Mintaqadagi vaziyatga Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev yanada kengroq - tizimli mas’uliyat nuqtai nazaridan yondashmoqda.

Uning fikricha, ekologiya shunchaki tabiatni asrash emas, balki sayyorada mas’uliyat bilan yashash tarzidir.

Qozog‘iston davlat rahbariga ko‘ra, dunyo "katta zavod"ga aylanib qolgan, bu zavoddan boy davlatlar foyda ko‘rmoqda, chiqindi va ekologik zarar esa mintaqaning "tomorqasiga" tushmoqda.

Qozog‘iston yetakchisi iqlim sohasidagi taraqqiyotga geosiyosiy keskinliklar va mojarolar to‘sqinlik qilayotganidan ogohlantirdi.

Uning nazdida, global kuchlarning e’tibori va resurslari ekologik muammolardan chalg‘ib, qurollanish yoki siyosiy nizolarga sarflanishi - mintaqadagi iqlim harakatlarini zaiflashtiradi.

Qozog‘iston global neftь, gaz va uran bozorlarida asosiy ishtirokchi bo‘lsa-da, "adolatli energetik o‘tish" yo‘lini tanlagan.

Ammo Toqaev ta’kidlaganidek, bu o‘tish iqtisodiyotga zarar yetkazmasligi, aksincha, yangi modellar orqali rag‘batlantirilishi kerak.

Orol muammosi borasida esa u ekologik xavflar chora ko‘rish tezligidan o‘zib ketayotganini aytib, "tizimli yechimlar" va kuchli xalqaro mexanizmlar zarurligini qat’iy talab qilmoqda.

Markaziy Osiyo rahbarlari iqlim muammolari umumiy ekanini anglab yetdilar.

O‘zbekiston adolatli moliyalashtirishni, Qirg‘iziston suv uchun sherikchilikni, Qozog‘iston esa tizimli yechimlarni talab qilmoqda.

Ammo asosiy savol ochiq:

Bu borada kim ko‘proq mehnat qiladi va kim ko‘proq haq to‘laydi?