Karimov merosi hamon O‘zbekiston jamiyatini ikkiga bo‘lmoqda

Islom Karimov

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Islom Karimov, 2016 yil 23 iyun, Toshkent
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etganiga 10 yil bo‘ldi. U 2016 yil 2 sentyabrda 78 yoshida vafot etgan va mamlakatni chorak asr boshqargan.

Karimov nomi O‘zbekistonning mustaqillik tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Rasmiy talqinda u mustaqil davlat barpo etilishi, mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynagan davlat arbobi sifatida eslanadi.

2026 yil 2 sentyabrda uning xotirasiga bag‘ishlangan marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev ham Karimovning O‘zbekiston mustaqilligi va davlatchiligi shakllanishidagi hissasini alohida ta’kidladi.

Ammo Karimov merosi faqat ijobiy xotiralardan iborat emas. Uning chorak asrlik boshqaruvi inson huquqlari, siyosiy erkinliklar, matbuot, paxta terimidagi majburiy mehnat va 2005 yildagi Andijon voqealari sabab xalqaro tashkilotlar tomonidan keskin tanqid qilingan.

BBC O‘zbek xizmatining ijtimoiy tarmoqlarda Islom Karimovni qanday eslashlari haqidagi materialidan keyin kelgan izohlar ham bu qarama-qarshi qarashlarni yaqqol ko‘rsatdi.

Karimov haqida kamera oldida gapirish

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

BBC so‘roviga javob berib, kamera qarshisida gapirishga rozi bo‘lganlarning aksariyati Islom Karimov haqida ijobiy fikr bildirdi.

Ular uni buyuk shaxs, yaxshi odam, xalqparvar rahbar va O‘zbekiston uchun muhim tarixiy shaxs sifatida eslashdi. Ayrimlar Karimov bo‘lmaganida O‘zbekiston mustaqillikka erisha olmasligi mumkinligini aytdi.

Bu qarash O‘zbekistondagi rasmiy tarixiy xotirada ham aks etadi. 2016 yilda Karimov vafoti munosabati bilan e’lon qilingan rasmiy bayonotda uning qat’iyati va jasorati tufayli respublika mustaqillikka erishgani, mamlakat "beqarorlashuvning oldini olib", urush dahshatlarini ko‘rmasdan o‘tganiga urg‘u berilgan.

2017 yilda esa Karimov xotirasini abadiylashtirish haqidagi prezident qarorida u "mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi" sifatida ta’riflangan.

Ammo BBC videosi e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlar ancha boshqacha manzarani ko‘rsatdi.

"Qo‘rquv davri edi"

Islom Karimov Toshkentda Vladimir Putin bilan

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Islom Karimov, 2016 yil 23 iyun, Toshkent

Videoga yozilgan izohlarda Karimov siyosatini keskin tanqid qilganlar ham ko‘p bo‘ldi.

Instagram'dagi "fozilnormuminov7" akkaunti Andijon voqealari, siyosiy mahbuslar, paxta terimidagi majburiy mehnat, matbuot erkinligi va Gulnora Karimova bilan bog‘liq korruptsiya ishlarini Karimov davrining eng katta muammolari qatorida sanadi.

"Islom Karimov yetarlicha xatolar qilgan, masalan, Andijon voqealari", deb yozgan u.

Andijon voqealari bo‘yicha qurbonlar soni hanuz bahsli. O‘zbekiston hukumati qurbonlar sonini 173 kishi deb bildirgan. Human Rights Watch esa hukumat kuchlari qurolsiz namoyishchilarga qarata o‘q uzgani va yuzlab odamlar halok bo‘lganini aytgan. Tashkilot 2005 yilgi voqealar bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotida hukumat kuchlarining kuch ishlatishini qirg‘in sifatida baholagan.

Instagram'da yozilgan izohlarning ekran tasviri

Surat manbasi, Screenshot/social media

Surat tagso‘zi, Ijtimoiy tarmoqdagi fikrlar bir-biridan keskin farq qiladi. Ayrimlar Islom Karimovning buyuk shaxs bo‘lganini yozsa, boshqalar uning hokimiyati davridagi muammolar haqida yozmoqda.

