O‘zbekistonda va mintaqada tashvish uyg‘otayotgan raqamli qatag‘on nima? - (Video)

Surat manbasi, BBC/Rasmiy
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Ayrim inson huquqlari tashkilotlari qo‘shma bayonot tarqatib, Markaziy Osiyoda, jumladan O‘zbekistonda hukumat jamiyat faollariga nisbatan raqamli qatag‘onni kuchaytirayotganini aytdilar. Raqamli qatag‘on nima degani?
Ijtimoiy tarmoqlar hayotimizga kirib kelmagan davrlarda, avtoritar yoki diktatorlik tuzumidagi hukumatlar faollar, muxolifat a’zolari va tanqidchilarni jazolashning an’anaviy usullaridan foydalanishgan. Agar kimdir chet el yoki mustaqil nashrlarga intervyu berib, tizimni tanqid qilsa, ularni qamoqqa tashlashgan, mamlakatdan quvishgan yoki qiynoqqa solishgan. Ya’ni, erkin so‘z va tanqidga mutlaqo toqat qilinmagan.
Facebook, Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi bilan vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Bugungi kunda axborot ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish imkoniyati ancha kamaygan. Shunga qaramay, ayrim tahlilchilarning fikricha, ushbu platformalardagi faollar va tanqidchilarning akkauntlari hujumlarga uchramoqda yoki bloklanish holatlari kuzatilmoqda. Buni esa faollar raqamli qatag‘on deb ataydilar.
"Eski amaliyotning yangi ko‘rinishi"
Markaziy Osiyodagi deyarli barcha prezidentlar so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashini aytadi. Masalan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning mart oyidagi nutqida shunday degan edi:
"Biz ochiqlik siyosatini, so‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda hamisha qat’iy bo‘lamiz".
Ammo xalqaro inson huquqlari tashkilotlari mintaqada internet va ijtimoiy tarmoqlardagi bosimlar tobora ortib borayotganini ta’kidlamoqda. Kuzatuvchilarga ko‘ra, oxirgi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy fikr bildirgan shaxslarning sahifalarini bloklash holatlari ko‘paygan.
Inson huquqlari faoli Nadejda Ataeva ushbu muammoni shunday ifodalaydi:
"Raqamli bosim - bu eski amaliyotning yangi ko‘rinishi: inson huquqlari buzilishi haqida gapirganlarni sukutga majbur qilish. Biz uchun esa vazifa - haqiqatni asrash va raqamli platformalarni faollarga bosim sifatida ishlatishga yo‘l qo‘ymaslik".
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ataevaning Facebook sahifasi 19-mart kuni ochilmay qolgan. Platforma ma’muriyati buni "shikoyatlar asosida vaqtincha cheklanish" deya izohlagan.
Frantsiyadan turib ishlaydigan huquqbonning aytishicha, fevral oyida uning boshqaruvidagi "Markaziy Osiyoda inson huquqlari birlashmasi"ning YouTube kanali va shaxsiy akkaunti ham ommaviy shikoyatlardan keyin bloklangan.
"Keyin mening Telegram dagi akkauntimni ham buzishdi. Bu xavf faqat men uchun emas, balki huquqiy yordam so‘rab murojaat qilgan aloqalarim uchun ham tahdid tug‘dirdi", deydi Nadejda Ataeva.
U bu holatni davlat organlari bilan bog‘lab, o‘zining erkin faoliyatiga to‘sqinlik sifatida baholadi. Huquqbonga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi hujumlar va bloklanishlar faollarning ovozini cheklashga xizmat qiladi. Ammo O‘zbekistonning tegishli idoralari bunga rasmiy munosabat bildirmagan.

Surat manbasi, Taqdim
Bu holatlardan so‘ng, u Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) yig‘ilishi munosabati bilan Vena shahrida 12-mayda e’lon qilingan qo‘shma bayonotga qo‘shildi. Ushbu bayonotni Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sheriklik, Qozog‘iston Inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo‘yicha xalqaro byurosi, Markaziy Osiyo Inson huquqlari birlashmasi va Turkman Inson huquqlari tashabbusi tashkilotlari qo‘llab-quvvatlagan.
