Rossiyani Turkiy davlatlar tashkilotiga qo‘shish taklifi: Qozog‘iston Turkiya ta’sirini cheklamoqchimi?

Xabarlarga ko‘ra, Anqara sammiti Qozog‘iston rahbarining Rossiyani TDTga jalb qilish haqidagi taklifini muhokama qilmagan.
Surat tagso‘zi, Anqara sammiti Toqaevning Rossiyani TDTga qo‘shish haqidagi taklifini e’tiborsiz qoldirdi, deyilmoqda.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

BBC Yangiliklar bo‘limi

Qozog‘iston prezidenti Rossiyani Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zolikka taklif etish tashabbusini ilgari surdi. Uning aytishicha, bu tashkilotning xalqaro nufuzini oshiradi.

Tahlilchilar fikricha, Ostona bu orqali Turkiyaning tashkilotdagi ta’sirini cheklash va tashkilotning siyosiy yoki harbiy blokka aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkin.

Ularning baholashicha, Rossiyaning ishtiroki tashkilotdagi kuchlar muvozanatini Markaziy Osiyo foydasiga o‘zgartirishi va qo‘shni davlatlarning xavotirlarini kamaytirishi mumkin. Shuningdek, bu tashkilotning geosiyosiy maqsadlardan ko‘ra madaniy hamkorlikka ko‘proq urg‘u berishiga xizmat qilishi mumkin.

Kreml bu g‘oyani ma’qulladi. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning tashkilotdagi ishtiroki "tushunarli, maqsadga muvofiq va tabiiy" bo‘lishini aytdi. Biroq hozircha Rossiyaga rasmiy taklif yuborilmagan.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaevning Rossiyani Turkiy davlatlar tashkilotiga taklif etish tashabbusi Markaziy Osiyo, ayniqsa, Qozog‘iston matbuotida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Nashrlarda bu qadamning ehtimoliy sabablari haqida turli fikrlar bildirildi.

Qozog‘istonning xususiy Kursiv.media nashri 30 oktyabr kuni xabar berishicha, To‘qaev o‘sha kuni Anqarada o‘tgan tashkilotning 13-sammitida Rossiyani a’zo yoki kuzatuvchi sifatida hamkorlikka taklif etish "to‘g‘ri va adolatli qadam" bo‘lishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, bu tashkilotning xalqaro nufuzini oshirishi mumkin.

"Rossiya yirik davlat sifatida asrlar davomida turkiy dunyo bilan yaqin aloqalarni saqlab kelgan", deya qo‘shimcha qilgan u.

Qozog‘istondagi Kremlga xayrixoh Baraeva Telegram kanali To‘qaevning sammitda o‘z taklifini izohlab aytgan quyidagi so‘zlarini keltirgan:

"Ko‘plab turkiy xalqlar tarixan shu mamlakat hududida yashab kelgan. Hozir Rossiya "Oltoy — turkiy sivilizatsiya beshigi" loyihasini ilgari surmoqda. Qozog‘iston bu loyihani qo‘llab-quvvatlaydi. Rus tilidagi ko‘plab so‘zlar turkiy tillardan kirib kelgan. Umuman olganda, Rossiya turkiy davlatlar safiga, ya’ni tashkilotimizga qo‘shilsa, bu barcha davlatlarimiz uchun foydali bo‘lar edi".

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Qozog‘istonning maqsadlari

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Qozog‘istonlik siyosatshunos G‘aziz Abishev Telegramda yozishicha, Rossiyaning qo‘shilishi Turkiy davlatlar tashkilotida Markaziy Osiyo, avvalo, Qozog‘iston ta’sirini kuchaytirishi mumkin. Uning fikricha, bu qadam qo‘shni davlatlarning shubhalarini ham kamaytiradi.

"Turkiy davlatlar tashkiloti harbiy tuzilma emas va Xitoy yoki Rossiyaga qarshi qaratilmagan. U turkiy xalqlarning madaniy tiklanishi va birligiga qaratilgan loyihadir", dedi Abishev. Uning qo‘shimcha qilishicha, kuzatuvchilarning ishtiroki paydo bo‘layotgan taranglikni yumshatishga yordam beradi.

Markaziy Osiyo demokratiyani rivojlantirish jamg‘armasi siyosatshunosi To‘lg‘anoy Umbetalieva esa Politik Central Asia Telegram kanaliga bergan intervyusida Ostananing maqsadini Turkiya ta’sirini muvozanatlash bilan izohladi.

Uning aytishicha, Anqara ba’zan mintaqa manfaatlariga mos kelmaydigan masalalarni, jumladan, Shimoliy Qibrisni tan olish g‘oyasini ilgari suradi. Qozog‘iston esa bunday masalalarga aralashishdan manfaatdor emas va qisman tan olingan yoki tan olinmagan davlat tuzilmalarini tan olmaslik borasida qat’iy pozitsiyaga ega.

"Markaziy Osiyo davlatlari Turkiya ta’siri ostida qolishni unchalik istamaydi. Ular xalqaro maydonda o‘z mustaqil qiyofasini mustahkamlashga intilmoqda. Xususan, Qozog‘iston "o‘rta qudratli davlat" maqomini kuchaytirishni ko‘zlamoqda. TDTda Turkiyaning yanada ustun mavqega ega bo‘lishi bu maqsadga to‘la mos kelmaydi. Rossiyaning ishtiroki esa muvozanatni saqlashga yordam beradi", dedi siyosatshunos.

Kyrgyz Resident Telegram kanali boshqacha nuqtai nazarni ilgari surdi. Uning yozishicha, Rossiya bilan hamkorlik qilish zarur, ammo bu uni tashkilotning asosiy tuzilmalariga qo‘shish kerakligini anglatmaydi. Kanal TDT, avvalo, a’zo mamlakatlar manfaatlarini muvofiqlashtirish, o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va umumiy strategik maqsadlarni belgilash maydoni bo‘lib qolishi kerakligini ta’kidladi.

Rossiya Fanlar akademiyasi vakili Stanislav Pritchin esa Qozog‘istonning tashkilotga Rossiyani kuzatuvchi davlat sifatida jalb qilish taklifi hamkor mamlakatlar tomonidan ochiq qo‘llab-quvvatlanmaganiga e’tibor qaratdi.

"Rossiya bilan yaqin aloqadagi davlatlarning hech biri bu tashabbusni ochiq qo‘llab-quvvatlamadi. Na O‘zbekiston, na Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo Qirg‘iziston. Hozircha bu keng muhokama qilingan ko‘plab takliflardan biri bo‘lib qolmoqda", dedi u.

Kreml taklifni xush qarshiladi

Rossiya davlati moliyalashtiradigan Sputnik Kazakhstan nashri 2 noyabrь kuni Moskvaning bu masaladagi rasmiy pozitsiyasini yoritdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Rossiyaning Turkiy davlatlar tashkilotidagi ishtiroki «mutlaqo tushunarli, maqsadga muvofiq va tabiiy» bo‘lishini aytdi.

"Hozircha rasmiy taklif bildirilmagan. Shunga qaramay, bu masala muloqotlarimizda, jumladan, Ostonadagi do‘stlarimiz bilan suhbatlarimizda kun tartibida bo‘ladi", dedi u.

Peskov Rossiyaning ko‘plab hududlarida turkiy xalqlar tarixan yashab kelganini ta’kidlab, tashkilotga "Rossiya Federatsiyasi yaxlit holda" qo‘shilishi kerakligini aytdi.