Karimov davrida inson huquqlari va siyosiy erkinliklar bilan bog‘liq boshqa muammolar ham xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqid qilingan. Human Rights Watch 2005 yilgi hisobotida O‘zbekistonda so‘z, yig‘ilish va diniy erkinliklarga nisbatan bosim kuchayganini, mustaqil jurnalistlar, huquq himoyachilari va muxolifat vakillariga qarshi repressiyalar davom etganini qayd etgan.

Matbuot erkinligi bo‘yicha ham O‘zbekiston xalqaro reytinglarda quyi o‘rinlarda bo‘lgan. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining 2013 yilgi indeksida O‘zbekiston 179 davlat orasida 164-o‘rinni egallagan.

Instagram'dagi "normurod_negmatov" nikli boshqa bir foydalanuvchi esa Karimov davrini yanada keskinroq baholagan:

"Xalqni xor qildi, savodsiz qildi, millionlab odamlarni chet ellarda mardikor qildi, aqllilarni qirg‘in qildi… Xalqni qo‘rquv bilan boqardi", deb yozgan u.

Bobur Rasulov
Rasmiy
Konvertatsiya yopiqligi, tadbirkorlikni sindirish, monopoliyalar, "Jasliq", boshqa davlatlarga yopiqlik va dushmanlik – barchasi Karimovning ishi bo‘lgan
Bobur Rasulov
deputat va bloger (Batafsil: BBC.COM/UZBEK)

Facebook'dagi "Abdussomad Abdulloh" akkaunti esa Karimov davrida "ta’lim yo‘q qilinganini" va "millionlab o‘zbeklar Rossiya va boshqa mamlakatlarda qul qilinganini" da’vo qilgan.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati va bloger Bobur Rasulov ham Karimov davrini tanqid qiluvchilardan biri. U prezidentning iqtisodiy siyosati, valyuta cheklovlari, monopoliyalar va siyosiy bosimni uning merosidagi asosiy muammolar qatorida sanaydi.

"Agar Karimovning o‘rniga boshqasi bo‘lganda, hozir 5 million yigitlarimiz xorijda ishlamagan, aholi ham farovon yashagan va iqtisod rivojlangan bo‘lar edi. Konvertatsiya yopiqligi, tadbirkorlikni sindirish, monopoliyalar, "Jasliq", boshqa davlatlarga yopiqlik va dushmanlik – barchasi Karimovning ishi bo‘lgan", deb yozadi Rasulov.

Bunday izohlarning ayrimlarida fakt va shaxsiy baho bir-biriga aralashib ketadi.

Paxta va majburiy mehnat

paxta dalasi

Surat manbasi, Rasmiy

Karimov davriga beriladigan tanqidlarda paxta terimi alohida o‘rin tutadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekistonda paxta terimidagi bolalar mehnatini 2013 yildan, majburiy mehnatni esa 2015 yildan muntazam monitoring qila boshlagan.

2017 yilgi monitoringda tashkilot O‘zbekistonda bolalar mehnatidan tizimli foydalanish tugaganini, biroq majburiy mehnat muammosi hali mavjudligini qayd etgan.

Keyingi yillarda vaziyat sezilarli o‘zgardi. Xalqaro mehnat tashkiloti 2021 yilgi paxta mavsumida O‘zbekistonda tizimli bolalar va majburiy mehnatiga barham berilganini ma’lum qildi. Tashkilotning 11 mingga yaqin paxtakor bilan o‘tkazilgan suhbatlariga ko‘ra, 2021 yilgi hosil yig‘imida qatnashganlarning 99 foizi ixtiyoriy ishlagan.

Bu raqamlar Karimov davridagi paxta siyosati atrofidagi tanqidlar shunchaki ijtimoiy tarmoqdagi fikrlardan iborat emasligini, bu masala xalqaro tashkilotlar tomonidan ham yillar davomida o‘rganilganini ko‘rsatadi.

"Tartib bor edi, hayot yaxshi edi"

Islom Karimov, 2015 yil, Ufa

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Islom Karimov, 2015 yil, Ufa

Biroq ijtimoiy tarmoqlardagi boshqa izohlar Karimov davrini butunlay boshqacha eslaydi.

Instagram'dagi "tohir7008" akkaunti: "Toshkent shahri tirband emas edi, o‘sha paytlar zo‘r edi, odamlar asabiy yurmas edi", deb yozgan.

"Anbarjon77" nikli foydalanuvchi esa Karimovning qattiqqo‘lligini qoralaganlarni tanqid qilib:

"Men bir narsani bilaman, tartib, haqiqat bor joyda ish bo‘ladi", deb yozgan.

