"Birorta jahon kubogida bunaqasi bo‘lmagan": ishqibozlar viza ololmayaptilar

Surat manbasi, Abdulla Adnan
- Author, Nadina Huraimiy
- Role, BBC Arab xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 7 daq
Iroq futbol jamoasi mart oyi oxirida Jahon chempionatiga yo‘llanma olgach, Abdulla Adnan shu oy Boston va Filadelfiyada o‘tkaziladigan Norvegiya va Frantsiyaga qarshi uchrashuvlar uchun chiptalar xarid qildi.
"O‘yinga borish, stadion, muxlislar, qo‘llab-quvvatlash va o‘z jamoamni ko‘rish — bu men uchun butun dunyoga teng", deydi u.
"Bu shunday his-tuyg‘uki, uni boshqa hech qanday his bilan solishtirib bo‘lmaydi."
Bu Iroqning Jahon chempionatiga ikkinchi marta chiqishi bo‘lib, birinchi marta 1986 yili ishtirok etgan edi.
Biroq viza olish qiyin kechmoqda.
Adnan yolg‘iz emas. BBC Jahon Xizmati tahlil qilib chiqqan sayohat ma’lumotlariga ko‘ra, Jahon chempionatida ishtirok etayotgan mamlakatlarning to‘rtdan biridan ko‘prog‘ining muxlislari safar taqiqlari yoki viza olishda jiddiy to‘siqlarga duch kelmoqdalar.
Biroq Iroq Trampning sayohat taqiqlari ro‘yxatiga kiritilmagan, shuning uchun Adnan holatidagi to‘siq kutilmagan bo‘ldi.
AQSh–Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, AQSh mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab Iroqda odatiy konsullik xizmatlarini to‘xtatdi. Bu esa Adnan va boshqa iroqlik muxlislar uchun mamlakat ichida viza olish imkoni mavjud emasligini anglatadi, chunki ular shaxsan suhbatdan o‘tishlari kerak.
Shuning uchun Adnan qo‘shni Iordaniyaga borib, u yerdagi AQSh elchixonasi orqali viza olishga urinib ko‘rdi. Ammo uchrashuvga kelgach, xodimlar unga Iordaniya fuqarosi emasligi sababli bu elchixona unga viza bera olmasligini aytishdi.
O‘yin uchun chiptalar va Iordaniyaga safar unga taxminan 1800 dollarga tushdi.
U Turkiyadagi AQSh elchixonasi orqali urinib ko‘rishni o‘ylab ko‘rdi, ammo kafolat yo‘qligi va jarayon ikki haftagacha cho‘zilishi mumkinligi sabab, "shuncha vaqt u yerda turolmayman" deb bu fikridan voz kechdi.

Surat manbasi, Julien Kouadio Adonis
Boshqa mamlakatlardan bo‘lgan muxlislar BBC Jahon Xizmatiga aytishlaricha, boshqa to‘siqlar ham norozilik va xafagarachiliklarga sabab bo‘lmoqda.
Shunday to‘siqlardan biri — Prezident Tramp joriy etgan ayrim mamlakatlar uchun taqiqlar va viza bo‘yicha qattiqroq cheklovlar ro‘yxati bo‘lib, unga jahon chempionatida ishtirok etayotgan to‘rt davlat — Gaiti, Eron, Senegal va Kot-d'Ivuar ham kiritilgan. Bu esa ushbu mamlakatlar fuqarolari AQSh ishqibozlarga tavsiya etadigan tashrif vizasini olish imkoniyatidan mahrum ekanini anglatadi.
Kot-d'Ivuar muxlislar uyushmasi vakili Jyulen Kuadio Adonis shunday dedi: "Bu nomi aytilmaydigan segregatsiya shakli, ammo dalillar shundan dalolat beradi. Birorta Yevropa mamlakati bunday cheklovga duch kelmagan. Nega aynan Afrika?"
Uning aytishicha, ularning uyushmasi odatda jahon chempionatiga muxlislar guruhini yuboradi, ammo bu safar qoidalar sabab AQShga borishga hatto urinishdan ham voz kechganlar.
U 300 dollardan 5000 dollargacha yetayotgan "haddan tashqari yuqori" chipta narxlaridan qutulishlaridan xursand bo‘lsa-da, Adonis fikricha, saralab olingan jamoalar muxlislarini qabul qilishni istamaydigan mamlakat jahon chempionatiga mezbonlik qilmasligi kerak.
"Futbol — bu tomosha, tomosha esa tomoshabinlarni talab qiladi", deydi u va AQSh "maqsaddan chetga chiqqanini" qo‘shimcha qiladi.

Surat manbasi, Aliou Ngom
Qirq ikki boyroq mamlakat viza talabini bekor qilish dasturidan foyda ko‘radi, unda arizalar AQShning Sayohatga ruxsat berish elektron tizimi (Esta) orqali onlayn topshiriladi. Bu taxminan 40 dollar turadi. Bu ro‘yxatda birorta ham Afrika mamlakati yo‘q. Vizaga muhtoj bo‘lganlar esa 185 dollar to‘lashi, shaxsan suhbatda ishtirok etishi va sayohatdan keyin AQShni tark etish niyatini, tashrif xarajatlarini to‘lash imkoniyatiga ega ekanini isbotlashlari kerak.
