Amerikalik sud-tibbiyot eksperti: Jeffri Epshteyn ehtimol o‘z joniga qasd qilmagan, balki o‘ldirilgan. Video

Surat manbasi, AFP
- Author, Tom Makartur
- Role, Bi-bi-si
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Ushbu materialda dahshatli tafsilotlar va o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq ma’lumotlar mavjud.
Amerikalik sud-tibbiyot eksperti Maykl Friman BBC'ga voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan va 2019 yili qamoqxona kamerasida o‘lik holda topilgan moliyachi Jeffri Epshteyn, ehtimol, o‘z joniga qasd qilmagan, balki o‘ldirilganini aytdi.
Bu BBC News saytida e’lon qilingan materialning moslashtirilgan tarjimasidir. Materialning ingliz tilidagi originalini bu yerda o‘qish mumkin.
Professor Friman Epshteynning jasadini shaxsan ko‘zdan kechirmagan, ammo uning o‘limi bo‘yicha sud hujjatlarini o‘rganib chiqqan. Ko‘rgan ma’lumotlari asosida u BBC efirida Epshteyn bo‘g‘ib o‘ldirilganini, ehtimol, orqa tomondan sirtmoq yordamida bo‘g‘ilganini aytdi.
Biroq yetti yil avval Epshteynning jasadini yorib ko‘rishni amalga oshirgan sud-tibbiyot eksperti tan jarohatlarining xususiyati o‘z joniga qasd qilish holatiga mos kelishi haqida rasmiy xulosa bergan. U shuningdek, jasadda qotilga qarshilik ko‘rsatgan paytda odatda uchraydigan jarohatlar bo‘lmaganini ta’kidlagan.
66 yoshli Jeffri Epshteyn AQSh, Britaniya va boshqa mamlakatlardagi ko‘plab siyosatchilar hamda yirik biznes vakillari, jumladan Donald Tramp bilan tanish bo‘lgan. U 2019 yil 10 avgust kuni Nyu-Yorkdagi qamoqxona kamerasida o‘lik holda topilgan. O‘sha paytda u qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish ayblovi bo‘yicha sudni kutayotgan edi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
O‘tgan yil noyabrda Tramp "Epshteyn hujjatlari"ni e’lon qilish haqidagi qonunni imzolagan edi.
O‘sha paytdagi Nyu-York bosh sud-tibbiyot eksperti doktor Barbara Sempson, Epshteynning o‘limi o‘z joniga qasd qilish oqibatida yuz bergan degan xulosani bergan mutaxassis, avvalroq shunday degan edi, - "Biz janob Epshteynning o‘limi sababi va xususiyati bo‘yicha chiqargan xulosamizda qat’iy turamiz. Sababi - osib qo‘yish, xususiyati - o‘z joniga qasd qilish".
BBC doktor Sempsondan doktor Frimanning bayonotiga izoh berishni so‘radi va javob kutmoqda.
Maykl Friman faoliyati davomida AQShning turli shtatlarida bosh prokurorlar huzurida sud-tibbiyot eksperti sifatida ishlagan va hibsda yoki qamoqdagi o‘lim holatlarining sabablarini aniqlagan. Ular qatorida 2020 yili Minneapolisda Jorj Floydning o‘limi sabablarini aniqlash ham bor.
U Epshteynning ukasi Mark Epshteyndan jasad bo‘yicha tibbiy ko‘rik hujjatlarini olgan, ularni bir yil davomida o‘rgangan va shu dushanba kuni London universitet kollejida natijalar haqida ma’ruza qilgan. Shundan so‘ng u o‘z xulosalari haqida BBC efirida so‘zlab bergan.
Friman nima deyapti?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Mark Epshteynning o‘zi akasi o‘ldirilganiga ishonadi.
Professor Friman hujjatlarni xolisona tahlil qilganini va Mark Epshteyn unga hech qanday haq to‘lamaganini ta’kidlaydi. Uning tadqiqoti boshqa mutaxassislar tomonidan mustaqil ravishda baholanmagan.
Frimanning BBC'ga aytishicha, uning fikriga ko‘ra, dalillar Epshteynga hujum qilinganini ko‘rsatadi. Bu dalillar qatorida chap yelkadagi kuchli ko‘karish va yuzga zarba berilganini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shikastlar ham bor.
