Nega Afg‘on oilalari qizlarini erga berishni so‘nggi chora sifatida ko‘rishmoqda?

Yuzi xiralashtirilgan Afg‘on ayoli
    • Author, Yogita Limaye
    • Role, BBC muxbiri, Kobul
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Aliya (uning ismini xavfsizligi uchun o‘zgartirdik) o‘tgan yili turmushga chiqishdan qochib, o‘z qishlog‘idan Kobulgacha yuzlab kilometr yo‘l bosdi.

Amakisining qizi bilan taksida qilingan bu safar Afg‘onistonda g‘ayriodatiy va xavfli ish edi.

Qoidaga ko‘ra, u boshdan-oyoq yopingan, faqat ko‘zlari ko‘rinib turardi.

Ularni istalgan vaqtda erkak mahramsiz yurgan ayollarni tekshiradigan Tolibon nozirlari qo‘lga olishi mumkin edi.

Biroq 19 yoshli Aliya va qarindoshini Tolibonning hech bir nazorat-o‘tkazish punktida to‘xtatishmadi va poytaxtga eson-omon yetib olishdi.

"Oilamga bu yerga dugonalarim va sobiq sinfdoshlarim bilan ko‘rishish uchun ketyapman, deb bahona qildim. Ammo bu yolg‘on edi. Bu yerda sinfdoshlarim yo‘q. Asl sabab shuki, agar Daykundida qolganimda, meni erga tegishga majbur qilishardi".

Buning o‘rniga u Kobulga aniq reja bilan keldi: ingliz tili kursiga yozildi.

Faqat qurbi yetadiganlar uchun mo‘ljallangan bu qisqa muddatli xususiy kurslar, diniy ta’lim beriladigan madrasalarni hisobga olmaganda, Afg‘onistondagi qizlar uchun boshlang‘ich maktabdan keyin bilim olishning yagona imkoniyati. Ammo ularning hech biri rasmiy ta’lim o‘rnini bosmaydi.

Tolibon 12 yoshdan oshgan qizlarning maktabga borishini taqiqlaganiga qariyb besh yil bo‘ldi. Bu taqiq nega hali ham amalda ekani borasida turli sabablar keltiriladi.

Bu yillar davomida Aliyaga o‘xshagan qizlar o‘zlari istagan va muhtoj bo‘lgan ta’limdan bebahra ulg‘aydi. Kasb-hunar egallash yo‘llari deyarli to‘liq yopilib, ularning imkoniyatlari torayib bordi va natijada Afg‘onistondagi millionlab qizlar uchun faqat bitta tanlov qoldi: turmushga chiqish.

Argo, Badakhshan province on May 12, 2026.

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘g‘il bolalar madrasasi. Qiz bolalarning ham ayrim bilimni olishlariga ruxsat berilgan

Aliyaning hikoyasi faqat jasorati bilan g‘ayriodatiy emas. U ayni paytda qizlar uchun mavjud sanoqli imkoniyatlardan foydalanishga qurbi yetadigan oiladan chiqqan – BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har to‘rt kishidan uchtasi o‘zining asosiy ehtiyojlarini qondira olmaydigan mamlakatda bu juda noyob holat.

Gap Aliyaning oilasi uning o‘qishini istamasligida ham emas – ular qizining Kobulda qolish istagini qabul qilishgan va hozir ham uning ingliz tili kursini moliyalashtirishmoqda – lekin ular ham Afg‘onistondagi voqelik oldida ojiz.

"Taqiqqacha ota-onam meni maktabga borishga astoydil undashardi. Ular «Uchuvchi bo‘lish orzungga albatta erishasan», deyishardi".

"Ammo endi ular men uchun eng yaxshi yo‘l turmushga chiqish ekanini aytishmoqda, chunki men maktabga, universitetga bora olmayman, hatto ishlay ham olmayman".

Aliyaga sovchilar kelyapti. U sovchilardan birini qabul qilishga majbur bo‘lishidan, yangi oilasi ota-onasi bergan erkinlikni bermasligidan qo‘rqadi. "Ba’zi oilalar juda qattiqqo‘l bo‘lishi mumkin. Ular menga orzularimni unutishimni aytishlari ehtimoli bor. Ko‘nglim hech taskin topmayapti".

Ammo uning irodasi po‘latdek mustahkam. "Agar oilam meni turmushga chiqishga majburlamasa, kutaman. Oxirgi nafasimgacha bunga qarshilik qilaman".

Lekin qarshilik qilish oson emas.

Kobul g‘arbidagi kichkina, bo‘m-bo‘sh bir uyda Shama bilan uchrashdik.

"Agar Tolibon hokimiyatni egallamaganda, men hozirgacha maktabni deyarli bitirgan bo‘lardim. Shifokor bo‘lish orzumga yaqin qolgan edim. Men shuni istagandim", deydi Shama.