Facebook'dagi "Umida_Lapasovna" esa Karimovni himoya qilib:

"Yurtga 1-prezident bo‘lgan va unga butun dunyo tan bergan! Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi! Siz unga qanchalar tosh oting, uning nomi doim avlodlar qalbida abadiy qoladi!" deb yozgan.

YouTube'dagi "@Sobir-t4u" nikli foydalanuvchi Karimov davrida "narx-navo arzon" bo‘lganini ta’kidlagan.

Instagram'dagi "zakhidova_93" akkaunti esa Karimovni "Dodamiz" deb atab, uning davrida "dasturxoni to‘kin-sochin, hamma narsa barakali bo‘lganini" yozgan.

"Ishchonoverkin8" akkaunti esa Karimov davrida O‘zbekistonda Afg‘onistondagidek voqealar yuz bermaganini birinchi prezidentning xizmatlari bilan bog‘lagan.

Bu izohlarning barchasida umumiy bir jihat bor: Karimov tarafdorlari ko‘proq siyosiy tizimning o‘zidan ko‘ra, tinchlik, tartib, xavfsizlik va kundalik hayotni eslashmoqda.

Bir xil tarix, ikki xil xotira

Islom Karimov haykali, Toshkent

Surat manbasi, BBC O'zbek

Surat tagso‘zi, Islom Karimov haykali, Toshkent
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Karimov davrini yaxshi yoki yomon deb eslash ko‘pincha odamning o‘sha davrdagi shaxsiy tajribasiga ham bog‘liq.

Kimdir uchun bu — tartib, xavfsizlik va barqarorlik davri.

Boshqalar uchun esa — valyuta cheklovlari, siyosiy bosim, majburiy mehnat va erkinliklarning cheklangan davri.

Facebook'dagi "Hassan Dadaxujayev" akkaunti Karimov davrini shaxsiy hayoti orqali eslaydi:

"4 yil bakalavr, 2 yil magistr, 3 yil aspirantura paxta dalalarida o‘tdi. Oylik plastikda, xarajatlar naqd pulda edi, 20 foizga naqdlashtirar edim. TV, radio 24/7 rejimda musaffo osmon va muhtaram haqida kuylar edi. Ijara puli dollarda, dollar esa qora bozorda edi. Doimiy ro‘yxatga turish jannatga yo‘llanma olishdan ham qiyin edi", deb yozadi u.

Ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar bir narsani aniq ko‘rsatadi: Islom Karimov haqidagi xotira bir xil emas.

Bir odam Karimovni "tinchlik va barqarorlik ramzi" sifatida eslasa, boshqa birov uni siyosiy bosim va qo‘rquv bilan bog‘laydi.

Bir odam o‘sha davrdagi arzon narxlar va kamroq tirbandlikni eslasa, boshqasi dollar ayirboshlashdagi cheklovlar yoki paxta dalalaridagi majburiy mehnatni eslaydi.

Bir odam Karimovning O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillaridagi rolini birinchi o‘ringa qo‘ysa, boshqasi Andijon voqealarini uning siyosiy merosining eng og‘ir sahifasi deb biladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Bu farqni faqat "ikki lager"ga ajratish bilan tushuntirish qiyin. Chunki ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar ko‘pincha Karimovning o‘zini emas, o‘sha davrda boshdan kechirgan hayotini eslamoqda. Kimdir uchun Karimov davri yoshlik, arzon narxlar va tinchlik bilan bog‘langan. Boshqalar uchun esa o‘sha davr cheklovlar, qo‘rquv yoki yaqinlarining xorijga ishlash uchun ketishi bilan esda qolgan.

Islom Karimov vafotidan 10 yil o‘tgan bo‘lsa-da, uning nomi O‘zbekiston tarixidagi eng bahsli mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Va hozircha bu bahsning yakuniy javobi yo‘q: Islom Karimov O‘zbekiston tarixida, avvalo, mustaqil davlat asoschisi sifatida eslanadimi yoki qattiqqo‘l va avtoritar rahbar sifatida?

Ehtimol, vaqt o‘tishi bilan uning merosiga beriladigan baho ham o‘zgarar. Ammo bugungi munozaralar shuni ko‘rsatadiki, Karimov davri haqidagi xotira hali uzoq vaqt davomida bir xil bo‘lmaydi.