Biroq may oyida AQSh jahon chempionatiga yo‘llanma olgan Jazoir, Kabo-Verde, Kot-d'Ivuar, Senegal va Tunis fuqarolari uchun, agar ularda amal qilayotgan o‘yin chiptalari bo‘lsa, 15 ming dollargacha bo‘lgan garov talabini bekor qilishini ma’lum qildi. Senegal va Kot-d'Ivuar muxlislari esa dekabrga qadar viza olishga ulgurishi kerak edi.
Senegallik futbol ishqibozi Aliu Ngom so‘nggi ikki jahon chempionati — Qatar va Rossiyada bo‘lgan. U uchun musobaqaning eng yorqin jihatlaridan biri — "turli madaniyatlarning butun dunyodan bir joyda jam bo‘lishi".
O‘tgan yili Senegal ayollar basketbol jamoasining bir necha o‘yinchisiga AQSh vizasi rad etildi va Adonis kabi Ngom ham futbol ishqibozi sifatida vizaga murojaat qilishdan foyda yo‘q deb hisobladi.
BBC tahliliga ko‘ra, AQSh Davlat departamenti ma’lumotlari asosida, futbol bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma olgan 48 mamlakatdan 11 tasi fuqarolari uchun viza rad etish darajasi 40 foizdan yuqori bo‘lgan. Bu barcha turdagi arizachilarni qamrab oladi, faqat jahon chempionati muxlislarini emas.
Bu ko‘rsatkich B1 biznes va B2 turistik vizalari (turnirga borish tavsiya etiladigan turdagi vizalar) bo‘yicha barcha mamlakatlar uchun o‘rtacha 34 foizlik rad etish darajasi bilan solishtirganda yuqori ko‘rsatkichdir.

Ma’lumotlar 2024 yil oktyabridan 2025 yil sentyabri oxirigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi, shuning uchun so‘nggi sakkiz oy ichida vizaga murojaat qilgan futbol muxlislari bu hisobga kiritilmagan. Bu 11 mamlakat: Ekvador, Misr, Gaiti, Jazoir, O‘zbekiston, Kabo-Verde, Iordaniya, Eron, Kongo Demokratik Respublikasi, Gana va Senegal.
Rad etish ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgani uchun, bu mamlakatlar muxlislari viza olishdan oldin o‘yin chiptalari uchun katta mablag‘ sarflash-qilmaslik masalasida ikkilanib qoladilar, chunki viza berish-bermasligi aniq emas.
Agar ular chiptalarni bevosita FIFA orqali sotib olsalar, zarur holda ularni FIFA sayti orqali ma’lum to‘lov evaziga qayta sotishlari mumkin, shuningdek FIFA Pass tizimidan foydalanib, viza jarayonini tezlashtirishlari mumkin.
"FIFA Pass — bu ijobiy qadam, chunki u chipta egalarini viza bo‘yicha suhbatlarga ustuvor tarzda chaqirishga harakat qiladi", — deydi Massachusets shtatidagi Boston yaqinida joylashgan immigratsiya huquqi firmasi rahbari Selin Atala.
Biroq uning qo‘shimcha qilishicha, bu narsa jarayonni tezlashtirsa-da, vizaning ma’qullanish ehtimolini oshirmaydi.
"Viza tizimi — Jahon chempionatining ko‘rinmas darvozaboni", — deydi Atala. "FIFA chipta sotishi mumkin, ammo kimga viza berishni AQSh hukumati hal qiladi, va CBP (Bojxona va chegara himoyasi xizmati) esa kimni mamlakatga kiritishni belgilaydi."
Hatto viza olingan taqdirda ham, AQShga safar qiluvchilarning kirishi kafolatlanmaydi, chunki chegaradagi rasmiylar ayrim shaxslarni kiritmaslik huquqiga ega.
Abu Kass — Iordaniya futbol muxlislari uyushmasi rahbari. 2025 yil sentyabri oxirigacha bo‘lgan bir yil ichida bu mamlakatda AQSh vizasi uchun arizalarning 57 foizi rad etilgan.
"So‘nggi uch-to‘rt oy davomida odamlarga rad javobi berishayapti", — deydi u. Abu Kass viza olgan birorta ham futbol ishqibozini bilmasligini aytadi. AQShdagi Iordaniya ishqibozlar uyushmasi ham BBC ga faqat bitta iordaniyalik muxlis vizani qo‘lga kiritganini ma’lum qildi.
Kass so‘zlariga ko‘ra, u Iordaniya poytaxti Ammon shahridagi viza suhbatiga 42 tadan ortiq hujjat taqdim etgan, ammo baribir arizasi rad etilgan. AQSh viza rad etilganda sababini tushuntirmaydi.
"Bu jahon chempionati biz uchun emas", — deydi Kass. "Bu chempionat Arablar uchun emas, ular uchun. Agar muxlislar uyushmasi rahbariga ham rad javobi berilsa, unda kimga ruxsat berishadi?"