Aksincha, to‘rt yil oldin, 18 yoshida, onasi uni turmushga chiqishga undadi. Hozir u biri go‘dak, ikkinchisi esa kichkintoy bo‘lgan ikki qizchaning onasi.

Biz uning va oilasining ismlarini xavfsizligi uchun o‘zgartirdik.

Qorong‘i xonada yuzlarini niqob bilan yopib o‘tirgan ikki Afg‘on ayoli

Surat manbasi, BBC/Imogen Anderson

Surat tagso‘zi, Bi-bi-si ushbu maqolani tayyorlashda suhbatlashilgan barcha ayollarning shaxsini sir tutishga qaror qilgan

Eri olti yil oldin vafot etganidan so‘ng qizlarini maktabda o‘qitish uchun farrosh bo‘lib ishlagan uning onasi Komila boshqa chora topa olmaganini aytadi. U turmush qurish yoshidagi qizi yolg‘iz qolsa, qiynalib qolishidan qo‘rqqan.

"Ularning [Tolibon hukumati askarlarining] «Nega uni erga bermayapsan?» deb so‘roqqa tutishidan qo‘rqardim", deydi Komila bizga.

"Men uning o‘qimishli bo‘lishini, ishlashini va jamiyatga hissa qo‘shishini xohlagandim. O‘zim savodsizman, ko‘zi ojiz odamdekman. Ammo qizlarim o‘qishini istagandim. Uning [Shamaning] orzulari juda ko‘p edi. Ammo unga bu nasib qilmadi".

Tolibon hukumatining ta’limga qo‘ygan taqiqi son-sanoqsiz ayollar va qizlar hayotiga allaqachon tuzatib bo‘lmas ta’sir ko‘rsatdi. BMTga ko‘ra, agar taqiq 2030 yilgacha davom etsa, "ayollar savodxonligi darajasi shundoq ham dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga ega bo‘lgan mamlakatda ikki milliondan ortiq qiz boshlang‘ich maktabdan keyingi ta’limdan mahrum bo‘ladi".

"Erli bo‘lish ayol kishining yagona orzusi emas. U avvalo o‘z oyog‘ida turishi, mustaqil bo‘lishi kerak, shundan keyingina turmushga chiqib, oila qurishi mumkin. Ammo men yangi hayotga bularning hech birisiz qadam qo‘ydim. Orzularim armon bo‘lib qoldi", deydi Shama.

Tolibon hokimiyatni egallashidan oldin Shama ko‘plab sovchilarni rad etgan edi.

"Men ularni rad etgandim, chunki o‘qish men uchun hamma narsadan muhimroq edi. Men o‘zim uchun istagan narsa ular [bo‘lajak kuyovlar] men uchun istagan narsa emas edi", deydi u.

Uning aytishicha, hozir doimiy stressda, hatto ishlayotgan yoki o‘qiyotgani ayollar tasvirlangan filmlarni ko‘rganida ham ruhiy iztirobga tushadi.

Eri unga yaxshi muomala qiladi, biroq o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqara olmaganlik qayg‘usi uni hech qachon tark etmaydi. "Bu men uchun juda qiyin. O‘zimni uyimda qamalib qolgandek his qilyapman. Men faqat farzandlarim uchun yashayapman", deydi u.

Endi uning 18 yoshli singlisi Nora o‘zi ham shunday qismatga duch kelishdan qo‘rqadi.

"Men turmushga chiqish uchun hali juda yoshman. O‘qishimni davom ettirmoqchiman. Bu xuddi qamoqda o‘tirgandek gap. Hukumat tufayli ko‘chaga chiqishga qo‘rqaman, uyda esa onam turmushga chiqishim kerakligini aytadi", deydi maktabga qaytishni orzu qiladigan Nora.

Ammo u Tolibon hukumati davrida maktabga qayta olishiga ishonmaydi.

"Tolibon hukumati qizlar uchun maktablar keyingi ogohlantirishgacha yopilganini aytgandi. Lekin mana, oradan to‘rt yarim yil o‘tdi. Biz har kuni shu xabarni kutdik".

Iqtibos

2021 yildan beri Tolibon hukumatining qizlar uchun maktablar qachon ochilishi haqidagi savolga javobi turlicha, bir bahonadan ikkinchisiga o‘tib, hozir javobdan bo‘yin tovlash va sukut saqlashga aylanib qolgan.

2021 yil sentyabr oyida, Tolibon hokimiyatni egallaganidan so‘ng, uning matbuot kotibi bilan ilk intervyumizda u qizlar uchun maktablar ochilishini aytgan, ular "xavfsizlik holatini yaxshilash ustida ishlayotganini" qo‘shimcha qilgandi.

Bir yil o‘tgach, javob "diniy ulamolar qizlarning maktabga borib-kelishidagi xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarni ko‘tarayotgani" bo‘ldi, ammo ular bu muammo ustida ishlayotganini bildirishdi.