O‘zbekistonda ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari bloklangan, cheklangan yoki yozgan postlari o‘chirilgan faollar orasida sobiq deputat Rasul Kusherbaev va "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ham bor.
Biroq, Abdurahmon Tashanov vaziyatga ijobiy tomondan ham qarash kerakligini aytadi:
"Masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratish kerak. Siyosiy plyuralizm yetishmasligi bu jiddiy muammo. Lekin davlatning fuqarolik jamiyatiga berayotgan e’tibori avvalgiga nisbatan ancha yaxshi. Ijtimoiy tarmoqlarda faollar turli kamchiliklar haqida bong urib yotibdi".
- Meta (Facebook, Instagram) va Google (YouTube) platformalarida kontent sun’iy intellekt va moderatorlar tomonidan tekshiriladi. Shikoyat tushganda kontent ogohlantirishsiz vaqtincha cheklanishi yoki hujjatlar talab qilinishi mumkin. Bu qaror ustidan apellyatsiya berish imkoni bor. Sahifalarning bloklanishi ko‘pincha xalqaro miqyosda "koordinatsiyalangan shikoyatlar" deb ataladi, bunda bir guruh odamlar ommaviy shikoyat yuborib, algoritm orqali akkauntni bloklashga erishadi.
Referendum oldidan kuchaygan bloklashlar
Venada qabul qilingan qo‘shma bayonotda aytilishicha, tarmoqlarda ochiq fikr bildirganlarga nisbatan bosim, jinoyat ishi ochish va sudlash kabi tendentsiyalar Qozog‘istonda ham kuzatilmoqda.
Faollar muvofiqlashtirilgan (koordinatsiya qilingan) shikoyatlardan keyin akkauntlar yoki kontentning bloklanishi, o‘chirilishi haqida aytib chiqishdi. Bunday holatlar ayniqsa 2026-yil mart oyidagi konstitutsiyaviy referendum oldidan avj oldi va undan keyin ham davom etayotgani ta’kidlangan. Vaholanki, rasmiy Ostona mamlakatda ochiqlik va so‘z erkinligini kengaytirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayotganini aytib keladi.
Huquq faoli Galim Ageleuov Qozog‘istondagi vaziyatni quyidagicha ta’riflaydi:
"2022-yil yanvar voqealaridan keyin Qozog‘istonda so‘z erkinligini cheklash siyosati kuchaydi. Hokimiyat ko‘pincha kuch ishlatishga tayanadi, amaldorlar esa byudjet mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatadi. Sport, ta’lim, ilm fan va qurilish sohalaridagi katta mablag‘lar yo‘qolib ketishi haqida yozgan jurnalistlar, blogerlar va faollar bosimga duch kelmoqda. Natijada mustaqil media kamaymoqda, davlat buyurtmasiga bog‘liq media ko‘paymoqda".
Qonunlarni erkin fikrlaydigan faollarga va jurnalistlarga qarshi ishlatish holatlari kuzatilmoqda.
Militsiya suhbatlari va so‘roqlar
Kuzatuvchilar Qirg‘izistonda ham ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar uchun qattiq choralar qo‘llanilayotganini aytmoqdalar.
28-may kuni huquq himoyachisi Aziza Abdirasulovaning uyiga militsiya xodimlari kelib, u bilan suhbat o‘tkazgan. Garchi tashrif sababi rasman tushuntirilmagan bo‘lsa-da, bu o‘sha kunlarda Issiq-Ko‘lda o‘tkazilishi rejalashtirilgan "suvdagi Formula-1" musobaqasi atrofidagi bahslarga bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytiladi. Chunki mazkur musobaqaga qarshi tarmoqlarda keskin fikrlar bildirilayotgani sababli Ichki ishlar vazirligi vaziyatni nazoratga olgan edi. Abdirasulova ham aynan o‘sha kunlarda Feysbukdagi sahifasida ushbu mavzuda tanqidiy postlarni bo‘lishgan.
13-mart kuni huquq himoyachisi Toloqan Ismoilova va ekolog Bermet Borubaeva Bishkek militsiyasida qariyb olti soat davomida so‘roq qilingan. Militsiya matbuot xizmati ular aynan ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlari uchun chaqirilganini tasdiqlagan.
