Rossiya – O‘zbekiston: Sankt-Peterburg Xalqaro Iqtisodiy forumi, O‘zbekistondagi AES loyihasi va Ukraina dron hujumlari

Surat manbasi, Getty Images
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida Xalqaro Iqtisodiy Forum o‘z ishini boshladi.
3-6 iyun kuni 29- marotaba o‘tkazilayotgan Xalqaro forumda juma, 5- iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning nutqi kutilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, forumda 100 dan ortiq mamlakatdan kelgan vakillar ishtiroki qayd etilgan.
Bu yilgi forum "Amaliy dialog barqaror kelajak sari" shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Ba’zi xabar agentliklariga ko‘ra, Ukraina urushi sababli Rossiyaning Yevropa davlatlari va Shimoliy Amerika xalqaro izolyatsiyasida bo‘lganiga qaramay ishtirokchilar soni ko‘p. Rasmiy Moskva buni G‘arb jazo choralaridan qat’iy nazar mamlakatning xalqaro hamkorlari ko‘pligini namoyish qilish sifatida taqdim etmoqda.
Sovet Ittifoqining qulashi ortidan har yili o‘tkazilayotgan forum mamlakat biznesga ochiq davlat ekanligini ko‘rsatish, sarmoya va loyihalarni jalb etish vositasi sifatida ko‘riladi.
Forumning asosiy maqsadi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish ekanligi aytilsa ham oxirgi yillarda Moskva undan xalqaro sahnadagi o‘z qarashlarini targ‘ib qilish va siyosiy aloqalarini mustahkamlash yo‘lida foydalanmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Sankt-Peterburkka nima bilan kelmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Sankt-Peterburgdagi forumda Jizzaxda Rossiyaning "Rosatom" shirkati bilan hamkorlikda qurilajak Atom Elektr stantsiyasi qurilishiga rasman start beriladi.
Rossiya bilan hamkorlikda O‘zbekistonda Atom Elektrostantsiyasini qurish rejalari 2018 yili prezident Vladimir Putinning O‘zbekistonga safari mobaynida e’lon qilingandi.
Ammo atom elektrostantsiyasining qurilishi atrofida ko‘plab xavotirlar yuzaga chiqqani manzarasida loyihada bir necha yil ilgari siljish kuzatilmadi.
Lekin 2025 yili prezident Putinning O‘zbekistonga yana bir safaridan so‘ng AES qurish masalasi yana kun tartibiga qaytdi.
Rossiyaning "Rosatom" shirkati bilan imzolangan kelishuvga ko‘ra, Jizzaxning Forish tumanidagi Tuzkon ko‘li yaqinida qurilishi rejalashtirilgan O‘zbekistonning birinchi atom elektr stantsiyasi jami 330 mvt quvvatga ega olti reaktordan iborat bo‘lishi aytildi.
2025 yil oktyabr oyiga kelib "Rosatom" AES qurilishining dastlabki bosqichi boshlanganligini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda AES qurilishi tarafdorlari ham, loyihaga ochiq qarshi chiqayotganlar ham ko‘p.
Bu mavzu ayniqsa Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Bu O‘zbekistonning energetik kelajagini o‘zgartiradigan loyihami yoki xavfsizlik va shaffoflik bo‘yicha hali ko‘plab javobsiz savollarni qoldirmoqdami?
Suv zaxiralari taqchilligi kuzatilayotgan va seysmik faol hudud ko‘rilgan O‘zbekistonda Atom Elektrostantsiyasini qurish na qadar xavfsiz ekanligi haqida ham xavotirlar mavjud.
Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasiga talab tez sur’atlarda o‘smoqda. Mamlakat aholisi va sanoat hajmi kengayib borayotgan bir paytda, atom elektr stantsiyasi kelajakda barqaror energiya manbai bo‘lishi mumkin. Loyiha to‘liq ishga tushsa, mamlakat elektr ta’minotining muhim qismini qoplashga yordam berishi kutilmoqda.
Yana bir jihat — O‘zbekiston dunyodagi yirik uran zaxiralariga ega davlatlardan biri. Hukumat atom energetikasini energiya xavfsizligi va iqtisodiy rivojlanishning muhim qismi sifatida ko‘rmoqda.
Loyihaning qiymati qanchaga tushishi, qurilish va keyingi ekspluatatsiya jarayoni qanchalik shaffof bo‘lishi, radioaktiv chiqindilar qanday saqlanishi va eng muhimi, yadroviy ob’ekt xavfsizligi qanday ta’minlanishi atrofidagi savollar ham ochiq qolmoqda.
Yana bir jihat Rossiya O‘zbekistondagi loyihalardan kerak bo‘lgan taqdirda bosim richagi sifatida foydalanishi ehtimolidan ham xavotirlar bor.
Atom energetikasi dunyoda ko‘plab davlatlarda arzon va barqaror elektr ishlab chiqarish yo‘llaridan biri sifatida ko‘riladi.
Biroq Ukrainadagi Chernobil va Yaponiyadagi Fukusima Atom elektrostantsiyalaridagi fojialar xavfsizlik masalasini doim kun tartibida saqlab keladi.
Forum arafasida Ukraina dron hujumlari

Surat manbasi, Getty Images
Ukraina Rossiyaning Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forum ochilishidan bir necha soat oldin dron hujumlarini amalga oshirgan.
Xabarlarga ko‘ra, hujum 3 iyun erta tongda forumuning ochilish marosimidan atigi bir necha soat avval qilingan.
Sankt-Peterburg mahalliy hokimiyatining xabar berishicha, havo mudofaasi bir kechada 59 ta dronni urib tushirgan va Sankt-Peterburgning uchta turli tumaniga zarba berilgan, ammo qurbonlar yo‘q.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva hujumlarga javob berishini aytdi. "Bizning javoblarimiz tizimli, muttasil xarakterga ega bo‘ladi", dedi u.
Ukraina hujumlariga javobimiz tizimli, muttasil xarakterga ega bo‘ladi”
Hujum oqibatida shaharda internet uzilgan va Sankt-Peterburgning Pulkovo aeroporti vaqtincha yopilgan. Qo‘shni Latviya va Estoniyaning ba’zi hududlari ham havo hujumlari haqida ogohlantirishlar yangragan.
Bir necha soat o‘tgach, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina dronlari Rossiyadagi bir nechta joylarga, jumladan, yaqin atrofdagi Kronshtadtdagi neft terminali va dengiz bazasiga zarba berganini tasdiqladi.




