2024 yilda Tolibon hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulloh Fitrat menga: "Biz rahbariyat qarorini kutyapmiz," dedi.

Shu oy men Fitrat bilan yana uchrashdim. U ayol kishi bilan suratga tushishni yoki ro‘paramda o‘tirishni istamadi. Men undan ayollar uchun o‘rta maktab va oliy ta’lim taqiqini qanday oqlashini so‘radim.

U "hozirda yetti millionga yaqin o‘g‘il va besh million qiz bola ta’lim olayotganini" ta’kidlab javob berdi.

"Oltinchi sinfdan yuqori ta’limni cheklash alohida masala," dedi u va bizni Ta’lim vazirligiga yo‘naltirarkan, ular "umid qilamizki, qoniqarli javob berishadi", deb qo‘shib qo‘ydi.

Men yanada qat’iyroq turib, Afg‘onistondagi ayollar va qizlar Tolibon hukumati davrida ta’lim qayta ochilishiga ishonmasliklarini aytganimda, u yana, Ta’lim vazirligidan so‘rang, deb javob berdi.

Biz Ta’lim vazirligiga ham ayni shu savolni berdik. Ulardan javob bo‘lmadi.

Tolibon hukumati ichida ayollar ta’limi masalasida bizga ayon bo‘lgan kelishmovchiliklar mavjud, ammo oliy rahbar yillar o‘tgani sari o‘z mavqeini yanada qat’iylashtirib bordi.

Ayollar va qizlar o‘zlari uchun maktablar yopilgan kunni kechagidek aniq-tiniq eslaydilar.

"O‘sha kuni kecha-kunduz faqat yig‘ladim, ho‘ng-ho‘ng yig‘ladim, – deb eslaydi Aliya. – Bir hafta uxlay olmadim. O‘zimni xuddi tirik murdadek his qildim".

"O‘qishni bitirib, universitetga kirayotgan tengdosh yigitlarni ko‘rsam, ahvolim yomonlashadi, o‘zimni go‘yo do‘zax olovida yonayotgandek his qilaman", deya qo‘shimcha qiladi u.

Ayollar Tolibonning oliy rahbari joriy etgan boshqa ko‘plab cheklovlarga ham duch kelmoqda; bu cheklovlar ba’zi joylarda qat’iy qo‘llanilsa, boshqa joylarda biroz erkinlik bor.

Biroq bu farmonlar odamlar orasida qo‘rquv uyg‘otadi. Hukumatning majburlov choralari va ayrim hollarda odamlarning o‘zlari o‘rnatgan cheklovlar sababli ayollar jamoat hayotidan deyarli chetlashtirildi.

Fitrat o‘z hukumatini himoya qilib: "Biz ayollarga biznes yuritish uchun minglab ruxsatnomalar berdik, bu ijobiy qadamdir", deydi.

U, shuningdek, Tolibon hukumatining axloq politsiyasi bo‘lmish Fazilatlarni targ‘ib qilish va illatlar oldini olish vazirligi "ayollarga merosdan qonuniy ulush berilmagan 2000 dan ortiq ishni" hal qilganini va "majburan turmushga uzatilayotgan yoki voyaga yetmagan 2500 nafar ayolga yordam ko‘rsatilganini" da’vo qildi.

Ammo yaqinda Tolibon hukumati bolalar nikohiga qonuniy ruxsat berilishi nazarda tutilgan qoidalarni qonunga kiritdi va unda voyaga yetmagan qizning sukuti nikohga rozilik sifatida talqin qilinishiga ijozat etildi.

O‘tkazib yuboring TikTok post
TikTok контентига рухсат бериш

Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas TikTok bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri TikTok post

Dalillar buning aksini ko‘rsatmoqda, qizlarning o‘qishi taqiqlangani sababli voyaga yetmasdan turmushga berish va majburiy nikohlar soni ortib bormoqda.

Biz suhbatlashgan ayollar va qizlar institutsional kamsitishning eng og‘ir shakllaridan biri endilikda avvalgidek hayrat yoki g‘azab uyg‘otmayapti, deb hisoblaydilar. Ular o‘zlarini tashlab qo‘yilgandek his qilishadi.

"Agar bizni unutib qo‘yishmaganida, hozirgacha biror chora ko‘rilgan bo‘lardi", deydi Aliya.

"Nega aynan Afg‘onistonda tug‘ilganmiz, deb tez-tez o‘ylab qolaman", deydi Nora.

Uning onasi Komilaning butun dunyo onalariga aytar gapi bor.

"Qizlaringizga o‘qish va ishlashga ruxsat berilgan dunyoda ularga imkon bering. Qo‘ying, mustaqil bo‘lishsin".

"Bu yerda, Afg‘onistonda biz uchun hammasi tugadi".

Maqolani tayyorlashda Imojen Anderson, Mahfuz Zubayd va Sanjay Ganguli yordam bergan