Siyosiy tahlilchi Adil Turduqulov mintaqadagi umumiy qo‘rqitish usullari haqida shunday deydi:
"Markaziy Osiyoda jurnalistlar, blogerlar va faollar ko‘proq bosim ostida. Bu bosim asosan militsiya va sudlar orqali amalga oshiriladi: jinoyat ishi ochish, jazo berish, mamlakatdan chiqarib yuborish kabi qo‘rqitish usullari ishlatiladi. Ya’ni qonunlarni erkin fikrlaydigan faollarga va jurnalistlarga qarshi ishlatish holatlari kuzatilmoqda. Shu bilan birga, davlat axborot vositalari orqali jurnalistlarni obro‘sizlantirish va qo‘rqitish ham keng tarqalgan. Bu esa odamlarning ruhiyatiga qattiq ta’sir qiladi. Chunki obro‘sizlantirish, yorliq yopishtirish va qo‘rqitish odamlar uchun juda og‘ir oqibatlarga olib keladi. Bu katta tashvish uyg‘otadi".
Ammo Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda so‘z va fikr erkinligi ta’minlanganini doimo takrorlaydi. Deyarli har hafta davlat axborot agentligi orqali intervyu beradigan prezident, shu bilan birga, "noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlar mas’uliyatni his qilishi zarurligini" ham alohida ta’kidlaydi.
End of Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:
Xalqaro tashkilotlar nima deydi?
Human Rights Watch va Freedom House tashkilotlari o‘z hisobotlarida "koordinatsiyalangan shikoyatlar" (ya’ni bir guruh shaxslarning kelishib olib, bitta akkaunt ustidan ommaviy ravishda shikoyat yozishi) usulini bir qator davlatlarda tanqidiy ovozlarni o‘chirish vositasi sifatida qayd etishgan.
Human Rights Watch tashkilotining Bi-bi-siga bergan yozma bayonotida Markaziy Osiyodagi besh mamlakatdagi umumiy vaziyat quyidagicha baholanadi:
"So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida ommaviy axborot vositalariga qarshi ochiq bosimlar kuzatilmoqda. Bu bosimlar repressiv qonunlar qabul qilinishi, jurnalistlar va blogerlarga qarshi jinoiy ishlar qo‘zg‘atilishi, shuningdek inson huquqlari sohasidagi dolzarb muammolarni jamoatchilik e’tiboriga olib chiqadigan faollar va huquq himoyachilari ta’qib qilinishida namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, so‘nggi oylarda ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarga qilingan hujumlar va ularni bloklash holatlari ham ko‘paymoqda".
Ikki xil qarash va xavotirlar
Bu borada mahalliy va xalqaro faollarning fikrlari biroz farq qiladi. Abdurahmon Tashanovning fikricha, muammolarning yuzaga chiqishi - so‘z erkinligining mavjudligi belgisidir:
"So‘z erkinligi tibbiyotga o‘xshaydi. Tibbiyot qanchalik rivojlansa, kasalliklar ham ko‘proq aniqlanadi. O‘zbekistonda ham so‘z erkinligining berilishi muammolarning ko‘pligini ko‘rsatadi. Bu o‘ziga xos paradoks, lekin vaziyat yomon tomonga o‘zgaryapti degani emas".
Nadejda Ataeva esa texnologik gigantlarni senzura quroliga aylanib qolmaslikka chaqiradi:
"Huquq himoyachilariga qarshi raqamli bosim fuqarolik maydoniga tahdidning bir qismi sifatida ko‘rilishi kerak. Bu bosim fikr bildirish erkinligiga, uyushish huquqiga, shaxsiy hayot daxlsizligiga, ma’lumotga yetish imkoniyatiga va inson huquqlari buzilgan jabrlanuvchilarning samarali huquqiy himoya olish huquqiga ta’sir qiladi. Google, YouTube, Meta kabi yirik kompaniyalar va ularga tegishli platformalar shikoyat mexanizmlari orqali avtomatik ravishda senzura vositasiga aylanmasligi lozim".





