AQSh rasmiylari esa mamlakat chegaralarini kesib o‘tayotgan odamlar oqimini boshqarishda yuzaga kelayotgan muammolar tufayli immigratsiya tizimi qat’iy va jiddiy bo‘lishi kerak deydilar.
Ichki xavfsizlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan 2024 yil sentyabrigacha bo‘lgan davrda vaqtincha vizalar bilan kelgan shaxslar tomonidan 538 mingdan ziyod "muddatdan ortiq qolish holatlari" qayd etilgan. Pew Research Center hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda, hali Prezident Tramp noqonuniy migrantlarga qarshi choralarni kuchaytirishidan oldin, AQShda 14 millionga yaqin noqonuniy muhojir yashagan.
Davlat departamenti vakili BBC ga aytishicha, ma’muriyat "tarixdagi eng katta va eng nufuzli FIFA Jahon chempionati uchun dunyo bo‘ylab mehmonlarni kutib olishga tayyor" va "xorijlik muxlislarning aksariyatiga FIFA Pass kerak emas, chunki ular Kanada yoki vizasiz kirish imkoniga ega bo‘lgan 42 mamlakat fuqarolari yoki allaqachon vizasi bor shaxslar" hisoblanadi.
Shuningdek, ular har bir holatda "arizachi AQSh xavfsizligiga tahdid solmasligini ta’minlash uchun zarur vaqt ajratilishini" ta’kidlab, "har bir viza arizasi qat’iy tekshiruv va puxta o‘rganish asosida alohida-alohida ko‘rib chiqilishini, arizachi AQSh qonunlariga muvofiqligini aniqlash uchun baholanishini" bildirdilar.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
So‘nggi to‘rt jahon chempionatiga mezbonlik qilgan mamlakatlar muxlislar uchun maxsus viza tizimlarini joriy etgan, ammo baribir sayohat hujjatlarini olish kafolatlanmagan.
2022 yilda Qatar hukumati Hayya kartasini joriy qildi — u musobaqa davrida majburiy muxlis identifikatsiya hujjati va kirish vizasi vazifasini bajardi. Barcha arizalar onlayn tarzda topshirildi.
Ko‘plab muxlislar bu tizimni qulay deb hisoblagan bo‘lsa-da, ayrimlar texnik nosozliklarga duch kelganini aytdilar, shuningdek Middle East Eye ma’lumotiga ko‘ra, ba’zi yamanlik muxlislarning kartalari ogohlantirishsiz bekor qilingan.
2018 yil Rossiyada o‘tgan jahon chempionatida ham shunga o‘xshash tizim amal qilgan. Chiptasi bor va Fan ID dasturiga ro‘yxatdan o‘tgan muxlislarga shaxsni tasdiqlovchi hujjat pochta orqali yuborilgan va u vizasiz mamlakatga kirish imkonini bergan. Bu jarayonda shaxsan ariza topshirish talab etilmagan.
2014 yil Braziliya va 2010 yil Janubiy Afrikada o‘tgan musobaqalarda esa muxlislar uchun jarayonni yengillashtirish maqsadida maxsus viza turlari joriy etilgan.
Kanada va Meksika turnirni birgalikda qabul qilayotgan bo‘lsa-da, 104 ta o‘yinning 78 tasi, jumladan final bellashuvi ham AQSh shaharlarida o‘tkaziladi.
Kanada va Meksikaning immigratsiya va viza tizimlari AQShdan farq qiladi. Hech biri muayyan mamlakatlarga qarshi sayohat taqiqlarini joriy etmagan, ammo Kanada AQSh kabi Afrikadagi so‘nggi Ebola epidemiyasiga aloqador ayrim mamlakatlar uchun kirish cheklovlarini joriy etdi. Ularning orasida jahon chempionatiga chiqqan Kongo Demokratik Respublikasi ham bor.
Kanada viza arizalari uchun biometrik ma’lumotlarni topshirishni talab qiladi. Biroq jahon chempionatiga chiqqan ikki davlat — Eron va Kabo-Verdeda — Kanada bunday ma’lumotlarni qabul qiladigan infratuzilmaga ega emas.
Kanada viza rad etish ko‘rsatkichlarini turi yoki mamlakatlar bo‘yicha ochiqlamaydi, ammo 2025 yil uchun umumiy rad etish darajasi 54 foizni tashkil etgan.
Meksika esa viza rad etish bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmaydi.
U arizachilardan elchixona yoki konsullikka shaxsan murojaat etishni talab qiladi.
Jahon chempionatiga chiqqan mamlakatlardan sakkiztasida — Kabo-Verde, Kongo Demokratik Respublikasi, Kot-d'Ivuar, Senegal, O‘zbekiston, Bosniya va Gertsegovina, Tunis va Iroqda — Meksikaning diplomatik vakolatxonasi mavjud emas.
Maqolani tayyorlashda BBC Afrika xizmati ko‘magidan foydalanilgan





