Professor Frimanning fikricha, jasadni ko‘zdan kechirish natijalari katta ehtimol bilan Epshteyn sirtmoq sifatida tayyorlangan improvizatsiya qilingan halqa bilan bo‘g‘ilganini, so‘ngra uning jasadi shu halqaga ilib qo‘yilganini ko‘rsatadi.
Uning aytishicha, Epshteyn bo‘ynidagi sirtmoq izining yuqori qismida tirnoq izlarini ko‘rish mumkin bo‘lgan.
"Bu, ayniqsa orqa tomondan bo‘g‘ish va jabrlanuvchining sirtmoqni bo‘ynidan olib tashlashga bo‘lgan urinishlariga mos keladi", deb tushuntirdi sud-tibbiyot eksperti.
Jarohatlar hamda jasad qay holatda topilgani bir-biriga mos kelmaydi. Şuning uçun faqat bitta izoh qoladi - ölim qotillik natijasida yuz bergan.
"Jarohatlar hamda jasad qay holatda topilgani bir-biriga mos kelmaydi. Shuning uchun faqat bitta izoh qoladi - o‘lim qotillik natijasida yuz bergan", dedi professor Friman.
Epshteynning jasadi bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazgan mutaxassis AQSh Adliya vazirligiga Epshteyndagi jarohatlar bo‘g‘ib o‘ldirish orqali qotillikdan ko‘ra, o‘zini osish orqali sodir etilgan o‘z joniga qasd qilish holatiga ko‘proq mos kelishini ma’lum qilgan. U, shuningdek, jabrlanuvchi o‘zini himoya qilishga uringan paytda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarohatlarga oid dalillar mavjud emasligini aytgan (bunday jarohatlar odatda bo‘g‘ib o‘ldirish qurbonlarida kuzatiladi).

Bundan tashqari, Frimanning aytishicha, qamoqxonada osilish orqali o‘lim holatida u tergovdan jasad halqadan chiqarib olinishidan oldin olingan fotosurat mavjud bo‘lishini kutgan bo‘lar edi.
Epshteynning o‘limi holatlari bo‘yicha tergov yakunlari yuzasidan AQSh Adliya vazirligi Epshteynni halqada osilib turgan holda topgan qo‘riqchi darhol hamkasbini chaqirganini, so‘ngra ular ikkovlashib jasadni yerga yotqizib, sun’iy nafas berishga uringanini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Adliya vazirligi Epshteyn o‘limidan bir oy oldin o‘z joniga qasd qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab qisqa muddat kuzatuv ostiga olinganini ham bildirgan.
Epshteynni kim o‘ldirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga doktor Friman shunday javob berdi: "Hech qanday tasavvurim yo‘q. Bu haqda mening fikrim mavjud emas. Bu umuman mening tergovim maqsadlari doirasiga kirmagan".
Uning qarashlarini fitna nazariyalari bilan chegaradosh deb hisoblash mumkin emasmi, degan savolga ekspert shunday javob berdi, - "Yaxshiyamki, men shunday deya olaman - mening so‘zlarimga ishonish shart emas, har kim mavjud ma’lumotlarni mustaqil o‘rgansin".
"Agar siz men bo‘g‘ishga o‘xshaydigan holatga qarab, uni osilish emas, bo‘g‘ish deb ataganim uchun fitna nazariyalarini tarqatayapti, deb hisoblasangiz, men qaerda xato qilganimni ko‘rsating", - deya davom etdi ekspert. "Men buning uchun to‘liq ochiqman. Axir men olimman, boshqa odamlarning asoslangan fikrlarini eshitishdan har doim mamnunman".
Jeffri Epshteyn birinchi marta 2008 yilda voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb qilishda ayblangan, ammo o‘shanda u tergov bilan kelishuv tufayli atigi 13 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Oradan 11 yil o‘tgach, Epshteynga voyaga yetmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishning butun bir tizimini tashkil etganlik ayblovi qo‘yildi va bu ayblov bo‘yicha unga o‘nlab yil qamoq jazosi tayinlanishi mumkin edi.































