Turkiyani larzaga solgan O‘zbek ayollari qotilligi bo‘yicha hukm e’lon qilindi

Surat manbasi, X/Kadınlar Direniste
Turkiya sudi ikki nafar O‘zbekiston fuqarosini Istanbulda ikki o‘zbekistonlik ayolni o‘ldirganlik uchun umrbod qamoq jazolariga hukm qildi.
Istanbuldagi Anadolu 17-og‘ir jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 31 yoshli Dilshod Turdimurotov va 29 yoshli G‘ofurjon Kamolxo‘jaevni 36 yoshli Durdona Hakimova hamda 32 yoshli Sayyora Ergashalievani o‘ldirishda aybdor deb topdi.
Har ikki mahkumga Turkiyadagi eng og‘ir jazo turlaridan biri hisoblangan ikki martadan og‘irlashtirilgan umrbod qamoq jazosi tayinlandi.
Bu jazo oddiy umrbod qamoqdan ko‘ra qattiqroq saqlash shartlarini nazarda tutadi.
Shuningdek, jabrlanuvchilar vafotidan keyin turar joydan o‘g‘irlik qilish aybi bilan har biriga yana ikki martadan yetti yillik qamoq jazosi berildi.
Mazkur jinoyat ishi 2026 yilning 24 yanvar kuni Istanbulning Shishli tumanidagi chiqindi konteyneri ichida O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimovaning jasad qoldiqlari topilganidan keyin keng jamoatchilik e’tiboriga tushdi.
Ikki gumonlanuvchi Turkiyani tark etishga uringan paytda Istanbul aeroportida qo‘lga olingan.
Keyinchalik ushbu ishga ikkinchi qurbon ham bog‘landi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Sayyora Ergashalievaning oilasi 23 yanvardan keyin u bilan aloqa yo‘qolganidan so‘ng Turkiyadagi O‘zbekiston ayollari huquqlarini himoya qilish uyushmasidan yordam so‘ragan.
Uning yaqinlari Turkiyaga borib, 6 fevral kuni prokuraturaga murojaat qilganlar.
Fevral oyida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Sayyora Ergashalievaning vafot etganini tasdiqlagan.
Turkiyadagi DHA axborot agentligi xabar qilishicha, tergovchilar Sayyora Ergashalieva Istanbulning Umraniya tumanidagi bir uyda bo‘lganini aniqlaganlar.
Kuzatuv kameralari tasvirlarida Ergashalievaning 23 yanvar kuni uyga kirgani, ortidan esa Turdimurotov va Kamolxo‘jaev ham kirgani aks etgan.
Ertasi kuni ikki erkakning uydan bir necha marta qora chiqindi qoplari bilan chiqqanlari, so‘ngra oq rangli chemodanni olib ketganlari ko‘ringan.
Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, har ikki ayol ham shu uyda o‘ldirilgan va ularning jasadlari Istanbulning turli hududlaridagi chiqindi konteynerlariga tashlab yuborilgan.
Durdona Hakimovaning jasad qoldiqlari topilgan, ammo rasmiylar Sayyora Ergashalievaning jasadi topilgani haqida xabar berganlari yo‘q.
Sud jarayonida G‘ofurjon Kamolxo‘jaev Sayyora Ergashalieva bilan diniy nikohda bo‘lganini va uning xiyonati deb hisoblagan holat tufayli o‘ldirganini aytdi.
U Durdona Hakimovaning qotilligiga aloqadorligini rad etgan.
Sudda Dilshod Turdimurotov Durdona Hakimovani o‘ldirganini tan oldi.
So‘nggi so‘zida u qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, eng og‘ir jazoga loyiqligini aytdi.
25 yanvar kuni ayollar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Istanbulning Shishli tumanida Durdona Hakimovaning o‘ldirilishiga qarshi norozilik yurishi tashkil etdilar.
"Ayollar o‘ldirilishini to‘xtatamiz" platformasi va ayollar tashkilotlari chaqirig‘i bilan Istanbul shahrining Shishli Pangalti metro bekatida to‘plangan ayollar norozilik yurishi uyushtirdilar.
Aktsiyaga ko‘p sondagi politsiya xodimlari ham jalb etildilar.
Namoyishchilar "Migrant ayollar yolg‘iz emas", "Himoya qil, oqlama — jinoyatchilarni sud qil", "Erkak uradi, davlat himoya qiladi", "Sukut saqlamymiz, qo‘rqmaymiz, itoat qilmaymiz", "Erkak adolati emas, haqiqiy adolat" degan shiorlarni aytdilar.
Turkiya jamiyatida xotin-qizlar duch kelayotgan zo‘ravonlik haqida mas’ul idoralarga murojaat qilinganda samarali surishtiruv o‘tkazilmayotgani va "ayollar himoya qilinmayotgani"ni ta’kidlagan "Ayollar o‘ldirilishini to‘xtatamiz" platformasi qotillik yuzasidan bayonot e’lon qildi.
Bayonotda shunday deyiladi:
"Yonimizdan o‘tgan bir erkak bir ayolni o‘ldirib, bo‘laklab, chiqindilarga tashladi. Biz Durdonaning hayotini bilmaymiz, ammo bu qotillikka sabab bo‘lgan erkak zo‘ravonligini yaxshi taniymiz. Migrant ayollar deportatsiya qilinish xavfi tufayli ko‘p hollarda duch kelayotgan zo‘ravonlik haqida politsiyaga murojaat qila olmaydilar. Samarali surishtiruv o‘tkazilmaydi, maxfiylik ta’minlanmaydi, uzoqlashtirish qarorlariga amal qilinmaydi."
"Erkaklar zo‘ravonligi hukumatning ayollarga nisbatan dushmanona siyosati natijasida yuzaga kelayapti" deyiladi bayonotda.
"Durdona balki ajrashmoqchi bo‘lgan, balki o‘z hayoti haqida qaror qabul qilmoqchi bo‘lgan, balki 'yo‘q' degani uchun o‘ldirilgandir. Jinoyatchilar jasoratni AKP deputati uyida o‘ldirilgan Nodira Qodirova jinoyati osongina yopib qo‘yilganidan oladi."






























